«Yuventus» klubi va Argentina terma jamoasi hujumchisi Paulo Dibala Fransiyaning France Football nashriga intervyu berdi. Quyida ana shu suhbatni o‘qishingiz mumkin.
- Omar Besserisa - shu ismni eshitganmisiz?
- Albatta. U ko‘proq «Jo‘ja» laqabi bilan mashhur. Nima uchun so‘rayapsiz?
- O‘sha himoyachi va siz Argentinaning Laguna-Larga shahachasidan chiqqan professional futbolchisizlar.
- Uchinchisi ham bor - Xuan Pablo Avendano. U Turkiya va Gresiyada o‘ynagan. Ayni payt esa nafaqada. Laguna-Largada barcha bir-birini taniydi. Yigitlar bilan bir sinfda o‘qiysiz, keyin birgalikda maydonda o‘ynaysiz. Hamma bir-biri bilan doimo muloqotda.
- Lekin siz yurtingizda yashayotgan ko‘plab vatandoshlaringizdan farqlanasiz. Buni his qilasizmi?
- «Ha» yoki «yo‘q», deb javob bersam bo‘laveradi. Rivojlanish uchun katta shaharlarda yashash kerak. Agar qishloqda qolib ketsangiz, ba’zi narsalarni kech bilasiz.
Yoki umuman xabardor bo‘lmaysiz. Men Argentinaning aholisi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadigan Kordova shahrida yashaganman. Lekin u yer baribir, Buenos-Ayres emas.
- Darvoqe, Laguna-Largadan chiqqan yana bir futbolchini unutibmiz, - otangiz Adolfo.
- U havaskorlar darajasida o‘ynagan. Laqabi «El Chancho», ya’ni «Cho‘chqa» edi. Tayanch yarim himoyasida to‘p surgan va o‘ta ehtirosli bo‘lgan. Ammo jamoadoshlarining aytishicha, aqlli futbol o‘ynagan ekan.
O‘yindan oldin hakamlar unga «Menda bitta sariq kartochka bor deb hisoblayver. Birinchi qo‘polligingdan so‘ng maydondan chetlatamiz», deyisharkan. Uni hech qachon maydonda ko‘rmaganman.
Lekin ta’til paytida biz kattalar bilan futbol o‘ynardik. O‘n yoshligimda, o‘yinlarning birida bir kishi ortimdan «podkat» ishlatdi. Bu otamga yoqmadi. O‘shanda uning laqabi nima uchun «cho‘chqa» ekanligini tushunganman.
- Sizni futbolga otangiz olib kelganmi?
- U futbolni juda sevardi va o‘yinlarni qoldirmay ko‘rardi. O‘z muhabbatini uch o‘g‘liga teng taqsimlagan. Mariano - ikkinchi farzand. Yaxshi futbolchi bo‘lgan, taniqli klublar ko‘rigida qatnashgan. Lekin oilamizni yaxshi ko‘rgani uchun Buenos-Ayresga borishni istamagan.
- Siz oilaning eng kenjasi va oxirgi umidi edingiz...
- Bu haqda menga hech kim gapirmagan. Otam talabchan bo‘lgan. Ammo bu faqat futbolda edi. Futbolchi bo‘lishimda uning hissasi katta.
Otam hamisha o‘sishimni istardi. Lekin hech qachon «O‘ynamasang, u yoki bu narsani olib bermayman» qabilidagi gaplarini eshitmaganman.
- Otangiz vafot etganida 15 yoshda bo‘lgansiz. Garchi u bo‘lmasada, futbol bilan jiddiy shug‘ullanishda davom etgansiz.
- Otam Kordovadagi mashg‘ulotlarga mashinasida olib borardi. Agar u bo‘lmasa, o‘zim yolg‘iz avtobusda borishimga to‘g‘ri kelardi. Bu esa noqulay edi.
«Instituto» (Argentina ikkinchi divizioni ishtirokchisi. Dibala mazkur klubga 10 yoshida borgan) rahbariyatidan o‘z shaharcham jamoasiga ijaraga berishlarini so‘raganman. Chunki oilamga yaqin bo‘lishni istaganman.
Otamdan keyin tarbiyam bilan akalarim shug‘ullana boshlashgan. Otadan ayrilish qiyin. Lekin biz bu borada birinchi ham, oxirigi ham emasmiz. Bu narsa barchaning qismatida bor. Hayot davom etaveradi, ammo hammasi o‘zgarib ketgandi.
- Shundan so‘ng klub sizni o‘zi tarbiyalay boshlagan...
- Unchalik emas. Avvaliga barchamiz o‘zimiz istagan joyda yashardik. Masalan, men bilan uch nafar yigit farzandsiz oilada istiqomat qilardik.
