Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Kamoliddin Rahimov: "Niyatimiz, “SHo‘rtan”ning avvalgi mavqe’sini tiklash"

Kamoliddin Rahimov: "Niyatimiz, “SHo‘rtan”ning avvalgi mavqe’sini tiklash"

Baho:
+ | -

Yaqinda "Sho‘rtan" jamoasi rahbariyatida o‘zgarish yuz berdi.

Klub bosh homiysi "Sho‘rtanneftgaz" MCHJ rahbriyatining tavsiyasi va qaroriga ko‘ra endilikda "Sho‘rtan" PFK MCHJ bosh direktori lavozimida Kamoliddin Rahimov faoliyat olib boradigan bo‘ldi.

Ma’lumki, "Sho‘rtan" bu yilgi musobaqaning oraliq davrasini, o‘ziga xos bo‘lmagan 14 o‘rin bilan yakunladi. Ko‘rinib turibdiki, ikkinchi davrada jamoa oldida hali bajariladigan ishlar yetarlidan ham ortiqroq. Xo‘sh, yozgi ta’tildan keyingi rejalar, ikkinchi davraga tayyorgarlik jarayonlari, tarkibni ko‘chaytirish masalalari qay tarzda olib borilmoqda. Yangi rahbarning ish rejalari va maqsadlaridan nimalar o‘rin olgan. Ushbu savollar yuzasidan, biz Rahimov bilan suhbat tashkillashtirdik:

- Kamoliddin Ergashevich, avvalo "Sho‘rtan" PFK MCHJ Bosh direktorligidek mas’uliyatli vazifaga tayinlanishingizdan so‘ng o‘zingizni qanday his qilayapsiz?

Klub rahbarligiga tayinlanganimdan so‘ng jamiyat faoliyatini o‘rganib chiqdim. Shuni aytish joizki, klubda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar juda ham ko‘p. Klub rahbariyatida va murabbiylar shtabida o‘zgarishlarni amalga oshirdim. Klub rahbariyatining e’tiborsizligi, seleksiya ishlarida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar, murabbiylar shtabining saviyasi pastligi, jamoaning turnir jadvalida quyi pog‘onadan o‘rin egallashiga asosiy sabab bo‘ldi deb hisoblayman.

   
- Odatda har qanday tashkilotda yangi tayinlangan rahbar o‘z maqsad va rejalari bilan ish boshlaydi. Aytingichi, Siz bu borada qanday yangiliklar, o‘zgarishlarni amalga oshirmoqchisiz?

Jamoaning moliyaviy ahvoli havas qiladigan darajada emas. Klubning 2012-2016 yillardan beri to‘lanmasdan, yig‘ilib kelayotgan qarzdorligi mavjud. Shu sababli, asosiy vazifalarimdan biri qarzdorlik bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarni qo‘ldan kelguncha tezroq bartaraf qilishdan iborat. Klub tasarrufidagi faoliyati deyarli to‘xtab qolgan “Qurilishi sektori”ni qayta ishga tushirib, yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali ham ushbu qarzdorliklarni kamaytirishni rejalashtirganman. Yil yakuniga qadar, “Sho‘rtan” futbol akademiyasini ishga tushirishni ham ko‘zda tutganmiz. 

Ma’lumki, "Sho‘rtan" jamoasi bu yil O‘zbekiston chempionati Oliy ligasida o‘zining o‘n ikkinchi mavsumini o‘tkazmoqda. O‘z davrida, ya’ni 2010 yili jamoamiz Oliy ligada 4 o‘rinni egalladi. O‘sha yilning o‘zida mamlakat Kubogi bahslarida finalga qadar yetib bordi. Hattoki, Xalqaro musobaqa - Osiyo futbol Konfederasiyasi Kubogi-2011 turnirida ham munosib ishtirok etdi. Lekin keyingi yillarda "Sho‘rtan jamoasi o‘z mavqeini biroz pasaytirib yuborgandek bo‘lmoqda. Siz jamoani bu yilgi musobaqalarning birinchi davra oxirida qabul qilib oldingiz. Garchi, "Lokomotiv", "Paxtakor", "Bunyodkor" kabi kuchli jamoalar mag‘lubiyatga uchratilgan bo‘lsa-da, davra yakunlari bo‘yicha rahbariyat "Sho‘rtan" ishtirokini qoniqarsiz baholadi. Natijada murabbiylar guruhida ham iste’folar qayd etildi. Demoqchimizki, jamoa ishtirokini yangi bosqichga ko‘tarish, ikkinchi davraga ko‘ngildagidek tayyorgarlik ko‘rish, murabbiylar guruhini yangilash va tarkibni kuchaytirish borasida qanday ishlar olib borish rejalashtirilgan? 


