So‘nggi paytlar Viktor Lindelyofning «MYU»ga transferi yuzasidan tanqidiy fikr bildirayotganlar safi kengaymoqda. Bunga shved himoyachisining to‘pni olib qo‘yish va egallab olish ko‘rsatkichlari pastligi sabab sifatida ko‘rsatilmoqda. Keling, shu mavzuni tahlil qilib, vaziyatga aniqlik kiritishga urinib ko‘ramiz.
Lindelyofning avvalgi jamoasi - «Benfika» Portugaliya ligasining o‘tgan mavsumida to‘pni egallab turish bo‘yicha 60 foizlik ko‘rsatkich qayd etdi - bu juda yaxshi. Ayni uslubga tayanadigan klub himoyasi vakillariga mudofaada uncha ko‘p yumush topilmaydi, chunki raqiblar hujumga kam o‘tishadi. Demakki, futbolchining himoyaviy harakatlari bo‘yicha yakuniy xulosa chiqarishda, albatta, to‘pni egallab turish foizini ham inobatga olish darkor. Tushunarliki, mudofaa markazi murakkablik bo‘yicha darvozabon pozisiyasidan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi. Buning o‘ziga xos sabablari bor. Birinchidan, statistika markaziy himoyachi saviyasiga aniq baho berolmaydi. Ikkinchidan, ushbu chiziq vakilining yangi uslub (misol uchun, pressingga tayanmaydigan klubdan muntazam shu harakatga urg‘u beradigan jamoaga o‘tganida)ga moslashishi bo‘yicha aniq to‘xtamga kelish qiyin. Odatda top-jamoalarda 2 yoki 3 nafar markaziy himoyachi yuqori ko‘rsatkich qayd etmaydi. Ya’ni ular ko‘pincha bir-birlari o‘rinlarini to‘ldirishadi. Deylik, Rossiya termasi ustozi Stanislav Cherchesovning fikricha, mudofaa markazidagi futbolchilarning alohida emas, balki juftlikda qanday to‘p surishlarini e’tiborga olish maqsadga muvofiq. To‘pni olib qo‘yish va egallab olish ko‘rsatkichlari o‘yinchining saviyasiga to‘g‘ri baho berish uchun yetarli emasligini tushuntirish uchun kuchli klublarda to‘p suruvchi top-darajadagi himoyachilar - Leonardo Bonuchchi va Tobi Alderveyreld statistikasini Lindelyofniki bilan solishtirib ko‘ramiz:
Lindelyof - 0,8 marta olib qo‘yish (o‘rtacha ko‘rsatkich); 2,34 marta egallab olish; aniqlik darajasi: 53 foiz
Bonuchchi - 1,34 marta olib qo‘yish; 2,81 marta egallab olish; aniqlik darajasi: 52 foiz
Alderveyreld - 1,83 marta olib qo‘yish; 1,15 marta egallab olish; aniqlik darajasi: 57 foiz
Ko‘rinib turibdi, uchala himoyachi ham to‘pni olib qo‘yish bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqoriroq natija qayd etgan. Mazkur holatda bu trioning statistikasi o‘tgan mavsum Yevropaning top-chempionatlarida to‘p surgan boshqa markaziy himoyachilarning so‘nggi 5 yildagi natijalari bilan solishtirilgan. Endi savol: kim o‘z jamoasi himoyasida Bonuchchi va Alderveyreldni ko‘rishni istamaydi? Ularning himoyalanishdagi «yomon» ko‘rsatkichlari kimni cho‘chitadi?
Bundan tashqari, Lindelyofda qisqa uzatma masalasi ham joyida. Shved yigiti aslida Xosep Gvardiola uslubiga to‘liq mos tushardi, ammo «Siti» bu futbolchiga uncha qiziqmadi. Yana Viktorning pozisiya tanlash bo‘yicha muammolari borligi ta’kidlanmoqda. Ammo Joze Mourinyo himoyaviy harakatlar bo‘yicha mohir mutaxassis. Shunday ekan, Lindelyof portugaliyalik qo‘l ostida yuqori darajada o‘yin namoyish etishi mumkin. To‘g‘ri, hozirdan uning «MYU»ga muammosiz moslashishi haqida baralla gapirish qiyin, lekin buning ehtimoli yuqori. Boz ustiga, Manchesterda Viktorni ajo-yib sherik kutib turibdi - Erik Bayi. Bu yigit ancha tajovuzkor harakatlanadi, yakkama-yakka kurashlar va raqibni ta’qib etishni xush ko‘radi. U 90 daqiqa mobaynida o‘rtacha hisobda 3,01 marta to‘pni olib qo‘yish, 2,63 marta egallab olishni uddalab, 67 foizlik aniqlikka erishdi. Ammo Erikning to‘pni egallab turish ko‘rsatkichi nisbatan pastroq. Lindelyof esa ayni shu jihatda xotirjam. Albatta, kimdir sovuqqonlik skandinaviyalik futbolchilarga xos ekanligini ta’kidlashi mumkin, biroq mazkur holatda hammasi faktlar bilan tasdiqlangan. Xullas, sherigi o‘rnini yopishga hamisha tayyor turadigan Lindelyof tajovuzkor Bayiga ajoyib hamkor bo‘lish salohiyatiga ega.
Viktorning sifatli «pas» oshirish harakatlari esa «MYU»ga hujum boshlash jarayonida asqotadi. Garchi Mou uzatmalar aniqligi bo‘yicha himoyachilardan o‘rta chiziq vakillari kabi yuqori natija ko‘rsatishni talab qilmasada, baribir, dastlabki urinish muhim sanaladi, albatta. Asosiysi, Lindelyof bu masalada muammolardan xoli. Uning yana bir kamchiligi sifatida «ikkinchi qavat»dagi kurash ko‘rsatilishi mumkin. Qog‘oz bo‘yicha Erik va Viktorning bo‘yi teng - 187 sm. Ammo havodagi kurashlarda ustunlikka erishish faqat bo‘yga bog‘liq emas. Lindelyof so‘nggi mavsum 1ta o‘yinda 2,04ta holatda yuqoridan kelayotgan to‘pni egallashda faollik ko‘rsatib, 61 foizlik natija qayd etdi. Bayida esa bu ko‘rsatkich 1,51ta, ya’ni 56 foiz. Ushbu statistika «Yunayted»dagilarni aslo cho‘chitmaydi, zero, o‘tgan mavsum jamoa markaziy himoyasida to‘p surgan Deyli Blind havodagi kurashlar bobida atigi 40 foizlik ko‘rsatkichga erishdi. Ammo tan olish kerak, kutilayotgan juftlikning eng ojiz nuqtasi «ikkinchi qavat» bo‘lib qolaveradi, baribir. Shunday ekan, Mourinyo yig‘inning dastlabki kunlaridanoq shu masala ustida bosh qotirishi lozim. Umuman olganda, mazkur transferni ortiqcha maqtash ham noo‘rin - Lindelyofning yangi jamoaga moslashishi kafolatlanmagan. Ammo uning Bayi bilan tashkil etadigan tandemi APLda eng yaxshilaridan biri bo‘lishiga ishonch katta.