Kirish Ro'yxatdan o'tish
15/05 00:00 Tottenhem 0-2 Manchester Siti
15/05 00:30 Real Madrid 5-0 Alaves
15/05 01:00 Jirona 0-1 Vilyarreal
15/05 22:30 Sevilya 0-1 Kadis
15/05 22:30 Rayo Valyekano 2-1 Granada
15/05 23:45 Brayton 1-2 Chelsi
16/05 00:00 Man. Yunayted 3-2 Nyukasl
16/05 00:00 Reyms 1-0 Marsel
16/05 00:00 Nissa 1-2 PSJ
16/05 01:00 Selta 2-1 Atletik Bilbao
16/05 01:00 Xetafe 0-3 Atletiko
16/05 22:30 Las-Palmas - Betis
17/05 00:30 Almeriya - Barselona
17/05 01:00 Real Sosyedad - Valensiya
17/05 23:45 Fiorentina - Napoli

Ne kunlarga qolding, «Milan»?

Ne kunlarga qolding, «Milan»?

Baho:
+ | -

Aprelning so‘nggi 10 kunligida Italiyaning eng nomdor jamoalaridan biri - «Milan» nihoyat, tarixiy o‘zgarishga yuz burdi. Ya’ni klub Silvio Berloskonidan xitoylik tadbirkorlar juftligi - Xan Li va Li Yonxong ixtiyoriga o‘tdi. Xo‘sh, mazkur keskin burilish qanday natijalarga olib kelishi mumkin? «Milan» avvalgi shon-shuhratini tiklay oladimi? Tabiiyki, jamoaning ko‘psonli muxlislari faqat ijobiy natijalarga umid bog‘lamoqdalar. Shuning barobarida xitoylik xo‘jayinlarga ishonchsizlik bilan qarayotganlar ham bor, albatta.

15 aprel kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi «Milan derbisi» (2:2) azaliy raqiblarning ashaddiy muxlislari faolliklaridan tashqari, Xitoy iyerogliflarida bitilgan yangi afishalar bilan ham e’tiborni tortdi: «Nankin savdo imperiyasimi yoki Guanjun provinsiyasidan kelgan tadbirkor?» Ha, Xitoy sarmoyalari - barcha falokatlardan forig‘ etuvchi qudratli manba! Mana, «Inter» ham aynan xitoyliklar yordami bilan avvalgi nufuzini tiklash harakatini boshladi va yozgi transferlar uchun 150 mln. yevroni taxt qilib qo‘ydi. «Neradzurralar» hozirda Antonio Konte yoki Diyego Simeone darajasidagi murabbiyni taklif etishni rejalashtirmoqdalar. Qarangki, «Milan» xuddi qo‘shnisi tanlagan yo‘ldan borishga qaror qildi. Xullas, «rossonerlar»ni xitoylik biznesmenlar ixtiyoriga topshirish masalasidagi kelishuv nihoyat, rasmiylashtirildi va Silvio Berluskoni qadrdon jamoasi bilan oxirgi marta xayrlashdi...

Va’dalar - ummon. «Milan» xaridi bilan bog‘liq tegishli hujjatlar imzolangach, Li Yonxong an’anaviy nutqida «ishonch», «buyuk tarix», «qaytish» va «jahon futboli cho‘qqisi» kabi jarangdor iboralardan ayamay foydalandi. O‘z navbatida, yangi sohiblar oldiga amalga oshirilishi zarur sanalgan dolzarb vazifalar ko‘ndalang qo‘yildi: Janluiji Donnarummani tarkibda olib qolish, Vinchenso Montellaga yangi shartnoma taklif etish, Italiya futbolining nozik jihatlarini mukammal o‘rgangan holda, transferlar mavsumini faol va samarali o‘tkazish... Bu borada «Inter»dagi xitoyliklarning futbolchilarni keyinchalik xarid qilish sharti bilan ijara asosida taklif qilishayotgani diqqatga sazovor. Aytishlaricha, Xan Li - Yonxong dueti ham «Milan»ning yozgi transferlari uchun 150 mln. yevro ajratar ekan. Klub afsonasi - Paolo Maldinini direktorlar kengashiga taklif etish rejasi ham bor. Lekin xitoylik sohiblar va’dalariga darrov ishonish yaramaydi. Italiyada tarqalgan gap-so‘zlarga ko‘ra, Li Yonxong klubni shaxsiy sarmoyasi emas, qarz hisobiga sotib olgan. Qizig‘i, u shu qarzni aynan futbol biznesidan olinajak daromad bilan yopish niyatida!

