«Inter Mayami» va Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi MLS ligasining eng yuqori maosh oluvchi futbolchisi bo‘lib qolmoqda.
2026 yil may oyi ma’lumotlariga ko‘ra, argentinalik futbolchining kafolatlangan yillik daromadi 28,3 million dollarni tashkil qiladi. Messining asosiy maoshi esa 25 million dollar atrofida baholanmoqda.
Ligada eng ko‘p maosh oluvchilar reytingining ikkinchi o‘rnini «Los-Anjeles» klubi futbolchisi, janubiy koreyalik Son Hyong Min egallagan — uning yillik daromadi 11,1 million dollar.
Uchinchi o‘rinda Messining «Inter Mayami»dagi jamoadoshi Rodrigo De Paul joy olgan — u yiliga 9,6 million dollar ishlab topadi.
Shuningdek, beshlikka «San-Diyego»dan meksikalik Irving Losano va «Atlanta Yunayted»dan paragvaylik Migel Almiron ham kirgan.
Eslatib o‘tamiz, Lionel Messi MLS tarixida yangi rekord o‘rnatgan. «Toronto»ga qarshi o‘yinda u ligadagi doimiy chempionatlarda «gol+pas» tizimi bo‘yicha 100 ta ochkoga eng tez yetib kelgan futbolchiga aylangan — buning uchun unga 64 ta o‘yin kerak bo‘lgan.
Shuningdek, 12 may kuni Messi 2026 yilgi jahon chempionati uchun Argentina terma jamoasining dastlabki tarkibiga kiritildi.













