Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Ishonch (qissa)

Ishonch (qissa)

Baho:
+ | -

Quyoshning zarrin nurlari tanlarga xush yoqayotgan damda odamlar bahorni naqadar sog‘inganlarini his qilishadi. Havo yaxshi, qir-adirlar bag‘ridagi varrakdek ko‘klarga parvoz qilging keladi. Institut binosidan chiqib, metro bekatiga piyoda ketdim. Bugun tongda chiqqan quyoshdek kayfiyatim chog‘. O‘qishimning so‘nggi yili bo‘lgani uchunmi, kursdoshlarimiz bilan darslardan so‘ng ancha gaplashib turib qolar edik. Ajralgimiz kelmasdi, go‘yo. Yaqindagi metro bekatiga asta tushib ketar ekanman, shularni o‘ylab entikdim. Metroda odam gavjum, hamma qayergadir shoshar edi. Men ham odamlar oqimiga qo‘shilib ketdim. Metro uzoqdan shamol bilan ovoz chiqarib bekatga kirib keldida, horg‘in to‘xtadi. Hamma o‘zini vagonlarga urdi. Men metroda o‘tirib ketmayman, har doimgidek eshik oldidagi tutqichdan tutdimda, burilib vagon ichidan bekatga qaradim. Vagon eshiklari vishillab asta yopildi. Eshik oynasidan bekatga bexosdan qaradim. Shu payt... Ko‘zlarimga ishonmayapman, yo‘q, umi deya yaxshilab tikildim, ha o‘sha... O‘zimizning ustozimiz. Oyoq-qo‘llarim qaltirab ketdi. Qo‘limdagi portfelim tushib ketdi. Eshikni ochishga urinardim, befoyda. Atrofimdagi odamlarning menga g‘alati qarashlari ham menga hozir qiziq emas edi. Axir men sevimli ustozimizni ko‘rgandim. Vagon ichidan “Xayriddin aka, ustoz”, — deya baqirdim. Ustozimiz o‘zini kimdir chaqirganini eshitmasa-da, savqi-tabiiy bilan sezdi shekilli, sekin atrofga qarayotgandek bo‘ldi. Shu payt vagon harakatga tushdi. Oynadan ularga noiloj termulib qoldim. Vagon tezlashgancha qora tunnelga kirib ketdi-yu, oynadan hech nima ko‘rinmay qoldi. Yuragim gupillab urardi. Keyingi bekatga yetib olsam, qarama-qarshi vagonga o‘tirib oldilariga qaytoqchi edim. Vagon bekatda to‘xtadi. Men o‘qday otilib chiqdim-da, unga qarshi tomondan qatnaydigan bu liniyaga o‘tdim. Uyoqdan buyoqqa yurgancha vagonning kelishini kutardim. Vagon hayallamay keldi. Chiqib oldim. Metroning keyingi bekatiga tushganimda u yerda hech kim yo‘q edi. Rosa yugurrdim. Juda ham alam qildi. 7 yil deganda qidirgan odamimni topgan edim. Mayli, asosiysi ularni ko‘rdim. Shaharda, albatta uchrashamiz. Yuragimda allaqanday hayajon hali ham tark etmagan edi. Sekin metrodan chiqdimda, piyoda uyga yo‘l oldim. Birdan hayotimdagi eng beg‘ubor damlardagi hotiralarim yopirib keldi...
* * *
Xayriddin aka bizning maktabga o‘qituvchi bo‘lib kelganida institutni endi bitirgan yoshgina yigit edi. Ularga maxsus vazifa qo‘yilgan edi. Toshkent shahridagi tumanlardan birida maxsus eksperemental sinf ochilgan edi. Sinf asosan tarbiyasi og‘ir bolalar ro‘yxatida turadigan bolalardan tashkil topgan sinf edi. Bu sinfga alohida maktablardan kelgan 5-6 nafar yaxshi o‘qiydigan a’lochilarni biriktrib, ularning o‘qish sifatini oshirish kerak edi. Bu uslub yangi bo‘lib, hali batamom sinovdan o‘tmagan, bu birinchisi edi. Men a’lochi sifatida kelgan bola edim. To‘g‘risi, sinfimiz menga boshidan yoqmadi. Bolalarning hammasi qandaydir oddiy bolalarga o‘xshamas edi. Hammasi zo‘ravon, hammasi qahri qattiq, sovuq bolalar edi. Shu sinfning “Ataman”i Farhod degan yigit bo‘lib, u deyarli sinfni boshqarardi. Agar gapiga kirishmasa, hatto qizlarni ham urib yuboradigan vajohati bor edi. Uni xarakterini yaxshi bilisharmidi yoki qo‘rqisharmidi bilmadimu, parallel sinfdagi hamma o‘g‘il bolalar undan qattiq qo‘rqardi. U ham buni juda yaxshi bilar, shu sabab ularni tanaffusda chaqirib olib, ozgina qiynab, pulini olar, doim zo‘rlik qilar, hech ham ayab o‘tirmas edi. Boshida kelganimda menga ham osilib ko‘rdi. To‘g‘risi, undan xayiqardim. Bo‘sh kelmadim-u, lekin olishib ham o‘tirmadim. Munosabatlarimiz oydinlashmay qoldi. Uning o‘ziga o‘xshagan bir nechta yigitlardan iborat “shayka”si bo‘lib, butun maktab ulardan xayiqardi. Hatto o‘qituvchilar ham ehtiyotroq bo‘lib muomala qilishar, ozgina cho‘chib turishardi. Shu kunlarning birida mana shu yigitlarning hammasining taqdirini o‘zgartirib yuborgan odam maktabimizga ishga kirdi. Bu - o‘sha men metroda ko‘rgan Xayriddin aka edi. Unga sinf rahbarlikni topshirishdi. Qaysi sinfni demaysizmi?! Albatta bizning sinfnida. Chunki bitiruvchi sinf bo‘lishimizga qaramay 1-chorakda ikkita o‘qituvchimiz bizni topshirib yubordi. Yoki qo‘rqdi, yoki eplay olmasligiga ko‘zi yetdi shekilli.

