2002 yili Braziliya terma jamoasi safida jahon chempioni bo‘lgan yarim himoyachi Jilberto Silva yangilangan «Lujniki»ni afsonaviy «Marakana»ga qiyoslamoqda. U RTga bergan intervyusida shuningdek, «pentakampeonlar»ning hozirgi holatiga to‘xtaldi, milliy jamoa va «Arsenal» klubidagi o‘z faoliyatini esladi hamda Arsen Venger taqdiri xususida fikr bildirdi.
- Braziliya terma jamoasining JCH-2018 arafasidagi umumiy holatini qanday baholaysiz?
- O‘ylashimcha, futbolchilar o‘ta mas’uliyatli damlar yaqinlashayotganini teran anglab turibdilar. Muhimi, jamoa ayni payt risoladagidek o‘yin ko‘rsatmoqda. Lekin JCHdek nufuzli turnirda bemalol to‘p surishning imkoni yo‘q, albatta.
Qolaversa, yurtdoshlarimni jiddiy raqiblar kutmoqda. Xususan, guruh bos-qichi - o‘ta asabiy davr. Demakki, jamoaning o‘z oldida turgan vazifalarni bajarishga qay darajada e’tibor qaratishi juda muhim.
- 2002 yili jahon kubogini boshingiz uzra baland ko‘targansiz. Bunday muvaffaqiyatdan keyin yana maydonga qaytish uchun kuchli ishtiyoq topish oson bo‘lmasa kerak...
- Inson doimo kelajakka intilishi shart. Futbolchi qandaydir yirik musobaqa, masalan, mundialda shohsupani zabt etsa ham, barchasini tezda unutishga majbur.
Aks holda, o‘sishdan to‘xtaydi. Ha, g‘alabalarni darhol unutish oson emas, albatta. Axir matbuotchilar va muxlislar tarixiy lahzalarni har qadamda yodingizga solib turishadi.
Lekin professional futbolchi avval qanday ishlagan bo‘lsa, shunday davom etishi va yangi marralarni ko‘zlashi maqsadga muvofiq.
- Aslida JCH-2002 arafasida Braziliya terma jamoasining asosiy tarkib vakili emasdingiz, lekin musobaqa doirasidagi barcha uchrashuvlarda maydonga tushgansiz.
- Gap shundaki, mundial startiga atigi 1 kun qolgan vaqtda asosiy yarim himoyachi va sardorimiz Emerson jarohatlangan. O‘sha oqshom Luiz Felipe Skolari xonamga kirib, uning o‘rnida men o‘ynashimni aytdi.
Avvaliga nima deyishni ham bilmay qoldim. Zero, Emerson jamoada katta o‘rin tutar va uning safdan chiqqani juda og‘riqli edi. Keyin murabbiylar alohida suhbatlarda qanday o‘ynashim zarurligini tushuntirishgach, ancha xotirjam tortganman.
- O‘sha turnirning qaysi o‘yini eng og‘iri sifatida yodingizda qolgan?
- 7ta uchrashuvimizning har biri o‘ziga yarasha murakkab kechgan. Lekin dastlabki bahs doimo og‘ir bo‘ladi. Ma’lumki, jamoa guruh raundida atigi 3 marta maydonga tushadi.
Agar birinchi o‘yinda g‘alabaga erisholmasangiz, ikkinchisida o‘z-o‘zidan kuchli bosim ostida qolasiz. Uchinchisi undan ham battarroq...
Yodimda, ilk uchrashuvda Turkiya termasi jiddiy qarshilik ko‘rsatgandi. Boz ustiga, hisobni ochish turklarga nasib etgandi. Garchi tez orada muvozanatni tiklagan bo‘lsakda, g‘alaba yo‘lida ancha ter to‘kishimizga to‘g‘ri kelgandi.
- Lekin murakkabliklar shu bilan tugamagan...
- Ha, belgiyaliklar bilan o‘yin ham, undan keyin Angliya termasiga qarshi kechgani ham tahlikali bo‘ldi. Tabiiyki, final alohida o‘rin tutadi - Germaniya termasi juda kuchli edi va shunga yarasha jang taklif etgan.
Qizig‘i, yarim finalda yana turklarga duch kelganmiz va ular o‘ch olish ilinjida o‘n chandon kuchli qarshilik ko‘rsatishgan. Shunga qaramay, hammasi biz uchun xayrli tugagandi.
