Kirish Ro'yxatdan o'tish
13/01 00:45 Yuventus 5-0 Cremonese
13/01 01:00 Sevilya 0-1 Selta
13/01 16:30 O‘zbekiston 2-0 Janubiy Koreya
13/01 16:30 Eron 0-1 Livan
13/01 21:30 Yaponiya 2-0 Qatar
13/01 21:30 BAA 1-1 Suriya
14/01 16:30 Iroq - Avstraliya
14/01 16:30 Tailand - Xitoy
14/01 22:30 Napoli - Parma
15/01 00:45 Inter - Lechche
15/01 22:30 Verona - Bolonya

Akmal Rahimov: «Messi va Maradona vatanidan katta taassurot bilan qaytdim»

Akmal Rahimov: «Messi va Maradona vatanidan katta taassurot bilan qaytdim»

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Intervyular

Yurtimizda hakamlarni tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratilyapti. Bu borada Ravshan Ermatovning erishgan yutuqlari mazkur sohaning yanada taraqqiy topishiga zamin yaratmoqda.

Ermatovga havas qilib, referilikni kasb sifatida tanlayotgan yoshlar bugungi kunda ko‘pchilikni tashkil etadi. O‘FF qoshida faoliyat yuritayotgan hakamlar tayyorlash maktabi esa bu jarayonda ko‘makchi bo‘lyapti.

Ana shunday iste’dodli hakamlarimizdan biri  Akmal Rahimovdir. U yosh bo‘lishiga qaramay, shu kungacha Angliya, Ispaniya kabi futboli rivojlangan mamlakatlarda malakasini oshirib qaytdi.

Rahimov FIFA tomonidan tashkil etilgan seminar va turnirlarda o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsata oldi. Akmal Argentinaning San-Luis shahrida o‘tkazilgan qo‘l yoki oyog‘ida nuqsoni bor futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishladi.

E’tiborlisi, hamyurtimiz Maradona va Messi vataniga Osiyodan yagona vakil sifatida tashrif buyurdi. Andijonlik referi mundialning bir nechta o‘yinlarini boshqarishga muvaffaq bo‘ldi.

U O‘zbekis­tonga qaytib kelgach, nash­rimiz uchun intervyu berdi.

- Akmal, Argentina safari qay yo‘sin amalga oshdi? Umuman, bu qanday musobaqa edi?

- Menga O‘FF Hakamlar va nazoratchilar bo‘limi boshlig‘i Noil Lutfulin qo‘ng‘iroq qilib, FIFAdan chaqiruv xati kelganini aytdi. Ushbu jahon chempionati qo‘li yoki oyog‘ida nuqsoni bor futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilib, unda 16ta terma jamoa ishtirok etdi. Musobaqa FIFA ­shafe’ligida tashkillandi. Tabiiyki, o‘yinlar ham mazkur tashkilot qoidalari asosida bo‘lib o‘tdi.

- O‘yin qoidalari odatiy futbol bilan bir bir xilmidi?

- Xuddi shunday.

- Argentinaga Osiyoning boshqa davlatlaridan ham hakamlar bordimi?

- Yo‘q. Qit’amizdan yagona vakil sifatida jahon chempionatiga taklif qilingandim. Mendan tashqari, AQSH, Kanada, Kolumbiya, Argentina, Portugaliya, Ispaniya, Shotlandiya, Angliya va Braziliyadan referi chaqirilgandi. Yordamchi hakamlarning bari argentinaliklar edi. Menga ham qanotlarda mahalliy hakamlar yordam berishdi. Ta’kidlash joizki, oyoq va qo‘lida nuqsoni bo‘lsada, futbolchilar yuqori saviyali o‘yin ko‘rsatishdi.

- O‘z brigadangiz bilan qatnashmaganingiz o‘yinlarni boshqarishda, tushunib harakat qilishda murakkablik tug‘dirmadimi?

- Avvaliga biroz qiyinchilik sezdim. Keyin o‘yindan-o‘yinga asta-sekin vaziyat ijobiy tus ola boshladi. Yordamchilarim bilan ingliz tilida bemalol muloqotga kirishdik.

