Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Azamat Ziyo: "Aldamaylik, o‘ylaylik, yeb ketarga bermaylik"

Azamat Ziyo: "Aldamaylik, o‘ylaylik, yeb ketarga bermaylik"

Baho:
+ | -

Bugungi o‘zbek futboli haqida

Barchasiga sharhlovchi “aybdor”! Xitoy Janubiy Koreyani 1:0 ga yutdi, xushxabarini berishi bilan “yo o‘chir, yo boshqa kanalga ol, bular odam bo‘lmaydi, baribir yutqazadi”, deb turganlarda ham qandaydir umid uchqunchalari paydo bo‘ldi. Ashaddiy ishqiboz­lardan to “bor-e, senlarga essiz vaqt”, deb kundalik yumushini bajarishga chog‘langanlar-u futbol, umuman sportga qiziqishi yo‘q erinchoqlarning ham, “ishqilib terma jamoamiz yutsin-da” orzusi bilan yashovchi vafodor va tinchliksevar xotin-xalaj-u ko‘nglidan “ursa, yuv-yuv boshlanib ketardi” o‘g‘rincha xayolini o‘tkazgan baqqollarning ham, xullas, barchaning nigohi mo‘’jizakor yalpoq ko‘zguga tikildi. Tikilgan ko‘zga esa cho‘p tushadi!

Tavakkalchilik, tasodif omillari muqarrar hayotning eng serqatnov so‘qmoqlaridan biri — futbolda bo‘lgani kabi teng sharoit, teng kurashda omad biridan yuz o‘girib, ikkinchisiga kulib boqdi. Buyog‘i ma’lum: raqiblar o‘zida yo‘q xursand, biz tomonlarda esa futbol o‘yinidan keyingi “o‘yin” boshlandi, gina-kudrat, alam-dard, afsus-nadomat, g‘araz-manfaat, shaxsiyatchilik-guruhbozlik tepkilari chilparchin qilgan ko‘ngil toshoynalarining son-sanog‘i yo‘q.

Albatta, bular yarim hazil, yarim chin gaplar. Aslida hammasiga o‘zimiz aybdormiz! Yutib tursa, o‘zi tugul buva-buvisigacha avliyo, yutqazib qo‘ysa bormi: “hammasi bir tiyin”.

Futbol tabiatan shunaqa hunarki, o‘xshab tursa — mahorat, san’at, o‘xshamasa, padariga ming la’nat. Kezi kelganda, Messi ham tanqid-u malomatlar toshbo‘ronida qolganini ko‘rganmiz. Mo‘vrinyo‘ “Chelsi”dan haydaladi, deb kim o‘ylagandi? Ular oldida Odil Ahmedov, Babayanga yo‘l bo‘lsin. Kimlardir, bizdagi futbol saviyasi Yevropa, Amerikaning oldi mamlakatlari singari bo‘lsaydi, bir yutqazib qoldik, keyingi o‘yindayoq o‘zimizni o‘nglab olishimiz ham, jahon birinchiligiga borishimiz ham aniq, bunga qudratimiz yetadi, deya stadionni to‘ldirib, futbolchilar-u murabbiylarimiz sha’niga dalda so‘zlarni ashula qilib aytardik, nega tushunmaysiz, tagi chatoq, shunga kuyib ketyapmiz, e’tirozini bildirishlari mumkin. O‘shalarga aytar so‘zimiz: ha, yashang, ana shu tagini, negizini muhokama qilaylik, aza tutish, aybdor qidirish behuda!

