Oliy liga 6-turi odatdagidek o‘tdi, hisob. Musobaqa jadvali peshqadami yana o‘zgardi, duranglar kuzatildi va ...«Paxtakor» yana mag‘lubiyatga uchradi. Boz ustiga, takror yirik hisobda va yana Qashqadaryo tomonda. Deylik, 2 yilcha oldin «sherlar»ning voha safaridan ketma-ket ikki bora 0:3 ko‘rinishidagi omadsizlik bilan qaytishlari aqlga sig‘armidi?
Ha, «Paxtakor»ning muvaffaqiyatsizliklariga ko‘nikib ulgurdik. Avvallari bu jamoaning har bir mag‘lubiyati «sensasiya» yoxud kutilmagan natija sifatida baholanardi. Ammo endilikda bunday «qoqilish»lar oddiy holga aylanib qoldi. Misol uchun, «Paxtakor» joriy mavsum birinchi marta mag‘lubiyatga uchramayapti. Umuman, Qashqadaryodan ham birinchi marta o‘z to‘riga «ilingan» gollar shodasi bilan qaytmayapti...
DURANG SEROB
Aslida tur bahslari ancha sokin boshlandi. Musobaqa peshqadami bo‘lib turgan «Qo‘qon-1912» safarda «Mash’al»ga qarshi maydonga tushdi va ortga g‘alaba bilan qaytishi ham hech gap emasdi. Biroq No‘’mon Hasanov shogirdlari yakunda 1 ochko olishdi. Ya’ni so‘nggi daqiqalarda qo‘yib yuborilgan gol natijasida durang bilan cheklanishdi. Qo‘qonliklar 5ta tur yakuni bo‘yicha 1-o‘rinni egallab turishganini inobatga olsak, bunday ssenariy va yakuniy natija jamoa muxlislarida biroz alam uyg‘otgandir.
Ammo unutmaslik kerak, safardagi durang faqat chempionlikni ko‘zlayotgan jamoani qoniqtirmasligi mumkin. «Qo‘qon-1912» oldiga qo‘yilgan vazifa esa butkul boshqa. Shunday ekan, jamoa vakillari va uning muxlislari Muborakdagi o‘yin tufayli uncha kuyunmasalar ham bo‘laveradi. Axir qo‘qonliklar hamon kuchli uchlikda bormoqdalar.
Turnir jadvalining yana bir yetakchisi - «Navbahor» ham safarda o‘ynadi. O‘xshash tomoni, namanganliklar ham ortga 1 ochko olib qaytishdi. Lekin farqli jihati ham bor: Bekobodda jamoalar gol ura olishmadi. Bekobodga xos mashhur shamol bu borada na «Metallurg» va «Navbahor»ga yordam berdi. To‘g‘ri, jamoalar vakillari kuchli shamol ta’sirida ko‘ngildagidek kombinasiyalar uyushtirolmagandirlar.
Ammo bittagina aniq va binoyidek zarba shamol vositasida yanada sur’at olib, to‘p darvoza to‘riga borib tushishi hech gap emasdi. Xulosa shuki, himoyachilar nafaqat raqiblar hujumlari, balki shamolga ham qarshi turishni uddalashdi. Chunonchi, tabiat hodisasi butun vaqt to‘xtagani yo‘q va jamoalarning bir bo‘limdan shamol yo‘nalishiga qarshi harakatlanishlariga to‘g‘ri keldi. Yana bir e’tiborli fakt shuki, «Navbahor» ketma-ket 4ta o‘yindan buyon gol qo‘yib yubormayapti. Shu tariqa jamoaning ochkolari soni 11taga yetdi, ammo turnir jadvalida 4-o‘ringa tushdi.
«Qizilqum» esa «So‘g‘diyona»ga qarshi kechgan o‘yinda katta qiyinchilik bilan mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Jizzaxliklar safarda o‘ynashganiga qaramay, dadillik ko‘rsatib, hisobni ochishga muvaffaq bo‘lishdi. Mezbonlar esa faqat Ilhom Yunusovning penaltidan urgan goli evaziga muvozanatni tiklab, 1 ochkoni o‘z tomonlariga va yana birini havoga «uchirishdi».