Keyinchalik klubning yangi prezidenti internat ochdi va barcha o‘sha yerga ko‘chib o‘tdi. Professional shartnoma tuzgan bo‘lsamda, o‘sha oilada yana yarim yil yashaganman. Yigitlar bilan qiziqarli edi.
- Sizning laqabingiz «La Xoyya» - «Qimmatbaho» bo‘lgan. U o‘zingizga yoqarmidi?
- Aniq aytadigan bo‘lsam, unchalik emas. Kordovalik bir jurnalist klubdagi ikkinchi o‘yinimda birinchi golimni urganimdan so‘ng shunday atagan. «Bu yigitcha uzoqqa boradi», deb yozgandi. Lekin do‘stlarim va oilam uchun shunchaki, Paulo bo‘lib qolganman.
- O‘sha davrlarda kumiringiz kim bo‘lgan?
- Hamisha Ronaldinyoning o‘yinlaridan hayratlanardim. O‘shanda u «Barsa»da o‘ynardi. Messining faoliyatini qanday boshlaganini ko‘rganman. Argentinalik bolalar uchun u xuddi Maradonadek qadrdon.
- Odatda, argentinalik iqtidorli yoshlar Yevropaga katta klublardan yo‘l olishadi. Yoki Messi kabi bolalikdayoq ko‘chib o‘tishadi. Siz esa «Palermo»ga ikkinchi divizion jamoasidan o‘tgansiz.
- To‘g‘ri. Men bilan odatdagidek bo‘lmagan. Agar katta klublarda o‘ynasangiz, Yevropaga ruhan tayyor bo‘lasiz. «Instituto» mashhur jamoa. Lekin baribir, ikkinchi divizion vakili. Hech qayerga ketmay, Argentinada boyroq klub topishim mumkin edi.
Biroq «Palermo» varianti paydo bo‘lganida, «Nimaga bormasligim kerak?», deb o‘ylanib qoldim. Axir Kavani va Pastore ham aynan shu klub orqali ko‘tarilishgan-ku. Oila a’zolarimga Italiyaga bormoqchiligim va u yerda futbolchi sifatida o‘sishimni aytdim. Lekin birdaniga asosiy tarkib futbolchisi bo‘lishimga ishonmagandim.
- Sisiliyada o‘tkazgan uch mavsumingiz ancha foydali bo‘ldi. To‘g‘rimi?
- Albatta. Ayniqsa, ikkinchi mavsumim. O‘shanda «V» seriyada faoliyat olib borganmiz. Bu ligada jismoniy holatingiz ancha yaxshilanadi. Mavsum ham ajoyib o‘tgandi. Chempionat yakunlanishiga besh tur qolganida barcha masalani hal qilib bo‘lgandik.
- Lekin «Palermo» ikkinchi divizionga tushib ketganida Argentinaga qaytish varianti bo‘lgan.
- Ha, bir nechta takliflar olgan bo‘lsamda qolishga qaror qilganman. Keyin yana Yevropaga qaytish muammo tug‘dirishi mumkin edi. Hamma birinchi urinishdayoq taslim bo‘lib, Argentinaga qaytdi, deb o‘ylardi. Men esa qolib to‘g‘ri qilganman.
- Aytishlaricha, Messi - talant, Ronaldu - mehnat. O‘zingiz haqingizda qanday fikrdasiz?
- 70 foiz - iqtidor, 30 foiz - mehnat. Iqtidor tug‘ma bo‘ladi. Lekin uni namoyish qilish uchun ham mehnat qilish kerak. O‘zimdan ancha iste’dodli bo‘lgan bolalarni ko‘rganman. Ammo ular o‘zlarini ko‘rsata olishmagan. Krishtianu o‘zini ayamay mehnat qiladi, vaholanki, unda ham iqtidor yetarli.
- 2015 yili «Yuve»ga o‘tganingizdan so‘ng ish ko‘paydimi?
- Uchta turnirda qatnashamiz. Shuning uchun ham mashg‘ulotlarda jiddiy ishlashga majburmiz. Mayda-chuyda narsalar yo‘q. Faqat g‘alaba haqida o‘ylash kerak. Aks holda, sizdan yaxshi futbolchi chiqmaydi.
- Sizda original chapaqay texnika bor...
- Haqiqatan ham chapaqayman. Driblingni yaxshilash uchun o‘ng oyog‘im bilan ko‘proq ishlashga harakat qilaman. «Palermo»dagi jismoniy tayyorgarliklar bo‘yicha murabbiyimiz koordinasiyani rivojlantirishim uchun o‘ng oyoqda ko‘proq ishlashimni uqtirgandi. Shu sabali ham bu borada ishlab turganman.
- Messi va Ronalduning statistik ko‘rsatkichlari kishini hayratlantiradi. Yosh futbolchilar, aniqrog‘i, siz uchun ajoyib oriyentir. DAVOMI