Dunyoning ishlari qiziq. Futbol hayoti undan-da ajoyib. Rossiyalik muxlislar JCH-2018 ochilish o‘yinida Saudiya Arabistoni termasi raqib bo‘lishidan o‘zlarini baxtiyor sezishmoqda. Bolta tushguncha to‘nka dam oladi.
Voqealar keyinchalik qanday rivojlanishi ahamiyatsiz, go‘yo. Muhimi - purviqor tantanadan so‘ng g‘alaba qozonish. Mayli, bu birinchi va oxirgisi bo‘lsin!
Qur’a tashlash marosimidan keyin Rossiyaning umumiy kayfiyati shaxsan bizda shunday taassurot uyg‘otdi.
Balki o‘rtoqlik uchrashuvida Ispaniya termasi bilan durang natija qayd etilgani Rossiya futbol muhitini havolantirib, ruhlantirgandir. Ehtimol, bu kutish mumkin bo‘lgan holat.
Lekin guruhda 2-o‘rinni olib, yana ispanlarga to‘qnash kelish xavfi bor va mezbonlar uchun rasmiy jangda bu jamoa to‘sig‘idan o‘tish oson kechmaydi.
Zero, «qizil furiya» mundialning «pley-off» raundlarida «o‘rtoq-o‘rtoq» o‘ynamaydi. Boringki, mazkur asosli taxminda Rossiya termasi tarafini olaylik.
Shunda ham, baribir, Stanislav Cherchesov shogirdlarini noqulay raqib, ya’ni Lionel Messi yetakchiligidagi argentinaliklar kutishadi, nazarimizda.
Agar maydon egalariga 1|4 finalda ham omad kulib boqsa, demak, 2018 yil yoziga qadar futbol fantastik tarzda o‘zgarib ketgan hisoblanadi.
Holbuki, milliy jamoamizning JCH-2022 final bosqichiga ishonsak ishonamizki, bunday voqea yuz berishi xayolimizning ko‘chasiga ham kirmaydi.
Ha, Rossiya termasini JCH-2018 yarim finaliga chiqarib qo‘ysak, qur’a va uning mohiyati mantiqsizlikka aylanadi. Chunki qur’a tartibidagi mantiq kuchli terma jamoalarni yarim final sari yetaklaydi. «Pley-off» bahslari kuchsizlarni ayamaydi sira.
Shu xulosani yozganimiz zahoti qulog‘imiz ostida inkor sadosi yangradi: «Hayotda mantiqsizlikdek tuyulgan holat futbolda go‘zallik sifatida ko‘zga tashlanishi hech gap emas. Ana, «Strasbur» qudratli «PSJ»ga imkon bermadi-ku!»
Vaholanki, bu ikki jamoa imkoniyatlarini tarozi pallasiga qo‘ysak, bir tomon keskin bosib ketishi aniq. Shu ma’noda aytsak, Rossiya termasining «qizil furiya» ustidan g‘alaba qozonishi jahon chempionati bezagiga aylanadi!
Yo‘q, shunday voqea yuz berishini inkor etmadik, etolmaymiz. Faqat bu holat ketma-ket sodir bo‘lishi chindan ham, fantastika. Ha, ishonavering.
«Benevento» darvozabonining so‘nggi daqiqada «Milan»dan g‘alabani yulqib olganini mo‘’jiza sifatida olqishlaymiz. Jennaro Gattuzo «rossonerlar» bosh murabbiyi rolidagi debyut o‘yinida shogirdlarini 3 ochko uchun ruhlantirgandi.
Qarangki, mashhur futbolchi, lekin tajribasi kam murabbiyning dastlabki safar bahsi «Benevento»ning mavsumdagi ilk ochko uchun kurashish lahzasiga to‘g‘ri keldi.
Xullas, «Strasbur»dan g‘alaba va ishtiyoq salomini olgan «Benevento» ham o‘z vazifasini uddalab, mavsumdagi ochkolari hisobini ochdi, nihoyat. Jennaro Gattuzo CHLning Istanbulda «Milan» uchun musibatli yakunlangan finalini eslaganiga ishonchimiz komil.
O‘shanda ham g‘alaba «Milan» uchun naqd edi, go‘yo. Avvalgi yakshanba oqshomi ham jamoa g‘alabaga haddan ziyod ishonib to‘p surdi va tayyor ochkolarni qo‘ldan chiqardi.
