Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Parij-2024: Tarixdagi eng chiroyli yozgi Olimpiada

Parij-2024: Tarixdagi eng chiroyli yozgi Olimpiada

Baho:
+ | -

2024 yilda Olimpiada nihoyat yana Yevropaga qaytadi. Bu voqea 10 yillik tanaffusdan keyin, O‘yinlarning Braziliyaga sayohati va Osiyo qit’asidagi uch qismli sikl: Janubiy Koreya-2018, Yaponiya-2020 va Xitoy-2022 dan keyin ro‘y beradi.

Qaytish esa juda esda qolarli bo‘lishi kerak. Birinchidan, Olimpiada Parijga roppa-rosa 100 yildan keyin qaytmoqda (chiroyli sana — Los-Anjelesga 2028 yilgacha kutib turish iltimos qilinishiga bosh sabab bo‘lgan). Ikkinchidan, Parij uchun O‘yinlar nafaqat sport, balki urbanistik loyiha hamdir — sanoat qay tomon harakat qilayotganini aniqlashtirmoqchi bo‘lganlar uchun uni o‘rganish juda muhim.

Tejamkorlik: yangi stadionlar qurishga hojat yo‘q

Yozgi Olimpiada doimo potensial nomzodlarni o‘z ko‘lami bilan cho‘chitib kelgan: dasturda mudom yangi sport turlari paydo bo‘ladi, ularning ko‘pchiligi uchun alohida stadionlar qurish kerak, eng asosiysi — yangi qurilganlaridan keyinchalik foydalanish katta muammolar keltirib chiqaradi. Eng yaqin olimpiada Rio-de-Janeyro misoli ko‘rsatmoqdaki, infratuzilmaga milliardlab investisiyalar befoyda sarf-xarajatga aylanmoqda: yangi sport turlari uchun barpo etilgan arenalar nafaqat foyda keltirmayapti, balki asta-sekin vayron bo‘lib, mamlakat nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Parij darhol bunday tavakkal qilmasligini ta’kidladi: ob’ektlarning faqat 5 foizi noldan barpo etiladi, ular ham ko‘p funksiyali arenalar bo‘ladi va ulardan dam-badam turnirlar uchun emas emas, yil bo‘yi foydalaniladi.

Parijda jami 36 sport ob’ekti barpo etiladi, ulardan 26 tasi allaqachon mavjud (ba’zilari rekonstruksiya qilinadi), 8 tasi — vaqtincha, 2 tasi Olimpiada oldidan quriladi.

Sen-Denidagi «Stad de Frans» yaqinida ulkan suv sporti saroyi quriladi, u yerda suzish, suvga sakrash va sinxron suzish musobaqalari o‘tkaziladi. Olimpiada vaqtida saroy 15 ming kishini sig‘dira oladi, so‘ngra u ixchamroq sport markaziga aylantiriladi — ham professionallar uchun (standart chempionatlar uchun 2500 muxlis o‘rindig‘i yetardi), ham jismoniy faollik yetishmayotgan mahalliy aholi uchun.

 

Ikkinchi to‘laqonli qurilish — bu Bersi-2. Bersidagi 80-yillarda qurilgan va 2015 yilda rekonstruksiya qilingan asosiy sport-konsert maydonchasi Olimpiadada basketbol o‘yinlari va dzyudoni qabul qiladi. Ikkinchi Bersi majmuasi kichikroq bo‘ladi (15 ming emas, 8 ming kishilik) va u yerda reytingi pastroq basketbol o‘yinlari va kurash musobaqalari bo‘lib o‘tadi.

Biroq Parij mavjud infratuzilmalardan maksimal faol foydalanadi. Yangilangan «Stad de Frans» — 1998 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatining bosh stadioni ochilish va yopilish marosimini, shuningdek, yengil atletika bo‘yicha barcha musobaqalarni qabul qiladi.

 

«Rolan Garros» majmuasi tennis va boks uyiga aylanadi va shu maqsadda xususiy investorlardan 700 million yevro qabul qiladi.

Olimpiada tashkilotchilari Yevro-2016 stadionlaridan ham foydalanishadi: futbol turniri o‘yinlari Tuluza, Marsel, Bordo, Lill, Lion, Sent-Etyen va Nissada bo‘lib o‘tadi. Janubdagi Marselda esa yelkanli sport musobaqalari ham bo‘lib o‘tadi, chunki yagona Sena daryosiga ega Parijda uni tashkillashtirib bo‘lmaydi.

