Bahsli holatlarda videotakrordan foydalanish fikri FIFAning sobiq prezidenti Yozef Blatterdan chiqqandi. Unga ko‘ra, bahsli holatda ikki jamoa murabbiylari maydonda yuz bergan jarayonni takror ko‘rib chiqish huquqiga ega bo‘lishlari ko‘zda tutilgan. Bu imtiyozdan bir bo‘lim davomida ikki marta, o‘yin to‘xtatilgan paytdagina foydalanish mumkin. Agar hakamning dastlabki xulosasi to‘g‘ri chiqsa, jamoaning videotakrorlarni so‘rash so‘rovi soni kamayib boradi. Bu amaliyot tennis, voleybol va Amerika futbolida allaqachon amaliyotdan o‘tgan.
Blatter hakam va murabbiylar uchun maydon chetiga maxsus monitorlar o‘rnatilishini taklif qilgandi. Bundan tashqari, FIFA rahbari ushbu yangilikdan faqat televideniye orqali translyasiya qilinadigan o‘yinlarda foydalanish mumkinligini ham bildirgan. Mazkur qoidani ilk bor 2015 yili Yangi Zelandiyada bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida sinab ko‘rish rejalashtirilgan, lekin texnik tayyorgarlik yakuniga yetmagani bois jarayon ortga surilgandi. O‘shanda aksariyat mutaxassislar umumiy xulosaga ko‘ra, bu qoida mukammal ishlab chiqiladigan bo‘lsa, futbolga katta foyda keltirishini bildirishgan.
ILK MARTA
Mazkur loyiha futbolda ikki jamoa murabbiylarining talabiga ko‘ra emas, balki hakamlarning ishini yengillashtirish maqsadida joriy qilindi. Boshqa sport turlarida videotakrorlar faqat musobaqalashayotgan taraf vakilining talabiga ko‘ra o‘yin davomida sanoqli marta amalga oshiriladi. Futboda esa bu yerda hech qanday cheklov yo‘q.
2016 yil 8-18 dekabr kunlari Yaponiyada o‘tkazilgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ilk bor videotakrorlardan foydalanildi. Musobaqa davomida mazkur yangilikka «Real Madrid» vakillari Zayniddin Zidan va Luka Modrich o‘z e’tirozlarini bildirishgan.
Video yordamchi hakam, ya’ni video assistant referee (VAR) deya atalayotgan bu yangilik futbol qoidalarining tarkibiy qismi emas. Mazkur tizim 4ta holatga oydinlik kiritadi: 1. Gol; 2. Penalti; 3. Qizil kartochka; 4. Xatoni aniqlashtirish (futbolchiga sariq yoki qizil kartochka berilishini hal etish).
ERMATOV - VIDEOHAKAM!
FIFA referisi, hamyurtimiz Ravshan Ermatov Konfederasiyalar kubogi-2017 turnirida videotakrorlar bo‘yicha referi assistenti vazifasini bajarmoqda.
Oldin xabar berganimizdek, FIFA uchrashuvlarni boshqarish uchun 9 nafar bosh hakamni tanlab olgan. Ermatov esa ularning ichida yo‘q edi. O‘zbekistonlik referi FIFA tasnifidagi musobaqalarda ikkinchi marta qo‘llanilayotgan yangi tizimni ishlatishda ko‘makchi vazifasini o‘taydigan bo‘ldi. U asosan osiyolik hakamlar Alirizo Fag‘oni (Eron) va Fahad Al-Mirdasi(Saudiya Arabistoni) hakamlar guruhiga biriktirilgan.
Ma’lumot uchun, Ermatov FIFAning ketma-ket ikkinchi yirik musobaqasida bosh hakam sifatida emas, balki videoassistent sifatida ishlashi belgilanmoqda. Bungacha FIFA videotakrorlarni ilk marta sinovdan o‘tkazgan 2016 yilgi klublar o‘rtasidagi JCHda ham bahraynlik hakam Navaf Shukrulla guruhiga Ermatov videoassistent sifatida biriktirilgan va ular bu musobaqada 2ta bahsda qatnashgandilar.
