Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/12 01:30 Vilyarreal - Rayo Valyekano
19/12 01:30 Espanyol - Valensiya

Sisiliyalik Berluskoni yoxud «Palermo»ning yangi rahbari haqida nima bilamiz?

Sisiliyalik Berluskoni yoxud «Palermo»ning yangi rahbari haqida nima bilamiz?

Baho:
+ | -

Italiyaning «Palermo» jamoasi rasmiy saytida kutilmagan yangilik paydo bo‘ldi: klubda yangi prezident - Pol Bakkalini ish boshladi. Ishqibozlar darhol internetdagi qidiruv tizimiga murojaat etib, buning haqiqat ekanini anglashdi. Tabiiyki, ayni o‘zgarish ularning aksariyatini quvontirmadi. Dastlabki suratlar kulgili tuyulsa, keyingilari hazilga o‘xshardi. Maurisio Dzamparini «yangi investorlar guruhining maqsadi yuqori ekani»ni aytib, vaziyatni yumshatishga urindi. Ammo kim ham unga ishonardi?

- Ular moliyachilar va futbol olami bilan yaxshi tanish emaslar. Maslahatchi sifatida qolishimni so‘rashdi. Mening ta’sir doiram kamayadi, ammo tuzilmani barpo etishda yordam beraman. Yangi rahbarlar Palermoni Yevropa va YECHLning bir qismiga aylantirishmoqchi. qolaversa, ularning rejalarida stadion va sport markazi qurish ham bor.

Faqat «Palermo»da tashabbuskor va saxovatpesha rahbarni «aqlsiz inson»ga almashtirishlari mumkin. So‘nggi 15 yil ichida Sisiliyada haqiqatan ham ko‘plab voqealar ro‘y berdi. Bu o‘rinda gap murabbiylar almashuvi va bahsli qarorlar haqida ketmayapti. Maurisio Dzamparini ushbu klubning nufuzini tiklab, uni Italiyaning eng mashhur jamoalaridan biriga aylantira olgandi. Endi esa, qo‘l ostidagi klubni boshqa shaxsga topshirishini har hafta ta’kidlashga o‘rgangan prezident buni rasman amalga oshirdi - aksiyalarning nazorat paketi deyarli Pol Bakkalini ixtiyoriga o‘tdi.

Maurisioning «Palermo»dan ketishi juda uzoqqa cho‘zildi. Ammo so‘nggi paytlarda rahbar «quruq» gaplardan qochib, hammasini amalda isbotlashga kirishdi. Taxminlarga ko‘ra, 2011 yili Italiya kubogi finalidagi mag‘lubiyatdan so‘ng Zamparini ushbu loyiha bo‘yicha yakuniy qarorga kelgandi.

O‘tgan yili «rozanero»ning boshqa mutasaddi qo‘liga o‘tishi deyarli aniq bo‘lgandi. Pop-musiqa qiroli Maykl Jeksonning yaqin do‘sti sifatida ommaga yaxshi tanish Frenk Kasio Sisiliyada tug‘ilgan otasining xotirasi hurmati klubni sotib olishga qaror qilib, hattoki, rivojlanish dasturini ham namoyish etgandi. Ammo amaldagi prezidentga nimadir (ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, taklif qilingan summa) ma’qul kelmagan chog‘i, Kasio «pushtiranglilar» rahbari bo‘lishdan voz kechdi. O‘z navbatida, Sisiliyaga qaytishdan umidvor ekanini yashirmadi: «Muzokaralar o‘tkazish imkoniyatini yaratib bergani uchun Maurisio Zamparinidan minnatdorman. Ehtimol, kelajakda orzumni amalga oshirishga erisharman».

Klubni boshqarish jiddiylikdan yiroq shaxs qo‘liga o‘tishi haqidagi xabar tarqalgandan so‘ng jamoatchilik hayratlanganini tasavvur qilib ko‘ring. Masalaning bir «lekin»i bor: «Palermo»ni Kasio bilan birgalikda qo‘lga kiritishga uringan shaxslar tarkibiga Bakkalini ham kirgan. Faqat bu safar u yangicha qiyofada namoyon bo‘ldi - navbatdagi urinish Integritas Capital fondi bilan amalga oshirildi. Pol ushbu tashkilotga Britaniya va Amerika bank muassasalarida tajriba orttirgan ikki sherigi hamrohligida asos solgan. Aytishlaricha, Bakkalinining ortida hamon o‘sha - klubni qo‘lga kiritish fikridan qaytmagan Kasio turibdi.

