Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Xayrulla Hamidov maqolasi: Tarix

Xayrulla Hamidov maqolasi: Tarix

Baho:
+ | -

“2006 yil boshqacha bo‘lgan o‘zi. Italiya terma jamoasi jahon chempioni bo‘lgan esa-da, Appenin yarim oroli ichkarisida kelishilgan o‘yinlar mojarosi dahshatli ko‘rinishga kelib ulgurgandi. Mojaro boshida “Yuventus” turardi. Turinliklarga berilgan jazo shu qadar og‘ir bo‘ldiki, bu munosabatni ko‘rganlar beixtiyor Gabriel Markesning “Ulug‘ Ona janozasi” hikoyasidagi Onani ko‘mish marosimini eslab yuborishdi. Eslatib o‘taman qissani:

Makonda xalqi Onani katta dabdaba ostida ko‘mardi. Yolg‘ondan yig‘lardi hamma. Chunki Onaning merosi ularga qolayotgan edi. “U endi qaytib kelmaydi, - derdi odamlar. – Qaytmaydigan odamni ko‘proq e’zozlash kerak, illo bu amal bilan uning obro‘si oshsa ham, bu bizga zararsizdir. Aksiga olib, Onaning bor merosi bizga nasib etgach, unga umrbod oda aytib o‘tsak ham bo‘laveradi!”

2006 yilgi “Yuventus”ni Italiya ahli shunday kuzatib qo‘ydi. Turin superklubiga o‘ta qattiq jazo tayinlanishidan boshqalar xursand edilar. U elita safiga juda uzoq davrlar qayta olmasa kerak, derdi hamma. Buyog‘iga “Inter” va “Roma”larning kuni tug‘di, deb o‘ylardi hamma. Ammo... Buyuk Ona juda tez qaytdi. Kunlarning birida “Makondo ahli” o‘rnidan uyg‘onadiyu, bor merosini xalqqa tashlab ketgan Ona to‘rvaxaltasini ko‘targancha ularga qarab kulib turgandek bo‘ladi. Tamom, hammang tarqal, janoza bekor qilinadi!

Tarixan buyuk jamoalarning faqat o‘zigagina xos bo‘lgan qandaydir sifati bo‘ladi, hech sezganmisiz? Kimgadir asrlar davomidagi barqarorlik, kimgadir har qanday holatda ham hujumkorlik pozisiyasi, kimgadir irodali futbol, kimgadir esa hech qachon taslim bo‘lmaslik sifati... Aynan shu sifat bilangina esga olinadigan bo‘lib qoladi o‘sha jamoalar. Hozirgi mavzu boshqa klublarga aloqasi bo‘lmagani uchun “Yuventus”ning o‘zi haqida gapira qolay, a?!

“Eski sinyora”dagi buyuklik jihatlarini men SINMASLIK sifatida ko‘raman. Tarixan salohiyatli bo‘lgan Turin klubi shu sifat bilan namoyon bo‘laveradi ko‘z o‘ngimda. Suvga tashlasa, titilib ketgan parlardan birlashib paydo bo‘ladigan maxluqqa, o‘tga tashlasa, tutunlardan yana zebraga aylanib oladigan jonzotga o‘xshataveraman “Yuve”ni. Chohga uloqtirsa ham, yillab yarasini davolaydigan va muhim jang oldidan o‘rmonga qaytadigan rembosifat klub timsolida ko‘raman uni. Har doim. Taniganimdan buyon. Qizig‘i, bu safar ham shunday bo‘ldi. Filmning nechanchidir qismida takrorlanayotgandek, davomi yana o‘sha uslubda ishlangandek tuyuldi menga.

Ikki yil oldingi mavsumni eslang. Dahshatli chempionlikdan barchaning xabari bor, albatta?! Bu chempionlik oldingilaridan shu qadar jiddiy farq qiladiki, bunisidagi joziba va kulminasion nuqta butun Yevropani shoshirib qo‘ydi. Jamoa mavsumni sharmandalarcha boshlagan, birinchi davra o‘rtalarida turnir jadvalining oxirlarida borgan, peshqadamlardan 15 ochkolab ortda ketayotgan holidan boshlangan yurishning intixosi bo‘ldi bu finish!!!

