O‘zbekiston chempionati bu yil har qachongidan yaxshiroq, sifatliroq va shiddatliroq o‘tmoqda. Yo‘q desangiz, istagancha dalil keltirish mumkin. To‘g‘ri, biz - mustaqillikning ilk yillarida futbol tomosha qilmagan avlod katta yoshli muxlislar singari «Paxtakor», «Neftchi», «So‘g‘diyona» va «Temiryo‘lchi» o‘rtasida kechgan shiddatli bahslarga guvoh bo‘lmaganmiz. Ammo o‘shanda ham autsayderlar chempionlikka da’vogarlardan bu qadar ko‘p ochko olmagan bo‘lsalar kerak.
Oliy ligada «jon» saqlashi kutilgan «Sho‘rtan»ning 11-turga kelib 11tagina ochkosidan 9tasini favoritlarga qarshi uchrashuvda qo‘lga kiritgani yana qachon kuzatilgan? Yoki «Qo‘qon-1912» nafaqat g‘oliblikka da’vo qilgan, balki amaldagi chempiondan ochko tortib olgan vaqtlar ilgari ham bo‘lganmi? Bir vaqtlari «Paxtakor» va «Bunyodkor» o‘rtasida kechadigan o‘yin chempionatning eng asosiy bahsi bo‘lar edi. Ammo hozir u shunchaki o‘rtamiyonalar bellashuviga aylanib qolgan.
Biroq o‘sha o‘rtamiyonalar o‘rtasida kechgan uchrashuv shiddatini ham ko‘rdingizmi? Bunaqa chempionatni yana qachon tomosha qilgansiz?
ISHQIBOZ MUAMMOSI
Ammo futbolimizda baribir, muammolar yetarli, ularning eng kattasi esa - muxlislarni stadionga chorlash. Oxirgi yillarda bu ishni deyarli uddalay olmayapmiz. To‘g‘ri, viloyatlarda ahvol yaxshiroq, ammo tomoshabinlar faqat ijobiy natija qayd etayotgan jamoalar o‘yiniga borishmoqda. Masalan, «Navbahor» yutib turibdi, demak stadion gavjum. «Qo‘qon-1912» to‘p suradigan arenaga-ku, odam sig‘dirib bo‘lmayapti.
Bir vaqtlari «Paxtakor» sobiq ittifoq chempionatida qatnashganda ishqibozlar yon-atrofdagi daraxtlar va imoratlar tomiga ham chiqib olishgan ekan. O‘sha manzarani ko‘rishni istaganlar endi Qo‘qonga borishsin. Shunga o‘xshash holat Samarqandda ham kuzatilmoqda. «Dinamo» mavsum boshida sensasion natijalar qayd etganda muxlislar stadionga sig‘ishmagandi.
Ammo qolganlar-chi? Hamma joyda ham ahvol shundaymi? Masalan, Farg‘onada bir vaqtlari yoshu qari futbol dardi bilan yashardi. Har bir uchrashuv keng muhokama qilinar, o‘yinchilarni esa tanimagan odam yo‘q edi. Bir farg‘onalik do‘stimiz aytib bergandi, biror futbolchi bozorga chiqsa, sotuvchilar undan pul olishmagan ekan. Juda bo‘lmaganda, aytilganidan ancha arzonga berishgan. Taksichilar-ku manziliga olib borib, pul olishni aslo istashmagan. Chunki keyinchalik ham «falon futbolchi mening mashinamga chiqqan», deb yillar davomida maqtanib yurishgan ekan. Endi ayting-chi, «Neftchi»ning hozirgi futbolchilari ham shunday martabaga egami? Umuman, ularni ko‘cha-ko‘yda kimdir taniydimi?
Albatta, dovrug‘i butun Osiyoga yoyilgan jamoaning hozirgi ahvolini ko‘rib ko‘ngil g‘ash bo‘ladi. 10-turda Farg‘onadagi stadionga 758 nafar tomoshabin tashrif buyuribdi. 758! Nahotki, viloyatda futbolga qiziqish shunchalik pasayib ketgan? Yo‘q, shunchaki, muxlislar bunday o‘yinni tomosha qilishni istashmaydi, xolos.