 

Parijning tarixiy joylaridagi muvaqqat arenalar

Parij O‘yinlarining asosiy xususiyati olimpiadan keyingi salohiyati hisobga olinib, muvaqqat arenalardan barcha sport turlarida foydalanishdir. Bu tashqi effektda o‘z ta’sirini ko‘rsatmasligi uchun chiroyli shahar konsepsiyasi o‘ylab topgan: barcha vaqtinchalik arenalar shaharning tarixiy qismlarida joylashtiriladi va sayyohlar ham, teletomoshabinlar ham zerikib qolishmaydi.

Masalan, sohil voleyboli bo‘yicha o‘yinlar Eyfel minorasi etagidagi Mars maydonida bo‘lib o‘tadi.

Vilosiped yo‘nalishlarining marrasi Yelisey maydonlarida tugaydi, triatlon va ochiq suvda suzishda esa Senadan foydalanishadi. Kamondan o‘q uzish mashqlari Nogironlar Uyi oldida bo‘lib o‘tadi, uning hududida Napoleon Bonapartning qabri joylashgan. Senaning narigi qirg‘og‘ida — Aleksandr III ko‘prigidan o‘tib, Katta saroyga yo‘l olinsa, u yerdagi Gran-Paleda qilichbozlik va taekvondo musobaqalari tashkillashtiriladi.
 

Ot sporti esa chinakam qirollikka xos mahobat bilan o‘tadi, chunki barcha startlar Versalda kamida 20 ming muxlis ko‘z o‘ngida tashkillashtiriladi.

 

Le Burjedagi shu nomdagi aviasalonda joylashgan yirik ko‘rgazma markazida o‘q otish, badminton va volleybol bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tadi.

Olimpiya qishlog‘i — bo‘lajak turar-joy majmuasi

Parij hukumati Olimpiadaga tayyorgarlik 7 milliard yevrodan kamroqqa tushishini va’da bermoqda. Hozircha rejalashtirilgan byudjet 6,6 milliardlik ko‘rsatkichda: xarajatlarning qoq yarmi — tashkiliy qo‘mitaga, yana 3,3 milliardi — infratuzilmaga kiritiluvchi investisiyalar.

Ikkinchi punktning katta qismini Sen-Denidagi Olimpiya qishloqchasi xarajatlari egallaydi. Bu loyiha Katta Parijni yangilash loyihasiga mushtarak bo‘lib, Olimpiada-2024dan so‘ng sportchilar uchun mo‘ljallangan barcha turar-joylar 3500 kvartiradan iborat to‘laqonli turar-joy majmuasiga aylantiriladi.

Qurilish davlat-xususiy sheriklik modeli asosida olib boriladi. Xususiy quruvchilar xarajatlarning katta qismi (70 foizi)ni o‘z zimmalariga olishadi va evaziga Olimpiadadan keyin u yerda kvartiralarni sotish huquqini qo‘lga kiritishadi. Bu hududni rivojlantirish va xarajatlarni qisqartirish yuzasidan hukumat uchun juda qulay: byudjetdan faqat 160–180 million yevro turli infratuzilma ehtiyojlari uchungina sarflanadi.

Tashkilotchilarning hisob-kitobiga ko‘ra, Olimpiya qishloqchasining Sen-Denida joylashishi ko‘plab logistik muammolardan xalos bo‘lishga yo‘l ochadi: sportchilarning 84 foizi o‘z musobaqasi o‘tayotgan joyga 25 daqiqadan kamroq vaqt ichida yetib oldi.

Qizig‘i shundaki, davlat-xususiy sherikchilik Olimpiada-2024 saylovoldi kampaniyasi davrida fransuzlar tomonidan sinovdan o‘tkazilgan. Kampaniyaning umumiy byudjeti 60 million yevro bo‘ldi, bu summaning teng yarmini xususiy investorlar ajratishdi.

 

Umumiy byudjet

Oqilona moliyaviy rejalashtirish tufayli Fransiya ortiqcha bosimdan xalos bo‘ladi: davlat va munisipal byudjetlardan faqat 1,5 milliard yevro ajratiladi (yana shuncha summani Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi (XOQ) beradi, homiylar 1,1 milliard yevro, turli fondlar ham 1,5 milliard yevro ajratishadi).

Birinchidan, shuni tushunish muhimki, bu xarajatlarning hammasi sport va XOQ oldidagi majburiyatlardir — barcha keng miyoqsli infratuzilmaviy loyihalar Olimpiada-2024 doirasidan tashqariga chiqarilgan. Transport islohoti va shaharning turli hududlarini rekonstruksiya qilishni Olimpiada o‘yinlari o‘tkazilishidan qat’i nazar, baribir amalga oshirish ko‘zda tutilayotgan edi va boshqa yo‘nalish orqali moliyalashtiriladi.

 

Ikkinchidan, byudjet hali xomcho‘t qilingan. Yozgi Olimpiada o‘yinlarining so‘nggi ikki mezbonlari — London va Rio-de-Janeyro avvaldan belgilangan limit chegarasidan chiqishgan, shu sababli qurilish ishlarining qimmatlashuvini inkor etib bo‘lmaydi.

