Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Ishonch (qissa, 6-qism)

Ishonch (qissa, 6-qism)

Baho:
+1 | -2

Xonaga kirsam, ustozimiz telefonda kim bilandir baland ovozda gaplashayotgan ekan. Meni kirganimni ko‘rib, gapni qisqa qilib yakunladi-da, menga o‘girilib:

— Tezda hammani bu yerga chaqir, — dedilar. Men istar-istamas xonadan chiqib, stadion tomonga yurdim. Hamma sinfdoshlarimni chaqirib keldim. Bir pastda xonani qiy-chuvga to‘ldirib yigitlar kirib kelishdi. Hamma chekka-chekkaga bo‘lsayam joylashib o‘tirdi. Ustozimiz negadir xursandga o‘xshamaydi. Qovoqlarini uyub, hammaga ho‘mrayib qaradida:

— Bu nimasi, o‘g‘il bolalar, agar uyushib o‘ynaganlaringda, bugun bunaqa asabiy o‘yin bo‘lmasdi. Yaxshiyamki, hech bo‘lmasa bir marotaba aytganimni qildinglar. Bugungi o‘yinlaringga maktab programmasi bo‘yicha “2” baho oldilaring. Barchaning yuzidagi quvonchi qayergadur ketib qoldi. Hamma jim bo‘lib qoldi. Chunki ustozimizni bunchalar asabiy holatda ilk bor ko‘rishimiz edi. Ular bizni urishib bo‘lgach, gaplarini yakunladi-da qisqagina qilib:

— Bundan buyon bir jamoa ekansizlar, bittangiz uchun ham hammangiz javob berasiz. Bugun kim yomon o‘ynaganini o‘sha odam ichidan sezib turibdi. Men bunga ortiqcha to‘xtalib o‘tmayman. Ertadan boshlab har kuni darsdan keyin soat 17: 30 da maktab stadionida mashg‘ulotlarni boshlaymiz. Turnir boshlanishiga ham 6 oy qolmoqda. Shuncha vaqt ichida sizlarni tayyorlashga ulgurishimiz kerak. Ha aytgancha, reglament bo‘yicha yana ikkita o‘yinchi qo‘shib olishimiz kerak. Men jamoaga Hamizni ham taklif qildim. Ertadan birga shug‘ullanasizlar. Hammaga omad!, — deya xonadan chiqib ketdi.

— Hamiz kelsa yana kuchayarkanmizda, — deya gap boshlagandim, hamma menga o‘qrayib qarab qo‘ydi. Keyinchalik bilsam u va Farhod o‘rtasida avvaldan katta adovat bor ekan. Maktabda ham bir-birlari bilan hatto qo‘l berib so‘rashishmasdi. Farhod sekin o‘rnidan turdida:

— Hech qanaqa Hamiz bizga o‘ynamaydi, men uning bizga qo‘shilishiga qarshiman, ertaga ustozimiz bilan shu haqida gaplashib olamiz. Hammaning gapi bir yerdan chiqsin tushundinglarmi?, — dedi. Hamma boshini qimirlatib qo‘ydi. O‘sha kuni men baribir xursand edim. Uyga yuqori kayfiyatda bordim. Hatto kechki ovqat paytida hammaga to‘lib toshib aytib berdim.

Ertasi kuni hammamiz darsdan so‘ng uyga borib ovqatlanib, sport formada mashg‘ulotlarga kela boshladik. Ustozimiz hammani yana oldingidek kulib kutib olardilar. Farhod hammadan keyin keldi. Qovog‘i soliq, hech kim bilan gaplashmas, nuqul ko‘zlaridan sovuq o‘t chiqarib atrofga alanglardi. Buning sababini tushunganday bo‘ldim. Sababi jamoamizga yangi o‘yinchi olinishi unga hecham yoqmas edi. Men Hamizning yonida safda turardim. U haqiqiy futbolchilardek getra, shit, chinakam butsa, e qo‘yingki, futbolchilarining professional atributlaridan hammasi bor edi. To‘g‘risini aytish kerakki, hammamiz unga havas bilan qarab qo‘yar edik. U ham xuddi Farhod singari baquvvat, baland bo‘yli, maktabning eng oldi yigitlaridan edi. U safda qaddini g‘oz tutib turar, o‘ziga juda ishonganligi shundoq ko‘rinib turardi. Ustozimiz hammani ko‘zdan kechirib chiqqach:

