Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

O‘jarning ishi yurishsa… A seriyaning omadli murabbiyi Gasperini haqida

O‘jarning ishi yurishsa… A seriyaning omadli murabbiyi Gasperini haqida

Baho:
+ | -

O‘tgan mavsum yevrofutbol kashfiyotlaridan biriga aylangan «Atalanta» Italiya «A» seriyasida 4-o‘rin band etdi. Ushbu natija ko‘p yillar o‘z taktikasi uchun kurashgan, bu  yo‘lda hattoki, qo‘l ostidagi futbolchilar bilan necha-necha marta nizoga borgan, klublar prezidentlari tomonidan yetarlicha tanqidga uchragan murabbiyning mashaqqatli mehnatlari samarasidir. Gap o‘jarligi bilan tanilgan Jan Pyero Gasperini haqida.

Gasperini oilasi vakillari 2008 yilning 10 noyabrida bayram dasturxoni atrofida to‘planishdi. Jan Pyero to‘ng‘ich o‘g‘li - Davideni tug‘ilgan kuni bilan tabriklash maqsadida «Jenoa»ning kechki mashg‘ulotini bekor qilgandi. Ayyom ayni qizigan pallada tadbir sababchisi o‘rnidan turdi. «Otajon, sizni yaxshi ko‘raman! Ammo «Yuventus» mening eng yoqtirgan klubim  bo‘lib qolaveradi...»,-dedi Davide. U 25 yoshga to‘lgandi, bir necha kundan so‘ng turinlik futbolchilar ajoyib sovg‘a tayyorlashdi: otasining «Jenoa»sini butunlay tor-mor qilishdi - 4:1. Kichik Gasperini baxtiyor edi, ammo Jan Pyero farzandidan aslo ranjigani yo‘q: «O‘zim aybdorman! Chunonchi, uni aynan «keksa sinyora»ga ishqibozlik qilishga da’vat etganman». Gap shundaki, «Yuventus» bu murabbiy uchun ko‘p narsani anglatadi. Shuning barobarida faoliyatidagi eng og‘riqli nuqta ham aynan Turin superklubi bilan bog‘liqdir. Gasperini 1970 yillar boshida umidli yarim himoyachi sifatida gavdalangandi: «Yotganimda ham, turganimda ham egnimdan oq-qora rangli libos tushmasdi. Har gal bozorga borganimizda ota-onamdan aynan shu tusdagi kiyim xarid qilishlarini so‘rardim». Keyinchalik Gasperini hayotidagi asosiy voqea ro‘y berdi. Ya’ni endi «Yuve» asosiy tarkibiga yaqinlashganida, Turin klubi rahbariyati rivojlanish  yo‘nalishini o‘zgartirdi. Natijada jamoa tarkibida Janubiy amerikaliklar soni ortdi va Jan Pyero ketishga majbur bo‘ldi. Dastlab ijara kelishuvi asosida «Redjina»da o‘ynagan yarim himoyachi keyin «Palermo»dan qo‘nim topib, butun faoliyatini shu klubda o‘tkazdi. Qisqasi, unga «A» seriyasi o‘yinlarida «keksa sinyora» libosini kiyish nasib qilmadi.

To‘g‘ri, qahramonimiz Turinga qaytdi, faqat murabbiy sifatida. 1994 yili klub primaverasida ish o‘rni bo‘shagach, «Yuventus» o‘z tarbiyalanuvchisini esga oldi. Aynan shu taklif ta’sirida Gasperinining murabbiylik sohasi bo‘yicha paydo bo‘lgan shubhalari o‘z-o‘zidan yo‘qoldi. U o‘sha paytdagi jamoasini hozir ham entikib eslaydi. «Ajoyib tarkib... Biz har hafta to‘planib, yigitlarning biror top-klubda to‘p surishlarini muhokama qilamiz. Ishonchim komil, Kassani, Matteo Paro va Ilyos Zeytullayev kelajagi porloq futbolchilar»,-degandi Gasperini. Biroq u tilga olgan uchlikdan faqat birinchisi chinakam muvaffaqiyatga erishdi. Jan Pyero keyinchalik Paro va Zeytullayev kattalar futbolida o‘zlarini tiklab olishlari uchun ularni «Jenoa»ga chorladi, ammo bundan kutilgan samara chiqqani yo‘q. O‘shanda, ya’ni 2003 yili ular birgalikda hayotdan zavq olishardi. Gasperini yo‘lga qo‘ygan oilaviy muhit natija keltirdi. «Yuve» yoshlari o‘smirlar o‘rtasidagi xalqaro turnir finalida «Slaviya»ni mag‘lubiyatga uchratishdi. Darvozabon Matush Kozachikning matonatli harakatlariga qaramay, turinliklar 90-daqiqada chexlar darvozasini ish-g‘ol qilishdi. «Yuventus» ijrosidagi hujumkor futbol tribunada o‘tirgan «Krotone» agentlarini e’tiborsiz qoldirmadi va ular ertasigayoq Gasperinini o‘z jamoalariga taklif etishdi. Jan Pyero ko‘ndi va bir urinishda «Krotone»ni shov-shuvli tarzda «V» seriyasiga olib chiqdi. O‘sha payt Italiyada ochiq o‘yin ko‘rsatishga odatlanishmagan va Gasperinining qo‘rqmay 3-4-3 taktikasini tanlashi ajablanarli holat edi. Shu sababmi, uni mavsum davomida Koverchano murabbiylar maktabida nutq o‘qish uchun tez-tez chaqirishdi. Gasperini o‘z leksiyalarida Italiya uchun yangilik sanalgan taktika bo‘yicha batafsil tushuncha berardi. «Uning nutqi shu qadar qiziqish uyg‘otardiki, leksiya payti boshqa narsaga chalg‘ish imkonsiz edi. Gasperini - hujumkor futbolning haqiqiy ixlosmandi»,-degandi mashg‘ulotlarda qatnashgan «Sampdoriya» bosh murabbiyi Marko Jampaolo.

