2018 yilning “Faol tadbirkorlik, innovasion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nomlanishi va tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratib berilayotgan shijoatli yoshlarga o‘zgacha kuch bag‘ishlayotgani hech kimga sir emas.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Futbolni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ham mamlakatimizda futbolni yanada rivojlantirish uchun o‘z hissasini qo‘shish istagida bo‘lgan yoshlarning g‘ayratiga-g‘ayrat qo‘shgani shubhasiz.
15 aprel kuni Farg‘onada mana shunday g‘amxo‘rliklarning samarasi o‘laroq yangi “Real Sport” innovasion futbol klubi qoshidagi bolalar futbol maktabi o‘z faoliyatini boshladi. Farg‘onalik uch nafar yosh va shijoati baland tadbirkorlar tomonidan tashkil etilgan ushbu sport maskanida 3 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolakaylar futbol sirlarini o‘rganib borishadi. Ularga OFKning “S” lisenziyasiga ega bo‘lgan to‘rt nafar murabbiylar tahsil berishadi. Bular Jasurbek Mirzaboyev, Farrux Adilov, Shohjahon To‘xtasinov va Javohir Hakimov.
Kecha ushbu maskanda bolalar futbol maktabining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosim yuqori saviyada tashkillashtirildi. Dastavval futbol klubi va maktabi joylashgan Farg‘ona shahar “To‘qimachilar” istirohat bog‘ida bolajonlar uchun konsert dasturi tashkil etildi.
Ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyati kengashi, Farg‘ona viloyati futbol assosiasiyasi vakillari ishtirok etishdi. Ochilish marosimi so‘nggida futbol maktabiga birinchilardan bo‘lib a’zo bo‘lgan 50 nafar yosh futbolchilarga klub futbolkalari sovg‘a sifatida taqdim etildi. Shundan keyin bolajonlar o‘z yoshi toifasiga ajratilib, mashg‘ulotlarga kirishishdi. Mashg‘ulot jarayonini ota-onalar bevosita kuzatib borishdi.
- Yurtimizda sportga, xususan, futbolga bo‘lgan yuskak e’tibor bizni mana shunday g‘oyalarimizni amalga oshirishga sabab bo‘ldi, - deydi “Real Sport” innovasion futbol klubi direktori Shuhrat Egamberdiyev. – Klubimiz qoshidagi bolalar futbol maktabining asosiy maqsadi o‘sib borayotgan yosh avlodni sog‘lom bo‘lib voyaga yetishishga, kelajakda professional o‘yinchi sifatida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishida ko‘maklashishdan iborat. Futbol maktabi murabbiylari jajji futbolchilardan kelajakda Osiyo va Jahon chempionlari yetishib chiqishlari uchun yeng shimarib ishga kirishishgan. Rejalarimiz, qiladigan ishlarimiz hali ko‘p. Bizning futbol maktabimizda tahsil olayotganlar orasida professional futbolchilar yetishib chiqishi va kelajakda yurtimiz sharafini Jahon arenalarida munosib himoya etishi yo‘lida tinimsiz mehnat qilishga tayyormiz. Yana bir maqsadimiz - tarbiyalanuvchilarimizni dunyoning mashhur jamoalarining yetakchi o‘yinchilariga aylantirishdir.
Chindan ham, Farg‘ona shahrida birinchi marta jajji bolajonlar uchun mo‘ljallangan futbol maktabi ulkan maqsadlar yo‘lida o‘z ishini boshladi. Ushbu maksanda murabbiylik qilayotgan mutaxassislar esa o‘z ishining ustalari sanalishadi.
Bugun farg‘onalik jajji futbolchilarning quvonchi cheksiz. Ular millionlar o‘yini sir-asrorlarini o‘rganishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan.
Farg‘onalik yosh tadbirkorlar boshlagan ulkan ishlariga rivoj tilab qolamiz.
Aytgancha, futbol maktabida mashg‘ulotlar har kuni ikki mahal o‘tkaziladi. Bolalarga o‘z yoshidan kelib chiqqan holda vazifalar beriladi.
Abror Dehqonov