Hakamlik faoliyati davomida «Hushtak va kartochkalar magistri» maqomiga munosib ko‘rilgan qattiqqo‘l Hovard Uebb FourFourTwo jurnali uchun intervyu berishga rozi bo‘ldiyu, «balo»ga uchradi. Gap shundaki, nashr jurnalistlari sobiq referini «telbanamo» savollar bilan biroz qiynab qo‘yishdi.
- Janob Hovard, tasavvur qiling, sizga taqdiringizga bitilganidan 10 yil ko‘p yashash taklif etilsa va oldingizga bu vaqtda faqat muloyim so‘zlash sharti qo‘-yilsa, qanday yo‘l tutardingiz?
- Qiziqarli savol. Darhol aniqlik kiritib o‘tay, mabodo keyingi hafta hayotdan ko‘z yumishimni bilganimda, muloyimlik men uchun najot vositasi bo‘lardi. Biroq gap hayotimning deylik, 85 yildan 95 yilga uzaytirish haqida borsa ham, yumshoqtabiat bo‘lishga ikkilanmay, ko‘nardim.
- Munosib javob. Muxlislar bilishadi, siz hakamlik qilish barobarida polisiya sifatida ham ishlagansiz. Asosiy sohangizda kuzatilgan eng g‘ayrioddiy voqeani aytib bera olasizmi?
- Bir safar devorga bog‘lab qo‘-yilgan yigit oldiga borishimga to‘g‘ri kelgandi. Ma’lum bo‘lishicha, xotini uning begona ayol bilan «don» olishib yurganidan xabar topgan. Xullas, qo‘lga tushgan er xotinining barcha «injiq»liklariga chidashdan o‘zga chora topmagan. Natijada u bechora yigitni panjarali devorga mahkam bog‘lab qo‘ygan. Biz borgan vaqtda yigit mast holatda edi, shuning uchun qo‘liga kishan solgandik...
- O‘zingizchi, biror marta qandaydir jinoyat sodir etganmisiz?
- Eh, vaqtida mehmonxonalardan hojatxona qog‘ozi rulonini olib ketardim. Aniqrog‘i, uyda bu matoh zaxirasi tugagan paytlar jomadonimga 1-2 rulon solib olardim...
- Chin o‘g‘ri! Endi aytingchi, kimlar o‘zlarini ahmoqroq tutishadi: mast holda to‘polon ko‘tarib, qamoqqa tushganlarmi yoki maydonda simulyasiya ishlatib, jarima zarbasi so‘raydigan vingerlar?
- Ularda o‘xshashlik tomonlari ko‘p. Bitta farqi shuki, sen o‘yinni boshqarib borish jarayonida vaziyatni yumshatish uchun jismoniy chorani aslo qo‘llay olmaysan. To‘g‘ri, mutlaq refleks holatida mojaroni tezroq yakunlash uchun ba’zan qaysidir futbolchini sekingina turtgan bo‘lishim mumkin. Ammo hakamlar futbolchilarga teginmaslik bo‘yicha qat’iy talab-tavsiyaga amal qilishlari shart. Boz ustiga, gavdamga yarasha, vaznim baland va bo‘yim ham deyarli 190 santimetrga teng. Demakki, futbolda jismoniy choraga murojaat qilganimda, barchasi yomon oqibatlarga olib kelishi hech gap emasdi. Umuman, ko‘chada mast yoki bezorilarni tinchitishda ham, maydonda futbolchilarni to‘g‘ri yo‘lga solishda ham, avvalo, tushuntirish ishlari muhim.
- Ehtimol, maydonning o‘zida qaysidir futbolchini yoqasidan olib, aqlini kiritib qo‘yishni istagandirsiz...
- Yashirib nima qildim, Kreyg Bellami ishtirokidagi o‘yinlarda ishlaganimda, har safar shunday holatga tushganman. Yo‘q, Bellami aslida ajoyib futbolchi edi, ammo maydonda uni tinchlantirish juda-juda murakkab sanalardi. Kreyg bilan murosa qilish ayniqsa, ruhiy nuqtai nazardan og‘ir edi.
