Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa - Yuventus
23/12 01:00 Betis - Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Makarondan faqat makaronli taom pishirib bo‘ladi (yana o‘zbek futboliga bag‘ishlanadi)

Makarondan faqat makaronli taom pishirib bo‘ladi (yana o‘zbek futboliga bag‘ishlanadi)

Baho:
+3 | -

Mana bir oydirki o‘zbek futboli haqida yozmagan odam qolmadi. Bitta men qolib ketgandim, lekin yozmasam gapim ichimda qolib ketmasin deb, men ham yozishga qaror qildim.

Yozilgan hamma maqolalarni deyarli qoldirmay o‘qib chiqdim. Hamma o‘zi qarayotgan rakursidan kelib chiqib, bugungi kunda o‘zbek futbolida mavjud barcha muammoni aytib o‘tishga urinib ko‘ribdi. Muammolar esa rostan ham talaygina. Bu muammolarni ba’zilarini taniqli jurnalistimiz Xayrulla Hamidov o‘zlarini maqolalarida ajoyib tarzda tahlil qilib ham berdilar. E’tiborli jihati shundaki, Xayrulla Hamidov biror yerda bosh murabbiy Samvel Babayanni o‘zbek futbolini bugungi muammosini asosiy omili deb qaramaganlar. Bu haqiqiy professionalning nuqtai nazari va juda to‘g‘ri nuqtai nazar. Lekin ijtimoiy tarmoqlar, saytlardagi izohlarda ko‘pchilik asosiy omil deb aynan MTJ bosh murrabiysi Samvel Babayanni ko‘rsatishmoqda. Kimdir “Abramov davrida terma zo‘r edi” desa, yana kimdir “Qosimov davrida ham hali terma jamoya tuzukroq edi” qabilida fikr qoldirishmoqda.

Ho‘sh, asl muammo nimada yoki kimda? Nahot butun boshli 30 milliondan ortiq aholisi bor mamlakatning futbolini inqiroziga faqat bir yoki bir nechta kishi sabab bo‘lib turgan bo‘lsa?

Aysbergni ko‘z oldimizga keltiraylik. Bu okeanda suzib yuruvchi muz bo‘lagi. Oddiy kuzatuvchi uni faqat suvni tashqarisidagi qismini ko‘ra oladi va uni hajmi haqida nodurust tasavvurot hosil qiladi. Mutaxassislar esa bu suv usti qismi kichik va boshqacha ko‘rinsada suv ostida qanday katta qism suzib yurganini hisobga oladi. Bugun men ham ana o‘sha aysbergni suv osti qismiga nazar solmoqchiman, ya’ni o‘zbek futbolini muammosini qa’riga, chuqurrog‘iga, ildizlariga nazar solmoqchiman.

Faraz qiling, ro‘zg‘oringizda makarondan boshqa hech narsa yo‘q. Ayolingizga “tandir kabobmi, sergo‘sht qilib manti qil”, - desangiz, u borib shu makaronni biror makaronli ovqat qilib keladi. Lekin tandir kabob bilan manti qila olmaydi.

O‘zbek futboli shu ro‘zg‘orga, mavjud o‘yinchilar — makaron, Babayan esa o‘sha makarondan biror ovqat tayyorlashga oshxonaga kirgan no‘noq oshpazga o‘xshaydi. Ishoning, hozir Babayandan boshqa trenerni olib kelib qo‘ysak ham sal-pal durustroq taom qilar, lekin o‘sha ovqat ham baribir makaron bo‘ladi. Shashlik qilolmaydi bu makaronlarimizdan!

Ya’ni, bugungi o‘zbek futbolini iqtidori shu, bori shu! Undan ortiq biror narsa ko‘rsata olmaydi. Gap faqat murabbiyda emas endi. Murabbiy omili aysbergni usti qismi bo‘lib qolayabdi. Muammo esa sal chuqurroqda.

