Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Babayanni yomon demang, u ham Xudo bandasi

Babayanni yomon demang, u ham Xudo bandasi

Baho:
+ | -1

Futbol — chindan ham ulkan tomosho. Uni manaman degan boylar yoqtiradi, o‘zlari miriqib futbol o‘ynaydi. Qashshoqlar ham yaxshi ko‘radi, o‘zini xuddi Messi yoki Ronaldu bilan birga yurgandek baxtiyor his etadi. Endi uning ortida qancha pul aylanishini tasavvur qilish ham qiyin.

Biz ham futbolni oz-moz tushunamiz, haddan ziyod sevgandek ko‘rinamiz. Lekin esimni tanibmanki, o‘zbek futboli haqida gap borsa, faqat tanqidga duch kelaveraman. Ayrim jurnalistlarimizning tahlillarini o‘qib, shu odamni futbolga rahbar qilish kerak, deb o‘ylab qolaman. Bilmagan narsasi yo‘q. Nahotki bir jurnalist bilgan narsalarni futbol ichida yurganlar bilmasa?

Milliy terma jamoamiz saralash bahlarida biz kutgan o‘yinlarni namoyish etolmayapti. Ayniqsa, Suriyaga yutqazib qo‘yganimizdan keyin Babayan odamlarning ko‘ziga «olabo‘ji»dek ko‘rinyapti. Eronga uchralgan mag‘lubiyatdan keyingi vaziyatni-ku, o‘zingiz yaxshi bilasiz.

Darvoqe, bundan 8–10 yillar oldin faqat jurnalistlarning e’tiroziyu tanqidlari orqali o‘zbek futbolining umumiy faoliyatiga baho berilardi. Aholi unchalik reaksiya bildirmasdi. Hozir butun xalq go‘yo jurnalistga aylanib ketgan, hatto mashinalariga kimning termadan ketishi lozimligi-yu, kimning kresloni bo‘shatib qo‘yishigacha yozilgan bannerlar, plakatlar paydo bo‘lyapti.

Ammo rasmiy doiralar «YO‘Q» degan bayonot berishdan u yog‘iga o‘tisholmayapti. Aqli yetmayapti, deydi kimdir o‘zicha. Aslida yetishmagan narsalar ko‘o‘o‘o‘p. Kecha «Sport» kanalida futbolimiz haqida O‘FF «senyor»lari bilan berilgan on-layn suhbatdan qoniqdingizmi? «Savollar uvol bo‘ldi. Qancha go‘zal savollar nobud bo‘ldi», deysizmi? O‘zbekchani bila turib, ruschada gapirgan futbolimiz «paxan»larini-ku gapirmasayam bo‘ladi. Essiz, ona tilimiz! Davlat tiliga bo‘lgan munosabatki shundaymi, davlat futboliga, xalq futboliga ular faqat pul manbai, jig‘ildonni shishirish manbai deb qaramasligiga kim kafolat beradi?

«Jichcha» degan so‘zi bilan mashhur bo‘lgan ustoz mutaxassis Tohir Kapadzening farzandi, taniqli futbolchi Temur Kapadze aksariyat futbol ixlosmandlari va jurnalistlardan «Bolalarning ruhini ko‘tarish o‘rniga tanqid qilyapsizlar, shaxsini tahqirlovchi gaplar aytyapsizlar», deb norozi bo‘libdi. To‘g‘ri, shaxsiga tegishli gaplarni aytish butunlay nojoiz ish. Bu muborak kunlardagina emas, har qanday vaziyatda ham gunoh. Ammo xalq ularni yoqtirmayapti. Demak, «nimadir qilish kerak». Nahotki 32 millionlik xalqning ichidan 11 ta zo‘r futbolchi chiqmasa? Javob tayyor — Xitoyning 2, Hindistonning 1,6 milliard aholisi bor. Nima qilibdi?

Agar hammasi qandaydir raqamlaru statistik ma’lumotlarga bog‘liq bo‘lsa, matematik hisob-kitoblarga mos kelsa, Xitoy bilan Hindiston har safar jahon chempionati finalida o‘ynayverishi kerakmasmi? O‘zbekiston shu aholisi bilan saralash bosqichining so‘nggi raundida lisenziya uchun kurashishi emas, balki kuchli yuzlikka kirishiyoq gumon bo‘lib qolishi kerak.

