Tajribali hujumchi Bahodir Nasimov faoliyatini Janubiy Koreyaning Challenge League chempionatida davom ettirmoqda. Avval xabar berganimizdek, futbolchi ushbu mamlakat birinchi divizioni ishtirokchisi hisoblangan «Ansan Griners» klubi bilan shartnoma tuzgandi. Tomonlar o‘rtasida imzolangan kelishuv 2 yilga mo‘ljallangan. O‘tgan vaqt mobaynida hamyurtimiz mazkur jamoa safida 9ta rasmiy uchrashuvda maydonga tushib, 3ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Qolgan 4ta o‘yinda jarohati sabab jamoadoshlariga yordam bera olmadi. Aytish mumkinki, hozircha «Ansan»ning chempionatdagi ishlari yurishmayapti. Klub ortda qolgan 13ta turdan so‘ng 10ta jamoa orasida turnir jadvalida 11 ochko bilan 8-o‘rinni egallab turibdi. «Ansan Griners» o‘tkazilgan bahslarning 2tasida g‘alaba qozongan. Ikkita uchrashuvda durang o‘ynab, 8tasida mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan. Biz legionerimiz bilan bog‘lanib, undan intervyu oldik.
- Bahodir, siz bilan Janubiy Koreyada chempionat boshlanishi oldidan suhbatlashgandik. Umuman, yangi muhit, yangi liga va jamoaga moslashib ketish jarayoni murakkablik tug‘dirmadimi?
- Boshida biroz qiyin bo‘ldi. Bir tomondan, siz aytgandek, yangi mamlakat, yangi muhit. Ikkinchidan, «Ansan Griners» klubi yangitdan tashkil etilgan edi. Lekin vaqt o‘tishi bilan hammasiga moslashdim. Bunday holat boshqa futbolchilar, xususan, legionerlarda ham kuzatildi. Qolaversa, mening bir xislatim borki, buni ham aytmasam bo‘lmaydi. Qaysi klubda o‘ynamay, u xorij jamoasi bo‘ladimi yoki o‘zimizniki, juda tezda moslashib va kirishib ketaman. Futbolchilar va murabbiylar bilan til topishishim ham oson kechadi. Hozir o‘zimni xuddi shu klubda 3-4 yildan beri o‘ynayotgandek his qilyapman.
- Bundan avval o‘ynagan xorij klublaringizda ham shunday holat kuzatilganmi? Umuman, tezda chiqishib ketishingizning siri nimada?
- Tabiatan xushchaqchaq va hazilkash bo‘lganim uchunmi, juda tez kirishib ketaman. Eronning «Padideh», Ozarbayjonning «Neftchi», Rossiyaning «Rubin» klublarida o‘ynagan paytimda ham xuddi shunday bo‘lgan. «Bunyodkor» va «Dinamo»da esa bu borada umuman muammoga duch kelmaganman. Menimcha, mazkur holat tabiatim bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Jamoa - bu bir oila. Nonushta, tushlik, kechki ovqatni birga qilamiz. Mashg‘ulotlarda birgamiz. Oila inoq bo‘lsa, unda xotirjamlik hukm suradi. Jamoada ham xuddi shunday holat kuzatiladi.
- Siz to‘p surayotgan J. Koreya chempionatining saviyasi haqida nima deya olasiz? Oliy ligamiz bilan taqqoslash mumkinmi?
- J. Koreya birinchi ligasi bizning oliy ligadan kuchliroq. Bu so‘zni hech ikkilanishsiz ayta olaman. K-liga hamda Challenge league orasida deyarli tafovut ko‘zga tashlanmaydi. Lekin hech kimga sir emas, O‘zbekiston chempionati oliy va birinchi ligalari o‘rtasida osmon bilan yerchalik farq bor. Bunga kubok bahslarida ham guvoh bo‘ldim. Quyi divizion jamoalari elita klublarini musobaqadan chiqarib yuborishdi. Bizda unday emasku, to‘g‘rimi? Bu chempionat saviyasidan darak beradi. Oldindan natija qanday bo‘lishini hech kim aytolmaydi. Autsayderlarning yetakchilardan ochko tortib olishi oddiy holatga aylangan. Ammo shuni aytishim kerakki, J.Koreyada futbol birinchi raqamli sport turi emas. Bu yerda milionlar o‘yinidan ko‘ra beysbolni ko‘proq yaxshi ko‘rishadi. Shu holatida ham koreyslarning futbolda erishayotgan yutuqlari ulkan. 2002 yili bu mamlakat jahon chempionatiga mezbonlik qilgan. Bir necha marotaba Osiyo o‘yinlari o‘tkazilgan. J.Koreyada 3ta professional ligadan tashqari universitet jamoalarining alohida chempionati ham bor. Ommaviylikka alohida e’tibor beriladi.
