Bir qaraganda, har yilgi kabi final, lekin chuqurroq qaraganda, bugungi o‘yinda muxlislarni o‘ziga jalb qilishi kerak bo‘lgan bir qancha sabablar bor. Nafaqat “Real” va “Yuventus” muxlislarini, balki barcha futbol muxlislarini.
Birinchidan, ikki finalchi boshqa boshqa ligalarda to‘p suradilar. So‘nggi to‘rt yilda uch marta final bir davlat vakillari ishtirokida o‘tganini e’tiborga olsak, bugungi o‘yinning ahamiyati yanada oshadi. Har xolda, bu jamoalar har doim ham bir-birlariga qarshi maydonga tushavermaydilar, turli maktab, turli uslub – qiziq bo‘lishi shubhasiz.
Ikkinchidan. Ochig‘i, oxirgi marta qachon ikki finalchi bu qadar bir-biriga mos bo‘lganini eslay olmayman. Menimcha, 2009 yilgi finalda ("MYU" – "Barselona") shunday bo‘lgandi. To‘g‘ri, keyingi har bir final o‘ziga xos tarzda teng kurashlarga boy o‘tgan, nolish kerak emas, ammo o‘yindan oldingi maqomdan kelib chiqsak, baribir jamoalardan biri favoritroq bo‘lgan. Ispan finallarida ham, Bundesliga kurashida ham. Hozir esa, har ikki jamoaning imkoniyati deyarli teng ko‘rilmoqda.
Uchinchidan, e’tiborga arzirli xos holatlar yetarlicha ko‘p. Zidan sobiq jamoasi “Yuventus”ga qarshi. Iguainmi yoki Benzema? Buffon nihoyat hech qachon yuta olmagan mana shu sovrinini yuta oladimi? “Yuventus”ning so‘nggi 4 finalni boy bergani, “Real”ning esa, hech qachon finallarda mag‘lubiyatga uchramagani – xo‘sh, bu an’ana davom etadimi? Bittadan ortiq jamoa bilan to‘rt marta YECHL g‘olibligi birinchi marta kimga nasib etadi – Ronaldugami yoki Dani Alveshgami? Bunday savollar albatta, har qanday futbol muxlisini qiziqtirishi tabiiy.
To‘rtinchidan, bugun bir qator an’analar buzilishi. rekordlar qayd etilishi mumkin. Agar “Real” bugun g‘alaba qozonsa, YECHL ni qatorasiga ikki yil yutgan ilk jamoa bo‘lib tarixga kiradi. Bundan oldin, o‘z vaqtida, “Milan”, “Ayaks”, “Yuventus”, hamda “Manchester Yunayted” jamoalari bunday natijaga yaqin kelishgan, ammo ikkinchi finalni boy bergandilar. Biz nihoyat mana shu an’ananing buzilishini ko‘ra olamizmi yoki rostan ham juda og‘ir vazifasi bu? Yana bir e’tiborli jihat, agar bugun Krishtianu Ronaldu gol ursa, YECHL ning uch finalida gol urgan ilk futbolchiga aylanadi. Bu ham ajoyib ko‘rsatkich.
Beshinchidan, oltinchidan, yettinchidan…Sakkizinchidan… Aslini olganda, siz mana shu saytda mana shu fikrlarni o‘qib o‘tiribsizmi, futbol muxlisisiz, sizga bunday o‘yinni alohida reklama qilish ham shart emas. Axir bu final, axir bu Yevropa Chempionlar ligasi! Musobaqaning musiqasining o‘ziyoq sizni televizor qarshisiga mixlaydi, bunga aminman.
Qahramon Aslanov