Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Diyego Simeone: «Atletiko»ning porloq kelajagiga aslo shubham yo‘q»

Diyego Simeone: «Atletiko»ning porloq kelajagiga aslo shubham yo‘q»

Baho:
+ | -

«Atletiko» bosh murabbiyi Diyego Simeonening so‘zlariga ishonsak, u klubdan ketishni sira o‘ylayotgani yo‘q. Harqalay, argentinalik mutaxassis AS nashri muxbirlari bilan suhbat chog‘i bu masalada dadil gapirdi: «Agar «Atletiko»dan ketishni istaganimda, 35 million bahona topardim...». U shuningdek, Antuan Grizmanning jamoada muhim o‘rin tutishini ta’kidlashdan tashqari, «matraschilar»ning «Visente Kalderon»dan «Vanda Metropolitano» arenasiga ko‘chib o‘tishlari mohiyatiga to‘xtaldi. Tabiiyki, o‘zining kelajagi xususida ham lo‘nda fikr bildirdi.

- «Atletiko»da o‘zingizni murabbiy sifatida to‘liq namoyish etish uddasidan chiqdingiz. Shu ma’noda aytsak, bu jamoa faoliyatingizda beqiyos o‘rin tutadi, shundaymi?

- Ha, «Atletiko»ga 5 yildan buyon ustozlik qilayotganimga qaramay, bu hamkorlik, shogirdlarim bilan amalga oshirayotgan ishlarimizdan hamon chinakamiga zavq olyapman. Albatta, murabbiylik faoliyati menga huzur bag‘ishlayotganidan baxtiyorman. Zero, o‘zimni to‘laqonli futbol ustozi sifatida his etyapman. Sha’nimizga yo‘llanayotgan tanqidlarga yigitlarimiz «Sevilya»ga qarshi bahsda qanday javob qaytarishganiga e’tibor bering («matraschilar» 3:1 hisobida g‘alaba qozonishgan). Shu kabi totli his-tuyg‘ular meni Madridga shunchaki, «mixlab» qo‘ygan...

- Zimmangizga yuklangan mas’uliyat yukini ko‘tarib yurishga qiynalmayapsizmi?

- Tushunarliki, bosim katta. Klubdagi ilk ish kunidanoq javobgarlik hissini to‘liq anglaganman. Bilasizlar, «Atletiko»ga shakllangan murabbiy sifatida emas. balki sobiq futbolchi va qahramon siymosida kelgandim. Atrofimdagi odamlarning salohiyatimga ishonishlari va meni ijobiy o‘zgarishlar ramzi sifatida qabul qilishgani kuchimga o‘zgacha kuch qo‘shdi. Xullas, ortda qolgan 5,5 yillik davr bo‘yicha rahbariyatga ham, muxlislarga ham hech qanday e’tirozim yo‘q.

- Shunday bo‘lsada, o‘tgan yili CHL finalida qayd etilgan mag‘lubiyat sizni iste’fo haqida o‘ylashga majbur etgandi...

- O‘shanda matbuot markazi sari yo‘l olganimda, g‘alabani nishonlayotgan «Real» vakillari yonidan o‘tishimga to‘g‘ri kelgandi. Ochig‘i, shunday alamli og‘riq sezgandimki, uning asoratlari hozir ham vujudimni tark etgan emas. Chunonchi, oldinda men va jamoamni o‘ta murakkab yil kutayotgani, shuning uchun bor e’tiborni ishga qaratishimiz qiyin bo‘lishini his qilgandim.

- Xo‘sh, alamli iztiroblar changalidan nechog‘li qutuldingiz?

- Ulardan to‘liq qutulishning iloji yo‘q. O‘sha vaqt shunchaki, o‘z hissiyotlarimni bayon etgandim. Buning nimasi yomon? Ochiq gapiraman, agar boshqa jamoaga o‘tib ketishni istaganimda, bahona uchun bemalol 35 million sabab topardim. Ishoning, bu sira lof emas! Biroq yakunda Madridda qoldim. Chunki ketishni istamadim va hozir ham shunday. Axir jamoaga nisbatan muhabbatim juda baland. Eng muhimi, to‘g‘ri yo‘lda ekanligimga zarracha shubhalanmayapman.

- Demakki, «Atletiko»ning porloq kelajagiga ishonchingiz komil.