- Ochig‘i, Osiyodagi mundialga qadar keng doirada tanilmagan bo‘lsangizda, «Atletiko Mineyro» muxlislari yoqimtoyiga aylanib ulgurgan edingiz. Klub JCHdagi ishtirokingizni qanday baholagandi?
- Umuman, aynan JCH-2002 faoliyatimdagi muhim burilish nuqtasi hisoblanadi. Ungacha «Mineyro» sharafini himoya qilardim va klubdagi ishonchli o‘yinlarim tufayli Skolari nazariga tushdim.
Mundialdagi muvaffaqiyat esa menga Angliya futboli sari yo‘l ochdi. O‘sha vaqtda ham ingliz ligasi eng kuchlisi sanalardi. To‘g‘ri, kurashlarga boy futbol uslubiga moslashish uchun ancha ter to‘kkandim.
- Ingliz futboli tezkorligi bilan ham mashhur...
- Shunday. Qolaversa, Angliya madaniyati mutlaqo boshqacha, yana til muammosi... Qisqasi, bir qator murakkabliklarga duch kelgandim. Muhimi, ularni yengish uchun kuchim ham, g‘ayratim ham yetarli edi.
- «Arsenal» safiga qo‘shilishingizga qadar markaziy himoyachi rolida ham o‘ynashga ulgurgandingiz.
- Aslida asosiy joyim - yarim himoya markazi. Biroq «Atletiko Mineyro»da bu pozisiya bandligi bois, har qanday nuqtada o‘ynashga rozi bo‘lardim.
Shu tariqa himoyada ham, qanotlar va hujumga yaqin pozisiyalarda ham to‘p surdim. Keyinchalik «Mineyro» murabbiylari meni o‘rta chiziqqa olishdi va bu joyga muqim o‘rnashdim.
- «Arsenal» doimo hujumkor futbolga tayanar va «qora» yumushlar yolg‘iz sizning zimmangizga tushardi. Qiynalmaganmisiz?
- Londonda buyuk futbolchilar qurshovida to‘p surganman. Patrik Viyeyra chinakam mashina edi, oldingi chiziqda Tyerri Anri harakatlanardi, himoyada esa Sol Kempbell. Boshida Devid Simen va Dennis Bergkamp bilan yonma-yon o‘ynaganman.
Bunday yulduzlar orasida vazifang nimadan iboratligini aniq his etishing muhim ahamiyatga ega. Men esa buni bilardim va shuning uchun erkin to‘p surganman. Terma jamoada esa Ronaldo, Ronaldinyo, Rivaldo kabi yulduzlar bilan hamkorlik qilganman.
- «To‘pchilar» bosh murabbiyi Arsen Venger faoliyatingizga yuksak baho bergandi. U sizga aynan nimalarni o‘rgatgan?
- Futbol mag‘zini chaqishni. Arzimas ikir-chikirlar ham uning e’tiboridan chetda qolmasdi. Venger barcha shogirdlaridan o‘ziga yoqadigan uslubda o‘ynashni talab qilardi - to‘pni nazorat qilish va qisqa uzatmalar... 1982 yilgi Braziliya termasi shunday uslubga tayangan, hozir esa bu taktika «Manchester Siti» quroliga aylandi.
Muhimi, biz murabbiy ko‘rsatmalarini ortiqcha qiyinchiliksiz bajarardik. Chunki tarkibda yuksak saviyadagi ijrochilar yig‘ilishgandi.
- Janubiy Amerikada bor diqqat-e’tiborni futbolga qaratishning iloji yo‘q. Angliyaga ko‘chib o‘tganingizdan keyin qanday taassurotlar olgandingiz?
- O‘ta ijobiy. Darhaqiqat, Angliyada ortiqcha yumushlar xususida bosh qotirishning hojati yo‘q edi - maydon chetidagi ishlaringizni bajaradigan alohida mas’ullar yetarli. Futbolchi faqat o‘yin va mashg‘ulotlar bilan shug‘ullansa, bas.
- So‘nggi vaqtlarda muxlislar Vengerdan bot-bot iste’foga chiqishini talab qilishmoqda. Bu borada nima deya olasiz?
