Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Barchasi endi Samvel Babayanning murabbiylik falsafasiga bog‘liq

Barchasi endi Samvel Babayanning murabbiylik falsafasiga bog‘liq

Baho:
+-1 | -

Taniqli sharhlovchi Aleksandr Yelagin «Arsenal» tarkibi may oyiga kelib har jihatdan toblangani, to‘kislanganini bir necha bor tilidan bol tomib ta’kidladi. Angliya kubogi finali uning so‘zlarida jon borligini tasdiqladi. Jamoada qolish-qolmasligidan qat’iy nazar, Arsen Venger mavsumni ko‘tarinki ruhda yakunlash uchun barcha choralarni ko‘rdi.

Ne bo‘lganda ham, u futbol professori va  bu nomga soya tushishini hech kim istamasdi. Tajribali murabbiy buni teran angladi, chog‘i, o‘z shonu shavkati yo‘lida astoydil kurashdi. Natijada «Chelsi» «oltin dubl»siz qoldi. «Arsenal» - yana Angliya kubogi sohibi. «Barselona» va «Borussiya» D. ham xuddi shu yo‘sinda chempionatdagi omadsizlik taftini bosdi.

Kubokni qo‘lga kiritish mazkur jamoalar uchun mavsum yakunida so‘nggi ilinj, oxirgi imkon edi. Har 3ta jamoa shu imkonni qo‘ldan chiqarmadi va finish marrasidagi mas’uliyatli vazifani sharaf bilan uddaladi. Bizni masalaning ayni shu jihati ko‘proq qiziqtirdi. 3ta jamoa ham sovrinsiz qolishni o‘zi uchun sharmandali hol, deb hisobladi. Ayni shu tuyg‘u sabab, «Arsenal» juda qiyin kechgan bahsda «Chelsi»ni yengdi. Holbuki, Antonio Konte ham kubok sohibi bo‘lishni juda-juda xohlagandi. Diyego Kostaning David Ospina darvozasiga o‘zgacha viqor va shiddat bilan xavf solishi fikrimiz dalilidir.

Xullas, mavsum yakunidagi toblanish va kuchli ishtiyoq «Arsenal»ga sov­rin tuhfa ayladi. Demoqchimizki, izlagan imkon topadi, yaxshi ot eng so‘nggi pallada kuchini ko‘rsatadi va boshqacha shukuh bilan chopadi. Joze Mourinyo shu ma’noda ishning ko‘zini biladigan murabbiy ekanligini yana bir bora isbotladi. «MYU» Yevropa Ligasini mensimaydigan top-klublardan farqli o‘laroq, «benazir» murabbiyligida yana bir shonli tarix yaratdi va «Arsenal» muxlislari ko‘zini qizartirib YECHLda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Bitta yo‘l o‘zini oqlamasa, ikkinchisi orqali maqsadga erishish - Joze Mourinyoga xos odat. Qoyil qolish kerak uning muammoli vaziyatlardan chiqib ketish chog‘idagi topqirligiga.

Endi yuqoridagi mulohazalar asosida milliy jamoamizning hozirgi holatiga nazar tashlasak. Zero, bosh jamoamizdagi vaziyatdan aksariyat muxlislar xavotirlanishmoqda. Ayonki, muxlisda xavotir tuyg‘usi o‘z-o‘zidan uyg‘onmaydi. Qachonki muammolar baralla ko‘zga tashlansa, muxlis qalbidagi yaralangan sher bosh ko‘taradi va na’ra tortadi. Xo‘sh, muxlislarni bugun qaysi muammolar o‘yga toldirmoqda?

Oliy liganing 12-turi ortda qolgan bo‘lsada, «Paxtakor» va «Bunyodkor» tarkibidagi terma jamoamiz a’zolari o‘yinida o‘sish-ulg‘ayish kuzatilmayapti. Bunday vaziyatda Samvel Babayan qanday yo‘l tutadi? Yana Igor Sergeev, Jamshid Iskanderov va Eldor Shomurodovga ishonch bildiradimi? Agar ishonch bildirsa, bosh murabbiy ishonchini qaysi tamoyillar asoslaydi? «Terma jamoa a’zosi boshqa futbolchilardan alohida ajralib turishi kerak!» qabilidagi tamoyilga asoslansak, o‘sha Igor Sergeev, Jamshid Iskanderov yoki Eldor Shomurodovning maydondagi harakatlariga qanday baho berish mumkin? Sal yuqoridan qaraylikchi, iste’dod ko‘zgusida nimalar akslanadi?

