Yozgi oldi-sotdilar nihoyasiga yetib, qizg‘in kurashlar avjiga chiqmoqda. Yevropaning top-klublari o‘z tarkiblarini mukammal darajaga keltirish uchun bir qator transferlarni amalga oshirishdi. Ayniqsa, «Milan»dagi o‘zgarishlardan keyin, tabiiyki, «A» seriya ham yana avvalgiday muxlislar e’tiborini tortadiganga o‘xshaydi. Shu munosabat bilan Germaniyaning Transfermarkt.de sayti Italiya klublari yozgi bozorda qanday ishlashganiga nigoh tashladi.
«Milan» ikki yo‘nalishda birinchi
Transfermarkt.de saytida keltirilishicha, hozirgacha milanliklar safi 11 nafar o‘yinchi hisobiga boyidi. Buning uchun umumiy hisobda 240,5 million yevro sarflangan. Tabiiyki, Leonardo Bonuchchi Italiyada 2017|2018 yillar mavsumining eng qimmat futbolchisi bo‘ldi. Mahoratli himoyachining qizil-qora libos kiyishi Montella jamoasiga 42 million yevroga tushdi. Skudettoni so‘nggi bor 2011 yilda qo‘lga kiritgan milanliklar chempionlik tojini tezroq kiyish umidida «Portu» goleadori Andre Silva uchun 38 million yevroni ayashmadi. «Rossoneri» unga Belottini sherik qilmoqchi edi, biroq ushbu kelishuv amalga oshmadi. Shu maqsadda Turinning ikkinchi klubiga taklif yuborilgan, biroq «Torino» hujumchisini 100 milliondan kamiga qo‘yib yubormoqchi emasligini bildirgandi.
«Milan»ning yangi rahbariyati murabbiy talabini bajarishdan tashqari, hattoki, futbolchilarning ba’zi erkaliklarini ham ko‘tarishga majbur bo‘lmoqda. Xususan, «Real»da to‘p surishga ishtiyoqmand darvozabon Janluiji Donnarummani klubda olib qolish uchun uning ukasi Antonio bilan ham shartnoma imzolandi.
«Yuventus»dan qarshi hujum
Leonardo Bonuchchi Turindan ketgach, «Yuventus» ham qarab turgani yo‘q. Darhol «Milan» tomon qarshi hujumga o‘tdi. Mattia de Shilyoning qizil-qora libosni «oq-qora»ga almashtirishga rozi bo‘lishi Italiya chempioni uchun 12 million yevroga tushdi. Umuman, skudettoni yana o‘zlarida saqlab qolish va Yevropa Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonishni maqsad qilgan «Keksa sinyora» yozgi transferlar mavsumida 149,2 million yevroning bahridan o‘tdi. Sotib olingan futbolchilar orasida eng qimmati - Federiko Bernardeski. Mazkur kelishuv orqali «Fiorentina» 40 million yevroga boyidi.
Eng ko‘p, ammo...
Necha yildan buyon chempionlikka erisholmayotgan «Roma» ham ko‘plab futbolchilarni xarid qilishga ulgurdi. Poytaxtliklar safiga qo‘shilgan o‘yinchilardan bemalol bitta tarkib tuzsa bo‘ladi. Shunda ham ulardan biri zaxirada qolib ketishi muqarrar. Rimliklar 12 nafar futbolchi bilan arzon-garov kelishuvga erishishgan. Shu sabab, ularning umumiy sarf-xarajati «Milan» va «Yuventus»nikidan kamtarroq - 88,8 million yevro. Sotib olingan eng qimmat o‘yinchilar narxiga e’tibor bering: «Feyenord»ni ko‘ndirish uchun Rik Karsdorp uchun 14 million berishdi. Turk klubi «Bashakshehir»ning iste’dodli yarim himoyachisi Jengiz Under undan ham arzonroqqa tushdi - 13,4 mln. Shunga qaramay, Italiya matbuoti «Roma»ning eng omadli xaridi sifatida Aleksandr Kolarovni ko‘rsatmoqda. Uni «Manchester Siti» bor-yo‘g‘i 5 «limon»ga pulladi.
«Inter» hamshahriga mahliyo
Luchano Spalletti boshqaruvidagi «Inter» esa asosiy transferni qishga surgandek. Negaki, Milanning ikkinchi jamoasi yozgi mavsumda atigi 3 nafar futbolchini tarkibga qo‘shib oldi. Asosiy raqiblari 200lik marrani zabt etishga chog‘langan paytda «Inter» jimgina 52,5 million bilan kifoyalanmoqda. To‘g‘ri, Spalletti Mattias Vesino («Fiorentina») va Milan Skriniar («Sampdoriya»)ni chakana pulga olib kelmadi. Ular uchun mos ravishda 24 va 23 million yevro sarflandi. Biroq bu xarajatlar skudetto uchun jiddiy kurash taklif etish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin.
Neapolliklar xasismi?
Kamchiqimlik bobida «Napoli» klubi «Inter»dan qolishgani yo‘q. Neapolliklar 4 futbolchi transferiga salkam 47 million yevro sarflashdi. Ularga ayniqsa, «Torino» vakili Nikola Maksimovich ancha qimmatga tushdi. Nihoyat, muzokaralar so‘nggida turinliklar uni «Napoli»ga 20 million yevroga sotishga rozi bo‘ldilar. Shuningdek, Marko Roguning «Dinamo» (Zagreb)dan Italiya jamoasi safiga qo‘shilishi 13 millionga baholandi. Italiya gazetalari «Napoli»ning bunday transfer siyosatini xasislikka yo‘ygani yo‘q. Chunki, o‘tgan yilgi tarkib mukammal darajada. Ortiqcha sarf-xarajatdan naf yo‘q, degan fikrni ilgari surishmoqda.