Kirish Ro'yxatdan o'tish
14/11 05:00 Urugvay - Kolumbiya
14/11 05:00 Peru - Chili
14/11 14:10 Avstraliya 0-0 Saudiya Arabistoni
14/11 17:00 KXDR 2-3 Eron
14/11 19:00 Bahrayn 0-1 Xitoy
14/11 19:00 Kuvayt 1-3 Janubiy Koreya
14/11 21:00 Ummon 1-0 Falastin
14/11 21:15 Iroq 0-0 Iordaniya
14/11 21:15 Qatar 3-2 O‘zbekiston
14/11 21:15 BAA 3-0 Qirg‘iziston
15/11 02:00 Venesuela 1-1 Braziliya
15/11 04:30 Paragvay 2-1 Argentina
15/11 05:00 Ekvador 4-0 Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya 0-4 Yaponiya

Nahotki Ronaldu "Real"dan ketadi?

Nahotki Ronaldu "Real"dan ketadi?

Baho:
+ | -

«Real» hujumchisi Krishtianu Ronaldu jamoadan ketishi haqida og‘iz ochganidan buyon, unga da’vogar klublar safi kengayib ketdi. Xususan, Angliyaning «Manchester Siti» klubi ham kurashga qo‘shildi. Bu haqda The Sun nashri xabar tarqatdi.

Umuman, Ronalduga 4ta yaqqol da’vogar bor - «Manchester Yunayted», «PSJ», «Bavariya» va aynan «Manchester Siti». Ayrim manbalarda alohida ta’kidlanishicha, futbolchining Ispaniya soliq organlari bilan yuzaga kelgan muammolar ta’sirida «Madrid»dan ketishi haqida aytgan gaplari mutlaqo jiddiy va u bu borada hattoki, yakuniy to‘xtamga ham kelib ulgurgan.

Krishtianuning fikricha, klub uni yetarli darajada himoya qilmayapti. E’tiborlisi, «Manchester Yunayted» rahbariyati «Real»dan nafaqat Krishtianu Ronaldu, balki Alvaro Moratani ham xarid qilmoqchi. Tuttosportning qayd etishicha, «qizil iblislar» ikki futbolchi uchun 210 million yevro va qo‘shimchasiga darvozabon David de Xeani taklif qilmoqchilar. Manbada qo‘shimcha qilinishicha, bu kelishuv amalga oshsa, «Real»ning qiziqish doirasiga tushgan «Milan» kiperi Janluiji Donnarumma «Yuventus» bilan muzokara jarayonini boshlashi mumkin.

Diqqatni tortadigan tomoni shuki, «Real» Ronalduni 400 million yevrodan kamiga sotmoqchi emas. Har holda, Daily Mail nashri shu mazmunda xabar tarqatdi. Qisqasi, madridliklar shu yo‘l bilan futbolchiga qiziqayotgan real xaridorlar hovurini bosmoqchilar. «Real» rahbariyati o‘z navbatida, klub prezidenti Florentino Peres, bosh direktori Xose Anxel Sanches va Krishtianu Ronaldu o‘rtasida maxsus uchrashuv tashkil qilib, yuzaga kelgan vaziyatni obdon muhokama qilmoqchi.

Ammo bu uchrashuv futbolchi Konfederasiyalar kubogi-2017dagi ishtirokini yakunlaganidan keyingina amalga oshishi mumkin. Eslatish kerak, Ronaldu  va «Real» o‘rtasidagi shartnoma muddati 2016 yilning noyabrida uzaytirilgan. Futbolchi 2021 yilgacha tuzilgan bitimga asosan, haftasiga 400 ming yevro miqdorida maosh oladi. Shu kelishuvda Ronaldu uchun belgilangan tovon puli naq 995 million yevrodir. Agar barchasi haqiqatga aylanib, Krishtianu chindan ham, klub bilan xayrlashsa, nima bo‘ladi?

«Real» rahbariyati hozirdan uning o‘rniga qaysi futbolchilarni jalb etishni o‘ylab qo‘ygan, shekilli. Demak, Madrid klubining asosiy «nishon»i - «Monako» hujumchisi Kilian Mbappe. Ispaniya chempioni ushbu futbolchi transferi uchun 135 million yevro sarflamoqchi.

«Madrid» ro‘yxatining ikkinchi qatorida 2 oycha oldin «Yuventus» bilan shartnomasi muddatini 2022 yilga qadar uzaytirgan Paulo Dibala turibdi. Bordiyu, shu ikkala variant ham amalga oshmasa, uchinchi nomzod - «Bavariya» hujumchisi Robert Levandovskiga e’tibor qaratiladi.

Umuman, Ronaldu va «Real» yo‘llari ayro bo‘lishi haqidagi xabarlar tobora keng quloch ochmoqda. Ya’ni har kuni yangi-yangi tafsilotlar yuzaga chiqmoqda. Aytish joiz, portugaliyalik futbolchining soliq bilan bog‘liq mojarolar tufayli Ispaniyadan chiqib ketishni o‘ylayotgani haqidagi dastlabki ma’lumot Portugaliyaning A Bola nashri tomonidan tarqatildi.

BBCning xabar berishicha esa, futbolchining vakillari payshanbadan jumaga o‘tar kechasi Ispaniyaning yetakchi nashrlariga qo‘ng‘iroq qilib, tongda sotuvga chiqariladigan A Bola muqovasiga alohida e’tibor qaratishni so‘rashgan. Shuningdek, Ronaldu Portugaliya termasi futbolchilariga ham «Real»dan ketayotganini ma’lum qilgan.

