Angliya FA simulyasilarga barham berish maqsadida ayyor futbochilarni jazolashga qaror qildi. Bir qarashda o‘rinli qaror - g‘irromlik yordamida maqsadga erishmoqchi bo‘lgan futbolchi jazoga loyiq.
Ikkinchi tomondan, jabrdiyda jamoa uchun bu choradan hech qanday manfaat yo‘q. Ya’ni, simulyasiya evaziga ishlangan penaltidan urilgan gol bekor qilinmaydi. Bu esa to‘ydan keyin chalingan nog‘oradek gap.
To‘g‘ri, har bir simulyasiya sohibining bu qilmishi uchun ikkita o‘yindan chetlatilishi masalasi hozircha maxsus komissiya tasdig‘idan o‘tganicha yo‘q. Agar u kuchga kirsa, dastlab chempionship bellashuvlarida tatbiq etiladi. Masalaning nozik jihati shundaki, jazo muayyan holatlarda, qaysidir futbolchining nohaq maydondan chetlatilishi yoki asossiz penalti belgilangani ma’lum bo‘lganidan keyin qo‘llaniladi. Mana shu jihat bahsli vaziyatlarni yuzaga keltiradi. Xatoliklardan mutlaqo forig‘ bo‘lishning iloji yo‘qligi yanada qizg‘inroq bahslarga sabab bo‘ldi. Albatta, simulyasiya ijrochilari hech kimga yoqmaydilar, o‘zimiznikilar uyaltirib qo‘yishadi, raqiblarimizni esa haqoratlarga ko‘mib tashlaymiz. Shuningdek, o‘yin qoidasi buzilganligini aniqlashda xatoga yo‘l qo‘yib, asossiz penalti belgilagan yoki qizil kartochka bilan «siylagan» hakamga rahmat aytadigan muxlisga hozirgacha duch kelganimizcha yo‘q. Futbol esa ikki tomonning qarama-qarshiligiga asoslangani bois, bahsli vaziyatlardan iborat. Deyarli har bir vaziyatni ikki xil baholash mumkin. Boz ustiga, muxlislar bosimi o‘z ta’sirini o‘tkazayotgan pallada. Albatta, jarima maydonchasi ichida raqib o‘yinchisi yiqilsa, bu shubhasiz simulyasiya oqibati. Bordiyu, o‘zimiznikilar shu manzarani takrorlashsa, hakam e’tiborsiz qoldirsa, darhol shovqin ko‘tariladi. Darhaqiqat, simulyasiyachilarni jazolashga qaror qilishgani adolatli amal. Ammo u keskin ziddiyatlarga olib kelishi hech kimga kerak bo‘lmagan ortiqcha bosh og‘rig‘i. Videotakrorlar ham ayrim hollarda haqiqatni yuzaga chiqarishga ojizlik qiladi. Balki penaltining asossiz ekanligi isbotlangan taqdirda golni bekor qilish yoki o‘yinni qayta o‘tkazish kerakdir? Golni urgan jamoaga emas, balki mag‘lubiyatga uchragan jamoa hisobiga yozish to‘g‘riroq bo‘lar? Yo‘q, buning iloji yo‘q. Hatto bu chempionlik taqdirini hal qiladigan bellashuvda yuz bergan bo‘lsa ham. To‘g‘ri-da, penaltidan g‘alaba to‘pini darvozaga yo‘llagan mug‘ombirning yangi mavsumning dastlabki ikkita uchrashuvida maydonga tusholmasligi mag‘lub jamoaga qanday manfaat berishi mumkin? Jazo qilmishga yarasha emas.
Shubha, yo‘qki, simulyasiya - muttahamlar quroli. Futbolda bu quroldan foydalanadigan o‘yinchilar yetarli. Masalan, raqib hujumchisini astagina qulatib jazosiz qoladigan himoyachilar, artistlarga xos yiqilishlar evaziga penalti ishlaydigan «aktyorlar». Afsuski, keyinchalik videotakrorlar yordamida aniqlangan aybdorlarni FAdagilar kam holatlarda jazolashadi. Vaholanki, o‘sha mug‘ombirlik, ko‘pchilik hollarda g‘oliblik taqdirini o‘zgartirib yuboradi. Ha, adolat tantanasini hammamiz istaymiz. Ammo yaratilgan qonun-qoidalarda kamchiliklar ko‘p - ayyorlikni amalga oshirgan futbolchini jazolash mumkin. Lekin jabrdiydaga yetkazilgan zararni qoplash hech kimning esiga kelmaydi. Adolatparvarlik borasidagi izlanishlar oxir-oqibat futbolni «sof vaqt» tizimiga olib kelishi mumkin: «Har bir bahsli vaziyatda o‘yin to‘xtatilib, qoidabuzar jazosini oladi. Lekin bu usul ham g‘irromlik, ayyorlik va muttahamlikdan to‘la-to‘kis xalos bo‘lish imkonini bermaydi. Qolaversa, futbol - keskin qarama-qarshiliklar ostida o‘tadigan, quvonchli, alamli, hayratlanarli hodisalarga boy o‘yin. Shuningdek, ayrim adolatsizliklarga ham. Uni otashin uchquni, turli simulyasiyalar, qo‘polliklar, fantastik gollar, qabih «podkatlar», mag‘lubiyatlardagi alamli va zafar onlaridagi quvonchli ko‘z yoshlari uchun sevamiz». Diskvalifikasiya xususidagi xabarni esa bir kundan keyin gazeta sahifalarida o‘qiymiz. Bordi-yu, yangilik tatbiq etilgan taqdirda nafaqat Serxio Buskets, David Luiz va Eshli Yang, balki barcha qoidabuzarlar jazolanishlari aniq, jazo hech qachon barchani birdek qoniqtiradigan mukammallikka ko‘tarilmagan. Yana bahs, munozara... Nasib etsa, sizu biz ham biroz o‘zgacharoq manzaraning guvohiga aylanishimiz mumkin. Ya’ni, simulyasiya ixlosmandlari endi o‘z mahoratlarini jarima maydonchasi ichida emas, balki uzoqroqda namoyish eta boshlaydilar. Maydoncha tashqarisidagi qoidabuzarlik nari borsa sariq kartochka bilan jazolanadi. Evaziga jamoa standart vaziyatdan gol urish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qisqasi, mug‘ombir simulyasiyachi o‘yin qoidalarining nozik jihatlaridan samarali foydalanish yo‘llarini qidiradi.
FA esa adolat tantanasi yo‘lidagi izlanishlarida davom etadi: «Simulyasiya ortidan ongli ravishda o‘yin vaqtini cho‘zganligi uchun jazo belgilansa, ajablanmaymiz». Ayniqsa, qaysidir jamoa kichik hisobda g‘alaba qozonayotgan uchrashuvlarda.