Mustaqillikka erishgach, mamlakatimizda barcha sohada bo‘lgani kabi sport, xususan, millionlar o‘yini, sehrli va jozibador soha — futbolimizning ham bag‘riga shamol tegdi, bir so‘z bilan aytganda, milliy futbolimizni yaratish imkoni tug‘ildi. Haligacha, birov achchiq ustida, birov o‘sha rejim mahsuli, tarafdori sifatida, u davrda bizning futbol undoq edi, “ittifoq”da o‘z o‘rni va obro‘si bor edi, iddaolarini eshitib qolamiz. Mayli, bu ham bir fikr. Biroq, kezi kelganda shuni ham aytish kerakki, u paytlarda bizda tizim ma’nosidagi futbol emas, birgina “Paxtakor” jamoasi bo‘lgan va u butun respublika, jumladan uning rahbariyatining dardi, obro‘si sanalgan. Vazifa uchta bo‘lgan: oliy ligada qolish, iloji boricha yuqori o‘rinni egallash, “Qayrat”dan bir pog‘ona bo‘lsa ham oldinda bo‘lish! “Hamma narsa front uchun” shiori kabi barcha imkoniyat “Paxtakor” uchun safarbar etilgan. Boshqa respublikalardan (hozirgi tushunchada chetdan, “legioner”) o‘yinchilar, murabbiylarni olib kelish, ularni kvartira, avtomobil (GAZ-24) bilan ta’minlash, katta oylik, hurmat-e’tibor va bosh­qalar. “Politotdel” kolxozi – bosh homiy. Na milliy futbol tizimi va infratuzilmamiz bo‘lgan, na milliy birinchiligimiz hamda maktabimiz. Jahon birinchiligi u yoqda tursin, “suveren respublika” hisoblanib Osiyo birinchiligiga borish tushimizga ham kirmasdi. Bir-bir o‘qib qolardik: “Paxtakor” Osiyoning falon mamlakatining jamoasi bilan ikki o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi, tamom-vassalom. Televizor orqali tomosha qilish, yutsa olqishlash, yutqazsa, bugungidek g‘alayon qilish tushunchasining o‘zi tushunchada yo‘q edi.

O‘z davri uchun bu tabiiy va majburiy edi. Negaki, biz mustamlaka edik, qaram millatning futboli ham qaram bo‘ladi, o‘zligini namoyon etolmaydigan ijtimoiy faoliyat milliy bo‘lolmaydi.

Istiqlolga erishgach bir yuz yigirma olti yillik qullik zanjirlarini uzil-kesil uzdik. Endi barchasi o‘zimizga, dunyoqarash, ishni tashkil etishimizga bog‘liq bo‘lib qolgandi. Adolat yuzasidan tan olganda, o‘zga sohalar singari futbol ham tez fursatda orzularimizdek o‘zgarib ketadi, degani emasdi. “Sovet” futboli, umuman sport maktabining ta’siri saqlanib qolishi tabiiy edi. Yangisini qurmasdan, eskisini buzish mumkin emas, aslida esa ilojsiz edi. Oradan chorak asr o‘tib, yangisini, jahon andozalariga munosib milliy futbol tizimi va maktabini yarata oldikmi? Yo‘q, desak, tag‘in adolat buziladi. Hurriyat yillarida o‘zbek sporti omili dunyoga keldi, so‘nggi Olimpiadadagi natijalar so‘zni qisqa qilish, isbot-dalillarni qalashtirib tashlashdan tiyilish imkonini beradi. Bularning bari o‘tgan davrda amalga oshirilgan misli ko‘rilmagan harakatlar, ishlar, taqir yerda yaratilgan zamonaviy milliy sport infratuzilmasi, sport maktablari tufayli sportchi va murabbiylarning fidokorona mehnatlari, ularni ham ma’naviy, ham moddiy jihatdan yuksak rag‘batlantirishlar evaziga yuz berdi. Lekin...

Futbol — bu futbol! Endi u millionlar emas, milliardlar o‘yiniga aylanib bo‘ldi. Ham to‘g‘ri, ham ko‘chma ma’noda. 2014 yilgi jahon birinchiligi final bosqichini 3,2 milliard, Germaniya va Argentina olishuvini 1 milliarddan ko‘proq, chempionlar ligasi hal qiluvchi o‘yinini esa 300 million kishi tomosha qilgan. Ashaddiy va shunchaki qiziqishi bor ishqibozlar soni esa dunyoda 3,5 milliard ekan. Xuddi shu omil vajidan ham futbol ulkan iqtisodiy bozor tusini oldi. Ingliz bosh ligasi klublarining yillik daromadi 1,9 milliard yevro, o‘yinchilarining umumiy qiymati 4,4 milliard yevroga teng bo‘lsa, o‘yinlarini teletarqatish huquqi uch mavsum uchun 6,4 milliard yevroga sotilgan. O‘tgan yili dunyo rek­lama bozorining tushumi 532 milliard dollarga yetganini tahlil qilgan mutaxassislar mazkur ko‘rsatkichda futbol bo‘yicha Yevropa birinchiligining ta’siri sezilarli bo‘lganini bejiz urg‘ulamagan, deb o‘ylaymiz.

