Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

San’at Shixov: «Buxoro»dan Nagayev, Filiposyan, Pirimov terma jamoaga munosib»

San’at Shixov: «Buxoro»dan Nagayev, Filiposyan, Pirimov terma jamoaga munosib»

Baho:
+-1 | -

Joriy mavsumni «Buxoro» klubi bilan muvaffaqiyatli o‘tkazayotgan hujumkor yarimhimoyachi San’at Shixov Buxoroda «Erudit Sport» gazetasi muxbiriga intervyu berib, klubidagi faoliyati va terma jamoaga doir savollarga javob qaytardi.

«ENG CHIROYLI O‘YINIMIZ «BUNYODKOR» BILAN, OG‘IRI «LOKOMOTIV»GA QARSHI BO‘LDI»

– San’at, yakuniga yetgan Oliy Liganing birinchi davrasini «Buxoro» va o‘zingiz uchun 10 ballik sistemada necha ballga baholardingiz?

– O‘zimga baho berishim to‘g‘ri bo‘lmas. Nazarimda, «Buxoro»ning ko‘rsatkichlari yomon emas. Shunday ekan, o‘zim va «Buxoro»ga 10 ballik sistemada 8 ball qo‘yilsa hech kim xafa bo‘lmas…

– «Buxoro» uchun birinchi davrada eng og‘ir uchrashuv qaysi bo‘ldi? Eng yaxshisi-chi?

– Jamoam uchun eng og‘ir o‘yin «Lokomotiv» bilan bo‘ldi. 1:2 hisobida alamli mag‘lub bo‘ldik. Eng yaxshi va chiroyli o‘yin «Bunyodkor» bilan bo‘lib o‘tdi. O‘shanda yaxshi o‘yin namo-yish etib, 4:2 hisobida yutdik. Bu fikrimga muxlislar ham qo‘shilsa kerak.

– «Buxoro»dan qaysi futbolchini milliy terma jamoada o‘ynashga munosib deya olasiz?

– Bunday futbolchilar ko‘p. Masalan, Ivan Nagayev, Artyom Filiposyan, Zohir Pirimov va Shohruh Gadoyevlar terma jamoamizda to‘p surishga munosib (Suhbat SH. Gadoyev «Bunyodkor»ga o‘tmasdan avval uyushtirilgan).

– Siz-chi?

– O‘zimga baho berolmayman. Albatta, milliy terma jamoada o‘ynash har qaysi futbolchi uchun katta sharaf.

«1-DAVRADA «DINAMO» MENI HAYRATGA SOLDI»

– Birinchi davra davomida qaysi jamoalar sizni hayratlantirishdi?

– Samarqandning «Dinamo» jamoasi meni hayratga soldi. Yosh jamoa bo‘lgani uchun hech kim, jumladan, men ham ulardan bunday o‘yinni kutmagan edim. Menimcha, birinchi davrada «Dinamo» ko‘pchilikni o‘z o‘yini bilan ijobiy tomondan ajablantira oldi.

– Hozir «Buxoro»dasiz. Ungacha «Paxtakor», «Qizilqum», «Dinamo», «Navbahor» klublarida to‘p surgansiz. Qaysi faoliyatingizni yaxshi taassurotlar bilan yodga olasiz?

– Har bir jamoani, unda to‘p surgan damlarni mehr bilan eslayman. Muhimi, o‘sha paytlarda biz bir jamoa bo‘lishni uddalay olgan edik. Toshkent, Navoiy, Samarqand, Namangandan yaxshi taassurotlar qolgan.

«TERMA JAMOAGA DALDA BO‘LISHIMIZ KERAK…»

– Terma jamoamizning JCH-2018 ga chiqish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

– Imkoniyat hali ham bor. Faqat  muxlislar bunday paytda tanqid toshlari emas, dalda berganlari to‘g‘riroq bo‘lardi, nazarimda…

– Ishqibozlar mag‘lubiyat alamini ko‘tarisholmayapti. Hoynahoy, siz ham terma jamoamiz o‘yinini mutaxassis sifatida kuzatib borayotgandirsiz…

