Oliy liganing 29-turi doirasida Qarshi shahrida mavsumning eng muhim o‘yini bo‘lib o‘tdi. "Nasaf" va "Paxtakor" jamoalari o‘zaro kumush medal va Osiyo chempionlar ligasi yo‘llanmasi taqdirini uchun jang olib borishdi.
Bugungi bahsda Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlarini durang ham qanoatlantirsa ham, qarshiliklar "Paxtakor"ning ustun jihatlarini yo‘qqa chiqarib, o‘zlari hujumkor o‘yin namoyish qilib berishdi. Uchrashuv debyutida har ikkala jamoa gol urish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Kanyukning birga-bir vaziyatda yo‘llangan zarbasidan keyin to‘pni Sanjar Quvvatov egallab olgan bo‘lsa, Cheran 4-5 metrdan darvoza to‘sinini nishonga oldi...
Birinchi bo‘lim tugash arafasida mezbonlar hisobni ochishga muvaffaq bo‘lishdi. Abdurahimovning uzatmasidan keyin Abduxoliqov toshkentliklar jarima maydonchasi ichida to‘pni qabul qildi va yaqin masofadan kuchli zarba bilan darvozani ishg‘ol qildi.
Ikkinchi bo‘limda "Nasaf" bo‘sh kelmadi va o‘z imkoniyatlaridan juda samarali foydalandi. Bahsning 60-daqiqasida "Paxtakor" darvozasi tomon penalti belgilandi. Dragan Cheran undan samarali foydalanib, hisobdagi farqni oshirdi.
Mehmonlarning yo‘qotadigan narsasi qolmagandi, ular katta kuch bilan oldinga tashlanishdi. Ammo Aleksandr Lobanovning qo‘pol xatosi "sherlar"ni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Toshkentlik posbon o‘z darvozasi oldida to‘pni qabul qildi, ammo uni o‘z vaqtida tepib yubormadi. Darvozabonni ta’qib qilgan Bahrom Abdurahimov to‘pga oyoq qo‘ydi va darvozani ishg‘ol qildi. Ushbu gol amalda "Paxtakor"ni ruhan sindirib qo‘ydi.
Qo‘shib berilgan daqiqalarda "ajdarlar" tezkor qarshi hujum tashkil qilishdi. Kenjaboyevning kuchli zarbasini Lobanov qaytardi, Cheran esa deyarli bo‘sh qolgan darvozaga "Nasaf"ning to‘rtinchi golini yo‘lladi!
Shu tariqa, "Nasaf" o‘z muxlislari juda katta bayram uyushtirib berdi. Jamoa mavsumni kumush medal bilan yakunladi hamda kelasi yili Osiyo chempionlar ligasida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. Berdiyev jamoasi OCHLni saralash bosqichidan boshlaydi.
Oliy liga, 29-tur
“Nasaf” – “Paxtakor” 4:0 (1:0)
Gollar: Bobur Abduxoliqov (43), Dragan Cheran (60-penalti, 90+1), Bahrom Abdurahimov (77)
"Nasaf": Quvvatov, Shorahmedov (s), G‘aniyev, Hamrobekov, Abdurahimov, Golban, Sayfiyev, Abduxoliqov, Cheran, Hasanov, Eshmurodov
Zaxira: Ergashev, M.Karimov, Rahmatillayev, Erkinov, Kenjaboyev, Rashidxonov, Rahmatov
"Paxtakor": Lobanov, Kozak, Simich, Tojiyev (s), Alijonov, Griffits, Iskanderov, Bezerra, SH.Karimov, Kanyuk, Sergeev.
Zaxira: Suyunov, Ahmedov, Nurullayev, Yaxshiboyev, Hoshimov, A’zamov, O‘rinboyev
Hakamlar: Z.Qodirov, O.Jumayev, R.Samandarov, SH.Rajabov.
Nazoratchi: A.Abdullayev.