-Hozir aytib o‘tganimdek, klubda bajarilishi zarur bo‘lgan ishlar va vazifalar juda ko‘p. Avvalambor, jamoaga yaxshi mutaxassislarni jalb qilmoqchiman. Kuni kecha, Vitaliy Legay va Gennadiy Kochnevlar klubimizda ish boshladilar.  Jamoaning mashg‘ulotlar jarayonini to‘liq tushuna biladigan, futbolchilarni jismoniy holatini yaxshi anglay oladigan, texnik va taktik jihatlarini ham yuksaltira oladigan, sog‘lom jamoaviy muhitni yarata oladigan yana bir-ikkita yaxshi mutahassislar taklif etiladi. Ikkinchi davra oralig‘idagi tayyorgarlik jarayonida e’tiborni ko‘proq o‘zimizni mahalliy tarbiyalanuvchilarimizga qaratamiz. Jamoani kuchaytirib, uni avvalgi mavqe’ini qaytarishga harakat qilamiz. Haqiqatdan ham jamoamiz birinchi davrada sensasion g‘alabalarni qo‘lga kiritdi, ammo omad xar doim ham kelavermasligini unutmaslik shart. Shu sabab, jamoaviy va tartibli o‘yin ko‘rsata oladigan jamoa shakllantirishga bel bog‘laganman.

- Yaqinda Respublika miqyosidagi Ommaviy Axborot Vositalarida, jamoaning sobiq bosh murabbiyi vazifasini bajarib borgan Ixtiyor Karimovning "Sho‘rtan" va uning birinchi davradagi ishtiroki, jamoa atrofidagi masalalar xususidagi suhbati chop etildi. Ana o‘sha suhbat davomida jamoamiz bir qator muammolar ichida qolganligi ta’kidlanib, eng asosiy urg‘u moliyaviy holatning yaxshi emasligiga berilgandi. Ayniqsa, gap 2011 va 2012 yillar davomida jamoada faoliyat olib borgan legioner futbolchilar va ishlagan mutaxassislarning ish xaqlari to‘lanishi bilan bog‘liq muammolar Xalqaro futbol tashkiloti - FIFAga qadar yetib borganligi va "Sho‘rtan" PFK turli darajadagi jazolarga tortilayotganligi, bu muammolar yechimi oson kechmasligi aytilgan. Hattoki, jamoamizning Oliy ligadagi keyingi ishtiroki ham so‘roq ostida ekanligi qayd etilgan. Bu borada o‘quvchilarga, muxlislarga va mutaxassislarga qanday fikr bildirasiz? 

