O‘zbekiston yoshlari Osiyo chempionati yarim finalida Janubiy Koreya termasini yirik - 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandan so‘ng muxlislardan kimdir «Tvitter»da shunday izoh qoldiribdi: «O‘zbek futbolini aql bilan tushunib bo‘lmaydi».
Bu gapga nima sabab bo‘lganini o‘zingiz ham yaxshi tushunib turibsiz - yoshlarimiz qit’a birinchiligida shu qadar turlicha o‘yin namoyish qilishdiki, nima deyishga ham hayron qolasiz. Bir tomondan, guruh bosqichidagi tushunarsiz o‘yindan yuraklar siqilib ketdi.
Boshqa tomonlama esa, chorak finalda Yaponiya va yarim finalda Janubiy Koreya nafaqat yirik hisobda, balki juda chiroyli o‘yin evaziga mag‘lub etildi va ko‘ngillar charog‘on bo‘ldi. Xo‘sh, bunday jamoa haqida qanday fikr bildirish mumkin?
Albatta, har kimning o‘z fikri bo‘ladi va uni o‘zgartirishga urinish, yumshoq qilib aytganda, ma’qullanmaydi. Shunga monand O‘zbekiston yoshlar termasi haqida hamma o‘z fikrida qolaveradi.
Biz esa, shunchaki, finalgacha o‘tkazilgan uchrashuvlarni tahlil qilishga urinib ko‘ramiz. Guruhdagi ilk bahs esa Qatar yoshlariga qarshi o‘tkazildi.
QATAR
Aslida, Ravshan Haydarov shogirdlarining o‘yiniga bo‘lgan ikkilamchi qarashlarga sabab ham aynan Qatarga qarshi kechgan o‘yindan so‘ng yuzaga keldi. Bu uchrashuv musobaqadagi ilk bahs bo‘lgani tufayli unga qiziqish yuqori bo‘ldi va ilk taassurot ham aynan u orqali chiqarilishi tabiiy hol.
Muxlislar jamoani yaxshi bilishmasdi, chunki O‘zbekiston yoshlar termasi ishtirokida yaqin orada rasmiy o‘yin o‘tkazilmagandi. Tailandda bo‘lib o‘tgan «M-150» musobaqasi esa yurtimizda namoyish etilmadi. Tabiiyki, muxlislar Osiyo chempionatidagi ilk uchrashuvni intiqlik bilan kutishdi. Bu o‘yin barcha savollarga javob berishi kerak edi. Amalda esa birorta ham savolga javob topolmadik.
O‘zbekiston yoshlari bahsni ancha faol boshlashdi. Ammo qatarliklar himoyada ishonchli o‘yin namo-yish etishdi va hadeganda gol urishning imkoni bo‘lmadi. Qatar termasini ancha vaqtdan buyon ispaniyalik murabbiy Feliks Bas boshqarib kelmoqda. Tan olish lozim, bu mutaxassis ushbu mamlakat futboliga Ispaniya havosini olib kira olibdi.
Biz shu vaqtga qadar arab jamoalari natija uchun bunday ishonchli o‘yin namoyish eta olishganini ko‘rmagandik. Balki aynan shu sababdir, Ravshan Haydarov shogirdlari ikkinchi bo‘limga kelib o‘z o‘yinlarini biroz yo‘qotib qo‘yishdi. 55-daqiqada Ali tomonidan hisob ochilgandan so‘ng esa parokandalik yanada kuchayib ketdi.
Aslida, bunday vaqtda hisobda ortda borayotgan jamoa vaziyatni o‘nglash uchun oldinga tashlanishi lozim. Ammo biznikilar hatto himoyani ham arang uddalab turishdi. Aynan mana shu bahs jamoa haqida tanqidiy fikrlar tug‘ilishiga olib keldi. Hatto ilk uchrashuvdan so‘ng guruhdan chiqishimizga ishonch yo‘qolib qolishiga ham shu sabab bo‘ldi.
XITOY
Ammo Qatarga qarshi kechgan o‘yin Xitoy bilan bo‘lib o‘tgani oldida «holva» bo‘lib chiqdi. Balki bu o‘xshatish u qadar to‘g‘ri emasdir, ammo O‘zbekiston yoshlar termasining eng yomon o‘yini aynan mezbonlarga qarshi o‘tkazildi. Garchi bu bahsda yoshlarimiz 1:0 hisobida g‘alabaga erishgan bo‘lsalarda, ta’kidlash joiz, himoyadagi tahlikali harakatlar anchagina asab tolalarimiz uzilishiga sabab bo‘ldi.