Samvel Babayan hozir hordiq olayotgan Sardor Rashidov, Sanjar Tursunov va Temurxo‘ja Abduxoliqovga qanday munosabatda bo‘ladi? Umuman, bu futbolchilarning imkonlari terma jamoamizga foyda keltiradimi? Ular nima sababdan terma jamoamiz o‘yinini kuchaytirolmayaptilar? Nazarimizda, 3-4 nafar futbolchigina o‘zini terma jamoamizning to‘laqonli a’zosi, deb hisoblaydi va shunga ko‘ra, bo‘lajak uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘radi. Boshqalar Samvel Babayanning fikri o‘zgarib qolishidan cho‘chishadi va shu bois, ulardagi alohidalikka intilish ishtiyoqi asta-sekin so‘nadi. Sardor Rashidov, Temurxo‘ja Abduxoliqov va Sanjar Tursunovning ichki olami balki hozirda shunday tuyg‘ulardan notinchdir. Ehtimol, bosh murabbiy Tailand termasiga qarshi uchrashuv ssenariysida shu futbolchilarga ko‘proq e’tibor qaratar. Chunki ayni chog‘da ular bilan qo‘shimcha ishlash imkoni mavjud. Nima uchun bu imkondan foydalanmaslik kerak?!

Vitaliy Denisovni hisobga olmasak, qanot yarim himoyachilari, o‘ng qanot himoyasi, hujum chizig‘i - terma jamoamizda katta muammo. Samvel Babayan muammoni qay tariqa hal qiladi? Yana Shuhrat Muhammadiyev, Jaloliddin Masharipov, Shavkat Mullajonov va Akmal Shorahmedov kabi futbolchilar tarkibga jalb etiladimi yoki murabbiyda yangi variantlar bormi? Balki Bahrom Abdurahimov va Javohir Siddiqov imkonlarini sinovdan o‘tkazish lozimdir. Harqalay, Javohir Rossiya yoshlar terma jamoasiga qarshi kechgan bahsda astoydil to‘p surdi, ayniqsa, raqib jarima maydonida qo‘rqmay harakatlandi. Terma jamoamiz hujum chizig‘i esa shu kabi erkinlikka muhtoj.

Oliy liga 12-turida «Navbahor» nimaning hisobiga «Bunyodkor»dan ustun darajada to‘p surdi? «Olmaliq» dongdorlarni yengib, shuhrat qozonayotgan «Sho‘r­tan»ni G‘uzorda mag‘lubiyatga uchratib, yetakchilarga yaqinlashdi. «So‘g‘diyona» esa «Paxtakor» futbolchilari va muxlislarini ancha asabiylashtirdi. Ayni holatlar - Samvel Babayan uchun o‘ziga xos xulosa maydoni. U ikki o‘t orasida. Kimga ishonch bildirish o‘zini oqlaydi: vajohatini yo‘qotgan tajribagami yoki «Qo‘qon-1912» timsolida olovlanayotgan ishtiyoqqa? Bu savolning javobi o‘ta mushkul va ijobiy samaraga kafolat beradigan mardni topish qiyin ayni chog‘da. Negaki, milliy jamoamiz mukammal tarkib shakllantirish nuqtai nazaridan allaqachon vaqt­ni boy bergan.

Ravshan Haydarov shogirdlarini Rossiya yoshlar terma jamoasi juda ajoyib tarzda sinovdan o‘tkazdi. Yevgeniy Bushmanov ikki bo‘limda ikki xil tarkibdan foydalanib, yoshlarimizga nopisandroq munosabatda bo‘lganini inobatga olmasak, hammasi yaxshi. Bu kabi o‘yinlar futbolimiz ko‘zini ochadi. Tailand termasidan futbolchilarimiz qanday naf topishlari mutasaddilar va murabbiylar vijdoniga havola. Hech bir istiholasiz aytamizki, 6 iyundagi uchrashuv 12-sanada bo‘ladigan bahs uchun ahamiyatsizdir. Nomigagina uyushtiriladigan o‘rtoqlik uchrashuvlarida futbolimizning haqiqiy saviyasi ko‘rinmaydi va bu hol umumiy o‘yin manzarasini rejalashda chalg‘ituvchi vazifasini o‘taydi.

Xulosa o‘rnida nima deyish mumkin? Hech nima! Zero, vaziyat endi faqat Samvel Babayanning o‘ziga, uning murabbiylik falsafasiga bog‘liq.

Muhammad Vali

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:22, 01.06.2017.
O'qildi: 7988 marta.
Fikrlar: 12 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.