– Milliy terma jamoamizning tarkibida bo‘lmaganim uchun o‘yin ichida va tashqarida nima bo‘lgani borasida aniq bir fikrni aytolmayman. Ammo hozir bozordagi sotuvchilardan tortib san’atkorlargacha mag‘lubiyatli o‘yinni muhokama qilishyapti. Meni noto‘g‘ri tushunishmasin, ammo bularning barchasini kuzata turib, ular bir o‘yin bilan xulosa qilib, kelajakni oldindan aytib kulishayotgandek. Ishoning, futbol bu shunchaki to‘p surish emas. Uning mashaqqatini hayotini bevosita futbol bilan bog‘lagan insonlargina biladi. To‘g‘ri, terma jamoamiz mag‘lub bo‘ldi. Ammo tan olaylik, Eronning tarkibi kuchli edi! Ehtimol, o‘yinchilar o‘yindan oldin ruhan mag‘lub bo‘lishgandir. Ammo bundan keyingi o‘yinlarda hali imkoniyatlarimiz bor-ku! Terma jamoamiz bor-yo‘g‘i ikkita o‘yinda g‘alaba qozonsa bo‘lgani! Bu paytda ishqibozlar futbolchilarni ruhan qo‘llab-quvvatlashi yaxshi natija bermasmikan? Men bosh jamoamizga har qanday sharoitda muxlislik qilaman. Chunki bu Vatanimiz jamoasi!

«FUTBOLCHILAR MAYDONDA “FONOGRAMMA”DAN FOYDALANAYOTGANI YO‘Q…»

– Ammo tan olaylik, tanqidlar orasida o‘rinlisi ham bor…

– Tanqidlar o‘rinsiz degan firkda emasman. Keling, yaxshisi sizga boshqacharoq tarzda o‘z fikrimni ifodalab bersam. Sotuvchini ishiga biz aralashmaymiz, chunki bu sohaning past-balandini yaxshi bilmaymiz. Unga sotuvchi hamkasbi biror taklif yoki tanqid aytsa asosli gapni aytadi. San’atkorlarga ham xuddi shu gap taalluqli. Biz ham ularning konsertiga pul to‘lab tushamiz. Futbolchi sifatida men ularga nega fonogrammadan foydalanasiz, jonli kuylang, deb butun olamga jar solmayman. Vaholanki, men ham boshqa tinglovchilar kabi konsertiga pul to‘lab kirganman. Ammo biz futbolchilar maydonda “fonogramma”dan foydalanayotganimiz yo‘q, jonli to‘p suramiz! Bizning maoshimizni muhokama qilish ham endi ortiqcha, nazarimda…

– Ikki yildan buyon Buxorodasiz. Faoliyatingizdan qoniqayapsizmi?

– Natijalar yomon emas. Ulug‘bek Baqoyev boshchiligida yakdil jamoaga aylanib, o‘yinlarda hamjihatlikda to‘p surishni uddalay oldik.

– Ulug‘bek Baqoyev kelganida jamoani tark etgan futbolchilar orasida siz bo‘lmagansiz. Buning sababi nimada?

– Ulug‘bek Baqoyev bilan bundan oldin ham ishlaganmiz. Murabbiylikda ilk odimlarni qo‘yayotgan futbolchini o‘yinchi sifatida qo‘llab-quvvatlagim keldi.

«AGAMURODOV VA BAQOYEVNING ISH USLUBI FARQ QILADI»

– Oldinda O‘zbekiston Kubogi doirasida «Lokomotiv»ga qarshi chorak final uchrashuvi kutib turibdi. «Buxoro» amaldagi kubok sohibi to‘sig‘idan o‘ta oladimi?

– Rahbariyat va murabbiylar bilan o‘z oldimizga aniq va katta maqsadlarni qo‘yganmiz. Nasib bo‘lsa, jamoa bilan yelkama-elka turib, hamjihatlikda ko‘zlagan marraga, albatta, yetamiz!

– O‘tgan yil Tachmurod Agamurodov qo‘l ostida to‘p surdingiz. Bu yil Ulug‘bek Baqoyev qo‘l ostidasiz. Bu murabbiylar ish uslubi nimasi bilan farq qiladi?

– Har bir murabbiyning o‘z uslubi bo‘ladi. Tachmurod Agamurodov bilan Ulug‘bek Baqoyevning ish uslubi ham bir-biridan farq qiladi. Ulug‘bek Baqoyev avval futbolchi bo‘lgani uchun jamoa o‘yinchisini juda yaxshi tushunadi. Bundan avval bir necha trenerlar bilan ishlaganim uchun yana bir gapni bemalol aytishim mumkin: Ulug‘bek Baqoyev chet elda ko‘rgan, o‘rgangan yangi uslublarni yaxshi qo‘llay oladi. Shuning uchun ham uning uslubida yangilik va o‘ziga xoslik ufurib turadi.

Manba: erudit-sport.uz
Kiritildi: 10:24, 21.07.2017.
O'qildi: 4714 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.