Shunday qilib, noyabrning boshlarida yangi sinf rahbarimiz bo‘lmish Xayriddin akani direktorimiz tanishtirgani olib kirdi. Biz turib salom berdik. Lekin orqadagi Farhod va uning “shayka”si qilt etishmadi. Direktor opa bizga bu yoshgina yigitni tanishtirdida, qaytib chiqib ketdi. Xayriddin aka kalovlanib gapni nimadan boshlashni bilmay turdida, “kelinglar, tanishamiz”, — dedi. “Mening ismim Muhammadiyev Xayriddin”, — deya jilmaydi, shunda orqada o‘trgan Farhod “meniki Enrike Iglesiyes”, — dedi. Sinfda gurr etib kulgi ko‘tarildi. To‘g‘risi, men ham kuldim. Eng qizig‘i, o‘qituvchimiz ham bizga qo‘shilishib kular edi. So‘ng “tanishganimdan xursandman”, — deya birma-bir hamma bilan tanisha boshladi. Avvaliga qizlar, so‘ng bolalar turib ismlarini aytishdi. Ustozimiz jilmayib o‘g‘il bolalar bilan eski qadrdonlardek qo‘l berishib ko‘rishib chiqdi. Oxirida Farhod turmasdan ismini aytdi. O‘qituvchimiz hazil aralash “tuxum bosayapsanmi? Tursang-chi o‘rningdan”, —  degan edi, sinfning chekka-chekalarida kulgu eshitildi (sinfdoshlar uning ustidan kulishga qo‘rqardi). Farhod sapchib o‘rnidan turdida, “nimalar deyapsiz, og‘zingizga qarab gapiring”, — deya ikki xatlab unga ro‘para bo‘ldi. O‘qtuvchimiz zarracha ham cho‘chimadi. Unga chuqur nigoh tashladida, kulimsirab: “Bo‘ying menikidan ham baland ekan-ku, shovvoz”, — deya yelkasiga turtib qo‘ydi. Hamma voqeaning rivojiga qiziqish bilan qarab turardi. Farhod ustozga yanayam tiklandida “ishingiz bo‘lmasin”, — deya jerkib berdi. Xayriddin aka bosiqlik bilan “qo‘y, uka” deya jiddiylashdi. Farhod sekin ustozimizing yoqasini dag‘al qo‘li bilan mahkam ushlab o‘ziga tortgan edi, birdan Xayriddin aka unga qandaydir uslub ishlatdi shekilli, qarshi xujumga o‘tib qo‘lini qayirib oldi. Hammasi bir zumda sodir bo‘ldi. Xayriddin aka Farhodning qo‘lini qayirdi-da, sekin beliga tizzasini tirab egiltirdi. Hamma xayratdan qotib qolgan, hech kim miq etmas edi. Hatto uning “shayka” lari ham. Farhod baqirib yubordi. “Qo‘yvor, qo‘yvor, o‘ldiraman, qo‘yvor dedim”, — deya sinfni boshiga ko‘tarar, uning ovozi oldingiday qat’iyatli chiqmas, ko‘proq yalinishga o‘xshardi. Ustozimiz uni qulog‘iga alla nimalar deb pichirladida, qo‘llarini sekin bo‘shatdi. Unga nima dedi bilmadimu, Farhod ko‘zlarini gezartirib indamay joyiga o‘tirdi. Xayriddin akaning biz bilan tanishuvi shunday bo‘lgan edi. Keyinchalik bilsak, u Jismoniy tarbiya institutini bitirib kelgan sportchi ekan.

Yahyoxo‘ja ULUG‘XO‘JAYEV

Manba: stadion.uz

Қиссанинг давоми эртага, 7 апрель куни берилади.

Kiritildi: 12:09, 06.04.2018.
O'qildi: 5954 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.