Shvesiyalik taniqli hujumchi Zlatan Ibrohimovichdan kelajakda qanday murabbiy yetishib chiqishi hali noma’lum. Ammo shunisi aniq, u yosh futbolchilardan hech qachon tegishli maslahatlarni darig‘ tutmaydi. Quyidagi ixchamgina, ammo foydali maqolaga «Ibradan yosh hujumchilarga o‘ziga xos «master-klass» sifatida baho bersak, sira yanglishmaymiz. Kim biladi, ehtimol, Zlatanning o‘gitlari kimlargadir maydonda juda qo‘l kelar?
To‘p bilan muomala
- Hujumchi uchun to‘pni qabul qilish chog‘i eng muhimi - uni yo‘qotmaslik. Agar men bunday payt yolg‘iz bo‘lsam, qo‘llarim, gavdam va bor kuchimni ishga solib, to‘pni raqiblardan himoya qilishga urinaman. Bu juda zarur jihat.
Chunonchi, to‘pni o‘zimda saqlab qolsamgina jamoadoshlarim hujumga yordam berishga ulgurishadi. Qisqasi, to‘pni sheriklarim yetib kelgunlaricha hech kimga bermasligim kerak. Agar atrofimda mendan ko‘ra, yaxshiroq vaziyatda turgan biror jamoadoshimni payqasam, to‘pni darhol unga uzataman yoki shunday qilishga harakatlanib, ta’qibchilarni chalg‘itgancha zarba yo‘llayman. Bunday holatlarda asosan ichki tuyg‘uga tayanib ish ko‘raman. Xullas, Ibragimovich — aqlli futbolchi va u muayyan lahzalarda to‘g‘ri qaror qabul qilishni qoyillatadi.
Joy tanlash
- Birinchi maslahat - hujumchi eng avvalo, ishonch bilan to‘pni qabul qila oladigan joyni tanlashi lozim. Misol uchun, men ba’zan to‘pni qulay egallash uchun orqaroqqa chekinaman yoki jamoadoshlarim atrofida bo‘shliq hosil qilish maqsadida himoyachilarni ortimdan ergashtirib ketaman. Shunday yo‘l tutsam, yarim himoyachilarda men tomon to‘p oshirish imkoniyati oshadi.
Aslida o‘yin uslubim bo‘yicha o‘z jamoam jarima maydonigacha qaytib, to‘p uchun kurashadigan hujumchilar toifasiga kirmayman. Ammo ayrim hollarda umumiy manfaat yo‘lida o‘zimni qurbon qilishga ham tayyorman. Deylik, to‘psiz qolishimni bilsam, orqaroqqa chekinaman va bu orqali hujumdagi sherigimga yo‘l ochaman. Zero, tushunamanki, keyingi safar o‘sha sherigim men uchun xuddi shunday qiladi.
Hujumni yakunlash
- Saviyali forvard hujumni yakunlash uchun birinchi navbatda, himoyachidan avvalroq harakat boshlashi kerak. Bu yo‘l bilan u o‘ziga bo‘shliq yaratadi. Ochig‘ini aytsam, bu borada unchalik kuchli emasman. Deylik, David Trezege xuddi shu masalada tengsiz edi. Burchak to‘plari va jarima zarbalari vaqti uningdek aql bilan ish ko‘radigan boshqa hujumchini uchratganimcha yo‘q. Go‘yoki, David to‘pning qayerga yetib borishi, yuqoridan yoki pastdan kelishini, xullas, hammasini oldindan sezardi. Qaytaraman, afsuski, bunday xususiyatga ega emasman. Shu bois, ba’zida darvoza ustuniga yaqinroq, goho uzoqroq joyda payt poylayman.
O‘yinni o‘qish
- To‘pni qabul qilib olishdan oldin keyingi voqealar qanday rivojlanishi mumkinligi haqida o‘ylayman: raqiblar qayerdayu, jamoadoshlarim qaysi nuqtalarda? Ular bir necha soniyadan keyin qayerda bo‘lishadi?
Ayni shularga qarab, yakuniy xulosa chiqaraman. Tabiiyki, har doim ham bashorat to‘g‘ri chiqavermaydi. Lekin aksariyat vaziyatlarni oldindan to‘g‘ri his qilganlar - eng yaxshi futbolchilar sanalishadi. E’tiborlisi, xuddi shu nuqtada futbolchilar ikki toifaga ajralishadi: saviyali hamda odatiy o‘yinchilar guruhiga...
Markaziy himoyachilar bilan kurash
- Aksariyat markaziy himoyachilarning raqibni turtib, uni ushlab qolishga urinishlari sir emas. Shu sabab, hujumchi har doim har qanday vaziyatga tayyor turishi shart. Shunday yo‘ldan borki, raqib harakat yo‘nalishingni to‘g‘ri baholay olmasin.
Aks holda, uning sendan ustun chiqishi ehtimoli kattalashadi. Deylik, himoyachilar qaysidir forvardning nisbatan ojiz tomonlarini sezib qolishsa, uni ruhiy muvozanatdan chiqarish uchun har qaday usuldan foydalanishadi. To‘g‘ri, yuqori darajali himoyachilar bunday yo‘l tutishmaydi: ular sen bilan oxirigacha halol kurashishadi. Misol uchun, Paolo Maldini va Alessandro Nesta ana shundaylar sirasiga kirishardi. Aynan shuning uchun ularni maydonda qattiq hurmat qilardim.
Ruhiyatni boshqarish
- Yuqorida aytganimdek, ko‘plab himoyachilar hujumchiga xalal berish yo‘lida birgina jismoniy kurash bilan cheklanmay, ruhiy tarafdan ham hamla qilishadi. Deylik, o‘z tajribamdan aytsam, faoliyatim davomida maydonda oilamdagilarni haqoratlashgacha borishdi, o‘zimni esa hattoki, «lo‘li»ga chiqarishdi. Albatta, bunday munosabat o‘yin payti hech kimga sezilmaydi.
Ammo shunday mayda-chuyda jihatlar kishi asabini buzishi, oqibatda hujumchi o‘z darajasida to‘p surolmasligi mumkin.
Onam - xorvatiyalik, otam Bosniyadan. Men esa Shvesiyada tug‘ilganman va shu bois, o‘zimni 100 foiz shved, deb bilaman. Biroq meni izdan chiqarishni o‘ylaganlar uchun buning zarracha ahamiyati yo‘q... To‘g‘risi, yoshlik paytlari ortiqcha luqmalarga sira chidolmasdim. Hozir esa bunday kamsitishlarga e’tibor qaratib o‘tirmayman.
Qisqasi, yaxshi hujumchi bo‘lishni istagan yosh futbolchi o‘z diqqatini chetdan yangraydigan gap-so‘zlar emas, faqat o‘yinga qaratishi shart. Darvoqe, maydonga tushganingda, mas’uliyat hissini ham unutmasliging zarur.
Zero, zimmangda doim qaysidir klub yoki terma jamoaning shon-shavkati turadi. Yana futbolchi maydondagi mehnatlari jamoaviy harakat va maqsadning ajralmas qismi ekanligini mudom yodda tutishi kerak! Bunday yondashuv bo‘lsa, maroq bilan to‘p surasan.