- O‘tgan davr mobaynida J.Koreyada sizga nima ma’qul kelmadi yoki yoqmadi?
- Hammasi ma’qul. Faqat boshida mahalliy achchiq taomlarini yeyishga qiynaldim. Ammo har narsaning davosi vaqt, deganlaridek, sekin-asta bunga ham ko‘nikdim.
- Milliy oshxonamizni sog‘ingandirsiz? O‘zbek taomlari tayyorlaydigan restoranlar bormi?
- Bizning taomlarga butun dunyoda tan berishgan. Shu jumladan, J.Koreyada ham. Klubimiz joylashgan shaharda 3-4ta o‘zbek tamaddixonalari bor. Samarkand deb nomlangan restoran ishlab turibdi. Har zamonda kirib turaman, lekin tez-tez emas. Bilasiz, milliy taomlarimizni tanovvul qilganingizdan ke-yin vazningiz beixtiyor ortadi. Shu sababli, juda kam holatlarda bu oshxona yoki restoranga boraman. Bizda har kuni futbolchilarning vaznini o‘lchashadi. Bu narsaga juda jiddiy e’tibor qaratishgan. Tartib-intizom birinchi o‘rinda turadi. Shu bois ham nafsimizni ti-yishga majburmiz (kuladi).
- Nazarimda jamoangizning ishtiroki qoniqarli bo‘lmayapti. Shu kungacha o‘tkazilgan o‘yinlardan klub rahbariyati va murabbiyning ko‘ngli to‘ldimi?
- Har qanday jamoa mag‘lubiyatga uchraganida yoki ochko yo‘qotganida bundan hech kim xursand bo‘lmagan. Ayniqsa, klub rahbarlari va jamoa muxlislari. Bizda ham xuddi shunday. «Ansan» klubi o‘tgan yili ham chempionatda 1-o‘rinni egallagan ekan. Lekin jamoa «Ansan Police» deb atalgani bois K-ligada o‘ynashiga ruxsat berilmagan. Shu bois ham o‘tgan yili tashkil topganining 20 yilligini nishonlagan klub nomi «Ansan Griners»ga o‘zgartirildi. Balki jamoamiz yangitdan shakllanayotgani uchunmi, hozircha klub rahbarlari jiddiy e’tiroz bildirishmayapti. Kelasi mavsumni kutishayotgan bo‘lsa kerak. Baribir, har qanday holatda ham yangi jamoaning natija ko‘rsatishi uchun ozgina vaqt kerak bo‘ladi. Futbolda o‘yinchilarning bir-birini tushunib harakat qilishi muhim. Bizda bu borada ozgina muammo bor. Lekin hali oldinda uchrashuvlar ko‘p. Ushbu o‘yinlarda g‘alaba qozonib, vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirishga harakat qilamiz. O‘zimga kelsak, jarohatim sabab so‘nggi 4ta bahsda maydonga tusholmadim.
- Jarohatni qaysi uchrashuvda orttirib oldingiz? Hozir o‘zingizni yaxshi his qilyapsizmi?
- «Seongnam» klubiga qarshi kechgan o‘yinda shikastlangandim. Bir oyga yaqinroq vaqt mobaynida jamoamiz shifokorlari nazoratida bo‘lib turdim. Hozir o‘zimni ancha yaxshi his qilyapman. Yugurishni boshladim, umumiy guruh mashg‘ulotlariga qo‘shildim. O‘ylaymanki, navbatdagi tur uchrashuvida maydonga tushaman.
