Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul

Jaloliddin Masharipov: "Aldamchi harakatlar qilish orqali chiroyli o‘yin ko‘rsatishni yoqtiraman"

Jaloliddin Masharipov: "Aldamchi harakatlar qilish orqali chiroyli o‘yin ko‘rsatishni yoqtiraman"

Baho:
+ | -

“Lokomotiv” jamoasining aksariyat muxlislari o‘z sevimli o‘yinchilari haqida ko‘proq ma’lumot bilishga, ularni o‘zlari uchun qaytadan kashf etishga istak bildirishmoqda. Shuni inobatga olgan holda “Lokomotiv” PFK matbuot xizmati yaqin vaqtdan buyon #LOKOMANIA loyihasini taqdim etib kelmoqda.

Loyiha orqali futbolchilar va murabbiylar bilan eksklyuziv suhbat uyushtirmoqdamiz hamda ular haqida yanada qiziqroq ma’lumotlarni berib bormoqdamiz. Bir muddat qisqa tanaffus qilgan ushbu loyihamizning navbatdagi mehmoni – “Lokomotiv” jamoasining mahoratli yarim himoyachisi Jaloliddin Masharipov.

– “Lokomotiv”ga kelib qolishingiz qay tariqa ro‘y bergan?

– Rostini aytadigan bo‘lsam, ushbu mavsumda “Lokomotiv”da o‘ynayman, deb o‘ylamagandim. Biroq ushbu jamoaning Chempionlar Ligasida ishtirok etishi hamda o‘zimning ham bu orqali xalqaro tajribamni yanada orttirishim mumkin ekanini hisobga olib, har ikki jamoa rahbariyati ham kelishgan holda ushbu qarorni qabul qildik. Aslida “Loko” men bilan 2 yildan buyon qiziqar edi. Mana ayni damda ushbu jamoa sharafini himoya qilyapman.

– “Lokomotiv”ga ko‘nikib ketish jarayoni qanday kechdi?

– Jamoaga ko‘nikish jarayoni qiyin bo‘lmadi, deya olaman. Dastlab Turkiyada o‘tgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida “Lokomotiv”ga borib qo‘shildim. Hamma meni yaxshi kutib oldi. O‘yinchilarning ko‘pchiligi bilan oldindan tanish edim. Lekin bilasizmi, men uchun mavsumning boshi biroz qiyin o‘tdi. Sababi yangi jamoa, yangi sheriklar bilan birgalikda to‘p tepish, qolaversa, dastlabki 2 ta o‘yinda o‘z pozisiyamda o‘ynamadim. Yana biroz hayajon bo‘lganini ham ta’kidlay olaman. Shu sababli ham Chempionlar Ligasi doirasidagi dastlabki 2 ta uchrashuvda o‘yinim chiqmadi. O‘shanda birinchi o‘yinda hujumda, ikkinchi uchrashuvda esa o‘ng qanot yarim himoyasida harakat qildim. Lekin men yoshlikdan chap qanotda o‘ynab o‘rganganman. Buni inobatga olgan murabbiylar shtabi keyinchalik meni yana sevimli o‘rnimda o‘ynata boshlashdi.

– “Temiryo‘lchilar” safidagi dastlabki o‘tkazgan uchrashuvingiz yodingizdami?

– Ha. Biz o‘sha xorij yig‘ini davomida Turkmanistonning “Oltin asr” jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazgandik. O‘sha uchrashuvda birinchi marta “Lokomotiv” futbolchisi sifatida maydonga chiqqandim. Yakunda gol urishga ham muvaffaq bo‘lgandim.

– Shu paytga qadar ushbu klub tarkibida bir qancha o‘yinlarda ishtirok etishga ulgurdingiz. Ular ichida eng qiyini qaysi bo‘lgan?

– Eng murakkab o‘yinlarni OCHLning ilk turlarida o‘tkazdik. Mavsum avvali bo‘lgani va o‘yin amaliyoti hali pastligi uchungina qiynaldik. Qolagan uchrashuvlarda unchalik ham qiyinchilikka duch kelmadik. Bilasizmi, Chempionlar Ligasida guruhdan chiqa olmagan bo‘lsak-da, “Lokomotiv” turnirda yomon qatnashmadi. Barcha raqiblar biz bilan o‘yinda oson ochko olishmadi.

– Milliy chempionatimizda qaysi himoyachilarga qarshi o‘ynashda qiyinchilikka duch kelasiz?

– Ilgari Shuxrat Muhammadiyev “Nasaf” safida to‘p surgan paytda aynan unga qarshi o‘ynashda qiynalardim. Zero “Nasaf” jamoasida himoyachilar ancha zich o‘ynashardi va bir o‘yinchidan o‘tib ketsang ham, ortida yana bittasi poylab turgan bo‘lardi. Hozirda esa Shuxrat bilan bir jamoa a’zosimiz!