Pol Bakkalini 1984 yilning 31 yanvar kuni AqShda tug‘ilgan. Otasi amerikalik, onasi italiyalik. Bakkalini Italiyaga kelgach, ta’lim olib, ma’lumotga ega bo‘ldi. Ko‘ngil­ochar dasturlar olamiga o‘ta qiziqqani tufayli radio va MTV telekanalida boshlovchilik qildi, Le lene hajviy shousida ko‘rinish berdi. O‘zining «Limon partiyasi»ga asos soldi, ammo rasmiy saytidagi beo‘xshov fotosuratlari tufayli uning siyosat olamiga kirib kelishi amalga oshmadi. Keyinchalik Bakkalini moliya bozoriga qiziqdi, uning aktivlarni nazorat qilish tajribasi aksariyat yirik xalqaro banklar e’tiborini o‘ziga tortdi. Shuningdek, Pol butun dunyoga gumanitar yordam qo‘lini cho‘zuvchi Xalqaro fond boshqaruv tizimi a’zosi sanaladi.

Bakkalinining moliyaviy ahvoli haqida deyarli hech qanday ma’lumot yo‘q, biroq «Palermo» logotipini libosiga muhrlab, klub ishqibozlari mehrini qozonishga urinib ko‘rgan. Badanidagi tatuirovkalarni ko‘z-ko‘z qilishni xush ko‘radi. Zamparinining avvalgi harakatlarini inobatga olganda, bu «Palermo»dek klubning prezidenti uchun odatiy hol.

Shunga qaramay, Pol Bakkalini matbuotda to‘g‘ri chiqish qiladi. U OAV ishtirokida to‘rtta brifing o‘tkazib, ularning har birida «ajo­yib muxlislarga ega buyuk shahar», klubning mavsumni qaysi o‘rinda yakunlashiga atalgan «A va B rejalari» hamda Yevropani hayratlantirishi kutilayotgan yangi stadion haqida gapirdi. O‘z navbatida, u jiddiy xatoga yo‘l qo‘yishga ham ulgurdi. Buni hammadan ham ko‘proq «Roma» ishqibozlari yaxshi tushunishadi - Bakkalini «amerikacha yo‘nalish» va klubni «biznes» sifatida tiklash to‘g‘risida bong urdi.

«Bu rahbarlarning ikkisi ham televideniye orqali dovruq qozonishgan, ikkisining ham siyosiy partiyasi bor, ikkisi ham go‘zallik shaydosi, ikkisi ham qo‘l ostidagi futbol klubida g‘ayritabiiy o‘zgarishlarga yo‘liqadi», - Italiyaning Huffington Post nashri o‘z maqolasida Bakkalinini «Milan»ning sobiq rahbari Silvio Berluskoniga qiyosladi.

Xo‘sh, «Palermo»ni sotib olish uchun Polga tegishli investision fond qancha to‘ladi? Turli manbalarda ushbu summa 200 million yevro atrofida ko‘rsatilgan. Shundan 50-70 mln. bevosita klub xaridiga yo‘naltirilsa, yana 130 mln. yevro yangi stadion va sport markazi qurilishiga sarflanadi. Ishqibozlarni eng avvalo, bir jihat tashvishga solmoqda: «Palermo» ham «Parma» singari inqirozga yuz tutib, Italiyaning quyi divizionlariga «surgun» bo‘lmasmikan? Bakkalinida shunday yirik klubni ta’minlash uchun pul bormi?

Mazkur savollarga 30 aprelda javob topishimiz mumkin. Bu shunchaki, oddiy urinishmi yoki amerikalik italyan­ning ortida katta mablag‘ga ega obro‘li shaxslar turibdimi? Zarur hujjatlarga rasman imzo chekish aynan shu oy oxiriga rejalashtirilgan.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:13, 24.04.2017.
O'qildi: 4018 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.