Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Bugun futbol! O‘zbekiston - Tailand. Bu o‘yin termamizga nima beradi?

Bugun futbol! O‘zbekiston - Tailand. Bu o‘yin termamizga nima beradi?

Baho:
+-1 | -

Bugun O‘zbekiston terma jamoasi Toshkentda Tailandga qarshi o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazadi.

Milliy jamoamizning navbatdagi sparring-raqibi - Tailand termasi Rossiya mundialiga borishdan batamom umid uzishga ulgurgan.

Lekin taylar BAA-2019 (Osiyo kubogi) yo‘llanmasini naqd qilib qo‘yishgan va bo‘lajak turnirga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rmoqchilar. Xususan, terma jamoa boshqaruviga serbiyalik mutaxassis Milovan Rayevasning kelishi ko‘pchilikda kelajak uchun ishonch uyg‘otdi. Deylik, mamlakat milliy matbuoti xorijlik murabbiyning ish boshlashini jamoa uchun quvonchli voqea sifatida e’tirof etdi. Vaholanki, siam egizaklari yurti fuqarolari terma jamoa boshqaruvi italiyalik Klaudio Ranyeriga topshirilishini kutishayotgandi. Aytish o‘rinli, yangi asrning ilk yillari O‘zbekiston va Tailand terma jamoalari bir-biriga ancha «qadrdon» raqiblar hisoblanardi. 2007 yildan keyingi davrda esa bu jamoalar negadir o‘zaro uchrashmadi. Umuman, biznikilar Janubi-SHarqiy Osiyoning o‘rtamiyona jamoalarini mensimay qo‘yishdimi yoki boshqa sabablar bormi, nafaqat Tailand, balki Vyetnam va Indoneziya kabi termalar bilan ham o‘rtoqlik maqomida o‘yin o‘tkazilmay qoldi.

2018 yilgi jahon chempionati saralashining ikkinchi raundi yakuniga yetgach, Bahrayn, Iordaniya, KXDR jamoalari kabi so‘nggi bosqichning doimiy ishtirokchilari kurashdan chetga chiqdi. Ular o‘rnini Suriya va aynan Tailand  termalari egalladi. Ochig‘i, taylarni yakuniy raundda ko‘rishni hech kim kutmagandi. Xo‘sh, Tailand futbolining kechasi va buguni o‘rtasida mantiqiy bog‘liqlik bormi? Bu yurt jamoasiga qarshi o‘rtoqlik bahsi milliy termamizga nima beradi? Endi shu kabi savollarga birgalikda javob izlaymiz...

Tarix va bugun

Siam milliy jamoasi uzoq 1915 yili tashkil topgan va darhol ilk norasmiy o‘yinlarda maydonga tushgan. 1916 yilning 25 aprelida esa Tailand qiroli Siam futbol assosiasiyasi tashkil topganini e’lon qiladi. Taylar milliy termasi 1949 yilgacha Hindixitoy yarim orolidagi jamoalar bilan muntazam o‘yin uyushtirib keladi. Mamlakatga aynan o‘sha yili rasman Tailand nomi beriladi, futbol jamoasi esa 1956 va 1968 yillari Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etadi.

1994 yili mamlakat milliy futboli vakillaridan biri Tavatchay Sartjakul Tailand termasini «Orzular jamoasi» sifatida ta’riflagandi. Zero, Kiatisuk «Ziko» Senamuang, Tavan Sripan va Dusit Chalermsan kabi futbolchilar ayni o‘sha vaqt eng yuqori darajaga ko‘tarilib, jamoa asosini tashkil etishgandi. 2009 yili terma jamoa boshqaruvi angliyalik taniqli mutaxassis Bra-yan Robson ixtiyoriga topshirildi. Ingliz murabbiyi Osiyoda katta umidlar bilan ish boshlagandi, ammo jamoa tarkibi iqtidorli futbolchilar bilan to‘ldirilmadi. Qolaversa, rivojlanish strategiyasi yoki qandaydir yaxlit loyiha ishlab chiqilmadi. Buning oqibatida taylar jamoasi OFK miqyosida kuchli o‘nlikdan tushib qoldi. 2013 yilning iyunida Tailand futboli rahbariyati terma jamoa bosh murabbiyi vakolatini millat afsonasi Kiatisuk Senamuangga topshirdi. Tailandliklar yosh mutaxassis boshchiligida qisqa muddat ichida katta yo‘lni bosib o‘tishdi. Mamlakatdagi yetakchi biznesmenlar yevrofutbolga bosh suqishlari barobarida terma jamoa Osiyoda o‘z mavqesini ko‘tarish harakatiga tushdi. Biroq joriy yil avvalida Senamuang salbiy natijalar tufayli iste’foga chiqarildi va shu bilan jamoada qabul qilingan yangi loyihani boshqa murabbiy davom ettiradigan bo‘ldi.

Umuman, Tailand termasi Rossiya-2018 mundiali yo‘lidagi kurashni ikkinchi saralash raundida boshlagandi. Taylar o‘sha bosqichda 4ta g‘alaba va 2ta qayd etib, guruh g‘olibligini qo‘lga kiritishdi. Nisbatan kuchli Iroq termasi esa 2-o‘rin bilan cheklandi. Demakki, Tailand termasida o‘yin chakki emasdi.

Tailand termasining uchinchi saralash raundidagi o‘yinlari

1-tur. 2016 yil 1 sentyabr. Saudiya Arabistoni - Tailand - 1:0

2-tur. 2016 yil 6 sentyabr. Tailand - Yaponiya - 0:2

3-tur. 2016 yil 6 oktyabr. BAA - Tailand - 3:1. Gol: Tana Chanabut (65)

4-tur. 2016 yil 11 oktyabr. Iroq - Tailand - 4:0

5-tur. 2016 yil 15 noyabr. Tailand - Avstraliya - 2:2. Gollar: Tiraton Bunmatan (20, 57-pen.)

6-tur. 2017 yil 23 mart. Tailand - Saudiya Arabistoni - 0:6

7-tur. 2017 yil 28 mart. Yaponiya - Tailand - 4:0

Tailandliklar endi 13 iyun kuni o‘z maydonlarida BAA termasini qabul qilishadi, 31 avgustga belgilangan 9-tur doirasida esa iroqliklar bilan kuch sinashishadi, yana muxlislari qarshisida. Jamoa JCH-2018 saralashiga 5 sentyabr kuni mehmonda Avstraliya termasiga qarshi kechadigan bahs bilan xotima yasaydi. Yangi bosh murabbiy O‘zbekiston va BAA terma jamoalari bilan bo‘ladigan 2ta o‘yin uchun naq 35 nafar futbolchini jalb etdi. To‘g‘ri, Toshkentga 35 kishilik tarkib kelmagani tushunarli. Ya’ni Milovan Rayevas 35 nafar nomzod orasidan eng munosiblarini tanlab olgan. 3-turda BAA termasiga qarshi kechgan bahsda jamoaning JCH-2018 saralashi uchinchi raundidagi ilk golini urgan Tana Chanabut bu safar jarohat bois, tarkibdan joy olmadi.

Tarkib

Darvoza. Sintavichay Xatayrattanakol asta-sekin Tailand terma jamoasi darvozasini izdoshi Kavin Tamsatchananga topshirmoqda. Aynan shu ampluada keskin raqobat bor. Kavin germaniyalik mashhur kiper Oliver Kanga havas qiladi va o‘yinlar chog‘i aynan uning uslubidan foydalanishga urinadi.

Himoya. Tiraton Bunmatan, Tristan Do, Pirapat Notchayya va Adson Promrak. Tailand terma jamoasi himoya chizig‘i to‘lig‘icha «Muangtong Yunayted» klubi vakillaridan tashkil topgan. Jamoa sardori Tiraton Bunmatan mamlakatning barcha yosh toifasidagi terma jamoalarida o‘ynagani bilan maqtanishi mumkin. Orqa chiziq vakillari asosan 23-24 yoshda. Demakki, jamoaning bosh muammosi sifatida tajribasizlikni tilga olish mumkin. Xalqaro malakaning kamligi, o‘yin amaliyoti yetarli emasligi bilinyapti. To‘g‘ri, joriy yilga kelib, bu borada vaziyat ancha o‘zgardi va keyingi mavsumlarda jamoadan munosib yutuqlar kutish mumkin. Umuman, JCH-2018 saralashida jamoa himoya chizig‘ida 9 nafar futbolchi maydonga tushdi, yana 4 nafar nomzod endi debyut qilish imkoniga ega.

Yarim himoya. Chanatip Songkrasin, Pokklav An, Tanaboon Kesarat, Mongkol Tossakrai. Bu futbolchilar himoyaviy futbol masalasida u qadar o‘rnak ko‘rsatolmaydilar. Boshqacha aytganda, ular terma jamoa salohiyatidan kelib chiqib o‘yin namoyish qilishga odatlanishgan. «Armiya klubi»ga tegishli Tossakrai ayni payt ijara kelishuvi asosida «Muangtong Yunayted» sharafini himoya qilyapti. Shu joyda alohida aytish kerak, «Muangtong»ning OCHLda ancha tetik ishtirok etganida turli klublardan ijara bo‘yicha olingan futbolchilar xizmati katta bo‘ldi. Umuman, Yen laqabi bilan tanilgan Tossakrai vinger sifatida harakatlanadi va milliy chempionatning bosh yulduzlaridan biri hisoblanadi.

Hujum chizig‘i. Teerasil Dangda, Siroch Chattong. Bu ikki futbolchi tandem bo‘lib o‘ynasa, ko‘p narsani uddalashi mumkin. To‘g‘ri, Dangda ham, Chattong ham kayfiyatga qarab, o‘ynaydiganlar toifasidan. Mana, birinchisi OCHLda kuchli jamoalarga qarshi bahslarda kuchli xarakter ko‘rsatib, o‘ynashni o‘rgandi. Deylik, OCHL doirasidagi oxirgi 5ta  bahsni golsiz yakunlagani yo‘q. Xususan, «Kavasaki Frontale»ga qarshi kechgan 1|8 final bosqichi bahslarida jamoasining haqiqiy yetakchisiga aylanib ulgurganini to‘liq isbotladi. Xullas Tailand termasi hujumlarida asosiy xavfni aynan Dangdadan kutish kerak. Chattong esa klubda ham yordamchi maqomida. 24 yoshli hujumchi Dangdadan so‘ng terma jamoa hujumida yetakchilikni o‘z qo‘liga olsa, ajabmas.

Zaxira. Tiratep Vinotay (hujumchi). Bu forvard 2008|2009 yillar mavsumida Belgiyaning «Lyers» klubida o‘ynagan. Demakki, tajribasi kam emas. U JCH-2010 saralashida faol harakatlari bilan Osiyo futboli mutaxassislarida kuchli taassurot qoldirgandi. Xullas, Vinotay - Tailand termasining asosiy zaxira quroli.

Stadion. «Rajamangala Kila Satan». 1998 yili ochilgan. Arenaning me’moriy yechimi Chulalongkorn universiteti arxitektura fakulteti tomonidan ishlangan. «Rajamangala» 1998 yilgi Osiyo o‘yinlari uchun maxsus qurilgan. 2012 yilning 25 may kuni Ledi Gaganing konsert dasturi arenada katta dabdaba bilan tashkillashtirilgandi.