– Siz ko‘pincha o‘yin payti turli xil aldamchi harakatlar amalga oshirasiz. Bunda sizni kim yoki nima ilhomlantiradi?

– Neymar hamda Azar! Bilasizmi, yoshligimdan menga aldamchi harakatlar qilish, chiroyli o‘yin ko‘rsatish yoqadi. Shuning uchun tez-tez har xil fintlar amalga oshirishni xush ko‘raman. Bo‘sh vaqtimda Neymar va Eden Azar kabi futbolchilarning o‘yinlari videolavhalarini diqqat bilan kuzataman. Ularning raqiblarni qanday aldab o‘tishi, qanotdan raqib jarima maydoniga yorib kirishlarini o‘rganib, so‘ng mashg‘ulot payti ularning harakatlariga o‘xshash urinishlarni amalga oshirib boraman. Futbol – muxlislar uchun o‘ynaladi. Ishiqbozlar stadionga chiroyli futbol ko‘rish istagida tashrif buyurishadi. Umid qilamanki, men ham ba’zan bajarayotgan chiroyli harakatlar ishqibozlarimizga ma’qul kelyapti.

– Sizga gol urish ko‘proq yoqadimi yoki golga assistentlik qilishmi?

– Gol urish, albatta! Agar futbolchi raqib darvozasini ishg‘ol etsa va jamoasi g‘alabasiga xissa qo‘shsa, bundan muxlislar juda-juda quvonishadi. Futbolchi ham o‘z mehnatidan xursand bo‘ladi. Lekin jamoadoshlari kiritgan gollarga hammualliflik qilish ham yoqimli.

– Jamoa tarkibida kimni eng xushchaqchaq o‘yinchi, deya e’tirof etgan bo‘lardingiz?

– Jamoamizdagi eng xushchaqchaq yigit – Marat Bikmayev. Marat aka yoshi bizdan kattaroq bo‘lsa-da, doim hazillashib yuradi. Jamoa yutkazgan paytda ham hammaning kayfiyatini sal bo‘lsa ham ko‘tarib, jamoaga yaxshi ruhiyat berib turadigan o‘yinchi.

– Eng jiddiy futbolchichi?

– Timur Kapadze. Timur aka – jamoamiz sardori, qolaversa juda tajribali o‘yinchi. U kishi hammaga o‘z maslahatlarini ayamaydi.

– Klubda eng yaqin do‘stingiz kim? Masalan, yig‘inlar paytida kim doim birga yuradi?

– Hamma bilan yaxshi munosabatdaman. Ayniqsa, Murod Bobojonov, Shuxrat Muhammadiyevlar bilan ko‘p suhbat quramiz. Yana Ikrom Aliboyev va Quvondiq Ro‘ziyev ham yaxshi suhbatdosh. Ular bilan birgalikda vaqt o‘tkazishni yoqtiraman.

– Klub avtobusida o‘zingizni alohida joyingiz bormi? Yoki har safar har xil o‘rinda o‘tirasizmi?

– Avtobusda o‘zimning joyim bor. Doim Murod Bobojonov bilan birgalikda avtobusning markazida o‘ng tarafdagi o‘rindiqlarda o‘tirib ketamiz.

– Nega aynan 99-raqam?

– Sababi men “Paxtakor”da 9-raqamda o‘ynardim. Bu raqam menga juda yoqadi. Lekin “Lokomotiv”da ushbu raqam band ekan. Shu sababdan 99-raqamni olishga to‘g‘ri keldi.

– “Lokomotiv” muxlislari haqida qanday fikrdasiz? Ayniqsa, muxlisalar xususida.. Zero “Loko” O‘zbekistondagi eng ko‘p muxlisalarga ega futbol jamoasi…

– Bu gapingizga qo‘shilaman. “Loko”ning qiz-muxlisalari ancha ko‘p ekan. Umuman olganda, jamoa yaxshi ishqibozlarga ega. Ko‘pchilik doim stadionga kelib, bizni qo‘llab-quvvatlab turadi. Agar stadion ishiqbozlar bilan to‘lib-toshsa yanada yaxshiroq bo‘lardi.

– Uylansangiz, farzandingiz keyinchalik katta futbolga qadam qo‘yishini istarmidingiz?

– Hayronman. Farzandim qaysi sport turini ma’qul ko‘rsa, o‘sha bilan shug‘ullanishi tarafdoriman.

– Bo‘sh vaqtingizni qanday o‘tkazasiz?