- Omadsizliklarning sababi faqat jamoa tarkibining yangitdan tuzilgani bilan bog‘liqmi yoki chempionatda raqobat kuchlimi?
- Futbolda e’tibordan chetda qoladigan narsalar bo‘lmasligi kerak. Janubiy Koreyaning hatto birinchi va ikkinchi ligasidagi stadionlarga ham havas qilasiz. Futbolchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. OAV juda rivojlangan, jurnalistlar stadionlarda katta ishtiyoq bilan ishlashadi. Qayerda e’tibor kuchaysa, rivojlanish ham shunga yarasha bo‘ladi. Bu gaplarni bejiz aytganim yo‘q. Chempionatimizda qatnashayotgan klublarning barchasida sharoitlar deyarli bir xil. Raqobat juda kuchli. Futbolchilarning saviyasi ham kundan-kunga oshib boryapti. Turnir jadvalining quyi qismidagi jamoa peshqadamni mag‘lub etyapti. Yuqorida aytganimdek, biz hali o‘yinimizni topib olamiz va o‘z so‘zimizni aytamiz.
- Gollaringiz soni nechtaga yetdi? Umuman, J.Koreya chempionatida to‘p kiritish qiyin ekanmi?
- Hujumchining vazifasi raqib darvozasini ishg‘ol qilishdan iborat. Bu yozilmagan qoida hamma yerda amal qiladi. Murabbiylar ham, muxlislar ham hujumchidan faqat gol kutishadi. Ayniqsa, legionerlardagi mas’uliyat kuchli. Siz bilan jamoaga foydasi tegsin, deb shartnoma imzolashadi. Albatta, bunga munosib bo‘lishga harakat qilyapman. Afsuski, jarohat biroz to‘sqinlik qildi. Hozircha 9ta uchrashuvda maydonga tushdim va bu o‘yinlarda 3ta gol urishga erishdim. To‘g‘ri, bu hujumchi uchun kam. Maydonga tushgan o‘yinlarimda ko‘plab vaziyatlarga ega bo‘ldim. Hisoblab chiqsam, hozir gollarim soni kamida 6-7ta bo‘lishi kerak ekan. Bilmadim, balki jamoadagi umumiy holat menga ta’sir qilgandir?! Maqsadim - bu yilgi chempionatda kamida 14ta to‘p kiritish. Shunga astoydil intilaman.
- Raqib darvozasini ishg‘ol qilishingiz uchun yarim himoyachilardan ham ko‘p narsa talab qilinadi. Ular sizni o‘z vaqtida to‘p bilan ta’minlashlari kerak. Bu borada muammo yo‘qmi?
- Yo‘q. Yarim himoyachilar imkon qadar o‘z vaqtida to‘p uzatishlari bilan xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirishyapti. Yuqorida aytganimdek, hozircha bu imkoniyatlardan maksimal darajada foydalana olmayapman. Kamida 6-7ta gol urishim kerak edi.
- Shu kunlarda Janubiy Koreyada yoshlar (U-20) o‘rtasidagi jahon chempionati o‘tkazilyapti. Mamlakatda katta futbol bayrami shukuhi sezilib turibdimi?
- Men yashayotgan shaharda kichik mundial o‘yinlari o‘tkazilmayapti. Shu boismi, Ansan ko‘chalarida jahon chempionati bilan bog‘liq afishalarga ko‘zim tushmadi. Balki o‘sha o‘yinlar o‘tkazilayotgan shaharlarda buni ko‘rish mumkindir. Bir-ikkita uchrashuvlarni televizor orqali kuzatishga muvaffaq bo‘ldim. Muxlislar asosan Janubiy Koreya yoshlar terma jamoasi ishtirokidagi o‘yinlarni tomosha qilish uchun stadionga kelishyapti. Qolgan bahslarda bunday muhitni deyarli ko‘rmaysiz. Hatto Janubiy Koreya va O‘zbekiston milliy terma jamoalari o‘rtasidagi JCH-2018 saralash uchrashuvida ham ko‘pchilik kutgan anshlag kuzatilmagandi. Baribir, J.Koreyada futbol birinchi raqamli sport turi emas. Bu ham ta’sir qilsa kerak, deb o‘ylayman.