ILK MARTA GOL BEKOR QILINDI
Konfederasiyalar kubogi-2017 doirasidagi 18 iyun sanasida bo‘lib o‘tgan Portugaliya - Meksika uchrashuvida bosh hakam Nestor Pitan portugallar futbolchisi Pepening golini hisobga olmadi. Aniqrog‘i, o‘yinning 21-daqiqasida kiritilgan to‘p videoyordamchi ofsayd qayd etganidan so‘ng bekor qilingan.
Mazkur o‘yin video yordamchi hakamlari sifatida Jeyr Marrufo (AQSH) va Dalibor Jurjevich (Serbiya) tayinlangandi.
ITALIYA VIDEOTAKRORLARGA TAYYORMI?
Italiya futbol federasiyasi prezidenti Karlo Tavekkio 2017|2018 yillar mavsumidan boshlab «A» seriya o‘yinlarida videotakrorlardan foydalanilishini ma’lum qildi.
«Bahsli vaziyatlarni ko‘rib chiqish uchun alohida xona talab etiladi. O‘yinni kamida 8ta kamera suratga tushiradi. 2 million yevro atrofidagi xarajatlarni «A» seriya o‘z zimmasiga oladi. FIFA hali yakuniy ruxsatni bermadi, lekin bunga qarshilik bildirmasa kerak. Shu bois, biz kelasi mavsumdan boshlab videotakrorlardan foydalanmoqchimiz»,-dedi senyor Tavekkio.
Ushbu yangilik joriy qilinishi bilan darvoza ortida ishlaydigan yordamchi hakamlar tayinlovi bekor qilinadi. Shu o‘rinda, «A» seriyaning yakunlangan mavsumida golni avtomat ravishda aniqlaydigan tizimdan foydalanilganini ham eslatib o‘tish joiz.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, joriy mavsum videotakrorlar Germaniya, Braziliya, Portugaliya, Gollandiya, AQSH va Avstraliya chempionatlarida ham sinab ko‘riladi.
YANGILIKKA MUNOSABAT
FIFA prezidenti Janni Infantino Konfederasiyalar kubogi 1-turidan o‘rin olgan Avstraliya va Germaniya o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng (2017 yil 19 iyun) musobaqada yangi tizim (VAR) ishlayotganligidan mamnun ekanligini aytdi. Mazkur bahsda Ravshan Ermatov videoyordam guruhida ishladi. Uchrashuvning o‘zi esa Germaniya foydasiga 3:2 hisobida yakunlandi.
«VAR tizimi qo‘llanilayotganidan juda mamnunman. Videoyordamchilarning hakamlarga to‘g‘ri qaror qabul qilishda qanday yordam berayotganini ko‘rmoqdamiz. Tizimning Konfederasiyalar kubogida sinovdan o‘tishi bizga jarayonlarni va hakamlar bilan aloqa qilishni yaxshilashda yordam beradi. Muxlislarning ko‘p yillar davomida orziqib kutganlari yuz berdi. Videoyordam tizimi bu zamonaviy futbol kelajagidir»,-dedi Infantino.
«Arsenal» bosh murabbiyi Arsen Venger ushbu yangilikka o‘z munosabatini bildirarkan, jamoasi ishtirokidagi bir qator bahslarda videotakrordan foydalanilganda vaziyat bosh-qacha yakunlanishi mumkinligi haqida gapirdi.