Har safar Jahon chempionatiga chiqolmasak, biror alamli mag‘lubiyat yuz bersa darrov 1994 yilgi natijani eslaymiz, yoki yigirma birinchi asrni birinchi o‘n yilligidagi nisbatan kuchli, mazmunli o‘yin qiladigan termamizni eslaymiz. Hozirgi o‘yinchilarni ham o‘shalardek o‘ynasa bo‘lardiku, nega o‘shanaqa o‘yin qilmaydi, nega o‘shalardek o‘ynay olmayabmiz,- deb hasratlanib qolamiz. Lekin undaqa terma endi yo‘q! Bilasizmi, nimaga so‘nggi 3-4 yil ichida o‘sha davrdagiga o‘xshash o‘yinlarni ko‘rmayabmiz? Chunki o‘sha termalarda o‘ynagan o‘yinchilardek fidoiy, shijoatli, Vatan uchun, millat uchun jon berib o‘ynaydigan o‘yinchi qolmadi. Yo‘q! Qolmadi! Ilgari o‘yinchilar alamli mag‘lubiyatdan keyin vijdoni qiynalib, muxlislar ko‘ziga ko‘rinolmay yurardi. O‘zini millat oldida, Vatan oldida, muxlislar oldida aybdor hisoblardi. Vaholanki, ular qandaydir Suriyaga neytral maydonda emas, Yaponiya yo Janubiy Koreyaga mehmonda, jangovar kechgan o‘yinda 0:1 hisobga yutqazib kelgan bo‘lardi. Shunday bo‘lsada ularda aybdorlik hissi bo‘lardi.

Hozirchi? Hozir bunaqa xolatni ko‘rmayabmiz, yutqazsa bir bahona bor: “Hali imkoniyatlarimiz bor, keyingi o‘yinlarda g‘alaba qozonib kerakli natijani qo‘lga kiritamiz”. Baraka topgur, bizga seni imkoniyating kerak emas, bizga saralash guruhidan muddatidan 3 tur oldin masalani hal qilib, Jahon chempionatiga chiqib, u yerda ham hech bo‘lmasa guruh bosqichida bitta o‘yinni yutib, Argentinadan so‘nggi daqiqalarda Messini jarima to‘pidan urgan goli evaziga mag‘lub bo‘lib, mag‘rur uyga qaytadigan terma kerak! Ikkinchidan, o‘sha siz aytayotgan “kerakli natijani” nomi nima? Muddatidan oldin Jahon chempionatiga chiqishmi, yoki uchinchi o‘rinni egallab, yomg‘irdan qutilib qorga tutilib, bir nechta pley-offlarda o‘ynab, Baxrayindan o‘tolmay muxlislarni asabini durustchasiga egovlashmi?

Bir so‘z bilan aytganda, bugun futbolimiz tanazzulga yuz tutgandek. Bu tanazzul asarini esa “futbol” terminiga tegishli har bir jabhada ko‘rish mumkin. Futbolchilar saviyasi, ichki chempionatni sifati, unga bo‘lgan qiziqish, futbolga tegishli muassasa va federasiyani ishi, yetishib chiqayotgan murabbiylar saviyasi, xakamlik saviyasi, legionerlar oqimi, stadionlarga muxlislar tashrifi, bizdan chiqib borib boshqa chempionatda o‘ynayotgan o‘yinchilar saviyasi... Xullas, hamma hammasi bundan 10 yil oldingidan butunlay farq qiladi. Bu xolat faqat bizda kuzatilayotgan holat emas. Ana MDHni istagan davlatini oling. Rossiya, Ukraina ham aynan shu xolatda. Rossiyada 11 oydan keyin Jahon chempionati bo‘ladi. Odatda Jahon chempionatiga mezbon davlat vakillari “bu biz uchun mumkin tariximizdagi yagona imkoniyat” deb bor iqtidorni ishga solib uyida o‘tadigan Mundialdan o‘z “nasibasini” uzib oladi (Angliya-1966, Fransiya-1998, Janubiy Koreya-2002). Lekin Rossiya termasida bunday “nasiba” oluvchi yigitlar ko‘rinmayabdi.  Bu o‘sha aytib o‘tgan tanazzulni amaldagi ko‘rinishi. Qarang, xuddi bizdagi holat Rossiyada ham, ya’ni Jahon Chempionatida bitta “shashlik” qilaylik deyishsa ro‘zg‘orda  “makaron”dan boshqa hech narsa yo‘q. Yo‘q ruslarda ham aqalli Meksika, Avstriya, Xorvatiya o‘yinchilari darajasida o‘ynay oladigan o‘yinchisi. MDH davlatlariga bu tanazzul baravar kelgan!

