Kirish Ro'yxatdan o'tish
08/05 00:00 PSJ 0-1 Borussiya D
09/05 00:00 Real Madrid 2-1 Bavariya
10/05 23:45 Frozinone - Inter
11/05 00:00 Nissa - Gavr
11/05 00:00 Brest - Reyms
11/05 00:00 Alaves - Jirona

Leonid Sluskiy: «Qochoq emas, Rossiya jonkuyariman»

Leonid Sluskiy: «Qochoq emas, Rossiya jonkuyariman»

Baho:
+ | -

Leonid Sluskiy keyingi mavsum Angliya futbolida ishlaydi - «Xall Siti» bosh murabbiyi sifatida. Tumanli o‘lkada barchasi hal bo‘lgach, Leonid Viktorovich Moskvaga qaytdi va birinchi bo‘lib, SSKA klubi shtabiga yo‘l oldi. Rossiya terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi jonajon klubi bilan xayrlashuvdan so‘ng uncha yaxshi kayfiyatda emasdi, shunga qaramay, matbuot vakillarining turli savollariga javob qaytardi. To‘g‘ri, u bitta masala - Angliyada ishlash mavzusida gapirishni xohlamadi...

- Leonid Viktorovich, Angliya klubini boshqarishingiz ma’lum bo‘lgan bir paytda Moskvada, SSKA bazasida yuribsiz...

- Moskvaga kelsam, albatta, bu yerga bosh suqaman, axir SSKA qadrdon uyim hisoblanadi. Shu ma’noda aytsam, barcha futbolchilar, murabbiylar va klub rahbarlari - chin qadrdonlarim. Oddiy gapirganda, Moskvada bo‘lsam, 50 foiz vaqtni hamkasblarim va sobiq shogirdlarim davrasida o‘tkazaman, albatta, maroq bilan.

- Oxirgi vaqtlar Angliyada yashayapsiz, SSKAning Volgograddagi futbol maktabi taqdiri nima bo‘lyapti?

- Maktab faoliyati davom etyapti va buning uchun SSKAga katta rahmat. E’tiborlisi, yanvarda ochilgan maktab hududda eng ilg‘ori bo‘lishga ulgurdi. Turli yosh toifasidagi jamoalarimiz yutuqlari ham chakki emas. Umuman, maktabda 250 nafar bola shug‘ullanmoqda. O‘ylaymanki, loyiha hali samara beradi va nafaqat SSKA brendi yuksalishiga, balki mamlakatimiz futboli taraqqiyotiga hissa qo‘shadi. Garchi uzoqda bo‘lsamda, Volgograd maktabi murabbiylari va direktori bilan har kuni aloqadaman. Demoqchimanki, jarayonni shaxsan o‘zim nazorat qilyapman.

- Angliyaga ko‘chib o‘tganingizdan so‘ng Rossiyada o‘zingizni quvg‘indek his qilmayapsizmi?

- Yo‘q. Tabiiyki, boshqa mamlakatda bo‘lib, Rossiyadagi voqealar jarayonidan chetda qolyapman, ammo doimiy aloqani ushlab turishga harakat qilyapman. Sergey Galiskiy bir safar chiroyli xayrlashuv bo‘lmasligini aytgandi. Mana, bizning ajrashuvimiz - chiroyli xayrlashuv. SSKAdagilar men uchun yaqin kishilar bo‘lib qolaverishadi. Umid qilamanki, Sluskiy ham ular uchun xuddi shunday. Xo‘sh, qanaqasiga quvg‘indiman? Misol uchun, «Match TV» telekanalida o‘yinni sharhlab bordim.

- Hayotingizda qo‘msash darajasi qanday?

