Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Ishonch (qissa, 9-qism)

Ishonch (qissa, 9-qism)

Baho:
+ | -

— Xo‘sh, sho‘rva qaynaguncha kelinglar, hammangiz birma-bir hayotdagi orzularingizning eng muhimi bilan o‘rtoqlashing. Menga bu juda ham qiziq, — deya so‘z boshladi ustozimiz gulxan atrofida to‘planib o‘tirgan shogirdlariga qarata. — Keling, tartib bo‘yicha, — deya sinfdoshim Ixtiyorga qaradilar. U sinfimizdagi eng kamgap bola, agar gapirsa ham oldida o‘tirmasangiz hech ham eshitmaysiz. U xuddi kattalardek avval tomoq qirib, sekin gap boshladi:

— Mening hayotdag eng katta orzuim ota-onamga katta, keng xovlili uy olib berish. Biz Toshkentga kelganimizga mana bir necha yil bo‘libdi-ki, hali u yerda, hali bu yerda ijarada yashayapmiz. Qani endi, tezroq katta bo‘lib o‘z uyimning kalitini olsamda, uyda o‘tirgan ota-onamga olib borib berib, ularni xursand bo‘lishlarini kuzatsam... U chuqur ho‘rsindida: — Ammo... Bu kunlar kelishiga ishonish qiyinda, — deb sekin yerga qaradi.

Hammamiz jim bo‘lib qoldik. Birinchi bo‘lib ustozimiz tilga kirdilar.
— Ixtiyor, sen albatta orzuingga yetishasan. Men bunga 100 foiz ishonaman. Chunki, yigit kishining moli yerda bo‘ladi. Vaqt-soati kelishi bilan olgan uyingni kalitini ota-onangga berayotganingda yig‘lab yubormasang bo‘ldi, — deya gapni hazilga burdilar. Hammamiz kulishdik, so‘ng ustozimiz sen gapir degandek G‘aniga qaradilar. U do‘rildoq ovozi bilan boshini qashib gap boshladi.

— Men, agar iloji bo‘lsa, ko‘p qavatli uyga ko‘chib ketishni xohlardim. Chunki kelajakda farzandlarim bo‘lsa, ularni ham menga o‘xshab yoshligi dalada yoki 16 sotixlik hovlida chopiq, sug‘orish va hokazolardan boshi chiqmay ulg‘ayishlarini xohlamayman, ular ham mana bularga o‘xshab (Ibrohim ikkalamizni nazarda tutib) yaxshi o‘qishini xohlayman. Ustozimiz:
— Qiziq orzu ekanku, — deya sekin menga qaradilar. Demak, mening navbatim ekan. Asta gap boshladim:

— Men shu paytgacha qiyinchilik ko‘rmay o‘sganman, ota-onam nima istasam doim muhayyo qilishgan. Velosipedlar, kompyuterlar, qisqacha qilib aytganda, nima istasam hammasiga erishganman. Mening hayotdagi eng katta orzuim ota-onamni rozi qila oladigan farzand bo‘lish. Ba’zida xayolan dadamga mashinaning kalitini berayotganimni ko‘rib, yuragib hapqirib ketadi. Orzum — halol ishlab, dadamga eng oxirgi rusumdagi bo‘lmasa ham yaxshi mashina sovg‘a qilish, — deya jilmaydim.

Sinfdoshlarim jon qulog‘i bilan suhbatni eshitishardi. Ustozim menga qiziqsinib qaradilarda:
— Chakkimas, Javohir, chakkimas, — deya ro‘paramda o‘tirgan Timurga qarab, “qani”, deganday boshlari bilan ishora qildilar. Timur ko‘zini bir nuqtaga qadab:

— ... Ota– onam ajrashib ketishganida 4 yoshlik bola edim. Onam meni buvimga qoldirib, o‘zlari boshqa turmush qilib ketganlar. Yolg‘iz buvim oq yuvib, oq taradilar. To‘g‘ri, yaxshi kiyintira olmagandirlar, xohlagan narsamni olib berolmagan bo‘lishlari mumkin. Lekin ular menga hayotdagi eng muhim narsani, hech narsa o‘rnini bosa olmaydigan — ona mehrini bera oldilar. Buvijonim mening hayotim mazmuni. Sezib turibman, borgan sari qarib qolyaptilar, ko‘p kasal bo‘lyaptilar, tepalarida o‘tirsam, ko‘zimga tikilib xasta ovozda «seni ham qiynab yubrordimda, bolam », — deb ma’yus jilmayadilar, shunaqa paytlarda dunyo ko‘zimga qorong‘u bo‘lib ketadi... Mening orzum buvijonim hech qachon kasal bo‘lmasinlar. Endi ulg‘ayganimda, endi-endi qo‘limdan bir ish kelib qolganida oldimda bo‘lsinlar. Meni ko‘rsatgan mehrlariga yarasha ularni izzat-ikrom qilishga ulgurishni xohlayman, — deya u yog‘iga gapira olmay qoldi.