AS gazetasi taxminiga ko‘ra, Krishtianu «Real»dan ketishni bundan 2 oy muqaddam rejalashtirgan. Ya’ni aprel oyida shaxsiy agenti Jorje Mendeshga o‘z maqsadini aytgan. Ta’kidlanishicha, futbolchi aynan Mendesh maslahati bilan muhim o‘yinlar oldidan o‘z qarorini oshkor qilmay turgan ekan. AS ma’lumotlariga ishonsak, ketish haqidagi gap-so‘zlar soliqchilar bilan yuzaga kelgan muammoga bog‘liq emas. Marca esa Ronaldu Portugaliya termasidagi sheriklariga aynan nima deganini aniqladi.

Gazetada yozilishicha, u bu masalada qat’iy ohangda gapirgan: «Real»dan ketaman. Yakuniy qarorim shu. Orqaga yo‘l yo‘q». Marca shuning babobarida «Real»ning Ronalduni sotishga tayyorlanayotganini ham taxmin qildi. Xususan, gazetada «Qirollik klubi» 32 yoshli futbolchini sotib olishni istagan klublar uchun transfer narxi belgilagani haqida yozildi.

Unga ko‘ra, «Real» Krishtianuni 179,5 mln. yevro evaziga qo‘yib yuborishga moyil. Olingan mablag‘ esa «Monako»dan Kilian Mbappeni sotib olish uchun yo‘naltiriladi. Krishtianuga eng munosib da’vogar sifatida esa «MYU» tilga olindi.

Bilasiz, portugaliyalik futbolchi 2003-2009 yillar oralig‘ida aynan «qizil iblislar» sharafini himoya qilgan. Marca nashri yakunda Krishtianu Ronaldu o‘rnini bosishga nomzod 5 nafar futbolchini e’tirof etdi - Kilian Mbappe («Monako»), Antuan Grizmann («Atletiko»), Robert Levandovski («Bavariya»), Neymar («Barselona») va Paulo Dibala («Yuventus»). Ekspertlar taxminicha, «Madrid» o‘z yetakchisini yo‘qotishi ta’sirini kamaytirish maqsadida transferlar bozorida katta shov-shuv ko‘tarishga harakat qiladi.

Eslatma, ayni payt Ispaniya prokuraturasi Krishtianuni 14,7 mln. yevro miqdoridagi soliq to‘lovlarini yashirganlikda ayblamoqda. Agar ayblov o‘z tasdig‘ini topsa, futbolchi 5 yil muddatga qamalishi mumkin.

Forbes reytingida qanday o‘zgarish bo‘ladi?

Forbes jurnali Krishtianu Ronaldu «Real»dan ketishi klubning kelajakdagi reytingiga qanday ta’sir qilishi mumkinligini baholab ko‘rdi. Sports Money Index tomonidan tuzilgan reytingga asoslangan taxminlarga ko‘ra, klubning mavqesi sezilarli darajada tushadi. «Real» ayni payt ushbu reytingda 4-o‘rinni egallab turibdi. Forbes taxminicha, 32 yoshli futbolchi transferga qo‘yilsa, «qaymoqranglilar» «sportcha kuch» va «ommaviylik» reytingida 15-o‘ringa tushib ketishadi. E’tiborlisi, futbolchining o‘zi mazkur reytingda 6-o‘rinni egallab turibdi.

Sports Money Index reytingi (top-10)

1. Nike (sport buyumlari ishlab chiqaruvchi kompaniya)

2. «Barselona» (futbol klubi)

3. Pepsi (iste’mol mahsuloti ishlab chiqaruvchi kompaniya)

4. «Real» (futbol klubi)

5. LeBron Jeyms («Klivlend Kavalyerz» basketbolchisi)

6. Krishtianu Ronaldu («Real» hujumchisi)

7. «Nyu-York Yankiz» (beysbol klubi)

8. Creative Artists Agency (kreativ agentligi)

9. «Nyu-York Niks» (basketbol klubi)

10. Budweiser (iste’mol mahsuloti ishlab chiqaruvchi kompaniya)

Kalderondan alohida maslahat

«Real»ning sobiq prezidenti Ramon Kalderon ham Krishtianu Ronalduning jamoadan ketish haqidagi gaplariga munosabat bildirdi. «Esimda, uni «MYU»dan sotib olganimizda, xuddi shunga o‘xshash holat kuzatilgandi.

Ya’ni Ronaldu Angliyadan ketishni istadi va biz shartnoma tuzdik. Shundan kelib chiqib aytsam, Krishtianu chindan ham, ketishni istayotgan bo‘lsa, hammasi tugagan hisoblanadi.

Harqalay, bu holatda prezident sifatida hech narsa qilolmaysan. Demak, uni yaxshilikcha qo‘yib yuborib, foydali kelishuvga erishish ma’qulroq. Yo‘q, Ronaldu Xitoy yoki Yaqin Sharq tomon yo‘l olmaydi - bunga ishonmayman.

Axir u hamon juda yaxshi sport formasida va zo‘r o‘ynamoqda. Mohiyatan qaraganda, Krishning transferi Pogbanikidan qimmat bo‘lishi kerak. Xullas, uni o‘z safida ko‘rishni istayotgan klubning katta pul taklif etishiga to‘g‘ri keladi»,-dedi Kalderon.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:31, 26.06.2017.
O'qildi: 26597 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.