Londonning «Arsenal» klubi Madridning «Atletiko» hujumchisi Xulian Alvaresni o‘z safiga qo‘shib olish uchun jiddiy qadam tashladi. Bu haqda argentinalik taniqli futbol insayderi Veronika Brunati o‘z ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.
Insayderning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, «kanonirlar» argentinalik forvard uchun «matraschilar»ga 100 million yevro naqd pul va o‘z tarkibidagi futbolchilardan birini berishga tayyorligini bildirgan.
Shu bilan birga, ushbu transfer poygasida London klubining raqobatchisi ham ancha faol. Bundan avvalroq Fransiyaning «PSJ» klubi Alvares uchun ancha jozibaliroq — 120 million yevro va ikki nafar o‘yinchisini taklif qilgani xabar berilgan edi. Brunati o‘z manbasida Parij klubining ushbu taklifini ham tasdiqlagan.
Jurnalistning qo‘shimcha qilishicha, hujumchining o‘zi hozircha transfer mish-mishlariga chalg‘imaslikni lozim topgan. Alvares yaqin kunlar ichida o‘z kelajagi va keyingi rejalari borasida OAVga hech qanday bayonot bermoqchi emas.