Yo‘q, bu — futbol. U hech qanday raqamlarga, statistikalarga bo‘ysunmaydi. To‘g‘ri, korrupsiya degan manfur mahluq bor. U tufayli goh-goh, hatto tez-tez futboldagi «taxmin»lar, raqamlar «bashorat»larga to‘g‘ri kelib turadi. Lekin jahon chempionatiga saralash o‘yinlarida qaysidir mamlakat terma jamoasi bilan boshqa terma jamoaning kelishishi, o‘yinlarni sotishi qiyin masala. 

Ey odamlar! Babayan, Babayan deyaverishdan nega charchamaysiz? Babayan kim bo‘libdiki, bizning mag‘lubiyatimizga sabab bo‘lsa? Uni tanqid qilishdan oldin masalaning ildizini chuqurroq o‘rganish kerakmasmikin? To‘g‘ri, aslida kechagi TVda berilgan savol-javobdan so‘ng chuqur o‘rganadigan narsa yo‘q. 

Ammo uni kim shu kursiga o‘tirishiga zamin yaratgan, kim rag‘batlantirib, boshidan silayapti? Mana shu savol ortida o‘zbek futboliga tegishli juda katta sirlar, haqiqatlar yashiringan. Yashirinmagan bo‘lsa, yotibdi. Ana shu «silovchi qo‘llar» ertaga xohlasa, mardikorni ham bosh murabbiyga aylantiraveradi. Murabbiylik guvohnomasini olishdan osoni yo‘q. Zo‘ring yoki zaring bo‘lsa — bas.

Yana bir tomoni, dod-voy qilayotganlarning aksariyati Abramov va Qosimovdan birini terma jamoaga qaytarishni talab etyapti. Vaholanki, bu ikki mutaxassis ham o‘z vaqtida boplab so‘z yomg‘irida savalangan. Ularning ayrimlaridan qolgan «jarohat»lar hali ham bu murabbiylarning tushlariga kirib chiqsa kerak.

Yana bir masala — futbol hamma e’tibor qaratadigan, har qalay ochiq bo‘lgan o‘yin yoki soha. Ochiq narsaning ayblari yaqqol ko‘rinadi. Futbol — jamoatchilik ishi, degani shudir ehtimol. O‘z fikrimizni bemalol aytaveramiz. Lekin bunday kamchiliklar, poraxo‘rliklar, davlat pulini asossiz o‘zlashtirib, jig‘ildonga urib yuborishlar hamma sohada bor. Kerak bo‘lsa, futboldagi qallobliklar, o‘g‘riliklar «chepuxa» bo‘lib qoladigan sohalar borki, futbolimiz ularning oldida ancha pok ko‘rinadi. O‘FFning yoyilmasini «O‘zbekiston farishtalari federasiyasi» deb o‘qigingiz kelib ketadi.

Futbol o‘sha «MUAMMOLAR AYSBERGI»ning ko‘rinib turgan joyi, xolos! Bilasiz, aysbergning tagi — suvda ko‘rinmay turgan joyi qanchalik kattaligini...

Endi, asosiy gapga o‘tamiz. To‘g‘ri, 1994 yilni hisobdan chiqarsak, 23 yilda uddalay olmagan ishimizni qandaydir ikki oy ichida qilib, «Amerika ochish» qiyin masala. Ammo, quvonarlisi, bizda ayni kez ajoyib imkoniyat yuzaga kelgan. Ikki uchrashuvda g‘alaba qozonsak, bo‘ldi. Jahon chempionati yo‘llanmasi qo‘limizda bo‘ladi. Keling, har xil g‘avg‘olarni chaynayvermay, kelajakka optimistik ko‘z bilan qaraylik. Shu yigitlarga yana bir bor va so‘nggi marta ishonch bildirib ko‘raylik. Oxirgi marta. Indamaylik. Erkin qo‘yaylik. 