Savol: bu janoblar aslida kim? La Gazzetta dello Sport va Reuters muxbirlari deyarli bir vaqtda «Milan»ning yangi sohiblari shaxsini aniqlashga bel bog‘ladilar. Ular shu maqsadda Chansindagi Xalqaro savdo markaziga yo‘l olishdi. Boisi, Sino Europe Sports kompaniyasi va uning 7ta firmasi (jumladan, «Milan» xaridiga aloqador filial) aynan shu shaharda joylashgan. Biroq yevropalik mehmonlar kompaniya ofisida biror xodim yoki xizmatchiga duch kelmadilar. «Firma haqida eshitganman. Lekin ishlash uchun kelgan biror kishini uchratganimcha yo‘q»,-dedi sirli kompaniya ofisi joylashgan birinchi qavatdagi mahkamada faoliyat yuritadigan analitik Lyu Sun. Odatda bunday kompaniyalarga o‘xshash aksariyat xolding guruhlari Chen Xuashanga borib taqaladi. Biroq «Milan»ga oid hujjatlarning hech qaysi birida bu shaxsning nomi yo‘q. Kelishuv jarayonida xitoyliklardan faqat ikki kishi qatnashdi. Avvaliga «so‘zamol kalla» taxallusi bilan tanilgan Xan Li Milanga yetib borgan va Silvio Berluskoni bilan barcha masalalarni muhokama qilgandi. Kelishuvning moddiy jihatlari esa Li Yonxong zimmasida: u o‘ziga xos broker vazifasini ado etmoqda, biznesining ma’lum qismi rafiqasi nomiga rasmiylashtirilgan, o‘zi Fininvest kompaniyasini boshqaradi, fosfat sanoatida ulushi bor. Shuningdek, gazli ichimliklar uchun qadoqlash vositalari ishlab chiqaradigan korxona va Guanjoudagi biznes markazining 28 foiz aksiyasi ham uning tasarrufida. Vaqtida Xitoy matbuoti Yonxong o‘z sarmoyalarini o‘tgan asrning 90-yillarida firibgarlik orqali qo‘lga kiritgani haqida bong urgandi. Biroq keyinchalik jurnalistlar biznesmendan uzr so‘rashga majbur bo‘lishgan.

Aslida «Milan»ni xarid qilish ilinjida yurganlar safi ancha keng edi. Lekin Xitoy hukumati xorijdagi biznes-loyihalarga sarmoya kiritadigan tadbirkorlarni «elak»dan o‘tkazgach, talabgorlardan faqat Xan va Yonxong qolishdi. Ular kelishuvni amalga oshirish uchun Lyuksemburgda Pocconeri Sport Investment Lux kompaniyasiga asos soldilar va o‘z sarmoyalarini Yevropaga shu firma orqali olib kirdilar. Klub ma’lumotlariga asosan, jarayonda «davlat tomonidan nazorat qilinadigan tashkilotlar» ham yo‘q emas. Ammo ularning nomi sir tutilmoqda. Bu holat qandaydir xavotir uyg‘otadi, albatta. Qiziq, xarid uchun olgan qarzini «Milan» biznes-loyihasi vositasida uzishni mo‘ljallayotgan Yonxong «Futbolonomika» bilan tanishib chiqqanmikan? Deylik, u maydonda to‘p surish evaziga daromad olish mumkin emasligidan xabardormikan? Bu sohadagi dastlabki omadsizlikdayoq «Milan»dan imkoni boricha tezroq qutulishni xohlab qolmasmikan? Sho‘rlik, «Parma»ning boshiga qanday kunlar tushganini nahotki, eshitmagan bo‘lsa? Agar biznesmen chindan ham, bularni bilmasa, «Milan» bir kunlik o‘yinchoqqa aylanishi hech gap emas.