- Qaytaraman, bunga aslo shubham yo‘q. Mana, jamoa hozir ham ajoyib davrni boshdan o‘tkazmoqda. Lekin ikkinchi tomoni, mukammallik chegara bilmaydi. Tez orada yangi stadionga ko‘chib o‘tamiz, klub byudjeti ham ko‘payadi. Bas shunday ekan, joriy mavsum Yaratganning madadi bilan CHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdan umidvorman. Buning jamoamizga naqadar muhimligiyu, katta manfaat keltirishini aytish shart emas.

- Unda aytingchi, o‘rtadagi shartnoma muddatini 2 yilga qisqartirganingiz nimani anglatadi?

- Ichki tuyg‘ularga tayanib, shunday qilishni lozim topdim. O‘ylaymanki, bu o‘zgarish o‘zimga ham, jamoaga ham qo‘shimcha ishtiyoqni ta’minlaydi. Qarorim mohiyatini so‘z bilan ifodalab berishim qiyin. Ma’lumki, uzoq muddatli shartnoma yirik sarmoyalarni talab etishi bois, jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shunga muvofiq aytsam, nisbatan qisqa muddatlar uchun hisob-kitob qilish to‘g‘riroq, menimcha.

- Shartnomangizga bog‘liq o‘zgarish xususida murabbiylar shtabini ogohlantirganmidingiz?

- Yo‘q, yordamchilarim hammasidan xabardor edilar. «Diyego o‘zi bilan hamkorlik qilayotgan mutaxassislar manfaatini unutib qo‘ydi», deb o‘ylayotganlar qattiq yanglishadilar. Tabiatan avvalo, atrofimdagilar manfaatini  o‘ylayman, shundan keyingina o‘z haqimda bosh qotirishim mumkin.

- Endi keskinroq savol: yangi mavsumda ham «Atletiko»ga ustozlik qilishingiz xususida kafolat bera olasizmi?

- Jamoadan ketish niyatim yo‘q - buni necha martalab ta’kidlashga ulgurdim. Mana, asosiy tarkibdan joy olish uchun kechayotgan murosasiz kurash, Xuanfran, Gabi, Koke, Godin, Saul kabi yigitlarning tobora «ochilayotganlari»ni bevosita ko‘rib-kuzatib boryapman va bu jarayon davomiylik olishini istayman. Meni rom etgan yana bir asosiy jihat - Karrasko va Grizmanndek yosh ijrochilarning asosiy rolga chiqayotganlari. Lukas Ernandesning o‘yinini ko‘rdingizmi? Bay, bay, fantastika! Bu futbolchi barcha xususiyatlarga ega: texnik mahorat, faollik, jismoniy kuch. U «Bavariya» yoki «Real» safida bemalol to‘p sura oladi. Alohida ta’kidlashim joiz, Lukas istiqbolli yigitlarimizdan biri, xolos.

- Gameyro ijrosidagi o‘yindan ham mamnunmisiz?

- Kevinning to‘g‘ri yo‘lda ekanligini sezib turibman. U joriy mavsum 14ta gol urishga ulgurdi. Ishonchim komil, bu hujumchi yanada samaraliroq o‘ynashga qodir.

- Sizningcha, agar Diyego Kostani Madridga qaytarish iloji topilganida, mavsum «Atletiko» uchun muvaffaqiyatliroq kecharmidi?

- Muvaffaqiyatliroq bo‘lishi ham, omadsizroq kechishi ham mumkin edi. Diyego ayni payt «Chelsi»da a’lo darajada o‘ynayapti, London jamoasining dadil odimlayotganiga asosiy sababchilardan biri aynan Kostadir.

- Xo‘sh, aytingchi, Kostaning transferi nima uchun amalga oshmay qoldi?

- Jamoa rahbariyati hujumchini ortga qaytarish uchun barcha choralarni ko‘rdi, shuningdek, Diyegoning o‘zi ham qo‘lidan kelganicha harakat qildi, ammo...

- Demoqchisizki, u Madridga qaytishga rozi edi...

- Ha, shunday - Diyego «Atletiko» libosini yana kiyishni xohlagandi.

- Antuan  Grizmanning siz va jamoa uchun ahamiyati qanday?