Futbol — bu katta siyosat. FIFAning necha yillik “chinorlari”ni ag‘dargan ham, katta davlatlar o‘rtasini taranglashtirib turgan ham futboldir. Nega shunday bu futbol, bu qurmag‘urning siri nimada?

Hayvonot dunyosi uchun yemak bo‘lsa, bas. Insoniyat uchun yemakdan tashqari ko‘p narsa, xususan, tomosha ham darkor. Qadimda gladiatorlar jangi, hozirgacha saqlanib qolgan xo‘roz, bedana, qo‘chqor urishtirishlar, ko‘pkari, uloq choptirishlar va yana boshqalar shu intilish, ehtiyoj mahsullaridir. Futbol esa mazkur tomoshalarning shahanshohiyu malikasidir. Unga ishqi tushgan odam o‘lgunicha sevgisidan ajralolmaydi, vaziyatga qarab bir Farhod, bir Majnun bo‘ladi, qo‘yib bersang, Julyetta yoki Otelloning ishini ham qilishdan toymaydi! Suriyaga mag‘lubiyatdan so‘ng ko‘cha-ko‘y, ishxona-yu Internet tarmog‘ida kuzatilgan qizg‘in bahs-munozara jarayoni ham shundandir. Donishmand ota-bobolarimizning “jahl chiqsa, aql qochadi” o‘gitini eslasak, vaziyat oydinlashadi. Albatta, qulay fursat tug‘ilganda, omadni qo‘ldan berish alamlidir. Biroq faqat unga ishonib yashash ham g‘irt nodonlikdir. Unum — aql bilan ish tutishda.

Futbol har qanday zamonaviy jamiyatning ajralmas va o‘ta ta’sirchan bo‘lagi ekan, uning saviyasi shu jamiyatning umumiy ahvoli bilan bog‘liqligi ham chindir. Futbol ishqiboz­larining ashaddiylari bo‘ladimi yoki har holda unga befarqmaslarmi, xullas, barcha shu bir “oddiy hol”ni ochiq-oydin, “tap tortmas”dan omma­viy axborot vositalari, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar, turli davralarda muhokama qilyapti, o‘z to‘g‘ri-noto‘g‘ri fikrlarini bildirmoqda. Shuning o‘ziyoq mamlakatimizdagi bugungi muhitning qanchalar erkinligidan dalolat beradi. Vaholanki, yarim-bir yil burun bunga hamma ham qo‘l uravermasdi. Gapning po‘skallasini aytsak, ushbu mavzuda anchadan buyon pishib kelayotgan mulohaza va takliflarimizni qog‘ozga tushirish ilinji ham mazkur muhit sharofatidandir. Shu bilan birga, biz muammoni ehtirosga mukkasidan ketish, guruhbozlik, tor manfaatlar to‘qnashuvi, o‘zaro tahqirlash va o‘ch olish jarayoniga aylantirishga mutlaqo qarshimiz. Erkinlik fuqarolik jamiyatining kuchi bo‘lsa, aql bilan ish tutish uning unumini ta’minlaydi. Aks holda olomondan farqimiz qolmaydi. Bu esa millatni halokatga boshlaydi.