- Musobaqa boshlanishi oldidan test sinovlari bo‘ldimi?

- Ha, jahon chempionati startidan uch kun avval maydonda mashg‘ulot o‘tkazdik. Futbol qoidalari bo‘yicha tashkil etilgan nazariy mashg‘ulotlarda qatnashdik. Videoepizodlarni muhokama va tahlil qildik. Ke­yin jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha fitnes-test topshirdik. Bu jarayonlarning bari ingliz tilida o‘tdi.

- Boshqarilgan o‘yinlar qay tarz­da baholab borildi?

- Uchrashuvdan keyin ball qo‘yilmadi. Shunchaki, boshqargan o‘yinimizni tahlil qildik. Bizga xatolar sababi nimada ekanini tushuntirib, bu kamchiliklar qayta takrorlanmasligi uchun tavsiyalar berildi.

- Musobaqada nechta o‘yinni bosh­qardingiz?

- Beshta uchrashuvda bosh hakam vazifasini bajardim. Menga AQSH - Avstraliya, Argentina - Eron, Kanada - Portugaliya va Ispaniya - Irlandiya o‘yinlarini boshqarish ishonib topshirildi. Shuningdek, Angliya va Eron termalari o‘rtasidagi yarim final uchrashuvida ham ishladim. Yana bitta o‘yinda to‘rtinchi hakam bo‘ldim. Bu musobaqa va uning doirasidagi bahslar men uchun yaxshigina tajriba maktabi vazifasini o‘tab berdi. Hamma o‘yinlarga katta mas’uliyat bilan yondashdim. Yirik turnirlarda birgina xato qaysidir jamoaga aziyat yetkazib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun har bir bahsga alohida tayyorgarlik bilan chiqdik.

- Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha fitnes-test me’yorlarida o‘zgarishlar bormi?

- Bor, lekin unchalik katta emas. Masalan, 75 metr masofani kamida 15 soniya ichida bosib o‘tishimiz shart. Yigirma besh metr masofani erkin yurish holatida bosib o‘tish uchun esa 20 soniya vaqt beriladi. Keyin 40 metr masofaga 6 marta tezlikni oshirib borish evaziga yuguriladi. Uning har biriga 6 soniya vaqt beriladi.

- Kelgusidagi rejalar qanday?

- Argentinadan qaytib kelganimdan so‘ng bitta o‘yinda hakamlik qildim. Birinchi liga doirasidagi «Norin» - «Nasaf-2» (2:0) uchrashuvini boshqardim. Hozir o‘z brigadam bilan navbatdagi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Menimcha, bu yil hisobidan biz qatnashadigan boshqa xalqaro turnir bo‘lmasa kerak.

- O‘z vaqtida Angliya va Ispaniya­da FIFA tomonidan tashkil etilgan seminar hamda turnirlarda malakangizni oshirib qaytgansiz. Umuman, yevropalik hakamlardan qaysi birining o‘yinni boshqarish uslubi yoqadi?

- Angliyalik Mark Klattenburg va italiyalik Nikola Rissolining mahoratiga tan beraman. Ular boshqargan o‘yinlarni kuzatish asnosida o‘rganishga harakat qilaman. Angliyadagi seminar va mashg‘ulot chog‘ida Klattenburg bilan uchrashib, uning suhbatidan bahramand bo‘lganman. Shundan so‘ng bu hakamga hurmatim yanada oshgan.

- Hakamlik oson kasb emas. Hammaga birdek yoqish mushkul. Ushbu sohaga kirishdan oldin shu haqda o‘ylab ko‘rganmisiz?

- Bilasizmi, yengil kasbning o‘zi yo‘q. Har birining o‘ziga yarasha qi­yinchiligi bor. Ular orasida hakamlik eng murakkablaridan sanaladi. Chunki referining birgina xatosi bilan jamoa boshliqlari, murabbiylar shtabi va futbolchilarning keyingi faoliyati o‘zgarib ketishi mumkin. Ammo o‘z navbatida, boshqalar ham bizni tushunishi lozim. Hakam ham inson va u xatodan xoli emas.

K.ALIMOV suhbatlashdi

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 09:13, 21.10.2017.
O'qildi: 2399 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.