Chinakam iste’dodlarni kashf etib, boshini boshiga qo‘shishni esa 2026 yilga qoldirsak. Qoldirsak, emas, mo‘ljallasak. Chunki 2018 yilgi jahon chempionatiga chiqqanimiz bilan bunday o‘yin va taktika(sizlik) bilan faqat raqib jamoalar hujumchilarining guruh bosqichidayoq to‘purar bo‘lishi uchun zamin yaratamiz, xolos. Hatto Afrikaning o‘rtamiyona terma jamoasi ham darvozamizga 6 tadan kam gol urolmay qoladi. To‘plar nisbatini ko‘rib, muzqaymoq ham botadi.

2022 yilgi jahon chempionatida o‘yinimiz kamida 50 foizga o‘sadi. 2026 yilda esa jahon chempionatiga tayyor bo‘lamiz. O‘shanda hatto Babayan bosh murabbiy bo‘lsa ham, Ahrol Inoyatov va boshqa Usmonovu Tolibjonovlardan tashkil topgan «futbolikat» ham xalal berolmaydi. Chunki o‘sha yillarga borib, faqat futbol emas, BOSHQA SOHALARda ham korrupsiya kamayadi, rivojlanish kuzatiladi. Katta-katta muammolar ildiz-pildizi bilan qo‘poriladi. Xalqimizning ongi, dunyoqarashi o‘sadi, kurashuvchanligi, g‘alabaga bo‘lgan intilishi ortadi. O‘zbekiston o‘z uyi ekanini, uning boyliklarini tashmalash faqatgina o‘zining molini o‘g‘rilashdek gap ekanini, yurtdoshini qiyratish o‘zini qiyratish ekanini tushunib yetadi. 

Amaldorlar amal — bu yeb-ichish, uni amalga ko‘targan, o‘qitib-tarbiyalagan odamlarning betiga tupurish, qon-qaqshatish emas, balki chindan xalqiga sidqidildan xizmat qilish ekanini tushunadi. Halollik va adolat ustuvor bo‘ladi. Qog‘ozbozlik, majlisbozligu safsatabozliklar kamayadi, yolg‘on hisobotlar, ko‘zbo‘yamachiliklar, maddohliklar qisqaradi. Ijrolar, haqiqiy ijrolar ortadi. Toki shunday bo‘lmas ekan, bilib qo‘ying, futbol ham rivojlanmaydi. Chunki futboldagi kamchiliklar mana shu muammolarning uzviy bir qismi. Ular bartaraf etilmaguncha futbol asabbuzarlik o‘yini bo‘lib turaveradi. Biz esa babayanlarni ayblash bilan ovora bo‘laveramiz. 

Shunday ekan, aziz do‘stlar, kimnidir yoki nimanidir o‘zgartirish, isloh etish yoki almashtirish kerak bo‘lsa, avvalo, o‘zimizdan boshlaylik. Salbiy xislatlarimizni xuddi Babayandek yomon ko‘rib, postidan haydaylik va o‘rniga yaxshisini olib kelaylik. 

«Vatan» degan so‘z biz uchun shunchaki «O‘zbekiston» emas, haqiqiy O‘ZBEKISTON bo‘lsin! Qayerda yursak ham, nima ish qilsak, ne xayollarga borsak ham shu vatanga ne naf berur, deb avvalo o‘ylaylik. 

O‘zbekiston o‘zimizga, ota-onamizu farzandimizga, keling, sevgan yorimizga aylanmagunicha, hech narsa o‘zgarmaydi. Tashmalash, o‘marish, jig‘ildonga urish, «sen menga tegma, men senga tegmayman», «sizdan uginayu bizdan shugina» qabilidagi marazliklarga ma’nan chek qo‘yolmasak, bizga hatto Nostradamus tirilib kelib, bashoratchilik qobiliyati evaziga murabbiylik qilsa ham Eronga yutqazib qo‘yaveramiz... Yana kim biladi? 

Zohidjon OLOV 

Manba: tribuna.uz
Kiritildi: 20:49, 23.06.2017.
O'qildi: 8723 marta.
Fikrlar: 35 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.