Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/11 17:00 Xitoy - Yaponiya
19/11 17:00 Indoneziya - Saudiya Arabistoni
19/11 17:00 KXDR - O‘zbekiston
19/11 19:00 Falastin - Janubiy Koreya
19/11 19:00 Qirg‘iziston - Eron
19/11 21:00 Ummon - Iroq
19/11 21:00 BAA - Qatar
19/11 23:15 Bahrayn - Avstraliya
19/11 23:15 Kuvayt - Iordaniya

Sanjar Shoahmedov: «As-Sayliya»dan ketdim»

Sanjar Shoahmedov: «As-Sayliya»dan ketdim»

Baho:
+ | -

O‘tgan mavsum Qatarning «As-Sayliya» klubi sharafini himoya qilgan yarim himoyachi Sanjar Shoahmedov ayni payt Toshkentda hordiq chiqarmoqda. Ko‘pchilik biladi, u faoliyati davomida ilk marta legioner sifatida to‘p surdi. Aytish mumkinki, Sanjarning Qatar Yulduzlar ligasida taxminan 4 oyga cho‘zilgan faoliyati omadli chiqdi. Esingizda bo‘lsa, u «Al-Sayliya» safiga Qatar chempionati ikkinchi davrasida qo‘shilgandi. Shoahmedov begona yurtda «Lokomotiv»dagi jamoadoshi Temurxo‘ja Abduxoliqov bilan birga o‘ynadi va chempionat doirasidagi 10ta uchrashuvda maydonga tushib, 2ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, jamoasining yana 3ta golida assistentlik rolini bajardi. Umuman, hamyurtimiz «As-Sayliya» bilan yarim yil muddatga shartnoma tuzgandi. To‘g‘ri, kelishuvda hamkorlik muddatini bir yilga uzaytirish mumkinligi haqidagi band ham bor edi. Xo‘sh, Sanjar faoliyatini «Sayliya»da davom ettiradimi yoki oldida boshqa real variantlar ham bor? Futbolchi bilan uyushtirgan suhbatimizni o‘qish asnosida ayni shu savolga ham javob olishingiz mumkin.

- Sanjar, ilk bora legioner maqomida o‘ynadingiz. Umumiy taassurotlaringiz qanday?

- Qatardagi faoliyatimning boshlang‘ich qismidan juda yaxshi taassurotlar qoldi. O‘zi anchadan buyon legioner sifatida xorijda to‘p surishni orzu qilardim. Shukrki, bu niyatimga yetishdim. Albatta, shunday imkoniyat yuzaga kelganidan bag‘oyat xursandman. To‘g‘ri, legionerlikning o‘ziga yarasha mas’uliyati ham bor va buni chuqur angladim. Axir sizga katta ishonch bildirib, o‘z jamoalariga taklif qilishadi. Tabiiyki, klub rahbariyati, murabbiylar va muxlislar legioner futbolchidan ko‘prog‘ini kutishadi. Ana shu ishonchni oqlash barcha futbolchilarga ham nasib etavermaydi. O‘ylaymanki, Qatarda o‘yinim chakki chiqmadi va «Sayliya» ishonchini ma’lum darajada oqladim. Demak, taassurotlar shunga yarasha ijobiy...

- Qatar chempionatiga moslashib ketish jarayonida qiynalmadingizmi? Aynan qaysi jihatlarda muammo sezildi?

- Aytishim mumkinki, mahalliy tilni bilmasligim men uchun asosiy muammo bo‘ldi. Shuningdek, boshida yangi muhit, ob-havo sharoitiga ko‘nikishim ham biroz qiyin kechdi. Qolgan masalalarda aytarli muammolarga duch kelganim yo‘q. Xususan, jamoada Temurxo‘ja kabi meni ham juda iliq kutib olishdi. Futbol masalasiga kelsak, u hamma joyda bir xil o‘ynaladi. Faqat o‘yin va mashg‘ulotlarga yondashuv biroz boshqacha, xolos. Muhimi, yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldim. Ya’ni «Sayliya»ning deyarli barcha uchrashuvlarida maydonga tushdim. Nolishga asos yo‘q.

- O‘zingiz aytdingiz, turli joylarda futbolga yondashuv va o‘yin uslubida farq bor. Xo‘sh, yangicha qarashlar va taktik chizmalarni qanday qabul qildingiz?