Yana o‘zimizni futbolimizga qaytamiz. Ho‘sh, o‘sha qurib ketgur tanazzulni sababi nimada? Qanday omillar bunday tanazzulga olib keldi?  Ojizona bo‘lsada, sabablarni quyidagilarda deb bilaman:

1.  Butun boshli futbol tizimimiz zudlik bilan, tubdan o‘tkaziladigan islohotlarga muhtoj bo‘lib qoldi. Ilgari tavakkaldan chiqib qoladigan iqtidorlarimiz, omad, raqiblarni omadsizligi va yana qandaydir boshqa omillar evaziga ishonib ish tutib kelgan bo‘lsak, bugun bu nayrangimiz ish bermay qo‘ydi. Chunki biz o‘sha o‘sha bo‘lganimiz bilan, boshqalar rivojlanayapti, yangicha ish tutayapti va bu harakatlari samarasi o‘laroq, natijaga erishayapti. Buni Eron misolida ko‘rish mumkin. To‘g‘ri, Eron 2014 yil Jahon Chempionatida aqalli guruhdan chiqolmadi, lekin birgina Argentina bilan o‘yinni eslab ko‘ring. Eslatib o‘taman, o‘sha Eron bilan qariyb teng o‘ynagan Argentina oqibatda finalgacha yetib bordi va Germaniyaga faqat qo‘shimcha bo‘limlarni so‘nggi daqiqasida o‘tkazib yuborilgan gol evaziga chempion bo‘lolmadi. Biz ham, ya’ni bizni mutasaddilar ham Eronga o‘xshab qandaydir qoyil qoladigan natija ko‘rsatishimiz uchun bir joylarini o‘tirgan o‘rnilaridan ko‘tarib, astoydil ishlashlari kerak. Ana shunda biror natijaga erisha olamiz. Lekin bu bugun amalga oshib shu bugun natija beradigan ish emas, bugun boshlasak natijasi erta yo indinga bo‘y ko‘rsatadi. Bu islohot esa albatta o‘tkazilishi kerak!

2.  Yangi imkoniyatlar yaratib yangi iqtidorlarni kashf qilib, ularni daladan, paxtazordan, polizu yaylovdan futbol maydoniga olib kelishimiz kerak. Ha, ha o‘qiganingiz! Ilgari futbol omma uchun, hamma uchun birdek ochiq edi. Seksiyalarda jamiyatni barcha tabaqasiga tegishli yoshlar mashq qilar va o‘z iqtidori evaziga oddiy dehqonni bolasi ham katta futbolga kirib kela olardi. Hozir unday emas, bor haqiqat shu! Hozir dehqon bolasini futboldagi kelajagiga ishonmay, “qo‘y bolam, shu koptok ketidan yugurganingdan foyda yo‘q”, deb uni dalaga olib borayapti. Futbol maktablarida esa puli bor, o‘ziga tinch oilalarni erka bolalari mashq qilayapti. Iqtidor unchalik bo‘lmasada, dadasini orzusi-da, nima qilsin. Dadasi bu bolalarga eng zamonaviy oyoq kiyimi, forma, ryukzak, boringki, hamma narsani muxayyo qilib, mashg‘ulotga olib borib qo‘yadi, mashg‘ulot tamom bo‘lsa, mashinada olib keladi. Bularni ko‘rib, nazarimizda, futbolga shunday zo‘r sharoitlar yaratilgandek, lekin aslida bu futbolga bo‘lgan imkoniyatni ma’lum bir guruh odamlarga, ya’ni potensial iqtidorlarga yopib qo‘yyapti! Futbolni hamma uchun ochib, hamma uchun sharoitni yaxshilab qo‘ysak, hatto eng chekka qishloqlardan ham Oliy ligada o‘ynaydigan o‘yinchilar chiqib kelishi mumkin. Bu, ham o‘sha yerlarda qolib ketgan iqtidorlarni maydonga olib keladi, ham o‘sha yerdagi odamlarni futbolga bo‘lgan qiziqishini oshiradi. Shu bola o‘ynaydigan klubga hamqishloqlari muxlislik qiladi, stadionga tomoshaga tushadi, bahonada ichki chempionatga fayz qaytadi.

