Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Ishonch (qissa, 7-qism)

Ishonch (qissa, 7-qism)

Baho:
+1 | -

Ertasi kuni yana shu ahvol takrorlandi. Faqat kechagidan biroz ko‘proq yugurdik, xolos. Jips holda chamamda 20 daqiqacha yugurdik. So‘ng Xayriddin aka badantarbiya darsidagi mashg‘ulotlarni o‘tkazdilar-da, so‘ng bizga yana javob berib yubordilar. Bu safar ham hech kim hech nima deya olmadi.

To‘g‘risi, mashg‘ulotlarda maza qilib to‘p tepamiz deya o‘ylagan sinfdoshlarimga bu sira yoqmayotgan edi. Uchinchi mashg‘ulotimizda esa yana ham ko‘proq yugurdik. Yana o‘sha ahvol-jipslashib yugurish, lekin ancha ritmga tushib qolibmiz shekilli, hech kim yonidagining oyog‘ini ham bosmadi, turtilib ham ketmadi. Bunaqa yugurishning ham o‘ziga yarasha gashti bor ekan. Mirsodiq yugurib ketayotib ham og‘zi tinmaydi. Hammani kuldirib ketardi, orada gap mavzusi kechagi o‘yindan chiqdi-yu, deyarli yarim soatlik yugurishimiz shu mavzuda bo‘ldi. Orada men ham luqma tashlab qo‘yaman (to‘g‘risini aytsam, men endi-endi bu bolalar bilan chiqishayotgan edim). Biz bir hafta faqat yugurdik. Lekin har safar oz-ozdan masofa uzoqlashib borar, hech kim botinib Xayriddin akadan buning sababini so‘ray olmas edi. Yugurish mashqlarini taxminan 15 kun davom ettirdik.

Bu orada Hamiz ham bizga ancha qo‘shilib qoldi. U men o‘ylaganchalik dimog‘dor emas ekanu, lekin o‘zini yaxshi ko‘rishi rost ekan. O‘ziyam naqd bir oy faqat jismoniy mashg‘ulotlarni o‘tadik. Bu orada sinfdoshlarim bilan ancha qadrdon bo‘lib qoldik va nihoyat ikkinchi oyning boshida biz to‘p bilan muomala qila boshladik, shunda ham faqat to‘psiz qanday o‘ynash kerakligini o‘rgandik. Xayriddin akaning aytishicha, to‘psiz o‘ynashni biladigan jamoa hech ham yengilmas emish. Mashg‘ulotlarimiz asosan to‘psiz ochilishni o‘rganish bilan o‘ta boshladi. Doim mashg‘ulotlarimizdan so‘ng Xayriddin aka uzoq masofadan har birimizni besh marotabadan zarba berish vazifasini yuklardilarda, so‘ng qog‘ozga allanimalarni yozib qo‘yardilar. O‘sha paytlarda mashg‘ulotdan so‘ng qarasak, ustozimiz biz uchun katta yupqa DSP qurilish materialidan odam qiyofasini yasab, 5 tasini bir- biriga yelimlab, orqasiga yog‘ochdan tirgak qilib, e, xullas, sun’iy jonli devor yasab kelibdilar (o‘z qo‘llari bilan). Biz har kuni endi o‘n marotabadan shu devor ustidan to‘pni aylantrib o‘tkazishimiz kerak edi. Ustozimiz bizni har xil joydan turib uzoq masofaga zarba yo‘llashimizni buyurardi. Har safar oyoqni qayeri bilan qanday zarba berishni ko‘rsatib berar edilar. Jarima zarbalari borasida, tan olish kerak, hech kim mendan o‘ta olmaydi. Chunki yo‘llagan zarbalarimning 10 tadan 8 tasi aniq darvozaga borib tushardi. Buni ko‘rgan ustozim doim yelkamga qoqib: “Texnikang yaxshi, Javohir, shu tempda ishla, eng muhimi hech narsadan qo‘rqma. Sening jamoada roling muhim”, — deb ko‘nglimni ko‘tarardi. Ustozim faqat menigina maqtardi deya aytolmayman. U hammamizni bir-birini takrorlamaydigan gaplar bilan maqtab qo‘yardi.

