Yangi mavsumga xorijda tayyorgarlik ko‘rish tobora odat tusiga kiryapti. Bundan ko‘zlangan maqsad, O‘zbekistonda sovuq qish hukm surayotgan bir paytda Turkiya, BAA kabi mamlakatlarda havo ancha iliq, qor-yomg‘ir muammoalari yo‘q. Eng muhimi, dunyoning ko‘plab mamlakatlarining nomdor klublari, hatto terma jamoalari ham shu yerlarda jam bo‘lishadiki, bu o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazish, tarkibni nazorat qilib olish imkonini beradi.
Bir qator yetakchi klublarimiz bu yil Turkiyaga safar etishni lozim topishdi. Endi navbat hakamlarimizga ham keldi. O‘FF qoshidagi Hakamlar va nazoratchilar boshqarmasi mutasaddilarining sa’y-harakatlari natijasi o‘laroq 30 nafar hakamimiz o‘n kunlik muddatda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazish maqsadida Turkiya davlatining Antaliya shahriga safarga otlanishmoqda.
10-20 fevral kunlariga belgilangan yig‘inda 13 nafar Referilarimiz va 17 nafar Assistentlarimiz ishtirok etishadi. Xorij delegasiyasiga O‘FF Hakamlar va nazoratchilar boshqarmasi boshlig‘i Ma’murjon Saidqosimov rahbarlik qiladi. Amaliy va nazriy mashg‘ulotlarni FIFA yo‘riqchisi Farhod Abdullayev, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha yo‘riqchi Radik Xubbiyev hamda koordinator Bobur Haydarov olib boradi.
Yig‘in doirasida bir qator xorijiy mamlakatlar klublari ishtirokidagi o‘rtoqlik uchrashuvlarini boshqarish bo‘yicha hozirdan kelishuvlar boshlangan. Shulardan biri, 16 fevral kuniga Slovakiya va Tojikiston mamlakatlarining 19 yoshgacha bo‘lgan terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni aynan o‘zbekistonlik hakamlar boshqarishi bo‘yicha taklif olingan.
Turkiya safarida ko‘plab tajribali hakamlarimiz qatnashmayapti. Sababi, ularning aksariyati shu muddatlarda o‘tadigan Osiyo Chempionlar Ligasi uchrashuvlariga jalb etilgan. Aytaylik, R.Ermatov boshchiligidagi J.Saidov, A.Rasulov, SH.Qosimov guruhi 14 fevralda, V.Kovalenko rahbarligidagi R.Serazetdinov, A.Usmonov guruhi esa 21 fevralda Xitoyda o‘tadigan OCHL uchrashuvlarini boshqarishga taklif etilgan. I.Tantashev boshchiligidagi T.Gaynulin va A.Sapenko guruhi 13 fevralda Maldiv orollarida o‘tadigan OFK Kubogi bahslariga biriktirilgan. Ravshan Ermatovning ayni paytda Qatar poytaxti Doxa shahrida tashkillashtirilgan seminarda qatnashayotganini ham ma’lumot sifatida aytib o‘tish joiz.
Yana bir gap, Turkiya safari oldidan ro‘yxatga kiritilgan Aziz Asimovning safar oldidan xujjatlarida muammo paydo bo‘lgani uchun uning o‘rniga yana bir tajribali hakamimiz Hasan Ro‘ziyev boradigan bo‘ldi.
Turkiyadagi yig‘inda ishtirok etadigan hakamlarimiz:
Referilar
Zokirjon Qodirov Navoiy
Viktor Serazitdinov Toshkent
Vladislav Seytlin Toshkent
Hasan Ro‘ziyev Toshkent
Temurbek To‘xtasinov Andijon
Olimjon Tolibjonov Toshkent
Axrol Risqullayev Toshkent
Jasur Muxtorov Toshkent
Asker Najafaliyev Toshkent
Firdavs Norsafarov Qashqadaryo
Olim To‘ychiboyev Farg‘ona
Akobirxo‘ja Shukurullayev Toshkent
Rustam Lutfullin Toshkent
Assistentlar
Ziyodullo Abdurahmonov Andijon
Timur Galeev Toshkent
Aleksandr Sidorov Toshkent
Rishat Nugmanov Toshkent
Sanjar Shoyusupov Toshkent
Obid Jumayev Navoiy
Ruslan Samandarov Navoiy
Mo‘minjon Majidov Namangan
Rasuljon Fozilov Namangan
Aleksandr Burov Buxoro
Ravil Shayaxmetov Toshkent
Artem Kalinin Qashqadaryo
Anvarjon Marajabov Andijon
Ravshan Kapadze Farg‘ona
Doniyor Saylavov Toshkent
Olimjon Abduvasilov Toshkent
Husniddin Shodmonov Buxoro.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning o‘zida Antaliyada Tailand, Belarus, Qirg‘iziston kabi davlatlarning hakamlari ham yig‘in o‘tkazishgan.
8 fevraldan 60 nafarli delegasiyasi bilan rossiyalik hakamlar ham tashrif buyurishmoqda.
Hakamlarimiz Antaliyaga 10 fevral tongida Toshkent-Istambul-Antaliya yo‘nalishi bo‘yicha safarga otlanishadi.