O‘FF Ijroiya qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, kelasi yildan oliy ligada 12 jamoa uch davrali tizimda ishtirok etadigan bo‘ldi. Tushuniladiki, oliy liganing o‘tayotgan mavsumida (4 tur qoldi) avval aytilganidek, 15-16 o‘rindagi jamoalar emas, 12-16 o‘rinlarni egallagan klublar yakunda oliy ligani tark etadigan bo‘ldi. Shunaqa deb yozilgan.
Xabarda bu ishlarning barchasi o‘zbek futbolini, xususan milliy chempionatimizni yanada qiziqarliroq qilish, klublarning professionallashuvini ta’minlashga qaratilgani aytilib, vaziyat ekspertlar tomonidan chuqur o‘rganilgani qayd etiladi. Ammo sport prinsiplari va reglamentga qarab turib, oddiy ko‘z bilan, bu qarorning naqadar shoshilinch ekanini aytish mumkin.
Birinchidan, oliy liga o‘yinlarini o‘tkazadigan tashkilot - PFL, ya’ni professional futbol ligasi. Bu tashkilot professional klublardan tashkil topgan va o‘sha klublar PFLga badal puli to‘laydi. PFLning vazifasi ushbu klublar o‘rtasidagi musobaqalarni adolat va qoidalar asosida tashkil qilib berishdan iborat. Bu futbol alifbosi, hamma joyda shunaqa.
Endi, ishtirokchi klublarning sonini qisqartirish haqidagi qaror har bir klubning ishtirokida va muhokamasi ostida, hech bo‘lmasa, ovoz berish jarayoni orqali qabul qilinishi kerak. Misol uchun, APL kelasi yozdan transfer oynasida 31 avgustdan 12 avgustga surdi. Bu qarorga barcha klublarning ishtirokida, ovoz berish orqali kelindi. Oliy ligadagi jamoalari soni va formati esa, transfer muddatlaridan ham ko‘ra jiddiyroq masala edi.
Uzoqqa bormaylik, bir necha yil oldin OAVda oliy liga formatini o‘zgartirish, aytaylik, mavsum oxirida kuchli oltilikning pley-off yordamida chempionni aniqlashi masalasi ko‘tarilgandi. Barcha klublar ishtirokida majlis bo‘lib o‘tgan va aksariyat klublar vakillari bunday formatni ma’qullashmagandi. O‘FFning bugungi Ijroiya qo‘mitasi tarkibi bilan tanishdim, faqat «Lokomotiv», «Bunyodkor» va «Paxtakor» klublari rahbarlari 11talik guruhning ichiga kirar ekan xolos. Demak, bu safar bunday qarorni qabul qilishda boshqa klublarning fikri inobatga olinmagan. Inobatga olingan taqdirda, ba’zi klublarning javobi qanday bo‘lishi mumkinligini taxmin qilish qiyin emas.
Ikkinchidan. Bu muhimroq.
Bunday qarorga nafaqat klublar, butun respublika referendum orqali 98.6 foiz ovoz bergan taqdirda ham, yangi format eng yaqini 2019 yilgi futbol mavsumidan amal qilishi shart edi. Aks holda adolat mezonlari buziladi.
Qarang, mavsum boshida PFL bir klubga «sen 13-o‘rinni olsang, oliy ligadagi o‘rningni saqlab qolasan» deb aytmoqda. Mavsum tugashiga 4 tur qolganda esa, «yo‘q, sen shu o‘rinda qolsang, birinchi ligaga tushib ketasan» deyapti. Tasavvur qilyapsizmi, bunday holatni qayerda ko‘rgansiz? Men hech qayerda ko‘rmaganman!
Albatta, ba’zi mulohazalarni eshitdim, o‘sha o‘rtamiyona klublar harakat qilishlari lozim edi, yuqori o‘rinlar uchun kurashish kerak edi, ana o‘sha beg‘amligi uchun jazolanyapti, deganlar ham bo‘ldi. Nafaqat muxlislar, jurnalistlar tomonidan ham yangradi bu fikrlar. Ammo qarang, biz reglament va adolat haqida gapirmoqdamiz, PFLning o‘zi tuzib qo‘ygan reglamentga ko‘ra, uchinchi o‘rinda turgan «Paxtakor» kelasi yilda oliy ligada o‘ynashga qanchalar haqli bo‘lsa, 12-o‘rinni egallab turgan «Dinamo» ham xuddi shunday haqlidir, zarracha kam emas. Chunki har ikki jamoa reglamentda oliy ligada qolish huquqini beradigan o‘rinni egallagan bo‘lib chiqadi, bu o‘rin uchinchimi, o‘n ikkinchimi umuman farqi bo‘lmaslik kerak.
Axir masalan, o‘sha «Dinamo» yoki «Neftchi» haqida gap borganida, biz ularni aslida yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan potensialda bo‘lib turib, ataylab pastda yurganlikda ayblashga haqqimiz yo‘q, to‘g‘rimi? Balki «Dinamo» 15-16 o‘rinlarni egallashdan qochib, harakat qilib, mehnat qilib, 12-o‘ringa chiqqandir, zero har qanday ligada ham jon saqlash uchun kurashadigan va yakunda buni uddalab, olqish oladigan klublar bo‘ladi-ku, to‘g‘rimi? «Bunyodkor»ga «nega chempionlik uchun kurashmading, boqi-beg‘ammisan?» deb aytish ham absurd bo‘lganidek, o‘rtamiyonalarni yoki autsayderlarni ayblash, ularni nohaq jazolash qaysi mezonlarga to‘g‘ri keladi?