Poytaxtdagi ko‘priklar ochilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishni ilmga suyanib, uzoqni ko‘zlagan tarzda rejali tashkil qilishga katta urg‘u berdi. Buxoro viloyatidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishish chog‘ida esa voqeligimiz uchun nihoyatda kerakli gapni aytdi: qurilish olti oy kech bitsin, lekin sifatli va zamonaviy bo‘lsin! Milliy yetakchilik faoliyatining boshidayoq, endi ura-ura, raportbozlik ketmaydi, bu bilan uzoqqa borolmaymiz, talablarini hamda Xalq qabulxonalarining joriy etilishi, davlat idoralari va mansabdor shaxslarning aholiga hisobot berishi, vakillik idoralarining o‘rin va ta’sirini og‘izda emas, amalda kuchaytirish tashabbuslarini ham eslatgan holda mustaqil taraqqiyotimizning hozirgi bosqichini ta’riflasak, har qanday muammoni aqli rasolik, ilmiy asosda o‘rganish, zamonga hamohang, milliy manfaatlarimizga javob beradigan, eng ilg‘or xalqaro yutuq va tajribaga tayangan pishiq-puxta dastur, loyihalar tayyorlash, keng muhokamadan o‘tkazish muhiti va pallasida yashamoqdamiz. Bunday yondashuvlar futboldek juda dolzarb yo‘nalishni ham chetlab o‘tolmasligi mantiqlidir.

Milliy futbolimiz negizini yaratish jarayoni boshlanishida yangisi hali yo‘q sharoitda ma’muriy-buyruqbozlik, kommunistik mafkura va davlat iqtisodi hukmron, egalik hissi, shaxsiy manfaatdorlik va erkinlik yo‘q rejimda tug‘ilib, ildiz otgan, shakllangan sovet futboli yaroqsiz ekanligi, samara bermasligini tarixning o‘zi isbotlab qo‘ygan eskisini qo‘llab turish, aytganimizdek, o‘tkinchi ilojsizlikdan edi. Shu bilan birga, fursatni boy bermasdan, bu borada eng rivojlangan mamlakatlar tajribasini har tomonlama o‘rganib va, albatta, o‘z xususiyatlarimizni ham inobatga olgan holda yangisini yaratish lozim edi. Fikri ojizimizcha, bugungi o‘zbek futbolining poydevori mustahkam bo‘lmay, murabbiy, omad yoki qandaydir mo‘’jizaga bog‘liq bo‘lib qolayotganligining bosh sababi yangisini eskicha dunyoqarash va yondashuvlar asosida barpo etishga urinib kelayotganimiz bilan bog‘liqdir. Shuning uchun ham o‘tgan yillar ichida yaratib berilgan barcha shart-sharoit, yoshlarimizning yangilik, eng yuksak marra va tajribaga intiluvchanligi, ularni singdira olish qobiliyati mavjudligiga qaramay futbolimizning sifat darajasi ko‘ngildagidek emasligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Biz ham barcha qatori jahon birinchiligiga borish tarafdorimiz. Biroq orzularimiz ushalgan taqdirda ham mazkur haqiqat o‘zgarmas bo‘lib qolaveradi. Vaqtinchalik yutuq tug‘dirgan dimog‘chog‘lik o‘tgach, uzil-kesil hal etilmagan muammolar yana chiqib kelaveradi. Ular nimalardan iborat?

Birinchisi, futbol klublarining tashkiliy-huquqiy shakli va faoliyati zamonaviy emasligidadir. Bozor munosabatlariga o‘tdikmi, boshqa tarmoqlar qatori futbol tizimi ham mazkur qoidalarda rosmana yashashga o‘rganishi kerak. Ya’ni, avvalo har bir klubning o‘z qonuniy egasi bo‘lsin, hoh yakka shaxs, xoh aksiyadorlik tartibida. Klublarimiz shundoq ham aksiyadorlik jamiyati shaklida tuzilgan-ku, e’tirozini qabul qilolmaymiz. Chunki, ular asosan homiylik yo‘li bilan tirikligini yaxshi bilamiz. Homiylik — yeb ketarga beriladigan har qanday mablag‘, hatto tog‘dek bo‘lsin, o‘pqonga tushgandek yo‘q bo‘lib ketaveradi. Vaholanki, mazkur kattadan-katta mablag‘lar, nisbatan oz tuyulsa-da, aslida umumiy qozonimiz — milliy iqtisodiyotimizning bir bo‘lagi. Hozirgi holatda natija bo‘­yicha hech kim javobgar emas: na klub, na futbolchi, na murabbiy. Klubning haqiqiy, puli kuyayotgan egasi (egalari) bo‘lsa, qanday talab qilib olishni ham, ishni tashkil qilishni ham o‘zi biladi.

