Kirish Ro'yxatdan o'tish
15/11 02:00 Venesuela 1-1 Braziliya
15/11 04:30 Paragvay 2-1 Argentina
15/11 05:00 Ekvador 4-0 Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya 0-4 Yaponiya

Daydilikdan qirollikkacha yetgan Kazemiro

Daydilikdan qirollikkacha yetgan Kazemiro

Baho:
+ | -

Kazemiro besh yoshda edi va u do‘stlari foyda keltirishi mumkinligini bilardi. Har holda, tunagani joy ajratishadi. Karlosning onasi bunga qarshi chiqmaydi. U - oiladagi to‘ng‘ich farzand, demak boshpana topishni o‘zi uddalashi lozim; ikkinchi o‘g‘il xolasinikiga yuboriladi, uchinchisi - buvisinikiga.

Ayolning o‘zi esa bir iloj topib tong ottiradi. Mabodo omadi yurishmasa, ko‘chaning biror burchagiga joylashib, mast-alast kishilar sezib qolmasligiga umid bog‘laydi...

Ust-boshi kirlangan Markinyo do‘stining iltimosini yerda qoldirmadi. Karlos bilan birga shovqinli ko‘chalarni kesib, favelaga borishdi: o‘g‘rilik avj olgan hududda imkon qadar sezdirmay yurish talab etilardi. Umuman, Markinyoning hayot tarzi ham Karlosnikidan deyarli farqlanmasdi: to‘rt tomoni faner bo‘laklari bilan o‘ralgan kulbani ular uy deb atashardi.

- Vaqti kelib, «Real»da o‘ynayman, - derdi Markinyo yetti kishi joylashgan kamtarona uyni ko‘zdan kechirarkan.

Kazemiro esa sukut saqlaydi. Uning orzu qilishga vaqti yo‘q; tonggi o‘yinda yaxshi qatnashish uchun yaxshilab uxlab, kuch yig‘ib olishi lozim. Balki u skautlar nazariga tushar, shundagina qiyinchiliklardan qutular, hech bo‘lmasa, shtat chempionatiga taklif etishar?! Keyingi muhim vazifa Silvaga murojaat etish; bir oydan buyon boshpana so‘rab unga murojaat etmagandi. Agar rad javobini olsa, Karlos onasi bilan ko‘chada qoladi.

Ertasiga ular maydonga tushishlari lozim, uning eng yaqin do‘sti Markinyo imkon qadar Kazemiro bilan bir tarkibga tushishga intiladi. U tezkor, texnikasi yuqori, ammo Karlosga qarshi to‘p surishni yoqtirmaydi. Bunaqasi kimga ham yoqardi? Kazemiro har bitta yakkakurashda g‘olib chiqishga urinadi. U jamoadagi eng kuchli futbolchi, unga qarshi o‘ynash devorga musht urishdek gap.

Kazemiro raqib do‘sti bo‘ladimi yoki raqib, farqi yo‘q, qo‘pol o‘yin ko‘rsatadi: hayotning o‘zi uni bo‘shashmaslikka undardi.

Kazemiro o‘n bir yoshga to‘lganda uni «San-Paulu» akademiyasiga qabul qilishdi. Karlosga internatda yashash taklifi bilan chiqishganda, avvaliga ishonmadi. Ochiq eshik oldida turarkan, imkoni yo‘qdek tuyulgan narsaning ro‘yobini ko‘rgandek edi: endi o‘z xonasi bor.

«Muntazam ravishda uxlashim mumkin bo‘lgan joy topildi. Xonamda televizor, kondisioner hamda musiqa tinglash uchun imkoniyat bor edi, shu yerda ovqatlanardim. Bularning bari g‘aroyib tuyulgandi».