- Rossiyalikman va o‘z Vatanimni yaxshi ko‘raman. Yo‘q, mamlakatdagi ishlardan norozi holda chiqib ketgan qochoq emasman. Rossiyada hammasi yaxshi va ajoyib. Misol uchun, Volgograddagi maktab ta’minotining 50 foizi SSKA zimmasida, qolganini shaxsiy jamg‘armamdan ajratib kelyapman. Yana milliy xayriya jamg‘armalariga yordam beryapman. Qaytaraman, Rossiyaga nisbatan muhabbatim cheksiz. Bu yerdan ketganimga kelsak, shunchaki, faoliyatimda yangi sahifa ochishni istadim. Deylik, xorij klublarida to‘p suruvchi rossiyalik biror futbolchi hech qachon qochoq yoki quvg‘indi sanalmagan, hattoki, jonajon yurtidan qochib ketgan va uni batamom unutgan bo‘lsa ham. Xullas, Angliyaga ko‘chib o‘tish qarorim faqat faoliyatimga bog‘liq. Ichki tuyg‘u nuqtai nazaridan esa, hamon Rossiyaning jonkuyar fuqarosiman. Bundaylar hozir ko‘p emas...

- Angliyadagi turmush tarziga moslasha oldingizmi?

- U yerda borsh bor, rus hammomi va boshqa narsalar ham. To‘g‘ri, oilam va yaqinlarimni qo‘msayman, albatta. Lekin bilishimcha, Rossiyaning har qanday shahridan ishlash uchun Moskvaga kelganlar ham shunday hissiyotlar qurshovida qolishadi. Qolaversa, odatda bo‘sh vaqtingda zerikasan. Mening Angliyadagi kun tartibim esa juda tig‘iz va zerikishga fursat yo‘q.

- Rossiya matbuotida sobiq shogirdingiz Aleksandr Golovinning Angliyaga yo‘l olishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Unga mamlakat chempioni - «Chelsi» qiziqayotgan ekan.

- Menimcha, ushbu ma’lumot mutlaqo asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Yo‘q, bu bilan Sashani yerga urmoqchi emasman. U ajoyib yigit va shunday futbolchi. Golovinning futbolchi sifatida o‘sib, yangi darajaga ko‘tarilishiga ma’lum foiz aloqador ekanligimdan g‘ururlanaman ham. Shuningdek, hozirgi o‘yinlari uchun bag‘oyat xursandman. Ammo barchasiga real qarash kerak. Shaxsiy fikrimcha, Golovin Rossiyada o‘tadigan mundialda yaxshi o‘ynagan taqdirdagina uning Yevropadagi top-klublardan biri safiga qo‘shilishi haqida gapirish mumkin. Hozirgi holatda esa Sasha terma jamoa yoki yevrokuboklar o‘yinlarida katta tajribaga ega emas va arzirli natijalari ham yo‘q. Bilamizki, «Chelsi»da o‘yinchilar oldiga misli ko‘rilmagan talablar qo‘yiladi. Yana shuni qo‘shimcha qilmoqchiman, Golovin qachondir Angliyaning ushbu jamoasida o‘ynay oladigan saviyaga chiqadi, albatta. Bunga aslo shubham yo‘q.

- Qizig‘i, Golovinning ilk murabbiylaridan biri Sergey Vasyutin uning «Chelsi»da munosib to‘p surishga qodirligini ta’kidlamoqda. Chunonchi, yana bir shogirdi - Aleksey Smertin vaqtida bu ish uddasidan chiqqandi.

- Vasyutin bilan shaxsan tanish emasman, ammo uning yangicha metodikalari haqida ko‘p eshitganman. Ya’ni do‘stim Sergey Vinogradov vaqtida «Zarya»da ushbu ajoyib murabbiy qo‘l ostida o‘ynagan va doimo to‘lqinlanib gapirib berardi. Afsuski, Vinogradov hozir hayot emas, lekin iliq xotiralari yodimda. Misol uchun, Golovinning aynan Vasyutin rahbarligida o‘ynaganini bilgach, murabbiyga doimiy ravishda Sashadan salom yo‘llashni odat qilgandim.

- Aytgancha, Vasyutin 2 iyul kuni 60 yoshga to‘ladi.

- Shunday-mi? Unda Rossiya futboli taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan murabbiyni chin yurakdan tabriklayman. Sibirda Rossiya termasi uchun 2 nafar yarim himoyachi va yana Sergey Kormilsevni tarbiyalash - juda katta ish!

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:22, 19.06.2017.
O'qildi: 2960 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.