- Darhaqiqat, «Lokomotiv» va «As-Sayliya» klublari o‘yin uslubida katta farq sezildi. Moslashishga astoydil harakat qilganim va o‘z ustimda jiddiy ishlaganim samarasi o‘laroq, uncha qiynalganim yo‘q. Qolaversa, yonimda Temurxo‘janing borligi ham qo‘l keldi, albatta.

- Umuman, Qatar chempionatidagi ishtirokingizdan ko‘nglingiz nechog‘li to‘ldi?

- Hech bir futbolchi o‘z o‘yinidan 100 foiz qoniqish hosil qilmasa kerak. Shu ma’noda aytsam, ba’zi o‘yinlarda harakatlarim biroz qovushmadi, qaysidir vaziyatlarda o‘z darajamda harakatlanolmadim. Lekin murabbiylar o‘yinimdan xursand bo‘lishlari uchun astoydil harakat qildim. Hozir o‘yinlarni tahlil qilish asnosida yo‘l qo‘ygan xatolarimni ko‘rib chiqyapman. Demoqchimanki, nimaning ustida ko‘proq ishlashim kerakligini bilaman. Qatar chempionatining 10ta o‘yinida maydonga tushdim va raqiblar darvozasini 2 bora ishg‘ol qilish barobarida yana 3ta assistenti bo‘ldim. O‘ylaymanki, yarim himoyachi uchun yomon ko‘rsatkich emas.

- O‘zingiz ham ta’kidladingiz, Temurxo‘ja Abduxoliqov bilan birga o‘ynaganingiz foydangizga ishladi...

- Shubhasiz. Zero, ikkimiz bir-birimizga yelkadosh bo‘lib o‘ynadik. Bitta jamoaga borganimiz nafaqat maydon, balki uning tashqarisida ham juda qo‘l keldi. Xususan Temurxo‘janing ingliz tilini bilishi ishimizni ancha yengillashtirdi. U o‘yin payti ham, mashg‘ulotlar chog‘i ham murabbiy ko‘rsatmalarini yetkazib turdi.

- Qatar chempionati yoki umuman, mamlakatda nima yoqmadi?

- Shunchaki, hammasi ajoyib. Yoqmagan tomonning o‘zi yo‘q.

- «As-Sayliya» bilan shartnoma muddatini uzaytirasizmi?

- Agar hammasi joyida bo‘lsa, shartnomani yana 1 yilga uzaytirish ko‘zda tutilgandi. Mana, ilk kelishuvga binoan, klubda yarim yil o‘ynadim. 

- Bu masalada klub rahbariyati bilan gaplashdingizmi?

- Hozircha yo‘q, ammo agentim ish olib boryapti.

- «As-Sayliya» bilan-mi?

- Nafaqat bu jamoa, balki boshqalari bilan ham.

- O‘z xohishingiz qanday: «As-Sayliya»da qolmoqchimisiz yoki...?

- Buni vaqt ko‘rsatadi. Hozircha uyda, oila davrasida hordiq chiqar-yapman. «Al- Sayliya» yangi mavsumga tayyorgarlik ishlarini 10 iyuldan boshlaydi.

- Bilishimizcha, oliy liga klublaridan ham yetarlicha takliflar olgansiz. Xususan, Toshkentning 3ta jamoasidan. Balki oliy ligaga qaytarsiz?

- Ha, bu ma’lumot to‘g‘ri - «Paxtakor» va «Bunyodkor»dan chorlov bo‘ldi. Lekin hozircha bu borada aniq gap aytolmayman. Qisqasi, yangi mavsumni qayerda va qaysi klubda boshlashim masalasi hali ochiq.

- Aytaylik, «Paxtakor» va «Bun-yodkor»dan birini tanlashingizga to‘g‘ri kelsa, qay biriga moyillik sezasiz?

- Qiziq savol... Endi peshonamga qaysisi yozilgan bo‘lsa, o‘shani tanlayman-da (kuladi). Jiddiy gapirsam, ochig‘i, bilmadim. Biror klubni ranjitish niyatim yo‘q.

- Qatar va Quvayt jamoalari ham xizmatingizga qiziqayotgan ekan...

- Ha, takliflar yetarli, faqat endi eng maqbulini tanlashim kerak.

- Sir bo‘lmasa, qaysi xorijiy klublardan takliflar tushdi?

- Ayni payt klublar nomini aytishdan ma’no yo‘q. Bu masala bilan agentim shug‘ullanyapti. O‘zimga qolsa, legioner sifatida o‘ynashda davom etishni xohlardim. Chunonchi, futbolchi borki, xorij chempionatlarida to‘p surishni istaydi. Xullas, nasibam qayerda bo‘lsa, o‘sha joyda o‘ynayman. 