Zamonaviy futbol allaqachon katta ishbilarmonlikka aylanib bo‘lganiga bejiz urg‘u bermadik. Bugungi futbol stadion — o‘yin — televizordan iborat tomosha emas. Myunxenning “Bavariya” jamoasining daromadida chiptalar 21, teletarqatuv 23, tijorat faoliyati esa 53 foizni (!) tashkil etadi. Mazkur raqamlar orqali jahon professional klublarining 33-38 milliard dollarlik yillik daromadlari qanday shakllanayotgani va ish ham shunga yarasha yo‘lga qo‘yilayotganini ilg‘ab olish qiyinmas.

Dunyoning oldi jamoalari o‘z ishqibozlari uyushmasi — fan-klub­lari bilan yaqindan va rang-barang ish olib boradi. Misol uchun, arzimagan yillik a’zolik badali evaziga navqiron ishqibozlarga ramzlar, chiptalar sotib olishda chegirmalar, turli tadbirlar, jumladan jamoa mashg‘ulotlariga bepul taklif etish imtiyozlarini taqdim etish orqali tarafdorlari safini tarbiyalab, ko‘paytirib boradi.

Buni va yana ko‘p narsalarni biz ham bilamiz, lekin bizga hali bor, tayyor emasmiz, deguchilar diqqatiga: hadeb “velosiped ixtiro qilavermasdan”, o‘zimiz kabi, ammo zamonaviy yondashuvlarga dadil kirishgan mamlakatlar tajribasiga razm solaylik. Masalan, o‘tgan hafta yutganimiz Qatar (aholisi 1,9 million kishi) futbol ligasining 2010 yilgi daromadi 100 million dollarni tashkil etgani holda 2013 yilda 260 million dollargacha o‘sgan bo‘lsa, ushbu raqamlar Yevropa futbol tizimidagi Ozarbayjonda (aholisi 9,5 million) 12-30 million, Armanistonda (aholisi 3,2 million) 1,2-3,5 million, Gruziyada (aholisi 3,7 million) 2,7-20,7 million, Qozog‘istonda (aholisi 17,5 million) 45-115 million dollarga teng bo‘lgan. 2009 yili 0,5 million dollar daromad topgan Tailand (aholisi 70 million) ligasi uch yil o‘tib 30 million dollarlik darajaga, ya’ni 78 foizlik o‘sishga erishgani kishini o‘ylantirishi kerak-ku, axir!

Ikkinchi muammo — futbolchi va murabbiylarni tayyorlashdek og‘ir masalaga tegishlidir. Ushbu o‘ta jiddiy, balki eng asosiy yo‘nalishda mamlakatimizda hamon eski maktab uslublari ustuvorligiga shubhamiz yo‘q. Shu ma’noda mustamlaka zamonida Minskning “Dinamo” jamoasi gurkiragan qisqa muddatda uning murabbiysi E.Malofeevning namunaviy mashg‘ulotlariga bag‘ishlangan ko‘rsatuv esga tushadi. U futbolchilarga shunday ko‘rsatma bergandi: to‘p bilan oldinga bordingmi, albatta tep, so‘ng tezda orqaga qayt! Hozir ham maydonda tinmay yugurish, qarsillatib tepish, bosim o‘tkazish asosiy omillar sanalishiga oid shaxsan guvoh bo‘lgan holatlar yetarlidir. To‘g‘ri, ular ham darkor (ayniqsa jismoniy chidam), mazkurlarni eng peshqadam jamoalarda ham kuzatish mumkin (duch kelgan yoqqa tepishdan tashqari, albatta). Biroq futbolchilar yetishtirishdagi eng katta kamchilik borki, uni necha yillar burun “Yuventus” jamoasiga taklif qilinib, katta shov-shuvga sababchi bo‘lgan, hozirda ushbu jamoada yoshlarga murabbiylik qilayotgan Ilyos Zeytullayev ochiqlab berdi. Ma’lum vaqt muqaddam qurgan suhbatida, O‘zbekiston va Italiyada futbolchilarni tarbiyalashdagi eng asosiy farq nimada, savoliga uning javobi shunday jarangladi: bizda bolalikdan aldashga (ya’ni raqibni aldab o‘tishga), bu yerda esa maydonda o‘yinni qanday uyushtirish bo‘yicha fikrlashga o‘rgatiladi!