POYTAXTDA
Aslida, bu muammo futbolimizda anchadan buyon bor. Ko‘pchilik ishqiboz yig‘ish bo‘yicha poytaxt klublarini tanqid qiladi. Ammo bir qator viloyatlarda ham ahvol yaxshi emas. Xo‘sh, bunga nima sabab bo‘lmoqda? Ilgari stadionlar holati kulish tugul yig‘laydigan holatda edi. Hozir deyarli har bir viloyatda zamonaviy stadionlar qad rostlagan. «Kelishilgan o‘yin, kelishilgan o‘yin», deya bong urdik. Ko‘z tegmasin, bu borada ham ahvol yaxshilanib bormoqda. Ammo nima uchun shunda ham muxlislar hamon arenalarga kelishni istashmayapti? Muammo nimada?
Mana, o‘tgan hafta Toshkent derbisi bo‘lib o‘tdi. «O‘yin shiddati va atmosferasi yoqmadi», degan kishini bemalol futbolni tushunmaslikda ayblayvering. Bunaqa o‘yinlar oliy liga tugul, OCHLda ham ko‘p topilmaydi. Ammo afsuski, shunday to‘qnashuv ham yetarlicha tomoshabin yig‘a olmadi. Stadionga yig‘ilganlarning kamligi dilni g‘ash qiladi. U yoq, bu yoqda o‘tirishibdi, haminqadar. Vaholanki, «Bunyodkor» va «Paxtakor» o‘rtasida kechadigan uchrashuv bir vaqtlari butun mamlakatdagi ishqibozlarni ikki guruhga ajratardi. Kimdir «qaldirg‘ochlar»ga muxlislik qilsa, boshqalari «sherlar» tarafida bo‘lardilar. Hozir esa...
Aslida, bu safargi derbi ham yomon bo‘lgani yo‘q. Maydonda keskin kurash kechdi, futbolchilar bor kuchini berib o‘ynadi. U yog‘ini so‘rasangiz, hakamlik ham ko‘ngildagidek. Bir futbol bo‘lsa, shunchalik-da. Ammo baribir, muxlis kelmadi. Sabab nimada?
E’TIROZ
Yaqinda yetakchi klublardan birida faoliyat yurituvchi mutaxassislardan biri ijtimoiy tarmoqda e’tiroz bildirdi: «Ilgari o‘yinlar dam olish kunlariga to‘g‘ri kelmaydi, deyishardi. Muxlis tashrif buyursin, deb uchrashuv vaqtlari hafta oxiriga belgilanishi odat tusini oldi. Boz ustiga, bahs erta boshlanayotgani ro‘kach qilingani vajidan o‘yin soat 18:00ga belgilandi. Ammo hamon tomoshabin yo‘q!»
Albatta, bu mutaxassisning e’tirozida jon bor. Stadionga muxlis olib kelish uchun shuncha ish qilishibdi. Ammo shuning o‘zi yetarli bo‘larmikan? Keling, endi vaziyatga boshqa tomondan qarab ko‘rsak. Yuqorida ishqibozlarning stadionga kelmayotgani bo‘yicha ko‘plab savollar berildi. Endi ularning javobini qidirib ko‘ramiz.
JAVOB
Maqola boshida O‘zbekiston chempionati bu yil har qachongidan qiziqarliroq o‘tayotganini aytdik. Ammo mana shunday shiddatli bahslarni qachondan boshlab tomosha qilayotganimizni eslay olasizmi? Ha, yashang, ko‘p bo‘lmadi. Ikki-uch yil oldin ham barchamiz kelishilgan o‘yinlardan nolib yurardik. Hatto qiziqchilarimiz «Futbolga borib nima qilasan? Baribir, hisob 2:1 bo‘ladi» qabilida askiyalar ham to‘qishgan. Oliy ligaga qiziqish o‘sha vaqtlari keskin pasayib ketdi. To‘g‘ri-da, biror filmning oxiri qanday yakunlanishini bilsangiz, tomosha qilgingiz kelmaydi-ku. Ha, bu futbol bo‘lsa...