Gasperini o‘jar va bu xarakteri futbol maydoni tashqarisida ham kuzatiladi. «Jan Pyero biror nimaga ishonchi komilligini ta’kidlasa, uni shashtidan qaytarish qiyin. Qanchalik ko‘p dalil keltirmang, sizni aslo tinglamaydi»,-degandi Gazzetta dello Sport jurnalistlaridan biri. 2009 yil bahorida «Jenoa» 3:0 hisobida g‘alaba qozonayotgan pallada ham, Gasperini shogirdlarini «Fiorentina» darvozasi tomon ko‘proq hujum uyushtirishga undadi. Yarim soatdan keyin esa tabloda boshqacha natija porladi - 3:3. Eng yomoni, yakunda jamoalar to‘plagan ochkolar teng bo‘lib qoldi va qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha florensiyaliklar 4-o‘rinni egallashdi. Shundan so‘ng Gasperini faoliyatida omadsiz kunlar boshlandi. Yana 2 yil o‘tib, mutaxassis «Inter» boshqaruvida ish boshladi, ammo ishqibozlar tomonidan «Jamoa tarixidagi eng yomon murabbiy» maqomini oldi. «Gasperinidan meni yarim himoyaga qo‘ymasligini ko‘p so‘rardim, ammo u meni tinglamasdi»,-degandi Uesli Sneyder. Jampaolo Passini ham undan noroziligini yashirmagandi: «Gasperini menga asosiy tarkibdan joy ajratmadi. Vaholanki, mashg‘ulotlarda yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etardim. Nima derdim, bu uning qarori».

Gasperinining o‘jarligi «Palermo»dagi faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. U sisiliyaliklar bilan 2012|2013 yillar mavsumida o‘sishga erisholmadi, fevralda «Atalanta»dan qabul qilingan mag‘lubiyat esa iste’fosiga olib keldi. «Uni jamoaga chaqirganimdan afsusdaman. Jan Pyero - «Palermo» tarixidagi eng noshud murabbiy»,-degandi klub prezidenti Maurisio Zamparini. Qayg‘uli holatda Gasperinining «Jenoa»ga qaytishdan o‘zga chorasi qolmagandi. Zero, Genuyadagina unga to‘liq ishonishardi va shu ishonch samarasi o‘laroq, jamoa 2015 yili 6-o‘rinni egalladi. «Jan Pyero aynan bizda ishlash uchun tug‘ilgan murabiy. Genuya tashqarisida esa ishi qovushmaydi, baribir»,-de-yishgandi Gasperinini yangi sarguzashtlarga kuzatishni istaganlar. O‘tgan yilning yoziga kelib, murabbiy «Atalanta»dan taklif oldi va bunga darhol rozilik berdi. Biroq sentyabr oyi o‘rtalaridayoq Bergamoda uni yoqtirmay qo‘yishdi. Chunonchi, «Atalanta» dastlabki 5ta turda atigi 3 ochko to‘pladi - bu borada birgina «Krotone»ning ko‘rsatkichi yomonroq edi. Xullas, jamoa o‘z maydonida «Palermo»ga yutqazgach, prezident Antonio Perkassi murabbiyni ishdan bo‘shatishni o‘yladi. U o‘yindan so‘ng yakuniy to‘xtamga kelish uchun o‘g‘li Luka va sport direktori Jovanni Sartorini huzuriga chaqirdi. Qarangki, ulardan biri kutilmaganda, Jan Pyeroga yana bitta imkoniyat berish lozimligini aytdi. Klub rahbari o‘ylab-o‘ylab, bunga ko‘ndi va Gasperini nihoyat, ishonchni oqladi. Oradan 9 oy o‘tgach, «ko‘k-qoralar» hujumkor 3-4-3 sxemasi samarasini ko‘rishdi. «Atalanta» ikkinchi davrada atigi 2ta o‘yinni boy berdi va mavsum finishida 4-o‘rinni egalladi. «Kyevo»ga qarshi kechgan so‘nggi uchrashuv yakunlanishi hamono «Atalanta» yetakchisi Alexandro Gomes va qolgan futbolchilar Gasperinini havoga «otish» maqsadida u tomon yugurishdi. Bergamolik ishqibozlar esa klub tarixidagi eng yaxshi murabbiyni qutlash ilinjida maydonga tushishga urinishdiyu, tartib posbonlari ular yo‘lini bazo‘r to‘sib qolishdi.

Yaqin-yaqingacha «Atalanta» va Yevropa Ligasi tushunchalari bir-biriga mutlaqo  zid edi. Mana, ularni uyg‘unlashtirish vazifasini Jan Pyero Gasperini muvaffaqiyatli uddaladi. Ha, bu murabbiy uchun ko‘pchilik tomonidan belgilangan me’yorlarni buzish cho‘t emas.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:05, 10.07.2017.
O'qildi: 3824 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.