O‘ziga kelib olish bilan tezlik olgan “Yuve” shu kungacha to‘xtash nimaligini bilmadi. Yovvoyi shiddat ila o‘zidan tepada turganlarga qarab ham o‘tirmadi. Tepaga qarab uchaverdi, uchaverdi...

... Pastdan “eski sinyora” kelayotganini ko‘rib, qaytanga “napoli”yu, “roma”lar dovdirashga tushdi.

... Shundoq pastga qaraganda “Yuve”ni ko‘rgan “inter”lar duduqlanishga o‘tdilar.

... Allegri jamoasi esa, yerdan olovli sharchada ko‘tarilgan va uzoq sayyoralardan biriga bayroq tikishga uchib ketayotgan multfilm qahramonini yodga solardiki, bu uchishni oxirigacha ko‘rish hammaga zavqli edi. O‘tgan hafta o‘sha bayroqcha “skudetto” degan sayyorachaga mixlab, boltlari bilan burab tashlab, o‘rnatildi!

Har bir mamlakatning ikki xil “xalq jamoasi” bo‘ladi. Biri, chet elliklar uchun yurtning yuzi vazifasini bajarsa, ikkinchisi, milliy futbol mentalitetining shakllanishiga asos bo‘ladi. “Yuventus” Italiya futbolining fitratini belgilab beruvchi klub hisoblanadi. A seriya jamoalariga qaraganda ko‘proq mamlakat terma jamoasiga o‘xshaydigan klub! Aniqrog‘i, “skuadro adzurra”ning yadrosi. Yevropa maydonlaridagi natijalaridan ko‘ra, mamlakat ichkarisidagi ko‘rsatkichlari yaxshiroq. Asosiy e’tibor qaysi tomonga qarab ketganini ko‘rsatadi eng muhim jihat bu...

Va qiziq tomoni shuki, “Yuve”ning natijalari ham, o‘yinlari ham, ko‘rsatadigan xunarlari ham moviy gvardiyachilarning o‘zginasi. Chempionlikni ham boshqalarga imkoniyatlar berib nishonlashiyu, istalgan turnirni qandaydir g‘ayritabiiy holatlar bilan tark etishlarigacha o‘xshaydi. Mamlakat terma jamoasi katta natijalarni qo‘lga kiritgan davrlarida ham aynan shu klub vakillari termaning asosini tashkil etganini aytmay qo‘ya qolay.

“Yuventus” o‘tgan yili ham yomon o‘ynamadi, aynan yaqinda tugagan mavsumdagisini nima uchun ko‘p ta’kidlayapsan, desangiz, aytamanki, o‘tgan yili hali butkul pishib yetilmagan TIRILISH edi. YECHL finali va bu yilgi ishonchli o‘yinlar asosidagi chempionlik “Yuve”ni rosmana eski holiga qaytara oldi, deyishimizga yordam beradi. Biz bilgan “Yuventus” mana shu! U rostan qaytdi! Butunlay!

Aslini olganda, hozirgi “Yuventus”ning qayta tirilishi Turin ahlinigina emas, italyan xalqini ham shodlantirishi kerak. Rimlik bolakaylar ham ichida xursand bo‘lishlari lozimki, Italiya terma jamoasiga bo‘ladigan ta’sir aynan Yevropa chempionatidan oldin bu mamlakatga juda ham darkor edi. Qarang, qancha jamoalar tirilib kelishyapti uning ortidan. Qarang, qancha kurashlar va’da bermoqda A seriya. Qarang “Milan”ga, o‘sha biz sog‘ingan “Milan”ga, boshqacha bo‘lib qolmadimi u ham?!”

Bu fikrlar mening miyamda g‘ujg‘on o‘ynayotgan sanani aytaman sizga: 2017 yilning 19 avgust kuni, soat 21:02ga to‘g‘ri keladi. Bu paytda men Italiya A seriyasi yangi mavsumini boshlab bergan “Yuventus” – “Kalyari” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni sharhlashga kirishgan edim. 11 yillik tanaffusdan so‘ng, aniqrog‘i 2006 yildan buyon ilk bora “Sport” telekanali orqali sharhlayotgan edim. Eh, “Yuventus”, hayot ham egningdagi ranglarga o‘xshaydi – almashib-almashib kelaveradi.

Xayrulla Hamidov,
«Erudit sport» gazetasining 24 avgust sonidan olindi.

Manba: erudit-sport.uz
Kiritildi: 11:36, 26.08.2017.
O'qildi: 9368 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.