Men aslida jamoalar soni ligani qizitib yuborishda katta ahamiyat kasb etmaydi deb hisoblasam ham, agar yakunda 12talik tizimga o‘tilsa, bunga ham rozi bo‘lishim mumkin. Ammo hammasi reglament va adolat prinsiplarida o‘tishi tarafdoriman. Bu yerda eng to‘g‘ri yo‘l, kelasi mavsum boshlanishida musobaqaning mos tartibini joriy qilish va masalan, 2018 yilda ligani 5 jamoa tark etadi, deb e’lon qilib qo‘yilishi shart edi, deb hisoblayman.
E’tibor bersangiz, bu yerda yana bir chalg‘ituvchi masala bor. O‘FF klublarning lisenziyalash talablari bilan jiddiy shug‘ullanadi va talabga javob bermaydigan klublar oliy ligaga qo‘yilmaydi. Ya’ni, jamoalar sonining qisqarishi aslida klublarning yangi oliy ligaga mos kelmayotgani bilan bog‘liq, deyilmoqchi. Esingizda bo‘lsa, 2004 yilda xuddi shu tarzda lisenziyalash talablari qat’iylashtirilgan va mavsum boshida talablarga javob bermagan «Qo‘qon» va «Do‘stlik» klublari oliy ligadan chiqarib yuborilgandi.
Bugungi holatni aslo 2004 yildagi voqeaga o‘xshatib bo‘lmaydi. O‘shanda oliy liga klublari soni fikslanmagan, ya’ni agar «Qo‘qon» yoki «Do‘stlik» tekshiruvdan o‘tganida, oliy ligaga qo‘yilar edi. Jamoalar talabga javob bermagan va oliy ligani tark etishgan. Hozir esa, kelasi mavsumda 12 jamoa ishtirok etadi, deyilyapti, «lisenziya talablarini bajarmaganlar qo‘yilmaydi» deyilmayapti. Ya’ni, yakunda 14 jamoa qo‘yilgan shartlarni bajarsa-da, ikkitasi qolib ketadi. Oliy ligani bu yil 13-o‘rinda yakunlagan shartli «Qizilqum» barcha shartlarni bajargan taqdirda ham, agar 12talikdagilar butun qolsa, 1-ligaga ravona bo‘ladi, tushunyapsizmi?
Tushunmayapsiz. Albatta, yangi rahbarlarning futbolimizda keskin o‘zgarishlar qilib yuborishga bo‘layotgan harakatlarini ko‘rib turibman. Masalan, UzReport telekanali bilan yangi shartnomalar haqida xabarlar chiqdi, bunga faqat qarsak chalish mumkin. Ammo agar qarorlar shoshilinch chiqaversa, agar go‘yoki hammaga yoqadigan islohotlarning zamirida adolat va qonun tarozisi buziladigan bo‘lsa, bunday harakatlar populizmga o‘xshab qoladi.
Ha, terma jamoaga chet ellik murabbiy olib kelish, futbolchini bir yilga, hakamlarni bir umrga haydash, oliy liga jamoalar sonini qisqartirish - bularning hammasi ko‘pchilik anchadan beri aytib kelayotgan masalalar, to‘g‘ri. Ro‘yxatni yanada davom ettirib, aytaylik, Babayanni bir umrga mamlakatdan chiqarib yuborish, Sergeevni o‘n besh sutkaga qamash mumkin. Ishoning, bu qarorlarni ham qo‘llab-quvvatlaydiganlar yanada ko‘proq topiladi, ana shunda, o‘sha ellik besh millionlik jarimani to‘lagan buxorolik suxandondan farqimiz qoladimi? O‘sha suxandonning ishi ham ko‘pchilikka yoqdi, nima dedingiz?
Esingizda bo‘lsa, 1992 yilda bo‘lib o‘tgan ilk chempionatimizda ikki chempion e’lon qilib yuborilgan. G‘alati. «Paxtakor» va «Neftchi» o‘shanda bir xil ochko to‘plagandi. To‘plar nisbati va g‘alabalar soni bo‘yicha, «Paxtakor» oldinda, o‘zaro o‘yinlarda esa, farg‘onaliklar ustun edi. Adashmasam, mavsum boshidagi reglamentda bunday holat e’tiborga olinmagan bo‘lishi kerakki, o‘sha qoida ishga tushib, bu jamoalardan kuchlisini aniqlab bera olmagan. O‘shanda hali nomiga «professional» tamg‘asini qo‘yib olmagan oliy liga ijroiya qo‘mitasidan kimdir chiqib, «yo‘q, to‘plar nisbatiga qaraymiz» deb «Paxtakor»ni chempion qilib yuborgani «Neftchi»dan istihola qilgandir.
Ammo bugun «Neftchi»dan istihola qilishmayapti.
Qahramon Aslanov