Alamlisi, bu safar raqib «Liverpul» emas, balki joriy mavsum hali biror ochko ololmagan «Benevento» edi. Shunisi «Milan» muxlislari xunobini oshirdi.
Milan jamoasi tiffozilarini tushungan holda, Rossiya milliy jamoasini «Benevento»ga, «Milan»ni esa Argentina termasiga qiyoslash fikridan mutlaqo yiroqmiz.
Negaki, jahon chempionati chorak final bahsida raqib jamoalar durang natija bilan kifoyalanmaydi.
Demoqchimizki, mundialga Stanislav Cherchesov rahbarligida tayyorgarlik ko‘rayotgan rossiyaliklar tarkib bobidagi o‘zgarishlar va boshqa izlanishlardan qat’iy nazar, kuchli raqiblar bosimiga dosh berishlari qiyin.
Stanislav Cherchesov Rossiya termasi uchun Gus Xiddink vazifasini bajarishi mushkul, albatta. Shuning uchun ham, jahon chempionati ochilishida Saudiya Arabistoni termasi bilan o‘ynash imkoni rossiyalik muxlislarni behad quvontirmoqda.
Nazarimizda, ular shu bir o‘yin shukuhi bilan cheklanishadi, chog‘i. Qolaversa, futbol sifati va iqtidorli ijrochilarning bor-yo‘qligi nuqtai-nazaridan ham ruslar jamoasi boshqa mamlakatlardagi muxlislarni uncha qiziqtirmasligi tayin.
Ayni shu jihatlarni inobatga olsak, yosh Pol Pogba va Kilian Mbappesi bor Fransiya termasi e’tiborimizni ko‘proq tortadi. Shu ikki futbolchiga alohida e’tibor qaratishimiz sabablarini kelgusida batafsil izohlaymiz.
Hozircha yana bir taxminni aytamiz: bu ikki yosh futbolchining yarim finalda Neymar sinovidan o‘tishi ehtimoli katta. JCH-86da kuzatilgan Platini - Ziko to‘qnashuvi yangicha ko‘rinishda davom etsa, bundan futbol yutadi, muxlislar qalbi shodlikka to‘lib-toshadi.
Nima deb o‘ylaysiz, har ikki yosh iqtidor ehtimol, ishtiyoq bilan fusunkor o‘yin namoyish etib, tajribali Neymarga yutqazar. Taxmin oqlansa, mantiq ranjimaydigan natijaga guvoh bo‘lardik, to‘g‘rimi? Har holda, bundan futbol yutqazmasdi.
Bunga hozirdanoq yorqin misol bor: «Arsenal» va «MYU» to‘qnashuvi. Uchrashuvda garchi Arsen Venger shogirdlari yutqazgan bo‘lsalarda, futbol o‘zi uchun David de Xeadek darvozabonni qayta kashf qildi.
Uning mo‘’jizalari Pol Pogbaning san’atkorona harakatlarini nari surdi va balki shuning uchundir taqdir yosh futbolchiga qizil kartochkani ravo ko‘rgandir.
Zarbalaridan so‘ng to‘p darvozaga yo‘l olmasa ham, bizning futbolchilar kabi tushkunlikka berilmaydigan, yana va yana hujumga otlanaveradigan «Arsenal»ga qoyil!
Agar xohlasa va taqdir ravo aylasa, har qanday zarbaga to‘siq qo‘yish mumkinligini namuna sifatida namoyish etgan de Xeaga tasanno!
Muhtaram muxlis! Mulohazalarimizni shunday ko‘tarinki ruhda yakunlashni rejalashtirgandik. Biroq O‘zbekiston kubogi finali arafasidagi matbuot anjumanida futbolchilik faoliyatini yakunlashini e’lon qilgan Temur Kapadzening so‘zlari rejamizni buzib yubordi.
U loaqal o‘rtoqlik uchrashuvida milliy jamoa bilan xayrlashish imkoni tug‘ilmaganini aytib o‘tdi. Bosh jamoamiz manfaatlari yo‘lida butun borlig‘i bilan to‘p surgan va uning kelajagi uchun tarkibdan o‘zini tortgan futbolchiga shunday imkoniyat berilmagani afsuslanarli hol. Unutmaylikki, arzimasdek ko‘rinadigan shu kabi afsuslar katta nadomatlar sari yo‘l ochadi...
Muhammad Vali