Nihoyat, Kazemiro ham bor e’tiborini futbolga qaratadigan kunlar kelgandi. Ammo taomlarga ko‘nikish oson bo‘lmadi: u ham o‘zi, ham ukalariga ovqat tayyorlardi. Kazemiroga stipendiya belgilangan, ammo qorni to‘q, tunashga joy bor - pullarning nima keragi bor?

Karlos ularni onasiga yuborardi, o‘ziga esa yoqtirgan sutli kokteyli uchun ozgina olib qolardi.

Hayoti asta-sekin izga tushdi, ammo bularning bariga qanday erishganini aslo unutmaydi. Taqdir uning bo‘shashishiga yo‘l qo‘ymas, o‘zi ham hech kimni ayamasdi. «San-Paulu»da ham to‘p uchun jon-jahdi bilan kurashish bobida unga yetadigani yo‘q edi. Teng­doshlari imkon qadar uning jamoasiga qo‘shilishni istab, shunday imkoniyat tug‘ilganda boshqa akademiyadagi futbolchilarga qarshi ko‘tarinki kayfiyatda to‘p surishardi.

Raqiblar Kazemiro bilan bo‘ladigan har bir to‘qnashuvda yerga qulashardi. Karlosni jamoadoshlari va ishqibozlar juda yaxshi ko‘rishardi. Murabbiylarning qarashlari esa boshqacha edi: ularga yaxshi texnika va himoyaviy harakatlardagi mustahkamlik muhimroq. Qahramonimiz 14 yoshda mashhurlikka erishdi: yevropalik skautlar uning o‘yinlarini kuzatish uchun tashrif buyurishdi.

«Uni ilk bor «San-Paulu»da ko‘rgandim. Go‘yoki, katta yoshli futbolchi bolalarga qarshi to‘p surayotgandek edi. Karlos tengdoshlari orasida o‘zgacha sifatlari bilan ajralib turardi. Har bir bahsda maydon markazida hukmronlik o‘rnatardi. Uning jismoniy imkoniyatlari yuqori, boz ustiga, braziliyaliklarga xos texnikani o‘zlashtirgan», - degandi afsonaviy Kaziragi o‘yinchilik faoliyatini yakunlab, skaut sifatida ishlab yurgan kezlari.

Kazemiro 16 yoshga to‘lganida skautlar e’tiboridan chetda qoldi. Ammo Kaziragi hamon uni kuzatardi. Karlosda aniqlik yo‘qola boshlagan, asosiy zarbalar to‘pga emas, raqib oyog‘iga yo‘naltirilardi. Biroz vazn orttirib, tezlikda yutqaza boshlagandi. Kimlardir uni safdan chiqarishga ulgurishdi. Taksichilar - Braziliyada futbolchilar haqida aynan shu kasb egalaridan so‘rashar, ular yigitchaning aysh-ishratga berilganligini ta’kidlashardi.

Kazemiro har oqshom mashg‘ulotlarga mast holda kelardi. Murabbiylardan tanbeh eshitgach, maydonga tushardi. Karlos raqib jamoa futbolchilari va hakamlarni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlar, har bir bahsda sariq kartochka olgach, murabbiy tomonidan almashtirilardi: uni shu tariqa tarbiyalashga urinishardi.

Shu tariqa qahramonimiz Kazemarra degan taxallus orttirib oldi - uning nomiga marrento, ya’ni «takabbur» qo‘shimchasi qo‘shilgandi. Kazemiro hamma bilan nizo chiqarardi - do‘stlari, raqiblari, murabbiylari, - keyinchalik jurnalistlardan shikoyat qilishga tushdi. Unga Lukas Mouraning akademiya yulduzi sifatida ardoqlanishi yoqmasdi. Karlos orzusidagi barcha narsaga yetishgandi: xarobadan qutuldi, onasiga uy sotib olib berdi - endi esa butun jahonda o‘ziga joy topolmasdi...