Limoj universiteti qoshidagi sport huquqi va iqtisodiyoti markazining hisob-kitoblariga ko‘a, OO‘-2024 ni o‘tkazishdan iqtisodiy samaradorlik 10,7 milliard yevroga yetishi mumkin, ularning 3 milliarddan ziyodi Olimpiada bahona ko‘paygan sayyohlar oqimi ortidan keladi. 

Olimpiada tashkiliy qo‘mitasi allaqachon chiptalar savdosi 1 milliard yevrodan ortiq mablag‘ keltirishini hisoblab o‘tiribdi. Minbarlarning o‘rtacha 85 foizga to‘lishi, chiptalarning o‘rtacha narxi 117 yevro bo‘lishini ham.

Olimpiya merchandayzingidan daromad yana 125 million yevro bo‘lishi kutilmoqda. Eng manfaatli pozisiyalar: tekstil — 48,6 million yevro, esdalik sovg‘alari va aksessuarlar — 17,4 million, o‘yinchoqlar — 9,57 million; turli elektron o‘yinlar — 8,8 million.

Shaharda o‘zgarish: velosped yo‘lkalari va Senada suzuvchilar ko‘paymoqda

Avval boshdan Olimpiada-2024 uchun Parij, Budepesht, Hamburg va Boston da’vogarlik qilayotgan edi. Biroq uch da’vogarda ham jamoatchilik fikri bilan bog‘lik jiddiy muammolar kelib chiqqan: Budapeshtda o‘yinlarga qarshi petisiya uyushtirilib, uni 250 ming kishi imzolagan, Hamburgdagilar loyihadan referendum vositasida voz kechishgan, amerikaliklar esa shosha-pisha Bostonni Los-Anjelesga almashtirishdi (bu yerda ham aholi noroziligi katta rol o‘ynadi). Parijda bunday muammolar bo‘lmagan, hozir ham yo‘q: sentyabrda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov fransuzlarning 83 foizi Olimpiada o‘tkazilishini «mamlakat uchun yaxshi yangilik» sifatida qarshi olishgan.

Olimpiadagacha Parij ancha sportlashgan shaharga aylanadi. 2020 yilga kelib veloyo‘laklar ulushi ikki martaga oshadi — 1400 kilometr, bu Parijni Yevropaning velospiyedchilar poytaxtiga aylantiradi.

Veloyo‘nalishlarni rivojlantirish uchun investisiyalar 150 million yevroga baholanmoqda. Bu shahar muhitini yaxshilash borasidagi dasturning eng asosiy punktlaridan biridir: Parij hukumati 2020 yilga borib shaharliklar jamoat transportidan 20 foizga ko‘proq, velosiped va samokatlardan 10 foizga ko‘prok foydalanishidan umidvor.

Parij merligining yana bir muhim rejasi — ommaviy sportni yanada rivojlantirishdan iborat. Unga ko‘ra, sport maydonchalari va gimnastika majmualarini qurish, eng asosiysi — Senada cho‘milish havzalarini ko‘paytirishni taqozo etadi. Daryoni tozalab, uni suzish uchun yaroqli qilish rejasi ilk bor Parijning sobiq meri va Fransiyaning sobiq prezidenti Jak Shirak tomonidan taklif qilingan edi. Reja amalga oshirilmagan bo‘lsa-da, haligacha mutasaddilarga tinchlik bermay kelmoqda: Parijning amaldagi meri Ann Idalgo xonim Olimpiadagacha Senada istalgan odam bemalol cho‘mila olishini va’da qilgan.

 

Senada erkin cho‘milish 1923 yilda, daryoning keskin ifloslanishi va inson salomatligiga zarari tufayli taqiqlab qo‘yilgan. Muammoni hal etish uchun to‘rt bosqichli tozalash tizimini ishga solish kerak, ularning eng asosiysi ultrabinafsha filtrlar bo‘ladi. Vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarayotganini ekologlar hozirdanoq qayd etishmoqda: agar 70-yillarda Senada baliqning bor-yo‘g‘i ikki turi yashagan bo‘lsa, hozir ularning turi 35 dan oshgan.

«Sport Parij transformasiya uchun ajoyib bahona bo‘lishi mumkin, — deydi Idalgo xonim. — Biz insonlarda qiziqish uyg‘otish, imkon qadar ko‘proq hamshaharlarimizni faol turmush tarzi bilan yashashga o‘rgatishimiz kerak. Bu mamlakatimizga yangi sog‘lom avlodni taqdim etadi».

Manba: kun.uz
Kiritildi: 12:50, 30.09.2017.
O'qildi: 6081 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.