Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/05 23:45 Kalyari 2-3 Fiorentina
24/05 23:45 Jenoa - Bolonya
25/05 00:00 Jirona - Granada
25/05 17:00 Osasuna - Vilyarreal
25/05 19:15 Real Sosyedad - Atletiko
25/05 21:00 Yuventus - Monsa
25/05 21:30 Almeriya - Kadis
25/05 21:30 Rayo Valyekano - Atletik Bilbao
25/05 23:45 Milan - Salernitana
26/05 00:00 Real Madrid - Betis

Andrey Shevchenko: «Tug‘ilgan kunimda deyarli har doim gol urardim»

Andrey Shevchenko: «Tug‘ilgan kunimda deyarli har doim gol urardim»

Baho:
+ | -

Ukrainalik afsonaviy hujumchi, Yevro-2004ning eng yaxshi futbolchisi Andrey Shevchenko 29 sentyabr kuni tug‘ilgan ayyomini nishonladi.

Footboom esa bundan unumli foydalandi - ayni payt Ukraina terma jamoasini boshqarayotgan Andrey Nikolayevichni tabriklash bahonasida uni maxsus suhbatga chorladi.

Natijada 41 yoshga to‘lgan Sheva avvalgi yillarda tug‘ilgan kuni qanday o‘tgani haqida gapirib berdi.

— Andrey Nikolayevich, bu safar tavallud ayyomingizni qanday bayram qilishni rejalashtiryapsiz?

— Futbol maydonida nishonlayman (kuladi). Aniqroq aytsam, bu yilgi tug‘ilgan kunim Tbilisida o‘tadi. U yerga do‘stim Kaxi Kaladze taklifiga binoan boraman va xayriya o‘yinida maydonga tushaman.

— Demak, yaqinlaringiz sizni keyinroq tabriklashadi...

— Shunday. Shanba kuni Kiyevga qaytaman (suhbat avvalgi hafta bo‘lib o‘tgan), ertasiga esa Xarkovda milliy jamoaning Kosovo termasiga qarshi kechadigan safar o‘yiniga qaratilgan yig‘inni boshlaymiz. To‘g‘ri, yaqinda oila davrasida kichik bayram uyushtirdik. Gap shundaki, 1 oktyabr - o‘g‘lim Aleksandrning tug‘ilgan kuni. Shu munosabat bilan bolalar kechasi o‘tkazdik.

- Umuman, tug‘ilgan kuningiz sharafiga bayram dasturxoni yozishni xush ko‘rasizmi?

— Unchalik emas. Axir doimiy safarlardan bo‘shamayman, hisob. Ha, oxirgi yillarda bu kunni oilam bilan birga nishonlash nasib etdi. Ammo bungacha odatda safarlar, o‘yinlar yoki qandaydir tadbirlar alohida bayram uyushtirishga xalaqit berardi.

— Nahotki, biror marta mehmonlarni muayyan joyda to‘plamagan bo‘lsangiz...

— Nega endi? Bir necha marta katta bayram dasturxoni yozishga imkon tug‘ilgan. Deylik, kichik yubiley, ya’ni 25 yoshga to‘lganimni Milanda bayram qilganman, keyin «Chelsi» safiga qo‘shilib, tavallud ayyomimning 30 yillik tantanalarini Londonda nishonlagandim.

— Bolaligingizda-chi? Qaysi yilgi tug‘ilgan kun oqshomi yodingizda muhrlanib qolgan?

— Otam ajoyib sovg‘a - haqiqiy konki bilan siylaganida, necha yoshda bo‘lganimni birdaniga eslolmayman. Lekin o‘sha bayramdan keyin har ertalab uyqudan turishim bilan ko‘l tomon yugurganim hamon xotiramda. Ochig‘i, havo tezroq sovushi, ko‘l yuzasi muzlashi va konkida uchishga imkoniyat tug‘ilishini sabrsizlik bilan kutgandim.

— Xo‘sh, tug‘ilgan kuningizda necha marta maydonga tushishingizga to‘g‘ri kelgan?

— Tez-tez. Yana qo‘shimcha qilishim mumkin, ularda deyarli har safar gol urganman.

— Shu joyda biroz tuzatish - aslida raqiblar darvozasini tug‘ilgan kuningiz arafasida, ya’ni 28 sentyabrda doimiy ravishda ishg‘ol qilgansiz...

— Ehtimol, shundaydir, ammo o‘yinlar odatda ancha kech yakunlanardi va uyga qaytgunimcha tug‘ilgan kunim boshlanardi (kuladi). Esimda, 1998 yili «Dinamo» tarkibida CHL doirasida «Lans»ga qarshi maydonga tushgandik va o‘shanda gol urganman. Bu aniq! O‘sha o‘yin aynan tug‘ilgan sanam arafasiga to‘g‘ri kelgandi. Afsuski, golim yordam bermagandi - biz yakunda yengilganmiz.

— O‘yindan oldin sizni tabriklashganmidi? Bazada deylik, Valeriy Lobanovskiydan qutlov olganmisiz?

— Albatta! Murabbiyimiz bunday narsalarga juda e’tiborli edi va har qanday holatda ham, har bir futbolchini tabriklashga vaqt topardi. Umuman, faoliyatim davomida men o‘ynagan barcha jamoalarda o‘ziga yarasha an’analarga amal qilinardi. Misol uchun, «Dinamo»da bayram sababchisi tort, sok va boshqa yeguliklar keltirardi. Darvoqe, «Milan»dagi ilk tavvallud ayyomim esimda qolgan. Chunki yigitlar alohida «syurpriz» tayyorlashgandi. Juda yoqimli holat, axir jamoa safiga endi qo‘shilgandim.

— Eng yorqin tug‘ilgan kunni esa «Seltik»ka qarshi o‘yinda nishonlagansiz, shundaymi?

- Ha, barchasi kechagidek yodimda. O‘sha kuni «Milan» safida maydonga tushib, ilk daqiqalardayoq hisobni ochgandim va yakunda ishonchli g‘alaba qayd etganmiz. Shuningdek, «San Siro»da «Lechche»ga qarshi bahsda «dubl»ga erishganim, Gelzenkirxenda o‘tgan CHL bahsida gol urganim ham esimda, ammo adashmasam, bu ta’kidlaganingizdek, 28 sentyabr kungi o‘yin edi. «Dinamo» safida «Kamp Nou»da «Barselona» bilan o‘ynaganimiz esa bir umrlik xotira. Umuman, tug‘ilgan ayyomim futbol voqeliklariga boy. To‘g‘ri, o‘zimga qolsa, bu bayramni farzandlarim davrasida nishonlashni ko‘proq istardim...

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 08:34, 06.10.2017.
O'qildi: 3893 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.