O‘zbekiston yoshlari Xitoyga qarshi kechgan bahsni ham imkon qadar faol boshlashga harakat qilishdi. Ammo Hojiakbar Alijonov tomonidan tezkor gol urib olinganidan so‘ng jamoa o‘yiniga biz tugul ancha-muncha mutaxassislar ham tushunmay qolishdi. Bir tomondan, gol urgan jamoa himoyada o‘ynashi tabiiy hol.
Bunday vaqtda mavjud ustunlikni saqlab qolish va qarshi hujumdan hisobni yanada oshirishga e’tibor qaratiladi. Ammo Ravshan Haydarov shogirdlari mudofaada shu qadar betartib o‘yin namoyish qilishdiki, xuddi maydonda terma emas, biror kollej jamoasi o‘ynayotgandek tasavvur uyg‘ondi.
Birinchidan, yarim himoyachilar tugul yagona hujumchi - Zabihillo O‘rinboyev ham himoyaga yordamga yetib keldi. Ikkinchidan esa, himoyachilar to‘pni egallab olgani hamono yaqin-atrofida raqib futbolchilaridan hech kim bo‘lmasa ham o‘zaro pas tashlash orqali o‘yin tizginini o‘z qo‘liga olish o‘rniga, ko‘r-ko‘rona jarima maydonchasidan uzoqlashtirish payida bo‘lishdi.
Bu esa tashabbus to‘lig‘icha Xitoy tomoniga o‘tib ketishiga sabab bo‘ldi. Bizning himoyachilar tepib yuborgan to‘pni xitoyliklar bamaylixotir o‘ziga o‘nglab olib, qayta va qayta hujum tashkil etishdi.
Baxtimizga raqib tarkibida ishonchliroq o‘yin namoyish etadigan hujumchi topilmadi. Aks holda, o‘zbek futboli tarixidagi eng muvaffaqiyatli musobaqalardan biri biz uchun guruh bosqichi tugamay turib yakunlanishi hech gap emasdi.
UMMON
Xitoy ustidan minimal hisobda qozonilgan g‘alabadan so‘ng O‘zbekiston yoshlar terma jamoasida guruhdan chiqish uchun yaxshi imkoniyat paydo bo‘ldi. Ammo bu imkoniyatdan foydalanish uchun Ummonni mag‘lubiyatga uchratish talab etilardi.
Bir hisobdan bu u qadar mushkul ish emasdek tuyulishi mumkin. Chunki Ummon bunga qadar Xitoy va Qatardan mag‘lubiyatga uchrashga ulgurgandi. Ammo hamma gap shundaki, hatto shunda ham ular guruhdan chiqish imkoniyatini yo‘qotishmagandi. Shu bois bo‘lsa kerak, o‘yin ancha murakkab o‘tdi.
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi avvalgi ikki uchrashuvda hech bo‘lmaganda dastlabki daqiqalarda faol bo‘lishga intilgandi. Ummonga qarshi kechgan o‘yinda esa hatto dastlabki daqiqalar ham ehtiyotkor ruhda o‘tdi.
Ravshan Haydarov o‘yin oldidan shogirdlariga qanday ko‘rsatma bergani bizga qorong‘u, ammo futbolchilar goldan ham ko‘ra o‘z darvozasi daxlsizligini ko‘proq o‘ylagandek ko‘rindi. Hatto uchrashuvdagi yagona gol ham ancha mujmal tusda urildi: burchak to‘pidan so‘ng Ummon darvozasi oldida ko‘pkarini eslatib yuboradigan holat yuzaga keldi.
Bunday taloto‘pda to‘pni darvoza chizig‘idan kim o‘tkaza olganini esa ko‘rib olish imkoni bo‘lmadi. Har holda, Doston Tursunov hammadan ko‘ra faolroq nishonlagani uchun gol uning hisobiga yozildi. Ammo ba’zilarning da’vo qilishicha, raqib himoyachilaridan biri avtogol sohibi bo‘lishi ham mumkin edi.
GURUH BOSQICHI HAQIDA
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.