Haqiqatdan ham, 2011-yilda jamoamiz tarkibida to‘p surgan Urosh Milosavlevich hamda 2012-yilda “Sho‘rtan”da murabbiylik vazifasida faoliyat olib borgan Igor Kriushenko va Vitaliy Varivonchikning  o‘z vaqtida to‘lanmagan maoshlari bo‘yicha FIFAga qilgan murojaatlari natijasida kelib chiqqan jiddiy muammolar mavjud. “Sho‘rtan”da 2011 yildagi mavsumning birinchi davrasida to‘p surgan Milosavlevich bilan birinchi davra yakuni bo‘yicha to‘liq hisob –kitob qilingan. Ikkinchi davrada ushbu futbolchi  “Bunyodkor” jamoasida to‘p surib  O‘zbekiston Chempioni bo‘lgan. Lekin shunday bo‘lsada, oradan 3 yil o‘tib ikkinchi davra uchun “Sho‘rtan”dan pul talab qilib FIFAga murojaat qilgan. Klub rahbariyatining uning murojaati bo‘yicha FIFA tomonidan kelgan xatlariga va qarorlariga bee’tibor bo‘lganligi natijasida “Sho‘rtan” katta miqdordagi jarima to‘lashga majbur bo‘ldi. Usha jarima to‘lovi ham kechiktirilgan holda to‘langanligi sabab, FIFA qo‘mitasi jamoani birinchi ligaga tushirilishi to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Biz FIFAga bu qarori bo‘yicha e’tiroz xati yuborganmiz va yakuniy qarorni kutmoqdamiz. Ushbu e’tirozimiz qabul qilinib, natijasi ijobiy bo‘lishiga umid qilayapmiz. Igor Kriushenko va Vitaliy Varivonchik muammosi ham ushbu muammoga o‘xshash. 2012 yilda, murabbiylar oldida klub juda kam miqdorda qarzdor bo‘lgan. Ammo klubda o‘tkazilgan moliyaviy va xo‘jalik faoliyati bo‘yicha nazorat taftishi natijasida yuzaga kelgan moliyaviy muammolar sababli ushbu qarzdorlik to‘lanmay qolgan. Keyinchalik, rahbariyat tomonidan ushbu qarzdorlikni to‘lash imkoniyati mavjud bo‘lgan. Ushbu murabbiylar hatto rahbariyat bilan aloqaga chiqqan va klub bazasiga tashrif ham buyurishgan. Bundan tashqari, ushbu muammoni tinch yo‘l bilan hal qilish maqsadida bitim tuzish taklifini ham bildirishgan. Ammo klub rahbariyati quruq va’adadan boshqasiga yaramagan. 2016 yilda esa ushbu murabbiylar FIFAga murojaat qilishgan. Ularning murojaati bo‘yicha ham FIFA qo‘mitasi qaror chiqargan. Lekin ushbu qaror ham e’tiborsiz qoldirilgan va buning natijasida 2017 yilda klub FIFAning navbatdagi ogohlantirishini qabul qilishga majbur bo‘ldi. Shunday bo‘lsada, biz murabbiylar bilan aloqaga chiqib ular bilan kelishuv bitimini imzolashga va qarorda belgilangan jarima summasi miqdorini anchagina kamaytirishga erishdik.     

- Ko‘p ming sonli muxlislarimizni bugungi kunda sevimli "Sho‘rtan" jamoamizning keyingi taqdiri qiziqtirmoqda. Ushbu savolga ham aniq oydinlik kiritib ketsangiz?

Yuqorida aytib o‘tganimdek, biz, ya’ni yangi rahbariyat qisqa muddat ichida jiddiy muammolarni bartarf qilish yo‘lida qo‘limizdan kelgan barcha ishni qildik. FIFA qo‘mitasining javobini kutishdan boshqa choramiz yo‘q.

- Yozgi ta’til ham deyarli o‘z nihoyasiga yetdi. Ikkinchi davraga tayyorgarlik ishlari qachon va qayerda olib boriladi? Jamoaga yangi bosh murabbiy va uning yordamchilarini tayinlash borasida qanday qaror qabul qilindi. 
Jamoamiz kecha klub qarorgohida ikkinchi davraga tayyorgarlik mashg‘ulotlarini boshlab yubordi. Uquv-yig‘in mashg‘ulotlarini yaxshi va sifatli o‘tishi uchun Legay va Kochnev kabi malakali murabbiylarni jalb qildik. Yaqin kunlarda bosh murabbiy masalasi ham hal etiladi. 5 iyuldan 18 iyulga qadar jamoamiz mashg‘ulotlarni G‘uzorda o‘tkazadi, 21 iyuldan 2 avgustga qadar  esa ikkinchi davraga tayyorgarlikni Toshkentda davom ettirishni rejalashtirganmiz.

- Tabiiyki, tarkibni munosib futbolchilar bilan shakllantirish, bo‘sh chiziqlarni kuchaytirish ishlari to‘g‘risida ham to‘xtalsangiz?

- Albatta, xabaringiz bor klub mavsumning birinchi davrasi yakuni bo‘yicha bir qator futbolchilar bilan hayrlashdi. Ularni o‘rnini esa asosan mahalliy futbolchilarimiz bilan to‘ldirish bilan bir qatorda boshqa jamoalardan ham bir nechta iqtidorli futbolchilarni taklif qilishni rejalashtirganmiz.  

Manba: fcshurtan.uz
Kiritildi: 11:16, 07.07.2017.
O'qildi: 4021 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.