- Juda noxush holat. Ochig‘i, muxlislarning munosabatlari shaxsan meni qattiq ranjitmoqda. Chunki Venger futbolga ko‘plab o‘zgarishlarni olib kirdi, «Arsenal»ga ustozlik qilish asnosida Angliya ligasi taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shdi. Har qanday jamoa yuksak parvozlar qatori pasayishlarga ham yuz tutishi mumkinligini unutmaylik.
To‘g‘ri, «Arsenal» hozirda muayyan qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda, lekin yechimni topish borasidagi izlanishlar to‘xtab qolgan emas. Nima bo‘lganda ham, Vengerning klub rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini inobatga olish kerak. Axir chorak asrdan ko‘proq vaqt beminnat xizmat qilgan murabbiy hurmatga loyiq emasmi?
- «Arsenal» 2006 yili CHL finalida «Barselona»dan yengilgandi. O‘sha uchrashuv voqealari esingizdami?
- Eh, o‘yin biz uchun juda og‘ir kechgandi. Chunki Yens Lemann chamasi 20-daqiqadayoq qizil kartochka olib, maydonni tark etgandi. «Barsa» esa o‘sha vaqtda ham nihoyatda kuchli edi. Garchi mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsakda, bebaho saboq olganmiz.
Eng achinarlisi, hal qiluvchi golni oxirgi 10 daqiqa ichida qo‘yib yuborgandik. Lekin alamli mag‘lubiyat azobini totmay turib, hech narsani o‘rganolmaysiz. Xullas, aynan o‘sha uchrashuvdan keyin har bir imkoniyatdan unumli foydalanish nechog‘li muhim ekanligini teran his etganmiz.
- Yana bir yildan so‘ng Braziliya termasi Amerika kubogida zafar quchdi. Ammo argentinaliklarga qarshi kechgan finalda maydonga tushmadingiz...
- Bunisi men uchun og‘riqli zarba. Axir o‘shanda jamoa sardori edim. Yarim finalda urugvayliklar bilan o‘ynaganmiz va hakamdan kartochka olganman. O‘sha pallada tarixiy lahzalardan chetda qolishimni tasavvur ham qilolmagandim.
Umuman, JCH-2006dan keyin barcha futbolchilar jamoa safida maydonga tushish qanchalik muhimligini yaxshi anglab yetishgandi. Zero, Germaniyada bizga ayni shu kamchilik pand bergandi.
- JCH-2018 starti kun sayin yaqinlashmoqda. Hozirchaga Rossiyaga bir necha marta tashrif buyurdingiz. Mezbon mamlakat haqidagi umumiy taassurotlaringiz...
- Rossiyaga ilk marta 2017 yilgi Konfederasiyalar kubogi arafasida kelgandim. Endi ko‘ryapmanki, qurilish va tashkiliy ishlar yakunlanish arafasida, tayyorgarlik chakki emas.
Hammasi a’lo darajada, menimcha. Eng muhimi - futbolchilar va muxlislar uchun qulayliklar yaratish. Umidvormanki, Rossiya eng yaxshi tashkilotchilar qatoridan joy oladi.
- Mundial o‘yinlarini qabul qiladigan arenalar yoqdimi?
- Ayrim stadionlar holati bilan TV orqali tanishdim. Chinakam fantastika! Shu kunlarda «Lujniki»da bo‘ldim - ichki ko‘rinishi juda chiroyli, shinam stadion. Qaysidir jihatlari bilan Braziliyadagi «Marakana»ni eslatib yubordi.
- Braziliya termasi qarorgoh sifatida Sochini tanladi. Dengiz, palmalar - aynan Janubiy Amerikaga xos manzara.
- O‘ylashimcha, texnik guruh joy tanlash masalasida barcha jihatlarni puxta o‘ylab ko‘rgan. Mutaxassislarning asosiy vazifalari - futbolchilarga mos keladigan sharoitlarni yaratish.
- Sizningcha, JCH-2018 g‘olibligi qaysi jamoaga nasib etadi?
- Germaniya termasi - asosiy da’vogarlardan biri. Fransuzlar ham risoladagidek tarkibga egalar. Shuningdek, Argentina termasi doimgidek jiddiy raqiblar guruhida. Boz ustiga, Lionel Messi uchun bo‘lajak mundialning bahosi cheksiz.
Tabiiyki, Braziliya termasini ham yoddan chiqarmaslik kerak, albatta. Har holda, jamoamiz 4 yil avvalgiga nisbatan olganda, sezilarli darajada kuchaydi va hozir ajoyib sport formasida!
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.