- Milliy terma jamoaning JCH-2018 saralash bosqichidagi ishtirokiga qiziqish bormi? Ko‘cha-ko‘yda muhokamalar bo‘ladimi?
- Koreyaliklar o‘z jamoalarining JCH final bosqichiga chiqishiga umid bog‘lashyapti. Shaxsan men bunga ishonmayapman. Mazkur masalada ular bilan garov ham bog‘ladim. Janubiy koreyalik jamoadoshlarim jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqamiz, de-yishyapti. Men esa guruhda 3-o‘rin bilan kifoyalansizlar, dedim. Bilmadim, lekin shu kungacha hamisha o‘ylagan narsalarim amalga oshib kelgan. Ich-ichimdan milliy termamizning Rossiyadagi mundialga borishiga ishonyapman. Bosh jamoamiz o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani uddalay oladi.
- Milliy termamizning J.Koreyaga qarshi o‘tkazadigan guruhning eng so‘nggi tur uchrashuvini ko‘rish uchun Toshkentga kelish istagingiz bormi?
- Agar murabbiylar o‘yin uchun e’lon qilgan tarkibdan joy olsam, albatta, boraman. Aks holda, buning imkoni topilmaydi. Chunki J.Koreyada chempionat oktyabr oyida yakunlanadi. Qayerda bo‘lsam ham, bu bahsni tomosha qilaman va jamoamizni qo‘llab-quvvatlayman.
- Eron chempionatida ham to‘p surgansiz. Ushbu mamlakat termasi deyarli JCH-2018 final bosqichiga chiqib bo‘ldi. Jamoaning kuchayib ketgani nima bilan bog‘liq?
- Birinchi galda Eronda futbol birinchi raqamli sport turi. Ikkinchidan, chempionati juda kuchli. Sir emaski, kuchli chempionat negizida kuchli terma jamoa shakllanadi. Bir necha yildan beri OCHLda Eronning 4ta klubi muvaffaqiyatli ishtirok etib kelyapti. Ayniqsa, jamoalarining bu yilgi ishtiroki ancha omadli bo‘lmoqda. Qolaversa, e’tibor bersangiz, termasi ham, klublari ham himoyada mustahkam o‘ynaydilar. Milliy jamoasi hali JCH-2018 3-saralash bosqich o‘yinlarida o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubormadi. Himoyaviy taktika asosida harakat qiladi. Vaziyatning yuzaga kelishini kutadi. Ular baribir, o‘yin davomida shunday imkoniyat yuzaga kelishini bilishadi. Kuchli termalarga qarshi o‘yinlarda hech bo‘lmasa bitta vaziyatdan unumli foydalanib, g‘alaba qozonishadi. Buni terma jamoamizga qarshi kechgan o‘yinlar ham tasdiqlaydi. JCH-2014 va JCH-2018 doirasidagi aynan Eronga qarshi Toshkentda o‘tkazilgan saralash o‘yinlari fikrimga isbot bo‘la oladi.
- 12 iyun kuni Tehronda aynan Eron termasiga qarshi maydonga tushamiz. Siz «Ozodi» stadionida o‘ynagansiz, unda qanday muhit hukmron bo‘lishini bilasiz. Ana shu bahsdan nima kutyapsiz va nimaning evaziga Erondan ijobiy natija bilan qaytish mumkin?
- «Ozodi» stadioni o‘z bag‘riga 100 000 tomoshabinni sig‘dira oladi. Menga ham bu arena maydonida o‘ynash nasib qilgan. Bilasizmi, muxlislarning tinmay olqishlashi, qo‘shiq kuylashi natijasida murabbiylarning futbolchilarga berayotgan ko‘rsatmalari ham eshitilmaydi. Bunday muhitda o‘ynash ayniqsa, mehmon jamoalarga qiyin. G‘alaba qozonish uchun barcha futbolchilar maydonda 200 foiz kuch bilan harakat qilishlari shart. Aks holda, ijobiy natija haqida o‘ylash mushkul masala. Bilmadim, nega, lekin men bo‘lajak o‘yinda kichik hisobda g‘alaba qozonishimizga ishonyapman.
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi