Yozgi transferlar mavsumi ham boshlandi. Bu safar ham jahon futbolida yirik transferlar amalga oshirilishi mumkin.
Goal nashri esa hozirgacha amalga oshirilgan eng qimmat transferlardan tarkib topgan ramziy terma jamoani tuzib chiqdi. Bunda har bir chiziqdagi eng yirik transferlar egasi joy olgan. Demak, dunyoning eng qimmat ramziy termasi bilan tanishing.
Darvozabon:
Janluiji Buffon (« Parma »dan “Yuventus”ga 52,8 million yevro)
2001 yilgi transfer bozorida « Yuventus » klubi yosh iqtidorli darvozabon uchun 52,8 million yevro to‘ladi. O‘z davrida darvozabon uchun bu aqlbovar qilmas mablag‘ edi. Bugun esa Buffon unga sarflangan mablag‘ behuda ketmaganini ko‘rsatmoqda. Klub bilan deyarli barcha musobaqalarda g‘olib chiqqan Buffonga faqatgina Chempionlar Ligasidagi g‘oliblik armon bo‘lib qolishi mumkin.
Himoyachilar :
Daniel Alvesh (« Sevilya »dan « Barselona »ga 35,5 million yevro)
Braziliyalik o‘ng qanot himoyachisi uchun kataloniyaliklar pulni ayab o‘tirishmadi. Gvardiola « Barsa »sida muhim ahamiyat kasb etgan Alvesh o‘z qanotida eng qimmat himoyachi hisoblanib kelmoqda.
Jon Stouns (« Everton »dan « Manchester Siti »ga 55,6 million yevro)
Tarixdagi eng qimmat markaziy himoyachilardan biri Stouns hozircha Gvardiola qo‘li ostida unga sarflangan pullarni to‘laqonli oqlamoqda, deya olmamiz. Biroq, angliyalik himoyachi barchasini uddalashi uchun hali oldinda ancha vaqt bor.
Eliakim Mangalya (« Portu »dan « Manchester Siti »ga 53,8 million yevro)
2014 yil 11-avgustida Fransiya terma jamoasida atigi 3 marta maydonga tushgan himoyachi David Luizdan ham o‘zib dunyoning eng qimmat himoyachisiga aylangandi. Ungacha o‘sha mavsumda 49,5 million yevro evaziga « Chelsi »dan « PSJ »ga o‘tgan David Luiz eng qimmat himoyachi edi.
Lyuk Shou (« Soutgempton »dan « Manchester Yunayted »ga 37,5 million yevro)
2014/15 yilgi mavsumda “Manchester Yunayted”ga kelib qo‘shilgan Shou endigina 18 ni qoralagan edi. Biroq, 2015 yil 15-sentyabrida jiddiy jarohat olishi uning rivojlanishini to‘xtatib qo‘ydi. Hozirda jamoadagi o‘rni so‘roq ostida qolayotgan Shou chap qanot himoyasida eng qimmat futbolchidir.
Yarimhimoyachilar:
Xames Rodriges (“Monako”dan “Real Madrid”ga 80 million yevro)
2014 yilgi Mundialda o‘zini har tomonlama ko‘rsata olgan kolumbiyalik yarim himoyachi Madridga katta pullar evaziga kelib qo‘shildi. Asosiy tarkibga muqim o‘rnasha olmagan Xames bu yozgi transfer bozorida jamoani tark etishi mumkin.
Pol Pogba (“Yuventus”dan “Manchester Yunayted”ga 105 million yevro)
O‘tgan mavsumda “qizil iblis”ga aylangan fransiyalik yulduz Manchesterda past-baland davrni boshidan kechirdi. Yevropa Ligasi g‘olibi barqaror o‘yin ko‘rsata olmagani bois klub muxlislari tanqidi ostida qolib ketdi.
Zayniddin Zidan (“Yuventus”dan “Real Madrid”ga 75 million yevro)
Zidan Fransiya terma jamoasi va “Yuventus » bilan aqlbovar qilmas muvaffaqiyatlarga erishavergach, yangi “Galaktika”ni qurayotgan Florentino Peres o‘sha davr uchun qimmat bo‘lgan mablag‘ni “Yuventus” hisobiga o‘tqazib qo‘ygan edi.
Hujumchilar:
Garet Beyl (“Tottenxem”dan “Real Madrid”ga 101 million yevro)
“Real” safiga kelib qo‘shilganida uelslik futbolchi dunyoning eng qimmat futbolchisi maqomida edi. Yuqori saviyadagi o‘yinini namoyish etgan Beyl mashxur BBC uchligining muhim bir bo‘lagiga aylandi. Klub bilan barcha musobaqalarni o‘ziniki qilib olgan Beyl so‘nggi paytlarda jarohatlar girdobida qolib ketdi va ushbu mavsumda asosiy tarkibdagi o‘rnini Iskoga boy berdi.
Gonsalo Iguain (“Napoli”dan “Yuventus”ga 90 million yevro)
“Real”ning sobiq a’zosi bir necha mavsum mobaynida “Napoli”da ham ajoyib o‘yinlarini ko‘rsatishda davom etdi va o‘tgan yili “Yuventus” 90 million yevroning bahridan o‘tdi. Turinliklar safida ham argentinalik hujumchi yorqin o‘yinlarini ko‘rsatishda davom etmoqda.
Krishtianu Ronaldu (“Manchester Yunayted”dan “Real Madrid”ga 94 million yevro)
2009 yilda Madridga ko‘chib o‘tgan Ronaldu Zidanning uzoq yillik “rekord”ini yangilagan edi. Ronaldu uchun sarflangan 94 million yevro esa o‘zini to‘liq oqladi. Uning klubga keltirgan sovrinlari, gollari, marketing ko‘rsatkichlari allaqachon bu yirik mablag‘ni qoplagan.