3.  Ichki chempionat saviyasini ko‘tarish kerak. Raqobatni sal bo‘lsada balansga olib kelish kerak. Klublar saviyasi, imkoniyati orasidagi kosmik farqiyat chempionatni klublarini ikki qarama-qarshi qutblarga uloqtirib tashlagan. Yana bir boshqa muammo — yetakchi jamoalarni tez-tez moliyaviy inqirozi va boshqa yangi bir yetakchini paydo bo‘lishi. Daraxt bir joyda ko‘karadi deydi halqimiz. Bizda bugun "Paxtakor", ertaga "Bunyodkor", indinga "Lokomotiv".  O‘yinchilar gulzordagi kapalakdek unisidan bunisiga, bunisidan unisiga o‘tib yurishibdi. Terma jamoa uchun farm klub umuman yo‘q. Boru.... pastroqda aytaman “farm klub” haqida. Inqiroz deganlari ham muxlisni, ham klubni, ham o‘yinchilarni hafsalasini pir qilish bilan ovora. Misol sifatida "Bunyodkor"ni ko‘rsatishimiz mumkin. Kechagina Skolari qo‘l ostida Rivaldo va o‘zbek futboli yulduzlari to‘p surayotgan klubni bugungi holatini qarang. U klubni muxlislari o‘shanda qancha edi va hozir qancha qoldi. Boshqa bir misol: o‘tgan o‘n yillikni oxiriga kelib paydo bo‘lgan o‘zbek “el-klassikosi” qani endi. Esimda, o‘shanda “O‘zbekiston futbol fanatlari” saytida muxlislar "Barselona" va "Real" o‘yinidan ko‘ra ko‘proq "Bunyodkor" va "Paxtakor" o‘yinini ko‘proq muhokama qilishardi. Tortishardi, urushardi, qiziqardi. Stadion ham to‘lardi bu ikki klub o‘yinida. Hozirchi? Yo‘q u jozibali o‘yinlar, shiddat va o‘sha o‘yinlarga bo‘lgan qiziqish. Buni sababi klublarning nobarqarorligi. Mayli, bugun klublar o‘rtacha bo‘lsin, lekin barqaror bo‘lsin. Toki unda futbolchi kamida bir jamoa tarkibida 4-5 yil o‘ynasin, aniq bir o‘yin falsafasiga ko‘nikma hosil qilsin, “keyingi mavsum qayerda to‘p surarkinman” deb emas, yangi natijalar haqida o‘ylasin. Ichki chempionatga barqarorlikni qaytishi stadionga muxlislarni qaytaradi, muxlislarni qaytishi esainvestorlarni, xomiylarni qaytaradi, xomiylar esa legionerlarni qaytaradi. Legionerlarni qaytishi esa mahalliy futbolchilarni malakasini oshishiga ko‘maklashadi, mahalliy futbolchilarni malakasini oshishi MTJni kuchaytiradi.

4. Terma jamoa murabbiylarini klubdagi lavozimdan ozod qilish kerak. Murabbiy ham termada, ham klubda ishlar ekan, istasak-istamasak bu murabbiy asosan o‘zi ishlayotgan klubni terma jamoaga farm klub qilib oladi. U boshqa klublarda o‘ynayotgan iqtidorli o‘yinchilarni raqib sifatida ko‘rib o‘rgangan, ularga nisbatan xolis bo‘la olmaydi, ulardagi iqtidorni to‘liq  ko‘ra olmaydi va terma jamoaga o‘z o‘yinchilarini tiqishtiradi. Bunga misol keltirishim ham shart emas. Hammasini amalda ko‘rib turibmiz. Iqtidorlar esa o‘z klubida qolib ketayapti. MTJda o‘ynash imkoniyati kamayib, maqsadi faqat shu klub bo‘lib qoladi. O‘sishdan to‘xtab o‘rtacha statistik bir o‘yinchiga aylanib qoladi. Stimul o‘ladi.  Termada esa tantiq, erka, vatanparvarlik hissidan ko‘ra yulduz bo‘lish orzusi kuchli bo‘lgan layoqatsizlar sizu bizni asablarni tuttek to‘kib, benomuslarcha yillab o‘ynab yuraveradi. Yoki bo‘lmasa, terma ham “shahri bedarvoza” bo‘lib, har safargi muvaffaqiyatsizlikdan keyin yangi o‘yinchilarni taklif qilib, tajriba o‘tkaziladigan plasdarmga aylanib qolayabdi. O‘rtoqlik va nazorat o‘yinlari darajasiku aytib bo‘lmaydigan darajada.