Bosh murabbiy. Milovan Rayevas. Tailand terma jamoasi yangi asrda 11 nafar bosh murabbiyni ko‘rdi. Milliy jamoaga xorijdan murabbiy chaqirish olis 1968 yildan boshlangan. O‘shanda tailandliklar germaniyalik Gyunter Glombning xizmatiga tayanib ish ko‘rishgandi. Aytgancha, terma jamoa 1972 yilgi Osiyo kubogida 3-o‘rinni egallagan va bunda Glombning roli juda katta. Rayevasga kelsak, u 1954 yilning 2 yanvarida sobiq Yugoslaviya (hozirgi Serbiya) hududidagi Chayetna shahrida tavallud topgan. 1973-1986 yillarda himoyachi sifatida professional futbol bilan shug‘ullangan. 1989 yili murabbiylik faoliyatini boshladi. Deylik, 2008-2010 yillarda Gana terma jamoasini boshqardi va JCH-2010da yaxshigina shov-shuv ko‘tardi. Ya’ni ganaliklar serb mutaxassisi yordamida chorak finalgacha yetib borishdi. Milovan keyin (2011 yili) Qatarda ishladi, 2016 yili esa Jazoir terma jamoasini boshqardi. Joriy yil 26 aprelida esa Tailand futbol assosiasiyasi bilan shartnoma tuzib, terma jamoaga ustozlik qila boshladi.

O‘zaro hisob-kitob

O‘zbekiston milliy jamoasi raqiblari ro‘yxatiga nazar solsak, Tailand termasi eng ko‘p to‘qnashganlardan biri ekanligi ko‘rinadi. Ikki jamoa hozirgacha 10 marta o‘zaro kuch sinashgan. Ayni payt ustunlik taylar tomonida. Zero, terma jamoamiz 10ta o‘yindan 4tasida g‘alaba qozonib, 6tasida mag‘lubiyatga uchragan. 2007 yilning 22 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan so‘nggi bahs (xalqaro turnir doirasida) ham raqibimiz foydasiga hal bo‘lgandi. Takror aytish joiz, 2000 yillarda Tailand termasi biz bilan o‘ynashga eng xohishmand jamoalardan hisoblanardi.

Oxirgi o‘zaro bahs. 2007 yil 22 oktyabr. «Qirol kubogi». Tailand - O‘zbekiston - 3:2 (2:1). Gollar: Sarayot Chaykamdi (9-pen., 40), Nataporn Pxanrit (90) - Farhod Tojiyev (44, 60).

O‘Zbekiston                                        TAILAND

Ko‘rsatkichlar

60               FIFA reytingidagi o‘rni      129

10               O‘yinlar soni                            10

4                 G‘alaba                                         6

0                 Durang                                         0

6                 Mag‘lubiyat                                   4

16               Gol                                               22

22               Qo‘yib yuborilgan gol              16

-6                Gollar nisbati                         }6

3:0              Eng yirik g‘alaba                      4:1

1:4              Eng yirik mag‘lubiyat               0:3

5:4              Eng sermahsul o‘yin                 4:5

12            Ochko      18

--------------------------------------------------------------------------------

Ma’lumot uchun

TAILAND TERMA JAMOASI

Laqabi: «Jangchi fillar»

Jamoa sardori: Tiraton Bunmatan

O‘yinlari soni bo‘yicha yetakchi: Kiatisuk Senamuang (134ta)

Gollari soni bo‘yicha yetakchi: Kiatisuk Senamuang (71ta)

Uy stadioni: «Rajamangala» (sig‘imi - 49722)

FIFA reytingidagi o‘rni: 129 (4 may kungi holat)

Birinchi rasmiy o‘yini: 1948 yil 20 avgust. Xitoy - 1:6

Eng yirik g‘alabasi (rasmiy): 1971 yil 24 may. Bruney - 10:0

Eng yirik mag‘lubiyati (rasmiy): 1956 yil 30 noyabr. Angliya - 0:9

Osiyo kubogidagi ishtiroki: 7 marta (1972 yili bronza medalini yutgan)

Ekipirovka masalasi. 2017 yilning 4 yanvar kuni mahalliy Warrix Sport kompaniyasi terma jamoa uchun qora rangli ekipirovka taqdim etdi. Bunda ham o‘ziga xos ma’no bor, albatta. Xabaringiz bo‘lsa, oldingi qirol Bxumibol Adulyadej o‘tgan yilning 22 oktyabrida vafot etgach, mamlakat hududida barcha sport o‘yinlari yangi yilga qadar to‘xtatilgandi - motam. Xususan, milliy chempionat bahslari ham oxiriga yetkazilmadi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:16, 06.06.2017.
O'qildi: 6461 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.