Xullas, ahvol juda yomon edi. Ke-yin esa «Kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurash qo‘mitasi» tashkil etildi. Garchi qo‘mita endi ish boshlagan vaqtlarda ancha passiv faoliyat yuritsa-da, tan olish lozim, uning samarasi biz kutgancha tez bo‘lmasa-da, har holda ko‘zga tashlanyapti. O‘tgan yillar davomida qo‘mita ham kelishilgan o‘yinlardan kam tanqid qilinmadi, ammo yil o‘tgani sari vaziyat baribir, yaxshilanib bormoqda. Avvallari askiyachilar o‘yin hisobini oldindan ayta olgan bo‘lsalar, hozir hatto eng ashaddiy muxlislar ham biroz ikkilanib qolishayotgani ayni haqiqat.
Masalan, «Qo‘qon-1912» o‘z maydonida «Lokomotiv»ni sal qolsa mag‘lubiyatga uchratishi mumkin edi. Shunday bo‘lishini oldindan ayta olarmidingiz? Durang qayd etilishini-chi? «Sho‘rtan» o‘z maydonida «Lokomotiv», «Paxtakor» va «Bunyodkor»ni mag‘lubiyatga uchratishini-chi? Shunaqa, oliy liga tobora tozalanib bormoqda.
TOZA HAVO
Hamma muammo shundaki, oliy liga juda uzoq vaqt davomida biqiq holatda qolib ketdi. Unda toza havo deyarli qolmagandi. Mana endi, uni tozalashmoqda. Futbolimizga sof muhit kirib kelyapti. Ammo muammo shundaki, juda uzoq vaqt davomida toza futbol tomosha qilmagan odamlarimizni bunga ishontirish oson ish emas. Buning uchun vaqt kerak bo‘ladi. Vaqt va toza futbol. Mana, «Bunyodkor» va «Paxtakor» o‘rtasida kechgan uchrashuvni ko‘pchilik televizor orqali tomosha qildi. Endi o‘ylab ko‘ring, chempionat bahslari mana shunday shiddatli o‘tib tursa, ikki-uch yilda stadionga muxlis qaytmaydimi? Qaytadi, albatta. Chunki xalqimiz millionlar o‘yinini yaxshi ko‘radi. Boz ustiga, futbolimiz atrofidagi yangiliklar ham ancha umidbaxsh. Aslida, Toshkent derbisining shiddatli o‘tishida ham o‘sha yangiliklarning ahamiyati juda katta.
Derbi bizga nimasi bilan yoqdi? Eng avvalo, sof raqobatga asoslangan futbol tomosha qildik. O‘yinchilar ko‘zidagi o‘tni ko‘rmaganimizga ancha vaqt bo‘lgan ekan. Oxirgi marta derbi shunday shiddatli to‘qnashuv ostida o‘tganida bosh rolda asosan legionerlar bo‘lar edi. Bu safar maydonga tushgan yoshlarning 70 foizi esa o‘sha o‘yinlarni tuzuk-quruq eslay olmasalar ham kerak. Chunki u vaqtlari bolalik gashtidan bahramand bo‘lishayotgandi. Endi esa stadion maysasini shudgorlab yuborar darajada vajohat bilan yugurishmoqda. Shunaqa o‘ynab turishsa, ularni tomosha qilish uchun stadionga bormasmidingiz?
DAVOM ETISH LOZIM
Hozirgi o‘yinlar muhtasham stadion va turli qulayliklar ostida o‘tmoqda. Eng muhimi - aksariyati shiddat va tomoshaboplik jihatidan ancha o‘zgargan. Ammo bu kam. Shuncha ishga qaramay, stadionga muxlislar hamon kelmayotgan bo‘lsa, bunda ularning aslo aybi yo‘q. O‘zbek futboli ishqibozi uzoq yillar oliy ligaga ishonib keldi. Ammo kutganini topa olmadi. Keyin esa hafsalasi pir bo‘lib, hammasiga qo‘l siltadi. Endi uni kelishilgan o‘yin-lar, noxolis hakamlik va piyodayurar o‘yinlardan qolgan xira taassurot changalidan yulib olish oson emas.
Ishonamizki, yurtimiz stadionlari yana to‘ladi. Faqat buning uchun hali ishlashda davom etish lozim. Klublar o‘ynayversin, yoshlarni tarbiyalasin, kelishilgan o‘yinlardan yiroq yursin - albatta, tribunalarga tomoshabin qaytadi.