- G‘oyalarim mohiyatini birinchi bo‘lib aynan Antuan ilg‘aydi. Ya’ni ko‘rsatmalarimni diqqat bilan tinglaydi-da, darrov mukammal darajada ado etishga urinadi. Bu juda hayratlanarli.

- Grizmann jamoadan ketishi mumkin - bu xavotir uyg‘otmayaptimi?

- Ha, Antuan bilan xayrlashishimiz ehtimoli yo‘q emas. Uning shartnomasida transfer bahosi ko‘rsatib qo‘yilgan. Demakki, real xaridor chiqqan taqdirda Grizmanning jamoada qolishiga kafolat yo‘q.

- Bu masalada hujumchining o‘zi bilan gaplashdingizmi?

- O‘tgan yili yozdagi suhbatimizdan keyin u qolishga qaror qilgandi. Endi nima bo‘ladi. Hozircha bilmayman.

- Antuan aynan siz jamoadan ketmaganingiz tufayli qolishga rozi bo‘lganmidi yoki...?

- Uning gaplaridan iqtibos: «Agar sen ketmasang, men ham ketmayman». Takror aytaman, kelajak voqealari qanday rivojlanishini bilmayman. Fakt shuki, Grizmann ajoyib futbolchi. Lekin uni qolishga majbur etgan emasman. Umuman, bunday odatim yo‘q. Jamoa uchun borini berishga tayyor o‘yinchi o‘z kelajagini mustaqil belgilashga haqli. Bunday yigitlar odatda jamoada qolishni ma’qul ko‘radilar.

- Gaytan, Vyetto, Jekson Martines... Jamoada o‘yini qovushmagan shogirdlaringiz oldida qandaydir javobgarlik tuyg‘usini his etasizmi?

- «Atletiko» bilan bog‘liq barcha masalalarga mas’ul shaxsman. Qarang, naqadar baxtiyorman...

- Fernando Torresni Madridga qaytarishda qaysi jihatni e’tiborga olgansiz: futbolchilik mahoratinimi yoki mashhurligini?

- Biz futbolchi Torresga muhtoj edik. O‘sha payt Manjukich hujum chizig‘ida asosiy umidimiz hisoblanardi, zero, Kosta jamoadan ketgandi. Xullas, aynan Ferdandoga o‘xshagan hujumchiga zarurat tug‘ilgandi. Uning qaytishidan faqat naf ko‘rdik.

- Xo‘sh, «Atletiko» va Torres o‘rtasidagi shartnoma muddati uzaytiriladimi?

- Hozirda bu savolga aniq javob berishning iloji yo‘q.

- Nima, Fernando bunga munosib emasmi?

- Hammasi jamoa ehtiyojiga bog‘liq. Mavsum yakunida barchamiz jam bo‘lamiz va jamoa manfaatlaridan kelib chiqqan holda, bu masalaga oydinlik kiritamiz.

- Yangi arenaga ko‘chib o‘tgach, shaxsan siz «Visente Kalderon» sehrini sog‘insangiz kerak...

- Ha, «Visente Kalderon» barchani birdek rom etadi. Bu stadionda o‘ynasak, quyosh nuri g‘ayritabiiy burchak ostidan yog‘iladi, go‘yo. Tribunalardagi ajabtovur muhit, banner va bayroqchalar ayni shu nur tafti bilan uyg‘unlashib, hayratomuz quvvat manbaiga aylanadi. «Vanda Metropolitano» (yangi stadion nomi)daham bizni aynan shunday maftunkor muhit ruhlantirib turishidan umidvorman. Tabiiyki, «Visente Kalderon»ga qattiq bog‘lanib qolganman va uning sog‘inchi meni hech qachon tark etmasligi tayin. Bunday hissiyot barcha muxlislarimiz  qalbida ham mangu yashaydi. Lekin hayotning qonuni shu - biz to‘xtamay taraqqiyot sari yuzlanishimiz, olg‘a borishimiz lozim.

- Diyego Simeone «Atletiko»ni CHLdagi zafardan keyin tark etadimi yoki nufuzli sovringa erisholmagani haqidagi armon bilan?

- O‘ylaymanki, jamoamiz  hozirda jahonning eng sara klublari bilan raqobatlashishga qodir. Doimo shunday bo‘lib qolishini istayman. Chunki bu g‘aroyib hissiyot!

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:24, 01.04.2017.
O'qildi: 5018 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.