- Agentingiz xususida ham ma’lumot bersangiz.

- U o‘zimizdan, hozircha hamkorligimiz chakki emas.

- Balki «As-Sayliya» bosh murabbiyi siz bilan ishlashda davom etmoqchidir...

- Agentim murabbiy va klub rahbarlari bilan aloqada. Ular shu kunlarda yana uchrashishlari kerak.

- Toshkentga qaytgach, O‘zbekiston chempionati o‘yinlarini bevosita stadionda kuzatishga vaqt ajrata olyapsizmi?

- Afsuski, hali biror o‘yinni ko‘rganim yo‘q.

- O‘zbekiston - Tailand uchrashuvini-chi?

- Bunisini ko‘rdim. Taassurotlar yomon emas, g‘alaba hamisha yoqimli. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda tomoshabop o‘yin ko‘rsatildi. Gollar ham chiroyli chiqdi. Albatta, Temurxo‘ja uchun alohida xursandman.

- Qiziq, Yevropa CHL finalida qaysi klubga tarafkashlik qildingiz?

- To‘g‘risi, chiroyli futbolga. Ya’ni shunday o‘yin ko‘rsatgan tomonga.

- Demak, gap «Real» haqida ketyapti...

- Shunday. Barcha ko‘rdi, kubok kuchli jamoaga nasib etdi. «Real» haqli g‘alabaga erishdi.

- O‘zi qaysi jamoalar o‘yiniga befarq qaramaysiz?

- Odatda «Barselona» ishtirokidagi o‘yinlarni ko‘rib borishga harakat qilaman. Mana, kataloniyaliklar bu yil chorak finalda katta shov-shuv ko‘tarishdi. Ajoyib «kambek», lekin davomi o‘xshamadi.

- «Barselona» muxlislari CHL finalida «Yuventus» g‘alaba qozonishini istashgani tayin...

- Men esa shunchaki, kuchli jamoa yutishini xohladim. 

- Andres Inyesta o‘yiniga alohida havas bilan qarashingiz haqida eshitganmiz...

- Shunday. Bu futbolchining maydon markazidagi harakatlaridan shunchaki, zavqlanaman. Umuman, u ko‘plab futbolchilar uchun chinakam o‘rnak namunasi hisoblanadi.

- Tasavvur qiling, futbolni tanlamaganingizda, qaysi sohada ishlardingiz?

- Ochig‘i, bu haqda o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Erkak kishi uchun 40ta hunar ham ozligi haqida gap bor. Shunday ekan, ro‘zg‘or tebratish uchun mos keladigan biror kasbni tanlardim. Balki ilm olishga qiziqib, qaysidir institutda o‘qirmidim...?

- Boshqa sport turlariga nisbatan qiziqishingiz past bo‘lmasa kerak.

- Albatta, befarq emasman va turli musobaqalarni kuzatib boraman. Deylik, oxirgi vaqtlarda bokschilarimiz ishtirokidagi janglarga qiziqishim ancha ortdi.

- Xo‘sh, qaysi bokschilarimizni taniysiz?

- Ruslan Chagayev, Muhammadqodir Abdullayev, Hasanboy Do‘smatov, Shahram G‘iyosov... Vakillarimizning Rio-2016 Olimpiadasida ko‘rsatgan jasoratlariga gap yo‘q - tarixiy natija. 

- Kitob mutolaasiga qalaysiz?

- To‘g‘risi, shunga vaqt ajratishim qiyin-da. Oxirgi marta Qatarda ingliz tilida yozilgan kitobni o‘qidim.

- Demak, ingliz tilini o‘rganish ishlarini boshlagansiz.

- Ha, shunga harakat qilyapman.

- Endi blis-savollar: eng ma’qul avtomobil markasi...

- Lasetti.

- Eng ma’qul taom...

- Taom tanlamayman. Boriga shukr qilaman.

- Orzungiz...

- Qo‘limdan kelganicha insonlarga yordam berishni istayman. Futbol masalasidagi orzum - yaxshi klublarda o‘ynash. Bolaligimda futbolchi bo‘lish orzusi bilan yashaganman va shukrki, bunga yetishdim. Keyin legioner maqomida o‘ynashni maqsad qildim va bu orzu ham ro‘yobga chiqdi. Shuningdek, O‘zbekiston chempioni bo‘ldim. Endi milliy jamoa libosida ham maydonga tushishni istayman.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:50, 17.06.2017.
O'qildi: 10866 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.