Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi Zayniddin Zidanning o‘yinlarini ko‘rgan muxlislar borki, uning qoyilmaqom zarbalarini yaxshi eslaydi. Yevropa chempionlar ligasi finalida «Bayer» darvozasiga urgan goli, jahon chempionati finalida Italiya terma jamoasi himoyachisi Marko Materassining ko‘kragiga boshi bilan yo‘llagan mashhur «zarbasi»...
Bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin, ammo Zidanning navbatdagi zarbasi «avvalgilarga o‘xshamas». Uning bilyard stolida namoyish etgan mahorati shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng ommalashdi.
Videotasvirda bilyar o‘ynayotgan ota-bola kutilmaganda Zidanni uchratib qolgani ko‘rinadi. O‘g‘lining «dada, qarang, Zizu» degan so‘zlaridan so‘ng ota Zidandan o‘g‘li uchun master-klass o‘tkazib berishni so‘raydi.
Zidan bitta zarba bilan yetti sharni luzaga tushiradi. O‘z davrining mohir futbolchisi va ajoyib murabbiyning bilyarddagi zarbasi futbolda urgan supergollaridan qolishmaydi. Videoni tomosha qiling va o‘zingiz ham bunga ishonch hosil qiling.