19 yoshga to‘lganida Kazemiro butun dunyo unga xayrixoh ekanini tushundi. Murabbiylar Karlosni ijobiy tomonga o‘zgartirib, uni yangi maqsadlar sari ruhlantirishdi. Ertasiga Sudamerikana U-20 turniriga yo‘l oladi; bu jamoaning qanotlarida Neymar va Lukas Moura ajoyib o‘yin ko‘rsatishadi, sardorlik esa Kazemiroga nasib qiladi. U Ekvadorga qarshi kechgan muhim bahsda mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, sheriklarini g‘alaba sari ruhlantiradi va keyinchalik braziliya­liklar urugvaylik tengdoshlarini mag‘lubiyatga uchratishadi.

Kazemiro xotirjam. Karlos hali hech nimaga erishmaganini tushunib, takabburlikdan voz kechdi. Uning farovonligi onasining uyi kabi bir zumda yo‘q bo‘lishi mumkin edi. O‘z ustida tinmay ishladi, har kuni kuchayishda davom etdi, aniqligi oshdi. Ko‘p o‘tmay, «Real» «San-Paulu» bilan aloqaga chiqdi, ammo futbolchiga faqat «Kastilya»dan joy kafolatlangandi. Karlos uchun «uchranglilar» sardori ekani, 100dan ortiq o‘yinda maydonga tushgani ahamiyatsiz edi. Bu bolalikdagi do‘stlarining orzusi va uni amalga oshirishi shart.

Anchelotti Kazemironi yaxshi tanib ulgurmay, bir to‘xtamga keldi: 16 yoshida undan noto‘g‘ri foydalanishgan. Karlos tayanch nuqtasiga o‘tkazildi, ushbu pozisiyaga tezda kirishib ketdi, ammo «galaktikos» asosiy tarkibiga kirish oson emasdi. Shu tariqa «Portu»ga yo‘l olib, Lopetegida yorqin taassurot qoldirdi.

Karlos vaqt o‘tgani sari «ajdarlar» yetakchisiga aylandi. Uni Portugaliyadagi eng yaxshi xavbek sifatida ardoqlashadi. Madridga Benites kelgach, Peresga shunday dedi: «Jamoamizda bitta kamchilik bor - Kazemiro «Portu»da o‘ynayapti».

Shundan so‘ng braziliyalik yarim himoyachi Ispaniya poytaxtiga qaytdi. U endi millioner, bemalol oilasini boqishi mumkin. Rojdestvoda ukalari unga unga «Rahmat, otajon!» deb yozilgan qutlov maktublari jo‘natishadi. Kazemiro «Real»da ham eng baquvvat futbolchi edi, ammo buning o‘zi kamlik qilardi. U pas uzatish va pozisiya tanlash bo‘yicha ishladi, jurnalistlarga esa murabbiy hamisha haq ekanligini ta’kidladi. Zidan Karlosdagi o‘sishni payqab, uni asosiy tarkibga joyladi...

Kazemiro 25 yoshga to‘lganida o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga yetdi. U oilasi va shaxsiy hayotini to‘liq ta’minlagandi. Endi «Real»ga ham foydasi tegyapti. Har bir harakati bilan jahonning eng yaxshi klubi o‘yinini o‘zgartira oladi, jamoada balans va tartib o‘rnatilishiga hissa qo‘shadi. Karlos raqibdan to‘pni olib qo‘yish bo‘yicha Ispaniyada tengsiz. Muammo tug‘ilishi hamono, darvoza tomon zarba yo‘llab, «Real»ni o‘yinga qaytaradi.

Madridliklar Chempionlar Ligasi finaliga chiqishdi, o‘yin o‘rtalarida Kazemiro Pyanichni yiqitdi. Bosniyalik yarim himoyachi og‘riqdan qiynalardi, Karlos esa shunchaki, jilmaydi: hayot undagi talabchanlikning pasayishiga yo‘l qo‘ymadi, «Real» yarim himoyachisi esa buni raqiblarga qo‘llamoqda...

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:33, 01.07.2017.
O'qildi: 9487 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.