«Chelsi»ning sobiq o‘yinchisi Frenk Lempard klubning afsonalaridan biri hisoblanadi. Yaqinda u angliyalik jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatda «aristokratlar» safidagi jamoadoshlari haqida gapirib berdi.
- Mashg‘ulotlarda eng ko‘p kim ishlardi?
- Eng mehnatkash? Menimcha, Jon Terri. «Chelsi»ga kelganimda Jon 18 yoshda edi. Uning mashg‘ulotlarda ishlayotganini ko‘rib, hayron qolganman. Unda futbol iqtidori bo‘lgan va Jon ushbu xislatidan boricha foydalanishga harakat qilgan. Bundan tashqari, Terri mashg‘ulotlardan keyin ham qo‘shimcha mashqlarni bajarardi. Xullas, mehnatkashligi bilan boshqalardan ustun turgan.
- Boshqalardan kam ishlab, o‘yin paytida o‘zini ko‘rsata oladigan kim edi?
- Rikardu Karvalyu. Oldin uni vrachning xonasida ko‘p ko‘rardim. Mashg‘ulotlarda ham ko‘ngildagidek harakat qila olmasdi. Lekin o‘yin paytida har qanday raqibga qarshilik ko‘rsatishga qodir edi. Bir so‘z bilan aytganda, ajoyib futbolchi.
- Mashg‘ulotlarga birinchi bo‘lib kim kelardi?
- Eshli Koul. Hamisha barchadan oldin bazada bo‘lardi. Hammamizdan ko‘ra bazaga yaqinroq joyda yashardi. Shuningdek, Eshli barchadan keyin ketardi.
- Doimiy ravishda mashg‘ulotlarga kim kech qolardi?
- Kech qolardi? «Chelsi»da bu Nikolya Anelka edi. Buni kech qolish demagan bo‘lardim. U shunchaki mashg‘ulot boshlanishi arafasida paydo bo‘lardi. To‘g‘ri, ba’zi kunlari kech ham qolgan. Lekin men uchun hamisha so‘nggi paytda paydo bo‘lgan futbolchi bo‘lib qolaveradi.
- Texnikasi eng yaxshi bo‘lgan futbolchi kim edi?
- Eden Azar. Men Janfranko Zola va texnikasi yaxshi bo‘lgan Jo Koullar bilan ham o‘ynaganman. Lekin Eden Azarni bu borada ulardan kuchliroq deb hisoblayman. U maydonga tushib mo‘’jiza yaratishga qodir.
- Kim to‘pni yo‘qotmasdi?
- Jon Obi Mikel. U bilan «Chelsi» uchun muhim bo‘lgan ko‘plab uchrashuvlarda birga maydonga tushganmiz. Jumladan, Chempionlar Ligasi finalida ham. U nafaqat to‘pni olib qo‘yishda kuchli bo‘lgan, balki ajoyib uzatmalarni amalga oshirardi.
- Eng ko‘p «podkat» qiladigan kim edi?
- O‘ylashimcha, buni shundoq ham bilasiz. Jon Terri mashg‘ulotmi, muhim o‘yinmi, hamisha «podkat»ga tayyor turardi. Mashqmi, 5x5 o‘yinmi, unga farqi yo‘q edi. Jon hamisha o‘yinda bo‘lgan. To‘pni olib qo‘yish uchun oyog‘ingiz ostiga boshi bilan tashlanishdan ham tap tortmasdi.
- «Chelsi»da eng ko‘p hazil qiladigan kim edi?
- Hammadan ko‘pmi? David Luis. U «Chelsi»ga o‘tganida ingliz tilida umuman gaplasha olmasdi. Ammo oradan uch hafta o‘tgach ancha o‘rganib oldi. U hamma bilan do‘stona kayfiyatda bo‘ladi va hazillashishni yaxshi ko‘rardi. O‘z hazillari bilan hech kimni xafa qilib qo‘ymagan. O‘z me’yorini bilardi.
- Eng tezkor futbolchi kim edi?
- «Chelsi»da bir nech yillar o‘ynagan bo‘lsam, jamoa safida Nikolya Anelka va Aryen Robbendan chaqqon futbolchilarni ko‘rmaganman. Ular juda tezkor edilar. Afsuski, o‘zim bunchalik tez emasman.
- Maydon o‘yinchilaridan qaysi biri darvozada turishni qoyillatardi?
- Jon Terri. Uni ko‘p eslayotganimni bilaman. Yodingizda bo‘lsa, bir marta «Reding»ga qarshi uchrashuvda Petr Chex boshidan jiddiy shikastlangan, zaxiradan tushgan Karlo Kudichini ham jarohat tufayli maydonni tark etishga majbur bo‘lgandi. Lekin o‘shanda Jonga darvozada turish yangilik bo‘lmagan. Mashg‘ulotlar paytida ham Terri darvozaga turardi. Biz 15 daqiqa ichida unga tinimsiz to‘p tepardik. Qo‘lqop kiyish unga yoqardi.
- Jamoada hamisha nimadandir norozi bo‘lib yuradigan futbolchi kim edi?
- Ivanovich. U maydonda keragidan ortiq agressiv harakat qilardi. Lekin o‘zaro o‘ynaganimizda ham hamisha shunday bo‘lgan. Barchasini muhim o‘yindek qabul qilardi. Hattoki, o‘zaro o‘inlarda hakamlik qilgan murabbiylarga ham baqirishdan toymasdi.
- O‘zaro o‘yinlarda qaysi o‘yinchi bilan birga o‘ynash yoqardi?
- Didye Drogba bilan. U muhim o‘yinlar uchun yaratilgan futbolchi edi. Muhim o‘yinlar deganda, kuboklar finallari va shunga o‘xshash uchrashuvlarni nazarda tutyapman. Umuman olganda, uning ruhiy tayyorgarligiga qoyil qolardim.
A.ISROILXONOV tayyorladi