– Bo‘sh vaqtimni ko‘proq yaqin insonim bilan o‘tkazishni ma’qul ko‘raman. Sababi ko‘pincha o‘yinlar sabab boshqa shaharlarda bo‘lamiz. Shuning uchun bo‘sh vaqt topsam, albatta yaxshi ko‘rgan insonim bilan uchrashib, u bilan vaqt o‘tkazishga harakat qilaman.

– So‘nggi paytlarda gollarni o‘zgacha tarzda nishonlayapsiz. Ayniqsa, “Qizilqum” bilan o‘yinda futbolkangizda “V” harfi tushirilganini namoyish qildingiz…

– Rostini aytsam, menga golni o‘zgacha tarzda nishonlash yoqadi. Masalan, o‘sha “Qizilqum” bilan o‘yinda kiritgan golimni sevgan insonimga bag‘ishladim va unga kichik sovg‘a sifatida futbolkamga uning ismi bosh harfini yozib chiqdim.

– Futbolchi, umuman, mashhur inson bo‘lish qanday? Ko‘chada sizni ko‘pchilik tanib qoladi, bemalol sayr qila olmaysiz…

– Bu – juda ajoyib hissiyot. Zero hamma ham ko‘pchilikka tanila olmaydi. Muxlislar tanib, xurmat qilishi uchun avvalo futbolchi o‘z ustida qattiq mehnat qilishi va yaxshi natijalar ko‘rsata olishi zarur. Shundagina sizni qayerga borsangiz tanishadi va omma e’tiborida bo‘lasiz. Agar meni ishqibozlar tanib qolib yonimga kelishsa, bunga juda yaxshi munosabat bildiraman va xursand bo‘laman.

– Tasavvur qiling, yaqin insoningiz bilan sayrga chiqdingiz. Muxlislaringiz sizni tanib qolib, siz bilan suratga tushishmoqchi…

– Men albatta suratga tushaman. Agar kimdir meni xurmat qilib, o‘yinlarim unga yoqishini bildirsa, hech ham vaqt ayamayman va birgalikda suratga tushaman.

– Yoshlikda hamma ham futbol o‘ynaydi. Siz ham yosh paytingizda bir kun kelib professional futbolchi bo‘laman, deb o‘ylaganmisiz?

– Rostini aytsam, futbol o‘ynashni ko‘pchilik qatori mahallada do‘stlarim bilan to‘p tepishdan boshlaganman. Mahallalararo uchrashuvlarda o‘zimdan bir necha yoshga kattaroq bolalar bilan birgalikda o‘ynardim. O‘shandagi jamoadoshlarimni ko‘pchiligi agar men futbol o‘ynashni to‘xtatmasam, albatta bir kun kelib katta futbolda o‘ynashim mumkinligini aytishardi.

– Ayni paytda mamlakatimizning ko‘zga ko‘ringan futbolchilaridan birisiz. Siz kabi professional bo‘lmoqchi bo‘lgan yoshlarga nimalar qilishni maslahat berardingiz?

– Menimcha, eng asosiysi – mehnat va qiyinchilikdan qochmaslik kerak. Chunki qiyinchilik hamma joyda ham bo‘ladi. Ammo mehnat va sabr bilan barchasini yengib o‘tish mumkin. Zero men ham yosh paytimda Toshkentga kelganman va keyinchlik Olimpiya zaxiralari sport kollejida o‘qiganman. Boshida oilamdan uzoq bo‘lganim uchun biroq qiynalganman. Lekin sekin-sekin barcha qiyinchiliklar ortda qoldi. Shuning uchun ham yosh futbol shinavandalariga ko‘proq mehnat qilishni va qiyinchiliklardan aslo qo‘rqmaslikni maslahat bergan bo‘lardim.

– Futbolchi sifatidagi eng katta orzuingiz?

– Yoshligimdan milliy terma jamoa libosini kiyishni va Jahon chempionatida o‘ynashni orzu qilaman. Eng katta istagim – mundial o‘yinlarida terma jamoamizni sardor va yetakchi sifatida maydonga boshlab tushish. Umid qilamanki, bu niyatim hali albatta amalga oshadi.

Blis savol-javob:

Sevimli …

Avtomobil – O‘z mashinam.

Shahar – Barselona. Parijga borishni orzu qilaman.

Taom – Osh.

Kitob – Mutolaaga vaqtim kamroq.

Ashula – Navro‘z Sobirov. O‘zim ham hirgoya qilishni sevaman.

Ijtimoiy tarmoq – Faqat Instagram ishlataman.

Kino – Turk kinolarini yoqtiraman.

Aktyor – K.Kaif, B.Pitt

Xobbi – Moda va qo‘shiq kuylash.

Manba: lokomotiv.uz
Kiritildi: 17:10, 21.05.2017.
O'qildi: 5492 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.