5.  Eng oxirgisi. Murabbiylar maktabini kuchaytirish kerak. Murabbiylarga imkoniyat berish kerak. Nima uchun bu masalani eng oxiriga tashladim. Sababi: agar yuqoridagi ishlar amalga oshsa, yaxshi terma uchun hamma omillar yetarli bo‘lib, gap faqat murabbiyga qolganda yaxshi murabbiyni tayinlab unga imkoniyat berish kerak. Germaniyada Yoxam Lyov 11 yildan beri ishlaydi. Natijalari ham yomon emas. 11 yilda kamida bir avlod to‘liq almashib ikkinchi avlod almashinuvi boshlandi, lekin murabbiyni termadagi falsafasi davr futbolini talabiga qarab o‘zgarsada, termada ichki muhit o‘zgarmagan holatda kerakli natijalarga erishib kelayabdi.  Biz ham terma jamoa uchun kerakli barcha “ingridiyentlar”ni tayyorlab beraylikda, murabbiyga biror yil imkoniyat berib, keyin natija talab qilaylik. “Samvel Babayanchi, u haqida nega jimsan”- deysizmi? U haqida bir narsa deya olaman: Babayan bugungi termamizga, bugungi tanazzulga yuz tutgan tizimimiz, va bugungi mavjud iqtidorlarimizga (agar shularni iqtidor deb bo‘lsa), bugungi futbolimizga roppa-rosa mos va loyiq!  Bugungi futbolimiz mana shu no‘noq, taktika siz, biror bir falsafasiz va maqsadsiz Samvel Babayan timsolida to‘liq aks etgan!

Biz uchun birinchi raqamli o‘yin bu futbol ekan, demak aytilgan islohotlarni amalga oshirishda har birimiz betaraf bo‘lmasligimiz kerak. Masalan, dehqon akalar, o‘g‘lingizda iqtidori bo‘lsa, imkoniyatini qilib uni mashg‘ulotlarga bering, o‘g‘lingizni yorqin kelajak kutmoqda!  Imkoniyati bor, “qo‘li uzun”, lekin futbolchi bo‘ladigan o‘g‘li yo‘q akalar: imkoniyati yo‘q, lekin iqtidorli bolalarni ko‘rib qolsangiz, homiylik qiling, samarasi ham sizga, ham o‘sha bolaga va ham millatga yetadi. Yuqoridagi mutasaddilar! Sizlar ham ozgina bo‘lsada, futbol haqida ham qayg‘urib qo‘ying. O‘zbek futbolini ravnaqi uchun nimaiki qilish kerak bo‘lsa, qo‘lingizdan kelgancha harakat qiling, nasib bo‘lsa, albatta uddalaysiz. Stadionlarga muxlislarni, o‘zbek futboliga jozibani qaytaring! Saviya va jozibani yo‘q bo‘lishida sizlarni “xizmatingiz” judayam katta! Fursat yetdi, o‘zingizni oqlab qoling. Millionlab o‘zbek haliyam umidi so‘nmay yashayapti. Har to‘rt yilda ularni orzusini chilparchin qilib umidlarini to‘rt yil ortga uloqtirib tashlasangiz ham, baribir ishonib, kutib, umid qilib kelayabdi. O‘zbek xalqi sabrli. Lekin bu degani sabri cheksiz degani emas. Hamma jabhada yuz berayotgan natijalar singari futbolda ham natijamiz, maqtansa arziydigan natijamiz bo‘lishi kerak. Biz hech kimdan kam emasmiz! O‘zbekiston iqtidorlar makoni! Borimiz shu deb bizni “makaron” bilan bizni aldamang!

Muallif: Bobomurod Umar Abdurahmon, Tojikiston Respublikasi, Xo‘jand shaxri

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 11:58, 20.07.2017.
O'qildi: 14266 marta.
Fikrlar: 12 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.