Umuman, osiyoliklar tomonidan yevrofutbolga kiritilayotgan sarmoyani minalashtirilgan maydonga qiyoslash mumkin: faqat ilojsiz vaziyatga tushib qolganlargina boshqa variant yo‘qligi bois, bunday kelishuvlarga ko‘nadilar. Albatta, qayerlardadir zimmalaridagi vazifalarni risoladagidek ado etib, o‘zlari kabi hamkorlarining manfaatdor bo‘lishlarini ta’minlayotgan osiyoliklar ham bor. Masalan, Chexiya terma jamoasiga homiylik qilayotgan va «Slaviya» klubini yuksaklikka olib chiqayotgan tadbirkorlarga hech qanday e’tiroz yo‘q. Biroq ular mahalliy klublarga xitoylik futbolchilarni tiqishtirish niyatidalar. Ammo omadsiz chiqqan hamkorlik aloqalari ko‘p, baribir. Deylik, aniq moliyaviy madad yo‘qligi tufayli «Inter»ning kelajagi tuman ostida turibdi, xitoylik Van Xyuy atigi bir yil ichida «Ado Den Xaag»ni adoyi-tamom qildi, «Blekbern» esa Hindistonning Venky~s kompaniyasi rahnamoligida  chempionship «botqog‘i»ga botib qoldi. Indoneziyalik Erik Tohir davrida «Inter»ning holati hozirgidan ham ayanchliroq edi.

Xususan, «Valensiya» bilan yuzaga kelgan holat «Milan» uchun saboq bo‘lishi kerak. Xuddi Italiya grandi kabi shonli o‘tmish, qoniqarsiz holat va betayin kelajakka ega bu jamoa endi aynan Osiyo sarmoyasi evaziga qaddini tiklashga urinmoqda. Jamoaning singapurlik sohibi Piter Lim barcha lavozimlarga o‘z yaqinlarini tayinladi. Uning yagona to‘g‘ri qarori - bu bosh murabbiy lavozimini Xuan Antonio Pissiga ishonib topshirgan edi. Biroq Lim ko‘p o‘tmay, futbol biznesi nahangi - Jorje Mendesh uchun no‘noq «mijoz»ga aylanib qoldi. Ya’ni u «singapurlik Aleksey Fedorichev» qiyofasiga kirdi. Qarang, Mendesh avvaliga «Dinamo»ning sobiq darvozaboni Nununi «Valensiya» bosh murabbiyi lavozimini egallashini ta’minladi, keyin esa tarkibga portugaliyalik mijozlarini tiqishtirishga kirishdi. Xullas, Mendesh singapurlik biznesmen bilan tanishuv ortidan cho‘ntagini qappaytirdi, «ko‘rshapalaklar» esa inqiroz to‘ri tutquniga aylanishdi. «Milan»da esa Mino Rayolaning ta’siri kuchli. Bu futbol agenti Inyasio Abate va Jakomo Bonaventura kabi yuzlab o‘yinchilar bilan ishlaydi va jamoalarda o‘ziga xos mini-koloniya tashkil etishdan sira xijolat tortmaydi. Boz ustiga, «Milan»da shunday guruh shakllanib ulgurgan. Rayolaning bo‘lajak transferlar mavsumida deylik, Blez Matyuidi va Omar al Kadduri kabi mijozlarini «Mi- lan»ga joylash uchun bor mahoratini ishga solishi, shubhasiz.

Yana o‘sha savol... «O‘sha xitoyliklar aslida kim? Mazkur kelishuv - an’ana va tarixga nisbatan xoinlik. Menga qolsa, Berluskoniga 5 yevro zakolat berib, Italiyadan xaridor topishni maslahat berardim...»,-deydi «Milan»ning sobiq prezidenti Juzeppe Farina. «Milan»ni qanday odamlar xarid qilishganini Xitoyda hech kim bilmaydi»  - bunisi ayni payt aynan Chin yurti terma jamoasini boshqarayotgan italiyalik murabbiy Marchello Lippining gaplari. Xitoy sarmoyalarining xavotirli jihati shundaki, unga hech qanday kafolat yo‘q. Shunga qaramay, Li Yongxong - Xan Li juftligining otashin nutqi gulduros qarsaklar bilan qabul qilindi. Lekin sarmoya ortida nima yashiringani ma’lum emas - moliyaviy barqarorlik va nahanglar bilan munosib raqobat qilish istagimi yoki shunchaki, o‘tkinchi ermak? Yuzaga kelgan vaziyatda Silvio Berluskonining ham aybi bor: u barcha xatti-harakatlari asnosida «Milan»dan tezroq forig‘ bo‘lishni istadi, chog‘i...

To‘g‘ri, Xitoy kapitalining klubga ta’sirini his etish uchun biroz sabar qilish talab etiladi. Ayni payt bitta ijobiy jihat shubhadan xoli - endilikda Chin yurtida «rossonerlar» nufuzi yanada ortadi. Italiyada esa hozircha so‘nggi derbida namoyish etilgan iyeroglif-afishalardan boshqa hech narsa sezilmadi...

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:02, 27.04.2017.
O'qildi: 7599 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.