Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Yevropa ligalarining «kenjatoy» klublari

Yevropa ligalarining «kenjatoy» klublari

Baho:
+ | -

Tashkil etilganiga endi 9 yil bo‘lgan «Krasnodar» klubi ilk marta YEL 1|8 raundiga chiqdi. Aniqroq aytsak, Odil Ahmedovning sobiq jamoasi 2008 yilning 22 fevral kuni professional klub maqomini olgandi. Demakki, «buqalar» tarixi ayni o‘sha sanadan boshlangan. Alohida qayd etish kerak, «yosh»gina «Krasnodar» ortda qolgan 9 yil ichida 100 yillik tarixga ega ayrim «qariya» klublarning hattoki, tushiga ham kirmagan yo‘lni bosib o‘tdi: Rossiya premyer-ligasi yetakchilari qatoriga qo‘shildi, ketma-ket 3 yilki, YELda o‘ynamoqda, go‘zal stadion sohibiga aylandi. Umuman olganda, «Krasnodar» yevrofutbol miqyosidagi eng «yosh» klublardan biridir. Ammo u Rossiya oliy divizionida ham «kenjatoy» emas. Yevropaning yetakchi milliy ligalarida qaysi ishtirokchilar «kenja» maqomiga ega ekanligi bilan qiziqsangiz, marhamat, Soccer.ru sayti ma’lumotlari asosida tayyorlangan quyidagi maqolaga nazar soling.

Rossiya (premyer-liga): «Ufa» - 6 «yosh»

Ha, Rossiya elit divizionida «Krasnodar»dan ham «yosh»roq jamoa bor - «Ufa». Boshqirdiston klubi yaqindagina 6 yilligini nishonladi. Bu jamoa Rossiya janubida tuzilgan klubdan farqli o‘laroq, hali sezilarli yutuqlarga erishgani yo‘q. Ammo tan olish kerak, Boshqirdiston faxriga aylanib ulgurgan «Ufa» 3-mavsumki, premyer-ligada munosib ishtirok etyapti. 6 yildan 3 yili elitada - shuning o‘zi katta natija emasmi? Muhimi, jamoada tartibli kadrlar siyosati yo‘lga qo‘yilgan va shunga yarasha, barqaror taraqqiyot kuzatilmoqda. Albatta, bu Rossiya futboli uchun quvonarli holat.

Angliya (premyer-liga): «Suonsi Siti» - 105 «yosh»

Rossiya elit ligasida «yosh» ishtirokchilar ko‘p: «Krasnodar» va «Ufa» qatori o‘ynayotgan «Amkar» hamda «Anji» jamoalariga o‘tgan asrning 90-yillarida asos solingan. Aristokratlar yurti Angliyadachi? Ayni payt APLda ishtirok etayotgan 20 klub orasida qaysi biri «kenja botir»? Angliya elit birinchiligidagi aksariyat jamoalar XIX asrda «tug‘ilgan». XX asrda dunyo yuzini ko‘rganlari esa atigi 4ta: «Chelsi», «Kristal Pelas», «Xall Siti» va «Suonsi». Ulardan eng «yoshi» Uels vakili bo‘lib, hozirda naq 105 yillik tarixga ega. Xullas, 1912 yili tuzilgan APL «kenjatoyi» Rossiyaning har qanday jamoasidan «katta»dir. To‘g‘ri, «Suonsi» keyingi mavsumdayoq «kenja» maqomidan ayrilishi mumkin. Chunonchi, hali 100 «yosh»ga to‘lmagan «Lids» hozirda APLga qaytish harakatida. Yorkshirlik «tovuslar» jamoasi tarixi 1919 yili boshlangan.

Ispaniya (primero): «Las-Palmas» - 67 «yosh»

Ispaniyada XX asr o‘rtalarida «tug‘ilgan» klublar ko‘p, «Malaga» esa 1994 yili qayta shakllantirilgan. Biroq bu jamoa 1903 yili tuzilgan «Deportivo Malaga»ning bevosita vorisi sanaladi. Shuning uchun ham, La-ligada «Las-Palmas» «kenja botir» maqomida faoliyat yuritmoqda. Aytgancha, Kanar orollari jamoasi o‘ziga xos tarixga ega: «Las-Palmas» ikkinchi jahon urushidan so‘ng 5ta klub birlashuvi natijasida dunyo yuzini ko‘rgan. Klubning zamonaviy gerbida o‘sha 5ta «ota-ona»ning ramzlari aks ettirilgani bejiz emas.