«DINAMO»CHA G‘ALABA
Turning markaziy bahsi - «Lokomotiv» - «Nasaf» sharhini alohida berdik (oldingi sahifaga qarang). Shuni takror ta’kidlash kerak, uchrashuv to‘lig‘icha Marat Bikmayev benefisiga aylandi. U avvaliga hisobni ochib, «Nasaf» shashtini biroz pasaytirdi va ikkinchi bo‘lim boshida yana bitta goli orqali 3 ochko taqdirini amalda hal qildi. Yakunda Sharof Muhiddinov tomonidan urilgan yagona javob goli qarshilik muxlislar uchun ojiz tasalli bo‘ldi, xolos.
«Obod» va «Olmaliq» o‘rtasidagio‘yinda Rauf Inileev boshchiligidagi mezbonlar nisbatan yaxshi o‘ynashdi, ammo g‘alaba Viktor Kumikov jamoasiga nasib etdi. Yagona gol muallifi - belaruslik Vladislav Kosminin.
Bu «Olmaliq» uchun qatorasiga qo‘lga kiritilgan ikkinchi g‘alaba bo‘ldi. Ha, Kumikov g‘oyalari samara bera boshlagan ko‘rinadi. To‘g‘ri, murabbiyning o‘zi shogirdlari raqibdan yaxshi o‘ynashmaganini tan oldi, Inileev esa gol urilgan vaziyatda darvozabonga nisbatan qo‘pollik qayd etilganidan nolidi.
Mavsumning bosh kashfiyoti «Dinamo» oradagi 2ta mag‘lubiyatdan so‘ng o‘z hisobini yana 3 ochko bilan to‘ldirdi. Samarqandliklar bu safar o‘z maydonlarida «Buxoro»ni ishonchli tarzda yengishdi - 3:1. Ha, endi «Dinamo»ning startdagi natijalarini tasodifga yo‘yish uchun asos yo‘q. Jamoa so‘nggi 2ta turda imkoniyatni boy bergach, shov-shuv biroz bosilgan va debyutant yetakchilar qatorida uzoq qololmaydigandek tuyulgandi. Mana, 6-tur «Dinamo» uchun barchasini oldingi holatiga qaytardi. Ya’ni Oleg Tyulkin jamoasi 3 ochko olish evaziga turnir jadvalining 2-qatoriga ko‘tarildi. Demak, oliy ligada «Dinamo» belgisidagi «intriga» davom etadi.
«PAXTAKOR»CHA MAG‘LUBIYAT
Bilasiz, oliy ligada Qashqadaryo viloyatidan 3ta klub bor - «Nasaf», «Mash’al» va «Sho‘rtan». Qarangki, «Paxtakor» joriy mavsum ulardan ikkisi oldida bir xil holatda bosh egishga ulgurdi. Muborak safarida 3ta javobsiz gol qabul qilishgan «sherlar» G‘uzorda ham shu kuyga tushishdi - yana 0:3. Vohaning eng kuchli klubi - «Nasaf»ga qarshi bahs hali oldinda ekanligini inobatga olsak, bu ketishda «Paxtakor»ning janubiy viloyatdagi mag‘lubiyatlari an’ana tusiga kirib qoladi, shekilli.
To‘g‘ri, «sherlar»ning «Mash’al» va «Sho‘rtan»ga qarshi o‘tkazgan o‘yinlari bir-biridan biroz farqlanadi. Chunonchi, Muborakdagi uchrashuvdan farqli o‘laroq, G‘uzorda bemalol gollarga boy durang qayd etilishi mumkin edi. Biroq Ravshan Haydarov boshqaruviga o‘tgan jamoa vakillari vaziyatlar qadriga yetishmadi va «uloq» yakunda qarshi hujumlardan samara chiqara olgan «Sho‘rtan» mulkiga aylandi.
«Bunyodkor»ga nima bo‘lyapti?
Tur doirasidagi so‘nggi o‘yinda inqiroz holatidagi ikki klub o‘zaro to‘qnash keldi. Ya’ni chempionatda hali g‘alaba qozonmagan «Neftchi» ham ichki arena, ham xalqaro maydonda o‘zini sira tiklolmayotgan «Bunyodkor»ni qabul qildi. Farg‘onada hisobni «qaldirg‘ochlar» ochishdi va yakunda ijobiy natijani rasmiylashtirishdi -2:1. Xullas, «Neftchi»ning ahvoli yanada og‘irlashdi. Aftidan, jamoa boshqaruvida o‘zgarish bo‘ladi, chog‘i. Harqalay, bosh murabbiy Andrey Fyodorov o‘yindan so‘ng ishdan ketishga tayyorligini bildirdi.
Tur Qahramoni va tur iqtiboslarini o‘qish uchun davomiga o‘ting