Avstraliya termasining sobiq futbolchisi 19 yoshida 1997 yilgi Konfederasiyalar kubogida qatnashib, musobaqa yarim finalida «oltin» gol muallifiga aylangandi. Bugungi kunda 38 bahorni qarshilashga ulgurgan Garri Kyuell o‘sha turnirni xuddi kechagidek yaxshi eslaydi. Milliy jamoasi bilan jahon chempionatlarida to‘p surgan, Angliya premyer-ligasining «Lids Yunayted» va «Liverpul» klublaridagi o‘yin-lari orqali yaxshi tanish bo‘lgan vinger qadrdon shahriga qaytgach, FIFA.com saytiga intervyu berib, faoliyatining eng yorqin damlari va «sokkeruz»ning bugungi holati haqida fikr bildirdi.
- 1997 yilgi Konfederasiyalar kubogida qatnashganinglarda barchangiz yosh bo‘lgansizlar. Shunga qaramay, ushbu turnirning ahamiyatini anglagandirsiz?
- To‘g‘risini aytsam, yo‘q. Hali yosh edim va shunchaki, futbol o‘ynashni yoqtirardim. Premyer-ligada to‘p surardim, Avstraliya termasi safidagi ilk turnirimga chiqqunga qadar xalqaro darajada ko‘p uchrashuv o‘tkazmagandik. Oldinda meni nima kutib turganini bilmasdim, shu bois Konfederasiyalar kubogi bahslariga odatiy o‘yin sifatida qaradim. O‘ylashimcha, qanchalik ko‘p to‘p sursam, turnir ahamiyatini shunchalik yaxshi anglab oldim.
- Musobaqa yarim finalida Urugvay termasi darvozasiga «oltin» gol urgandingiz...
- Esimda, juda qiynalgandik. Urugvayliklar bilan avval ham o‘ynaganmiz, ularga qarshilik ko‘rsatish uchun jismonan kuchli bo‘lish lozim, asabi bo‘shlar bunday bahslarga yaramasliklari aniq. Janubiy amerikaliklar qanotlardan va markazdan yorib kirishga urinishdi, shiddatkor o‘yin namoyish etishdi. Biz esa bunga qarshi qanday chora qo‘llashni bilardik. Mudofaa mustahkamligini ushlagan holda vaziyat tug‘ilishi hamono oldinga o‘tishga urindik. Niyatimiz amalga oshdi, qo‘shimcha vaqtlar belgilanishiga erishdik. O‘sha bahs biz uchun qanchalik yorqin kechgani hamon yodimda. Raqib futbolchisi menga jiddiy qarshilik ko‘rsatishiga qaramay, oldinga intildim. Ko‘pchilikning fikricha, to‘pni darvoza burchagiga yo‘llash ma’qulroq. Ammo ba’zan uni to‘ppa-to‘g‘ri kiper joylashgan tomonga tepish ham katta foyda keltiradi. Diqqatimni jamlab, kuchli zarba berdim, urugvayliklar posboni esa uni qaytara olmadi va to‘p darvoza to‘ridan joy egalladi. Bu men uchun eng yoqimli lahzaga aylangandi.
- Finalda esa Avstraliya termasiga omad kulib boqmadi: Braziliya jamoasiga 0:6 hisobida yutqazdinglar. Shunga qaramay, xalqaro musobaqaning hal qiluvchi bahsida tajriba to‘plash imkoniyati paydo bo‘ldi...
- Albatta, Konfederasiyalar kubogi finalida to‘p surish orqali ulkan tajriba to‘plashga erishdik. O‘shanda futbol olamining eng kuchli jamoasiga qarshi to‘p surganimizni yoddan chiqarmaslik darkor. Romario, Ronaldo, Dunga, Roberto Karlos, Kafu, Denilson... Ushbu futbolchilarning barchasi raqib tarkibidan o‘rin olishgandi. Bu haqiqiy yulduzlar termasi va ularga qarshi o‘ynash har doim foyda keltirishi aniq. Yana takrorlayman, yutqazishimizga qaramay, juda katta tajriba to‘plaganimizni aslo unutmayman.
- Mana, Avstraliya termasi Osiyo kubogi sohibi sifatida yana Konfederasiyalar kubogida qatnashadi. Milliy jamoangiz qit’a birinchiligidan qanday saboq oldi? Rossiyada qo‘llashga arziydigan jihatlar ham bormi?
- Final bosqichiga yo‘l oldingizmi, birinchi navbatda xotirjamlikka erishishingiz lozim. Ba’zilar ko‘p asabiylashishsa, ayrimlar uchun hal qiluvchi raundga yo‘l olinganining o‘zi katta natija sifatida baholanadi. Osiyo kubogidagi muvaffaqiyatning eng yaxshi tomoni shundaki, endilikda Avstraliya termasi ushbu muhim turnirda qanday g‘alaba qozonishni biladi. Konfederasiyalar kubogidagi ishtirokni ta’minlash oson emas, chunki bu chempionlar musobaqasi. Demakki, Rossiyaga borishni hamma xohlardi, chunki u yerda to‘planadigan tajribani pulga sotib olib bo‘lmaydi.
- «Sokkeruz» muxlislari Rossiya-dagi ishtirokdan nima kutishlari mumkin?
- Turnir ancha qiziq kechadi. Braziliyada o‘tgan so‘nggi jahon chempionatida guruhimiz murakkab bo‘lishiga qaramay, ko‘pchilikni hayron qoldirgandik. Chiroyli o‘yin namoyish etishimizga qaramay, oxirgi pallada omad bizdan yuz o‘giradi. O‘ylashimcha, aksariyat jamoalar Avstraliya termasiga qarshi jiddiy tayyorgarlik ko‘rishadi, shu bois bizning futbolchilar yuqori sport formasiga ega bo‘lishlari shart. Har bir o‘yinchi o‘z ishi haqida tegishli tasavvurga ega bo‘lib, undan nima kutilayotganini tushunishi lozim. Shundagina maqsadga erishish osonlashadi.
- Avstraliya termasi joylashgan guruhdagi jamoalar juda kuchli: Germaniya, Chili va Kamerun. Sizningcha, «yashil qit’a»ning bugungi avlod vakillari 1997 yilgi muvaffaqiyatni takrorlab, finalga yo‘l ola bilishadimi?
- Siz nomini sanab o‘tgan jamoalardan biri jahon chempioni bo‘lsa, qolgan ikkitasi Amerika va Afrika millatlar kubogi g‘oliblari, ular hozir ajoyib formadalar. Osiyo kubogi-2016 o‘tganiga bir yildan oshdi, «qora qit’a»dagi musobaqa esa yaqindagina yakunlandi. Shunday ekan, Kamerun jamoasida yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatish imkoniyati ko‘proq. Germaniya termasi har qanday holatda favorit, chililiklar haqida ham faqat ijobiy fikr bildirishim mumkin. Biz uchun birgina yaxshi jihat shundaki, so‘nggi mundialda Chili termasi bilan o‘ynaganmiz va bosh murabbiyimiz bu jamoaga qarshi qanday chora qo‘llash bo‘yicha tegishli tasavvurga ega. Avs-traliya termasidagi o‘sishga qanday qarayman? O‘ylashimcha, jamoamizga qiyin bo‘ladi. Lekin «sokkeruz»ning barcha a’zosi chempion hisoblanishadi. Shunday ekan, Rossiyaga boshni baland ko‘targan holda borib, yuqori marralar yo‘lida astoydil kurashishlari kerak.