Germaniya (bundesliga): «RB Leypsig» - 7 «yosh»

Bundesligada ayni payt XXI asrda «tug‘ilgan» 2ta jamoa o‘ynamoqda: «Audi» avtokonserni tomonidan moliyalashtirilayotgan «Ingol-shtadt» 13 «yosh»da bo‘lsa, «Red Bull»ga tegishli «RB Leypsig» endigina 7 yilligini qarshi oldi. Bilamizki, har bir oilada kenjatoy alohida erkalanadi. Biroq Germaniya bundes ligasida bunday emas. «Buqalar» hali juda «yosh» bo‘lishlariga qaramay, nemis fanatlari armiyasining nafratiga uchrab ulgurishdi. Gap shundaki, germaniyaliklar «RB Leypsig»ning shakllantirish jarayonigayoq e’tiroz bildirib, buni mamlakatda futbol qadriyatlarining buzilishi sifatida baholashgandi. Klub esa bunday munosabatlarga parvo ham qilmayapti. Harqalay, «plastmassa jamoa» (Germaniyadagi bosh-qa klub muxlislari tomonidan berilgan kamsituvchi laqab) bundesligadagi debyut mavsumidayoq chin «gegemon» - «Bavariya»ni dadil ta’qib etgancha kelasi mavsum Yevropa Chempionlar Ligasida o‘z kuchini sinab ko‘rishga shaylanmoqda.

Italiya («A» seriyasi): «Sampdoriya» - 70 «yosh»

«A» seriyasining joriy mavsumida ishtirok etayotgan aksariyat jamoalarga avvalgi asrning 20-yillari davomida asos solingan. «Sampdoriya» esa 1946 yili tashkil etilgan va Italiya elit ligasida eng «kichik» klub hisoblanadi. To‘g‘ri, «Doriya» noldan tuzilmagan, balki 1927 yili tashkil etilgan «Andrea Doriya» va 1891 yili dunyo yuzini ko‘rgan «Sampyerdareneze» jamoalarini birlashtirilishi natijasida paydo bo‘lgan.

Fransiya (liga 1): «Dijon» - 18 «yosh»

Liga 1da XX asrning yarmidan keyin faoliyat boshlagan jamoalar ko‘p. Deylik, Fransiya futbolining oxirgi yillardagi chinakam «gegemon» klubi - «PSJ» ham hali 50 yillik yubileyiga yetgan emas. Parij jamoasiga 1970 yili asos solingan. «Dijon» esa Fransiya elit ligasidagi eng «yosh» ishtirokchidir. Bu klub ham bo‘sh joyda tashkil etilmagan, aksincha, uning faoliyati «Serle Dijon» va «Dijon» FKning birlashtirilishidan so‘ng boshlangan. Nima bo‘lganda ham, «Dijon» mutlaqo boshqa jamoa sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

Portugaliya (primero): «Aruka» - 65 «yosh»

Portugaliya primerosi yoxud sagresh-liganing hozirgi o‘rtamiyona va eng «yosh» ishtirokchisi qiziqarli tarixga ega. «Aruka» XX asr o‘rtalarida «Portu»ning filiali sifatida tuzilgan va 50 yil davomida Portugaliya hududiy ligalarida o‘ynash orqari «aka»si oldidagi majburiyatlarini sidqidildan bajargan. Yangi asr boshida esa betakror go‘zal tabiatli shaharcha (Arukaning aholisi atigi 23 ming kishiga teng) hokimiyati futbol klubi mavqesini ko‘tarishga bel bog‘ladi. Shunday qilib, «Aruka» 7 yil oldin ilk marta Portugaliya segundasiga chiqdi va yana 2 mavsumdan so‘ng elita ishtirokchilari qatoriga qo‘shildi.

Ukraina (premyer-liga): «Olimpik» - 15 «yosh»

Ukraina premyer-ligasidagi eng «yosh» jamoa - «Olimpik» 2001 yili shu nomdagi xayriya jamg‘armasi bilan birga faoliyat boshladi. Doneskliklar mavsum-2004|2005da Ukraina ikkinchi ligasida debyut qilishdi va bir necha yil tajriba oshirishdi. «Olimpik» tarixiy maqsadi - premyer-ligaga chiqish yo‘lida ham sabr bilan ish yuritdi va 2013|2014 yillar mavsumida bu vazifani uddaladi. Elit divizionda esa hozircha baquvvat o‘rtamiyonadek taassurot qoldiryapti, ammo chempionatning yakuniy qismida dadilroq o‘ynasa, finishga borib, yevrokuboklar yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi ham hech gap emas.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:33, 19.03.2017.
O'qildi: 6395 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.