Bu orada uchinchi oy ham boshlandi. Endi biz ikkiga bo‘linib futbol o‘ynardik. Faqat farqi darvoza bitta edi. Birinchi taymda bir jamoa faqat himoyalanardi, ikkinchisi esa faqat hujum qilar edi. Ikkinchi taymda esa teskarisi. Himoyalangan taymda ustozimiz bergan ko‘rsatmalarni bajarishga tirishardik. Asosan himoyada sovuqqonlik bilan o‘ynar, shoshmasdan hujumni bartaraf etardik. Hujum qilgan taymimizda esa asosan hujumlarni zarba bilan tugatishga urinardik. Bu bilan himoyachilar ham hujumda foydali o‘ynashni o‘zlashtirishar, biz ham himoyada aslida qanday o‘ynash kerakligini o‘rganib borardik. Asta-sekinlik bilan jismoniy yuklamalarimiz kattalashib borardi. Mashg‘ulotlardan so‘ng burchak to‘pi tepishni mashq qilar edik. Biz bir oy mobaynida deyarli 15 xildan oshiqroq uslubda “korner”larni yakunlashni to‘liq o‘zlashtirdik. Ustozimiz doim bizni mashg‘ulotlardan keyin maqtab qo‘ysalar-da, ortidan “lekin bu kam”, — deb qo‘shib qo‘yar, hech qaysi maqtovlari shu so‘zlarsiz tugamas edi. Bizga mashg‘ulotlar paytida suv ichirmas, faqat tomoqni ho‘llashgagina ruxsat berardilar. Boshida shundan juda ham qiynalar edik. Sekin-sekin ko‘nikib ham qoldik. Avvaliga mashg‘ulotlardan so‘ng oyoqlarimiz qaltirab qolar edi. Asta-sekinlik bilan tanamiz ham bu narsaga to‘liq moslashdi.

Mashg‘ulotlarimiz ayni avjiga chiqqan paytlari edi. Har doimgidek standartarni mashq qilgach, ustozimiz bizni safga tuzdilarda tantanali ohangda:
— Ertaga hamma chiroyli kiyinib kelsin sizlarga syurprizim bor, — dedida bizlarga javob berib yubordi.

Ertasi kuni ustozimiz hammani bir-bir ko‘zdan kechirdi-da, cho‘ntagidan bir dasta chipta chiqardi va bizga tarqatdilar. Bu o‘sha paytlari yurtimizdagi eng keskin qarama-qarshilik namoyish etadigan “Bunyodkor” – “Paxtakor” o‘yiniga chipta edi. O‘sha paytlari “Bunyodkor”da Rivaldo boshchiligidagi braziliyaliklar o‘yanashar edi. “Paxtakor” esa xalqimizni yoqimtoyi edi. Biz o‘zimizda yo‘q hursand edik. Ustozimiz bizni “Jar” stadioniga metro orqali olib ketdilar. Biz qalbimizda bir olam quvonch bilan bir-birimizga gap bermay ketardik. Faqat Hamiz har doim ham gapga aralashvermas, o‘zi ham biroz sovuqroq edi, chamamda. Barchamiz stadiondan o‘z joyimizni egallaganimizda stadion deyarli to‘lib bo‘lgan edi. Havo juda ham yoqimli, maydon bo‘ylab mayin shabboda esar, hammamiz yuragimizda katta hayajon bilan futbolchilarni maydonga chiqishini kutardik. Ana ular maydonga kirib kelishyapti. Rivaldo sardor sifatida maydonga tushgandi o‘shanda. Ustozimiz bizga uni qo‘li bilan ko‘rsatib “bu tirik afsona, u futbolda qanday yutuqlar bo‘lsa shuni hammasiga erishgan, undan ko‘p narsalar o‘rgansangiz bo‘ladi”, — deya tushuntirgan edi. O‘sha o‘yinda ham aslida Rivaldoning sa’y-harakatlari evaziga “Bunyodkor” g‘alaba qozongan edi. Biz esa bir olam his-hayajonlar bilan stadiondan chiqqanimizda kun kech bo‘lib qolgan edi. Biz bu safar metroga tushmasdan avtobusda uyga qaytdik. Yo‘l bo‘yi qiy-chuv qilib o‘yinni muhokama qilib keldik.

Hozir o‘ylasam, ustozimiz bizlarni mashg‘ulotlar zeriktirib qo‘ymaslik uchun bu yerga olib kelgan ekan…

Yahyoxo‘ja ULUG‘XO‘JAYEV

Davomi bor.

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 10:00, 20.04.2018.
O'qildi: 4960 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.