O‘z murabbiylarimizni yerga urishdan mutlaqo yiroqmiz. Ular shaxsiy saviya va imkoni darajasida astoydil ter to‘kayotganidan yaxshi xabardormiz. Shu bilan birga, chet ellik ilg‘or maktablardan, mashhurlarini emas, indamay halol va fidokorona mehnat qilish qon-qoniga singib ketgan mutaxassislarni taklif qilib, bolalarni o‘shalarga topshirish kerak, deb ishonamiz. Yillar o‘tib, natija bo‘lishiga shubha yo‘q. Shu ma’noda 1998 yilgi jahon birinchiligida chorak finaldan chiqolmagan, 2000 yilgi Yevropa birinchiligida guruhda bir ochko ololgan nemislar ushbu muvaffaqiyatsizlik-fojiani xolis va har tomonlama o‘rganib, shunday xulosaga kelganlar: futbolchilarni tayyorlash ishini tubdan o‘zgartirish! Shu tariqa mamlakat futbol federasiyasining yosh qobiliyatlarni topish va parvarishlashga qaratilgan keng ko‘lamli “Iste’dod istab” (“Talentforderung”) dasturi ishlab chiqilgan va 2002 yildan hayotga tatbiq etila boshlangan. 2014 yili esa mevasini ham oldilar — yarim finalda mezbon Braziliyani 7:1, finalda Messi Argentinasini 1:0 hisobida yengib, jahon chempioni bo‘ldilar.

Yana bir gap. Bir paytlar “Sport” telekanali “Bunyodkor”da to‘p surgan mashhur Rivaldo‘dan, O‘zbekiston va Braziliyada bolalar uchun bu borada yaratilgan sharoitlarga munosabati haqida so‘raganida, “sixni ham, kabobni ham kuydirmasdan” mana bu haqiqatni aytgandi: men o‘ta kambag‘al oilada tug‘ilganman, maktabga borishga pulimiz yo‘q edi, o‘zimni futbolga bag‘ishladim, o‘z ustimda tinmay ishladim, shu tariqa mashhur futbolchi bo‘lish va oilamni qashshoqlikdan qutqarish orzusida taqir yerlarda ter to‘kdim va bunga erishdim, sizlarda esa yoshlarga barchasi muhayyo, maktablar tekin, to‘garaklar, maydonlar, stadionlar ularga muntazir, meningcha, shu narsa ularni bamaylixotirroq qilib qo‘ygan bo‘lsa kerak!..

Albatta, bu ishlar birdan bo‘lmaydi, lekin kirishish ham kerak-ku. O‘tgan chorak asr qanday g‘izillab o‘tib ketgan bo‘lsa, buyog‘i ham shunday bo‘lishi muqarrar. Tayyorgarlik ko‘rib, keng muhokamadan so‘ng uzil-kesil hal qilib, futbol sanoatimizni zamonaviy yo‘lga solib yuborish lozim. Soha qonunchiligini yaratish, imtiyozlar berish, davlat va jamoatchilik nazoratini qattiq o‘rnatish singari tashkiliy-huquqiy qadamlar ham zarur bo‘ladi. Birdan natija bo‘lmasligi, xatolar, qoqilishlar yuzaga chiqishi turgan gap. Biroq yaqin yillarda jarayon qolipga tushib ketishi, yangicha tizim ishlay boshlashiga ishonchimiz komil.

Azamat ZIYO

Manba: milliytiklanish.uz
Kiritildi: 16:53, 05.04.2017.
O'qildi: 12395 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.