«Men 2006 yili Chempionlar Ligasi finalida «Barselona» urgan birinchi golni tanlagan bo‘lardim. O‘shanda «ofsayd» bor edi, biz bahs yakunlanishiga 30 daqiqa qolganida 1:0 hisobida oldinda borayotgandik. Bilasiz, menga xuddi shu musobaqa bosh sovrini yetishmaydi va o‘sha to‘p kiritilgan epizod muhim sanalardi. Ikkinchi holat esa aynan «Barselona»ga qarshi kechgan 2011 yilgi uchrashuvda Robin van Persiga ko‘rsatilgan qizil kartochka bilan bog‘liq. Biz juda kuchli raqibga qarshi bahs olib borayotgandik. O‘shanda hakamning qarorini qabul qilish juda og‘ir edi. Futbolchimizning chetlatilishi bizning imkoniyatlarimizga nuqta qo‘ygandi.
Nihoyat, yaqindagina bo‘lib o‘tgan yana bir holatni eslab o‘tmoqchiman. «Bavariya» bilan Chempionlar Ligasi uchrashuvida Koselni chetlatilib, darvozamiga penalti belgilangan vaziyatda Levandovski «ofsayd»da turgandi. Yodimga tushgan vaziyatlar shular, balki boshqa yana ko‘plab shunga o‘xshash vaziyatlarni eslay olmagandirman?!»,-dedi Venger.
UYEFAning sobiq prezidenti, ma’lum muddatga futbol sohasida faoliyat yuritishdan chetlatilgan Mishel Platini ham millionlar o‘yinida videotakrorlardan foydalanish joriy qilinishiga o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.
«O‘ylashimcha, bu qaror to‘g‘ri emas, lekin sinab ko‘rish mumkin. Agar samara keltirsa, nega uni qo‘llamaslik kerak? Shaxsiy fikrim, bunday ishlamaslik lozim. Mayli, balki men nohaqdirman. Har holda bu urinishlar videouskunalar ishlab chiqaruvchi kompaniyaning biznesi rivojlanishi uchun emasdir?! Agar shunday bo‘lsa, bu juda yomon hodisadir. Futbol - ajoyib o‘yin. Ba’zida hakamlarning xatolari uni tomoshabop qiladi. Videotakrorlar jozibani buzib qo‘ymasligi kerak»,-dedi Platini L~Equipe nashriga bergan intervyusida.
SHIFOKORLAR HAM ALOQADORMI?
Futbol assosiasiyalari xalqaro uyushmasi (IFAB) har yili o‘tkaziladigan majlisida yangi qoidani tasdiqlashi mumkin. Unga binoan, jamoa shifokorlariga uchrashuvlar vaqtida videotakrorlarni ko‘rish ruxsat etiladi.
Associated Press xabar berishicha, so‘nggi vaqtlarda o‘yinchilarda miya chayqalishi ko‘p kuzatilmoqda, ammo shifokorlar o‘z vaqtida tashxis qo‘ya olmayaptilar. Shuning uchun futbolchilar o‘ynashda davom etib, keyinchalik muammolarga duch kel-yaptilar. Agar tibbiyot xodimlariga videotakrorlarni ko‘rish ruxsat etilsa, murabbiydan o‘yinchini o‘z vaqtida almashtirishni so‘rab murojaat etishlari mumkin bo‘ladi.
XULOSA
Videotakrorlar masalasi endigina amaliyotga tatbiq etilayotgani bois uning kamchilik va yutuqlari borasida tortishuvlar bo‘lishi aniq. To‘g‘ri, aynan shu yangilik tufayli o‘yinda kutilmagan tanaffuslar yuzaga kelyapti. Lekin adolat yuzasidan tan olaylik, ularning vazifasi futbolda adolat tamoyilini yanada to‘liq qaror toptirishga qaratilgan. Millionlar o‘yinida joziba yo‘qolishi borasidagi e’tirozlarga kelsak, bu gaplarda ham jon bor. Lekin bekor qilingan O‘zbekiston-Bahrayn o‘yini yoki «Barselona»-«Chelsi» duellarini bir yodingizga keltiring. Agar o‘sha payt bu tizim (yoki texnologiya) joriy etilganida, hozir futbol qanday bo‘lishi mumkin edi?