— Hamiz bilan til topishib ketasizlar degan umiddaman, bugundan mashg‘ulotlarni boshlaymiz. Lekin shuni esingizdan chiqarmang, bu mashg‘ulotlar maktabdagi o‘qishlaringizga ta’sir qilmasligi kerak. Xo‘sh, qani hamma birma-bir mening oldimga kelsin, — deya ustozimiz familiya bilan chaqirdilar. Buni qarangki birinchi bo‘lib meni chiqdim. Oldiga elektron torozni qo‘yib olib, qo‘lida daftar, meni toroziga chiqarib, og‘irligimni o‘lchadi. Adashmasam 56 kg chiqdim. Navbat bilan hamma chiqdi. Ustozimiz erinmasdan hamani yozib, belgilab chiqdida:

— Endi turnirgacha hammani sport formaga kirgizish uchun, maxsus mashg‘ulotlar o‘tkazaman. Bu oson emas. Kim tayyor bo‘lmasa hoziroq ketsin. Agar hozir chiqib ketsa, xafa bo‘lish yo‘q, lekin mashg‘ulotlarning o‘rtasida tashlab ketgandan shunisi yaxshi.

Hech kimdan hech qanday sado chiqmadi. Hayriddin aka:
— Qani shovvozlar, olg‘a bo‘lmasa, — yugurish maydonchasiga ishora qildilar. Hammamiz chopib ketdik. Kimdir oldinda, kimdir orqada, yana kimdir sherigi bilan gaplashib yuguryapti. Hamiz esa tezlashib hammadan oldinlab ketishga urunyapti. Farhod uni quvib o‘tish uchun tezlikni oshiryapti. Ustozimiz bizni indamay kuzatib turdi. Chamasi besh aylanadan so‘ng bizni oldilariga chaqirdilar. Hamma yig‘ilgunicha besh daqiqa o‘tdi. Xayriddin aka kulimsirab:

— Nima bu yugurish? Estafeta emas, yugurishingiz kerak menga. Yugurish bilan yugurishning farqi bor. Hozir shuncha energiyani besamar ketkazdingiz, — deb hammani bir-biriga yaqinroq turishga buyurdilar. Hamma jipslashibroq turdi, ustozimiz bizning atrofimizni aylana qilib bo‘r bilan doira chizdi. Shu doiraning ichida qanday zich turgan bo‘lsangiz, huddi shunday zich yugurasizlar. Agar kim doiradan tashqariga chiqib ketsa, jazolanadi. Farhod darhol e’tiroz bildirdi:
— Bunday yugurib bo‘lmaydi.

Mirsodiq esa har doimgidek hazilga burib:
— E, ustoz, hammamizni bir-birimizga arqon bilan mahkam bog‘lab qo‘ysangiz bo‘lar ekan. Uzoq ketmasin deb. Biz dalada ona-bola mollarni shunaqa bog‘laymiz. Yigitlar kuldi. Utozimiz ham jilmaydilarda, lekin darrov yuz ifodalarini jiddiyga tus berib:
— Qani marsh, yugururishga, — deya ishora qildilar.

Biz bir-birimizga yaqin turganimiz uchun mayda qadamlar bilan yugurishga tushdik. To‘g‘risi noqulay edi juda ham. Kimdir orqadan oyog‘imni bosib olar, men esa oldindagilarga turtilib ketardim. Shunday qilib, ancha yugurdik. Oxiri ustozimizning hushtagini eshitdik. Ular barchamizni saflantirdilar-da:
— Endi hamma uy-uyiga! Bugungi mashg‘ulotimiz tamom, — dedilar-da xayrlashib ketdilar.

Biz ham istar-istamas uyimizga tarqaldik. Mashg‘ulot deganda “bugun miriqib futbol o‘ynasak kerak”, — deb umid qilib kelgan bir men emas ekanman, hamma shundan norozi bo‘lib uyiga tarqaldi. Eh, biz o‘shanda turnirgacha o‘tgan 6 oylik mashg‘ulotlarda qanchalar qiynalishimizni hozir bilganimizda, balki ertaga hech kim mashg‘ulotlarga kelmagan bo‘larmidi.

Yahyoxo‘ja ULUG‘XO‘JAYEV

Davomi bor.

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 09:23, 17.04.2018.
O'qildi: 4300 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.