- Siz uchun polisiyachi jihozlaridan qay biri eng yaxshisi - qalqonmi yoki tayoq?
- Ishonmasligingiz mumkin, ammo azaldan dubulg‘a (shlem)ni yoqtiraman. 25-30 yoshimda dubulg‘ani boshimdan yechmasdim - chunki u bilan zo‘r ko‘rinardim. Ehtimol, bunga soch turmagim sababdir. Zero, sochlarim juda yupqa va ko‘rimsiz bo‘lib, ularni dubulg‘a ostida yashirib yurardim. Qisqasi, boshimga shlemni olganimda, yoshroq va kuchliroq ko‘rinardim. Biroq uni yechganimda, yana qandaydir nusxaga o‘xshab qolardim, go‘yo.
- Qizig‘i, eng yaxshi futbol hakamlari asosan taqirbosh. Nega?
- Yaxshi savol. Pyerluiji Kollina eng zo‘ri edi, shundaymi? Shubhasiz, obro‘li shaxs. U g‘azablanganida, senga shunday qarardiki, beixtiyor barcha aybni tan olarding, hattoki, haq bo‘lsang ham. Bilishimcha, taqirbosh hakamlarning boshqalarga nisbatan ta’sir kuchi balandligi xususida ilmiy xulosalar ham mavjud va men bunga qo‘shilaman. Yo‘q, bu tajovuzkor qiyofa yoki soch to‘kilishi erkaklarga xosligi bilan bog‘liq emas. Shunchaki, sochi yo‘q kishida o‘ziga ishonch hissi yuqoriroq bo‘lsa kerak.
- Xo‘sh, sizningcha, tarixdagi eng buyuk kalbosh kim?
- Shaxsan men uchun - Mixail Gorbachyov. Menimcha, u juda qiynalgan. Sochi yo‘qligi kamlik qilganidek, boshidagi tabiiy kattagina «dog‘» yaqqol ko‘rinib turardi. Buni nazarda tutsak, Gorbachyov ikki karra omadsizdek. Ammo ayni shu taqirbosh tufayli «qayta qurish» dunyoga kelganini unutmaslik lozim.
- Biz bilan suhbatlashgan oxirgi hakam - Grem Pollning aytishicha, Yuray Renni sizni bir urinishda yumalatar ekan. Bu fikrga qo‘shilasizmi?
- Balki... Men eng ko‘p xavfsiraydigan hakam ham aynan Rennidir, ma’lum ma’noda. To‘g‘ri, uning qora belbog‘ sohibi ekanligi haqidagi gaplarga shubham bor. Barchasi afsona bo‘lsa kerak va Yuray bu gaplarni shunchaki, inkor etmayapti, xolos.
- Sizningcha, orqachalab yugurish alohida xususiyatmi? Deylik, bu borada Jess Ennisdan ustun kela olarmidingiz?
- Ochig‘i, bu xususiyatni uncha qadrlamaydilar. Savolning ikkinchi bo‘g‘iniga kelsak, poygada Jessni bemalol ortda qoldirardim, faqat buning uchun menga moped berishlari kerak! E’tiborlisi, ayrim hakamlar orqaga qarab yugurishda odatiy usuldan sekin harakatlanmaydilar. Xususan, bir laynsmenni bilaman - u yonchalab yugurib ham, oldinga chopgan Uebbdan o‘zib ketadi.
- Oxirgi savol: hayotingiz mobaydida ko‘rgan eng antiqa tushingiz qaysi?
- Bir safar tushimda «Sheffild Uensdey» saytida o‘tiribman. Davomini eshiting, xotinim kelayotganini bilib, izza bo‘lmaslik uchun darhol boshqa sahifaga o‘tib olibman!