O‘zi uning ko‘ngli bo‘shroq, ta’sirlansa darrov ko‘ziga yosh keladi. G‘ani tomog‘ini qirib yerga qaradi, qarasam, Mirsodiq uning yelkasiga qo‘l tashlab, allanimalar deb ovutyapti, u ham yelkalari silkinib o‘tiripti. Ustozimiz biroz jim qoldilar. So‘ng jilmayib:
— Hali to‘ylaringda bosh bo‘ladilar. Eng muhimi, ular uchun ham bu hayotda o‘z o‘rningga ega chiq. Buvijoningni senga sarflagan mehnatlarini besamar ketkazma.

Biz shu daqiqalarda bir oiladek bir-birimizga yaqinlik seza boshladik. So‘z navabati Hamizga kelgan edi. U dadil ovozda gap boshladi:
— Men doim bitta narsa haqida orzu qilaman. O‘zimning shaxsiy biznesim , kichikroq ofisim bo‘lsa. Mayli, qo‘limda ko‘p odam ishlamasin, mayli juda katta daromad qilmay. Lekin o‘zimning shaxsiy ishim bo‘lsin. Hech kim «Bobur Zufarovichning bittayu bitta farzandi» deb gapirmasin. Hamma meni o‘z kuchim bilan erishgan muvaffaqiyatlarim uchun hurmat qilishini xohlayman. Bilasizlar, dadam katta lavozimda ishlaydilar. Kechroq turmush qurganlar. Men oilada yakayu yagona farzandman. Oilaviy imkoniyatimiz evaziga menda yaxshi kiyinishga, eng oxirgi rusumdagi telefon ishlatishga, xohlagan narsamni olishga qurbim yetadi. Bu esa, atrofimdagi tengdoshlarimda ikki xil munosabat uyg‘otadi. Ba’zilari men bilan manfaatlari uchun do‘st bo‘lishga urunishadi, ba’zilari esa «boyning arzandasi – bu », — deya mendan o‘zlarini olib qochadilar. Ishonsangiz, shu kungacha bironta ham chin do‘st orttirmaganman. Mening orzum — hayotda o‘z kuchim bilan atrofimdagilarning hurmatini qozonish.

Ustozimiz bu gaplardan so‘ng biroz ovqatni aralshtirdilarda:
— Mana, sho‘rva pishay deb qoldi, — deya sekin Abrorga qaradilar. Erkalabmi yo hazilashibmi: — Qani qassoblarning orzusini bilaylikchi, — deb kuldilar. Abror gapga ustaroq emasmi, rosa gapni olib qochdi. Puli ko‘p bo‘larmish, katta bir kushxona ocharmush. O‘zi hecham ishlamasdan, faqat shogirdlarini ishlatib tepasida turarmish. Orada qushxonadan tushadigan pullarni ham xomchot qilib, aytib berdi. Buni eshitib, to‘g‘risi ustozimiz ham qiziqib qoldilar shekilli:

— Hali boyib ketsang, tanimay qolmasang bo‘lgani, — deya gapni hazilga burdilar. Ustozimiz «qani, sen gapirchi, afandi», — deya Mirsodiqqa qarab jilmaydilar. Mirsodiqning qiziq odati bor: qiziq gap gapirishdan oldin o‘zi miriqib kulib oladida, so‘ng kulgu aralash gap boshlaydi. Hozir ham shunday qildi:
— Shu desangiz, mening orzuim ikkita xotin olish. Birini shaharning bu chetiga, ikkinchsini bu chetiga joylashitirib, o‘zim esa xotinim va ota-onam bilan yashash.
Hamma kulib yubordi.
— Axir xotining uchta bo‘lib ketibdiyu?
— Shunaqa bo‘ldimi?— deya o‘zini jinnilikka soldida, —  e mayli, zarari yo‘q. O‘nta bo‘lsa, o‘rni boshqa, — deb yana hammani kuldirdi.

Shu sinfdoshimizni biron marotaba jiddiy ahvolda ko‘rmaganman. Ustozimiz ham yelkalarini uchirib miriqib kuldi. Mirsodiq yana gapirib, hammamini rosa kuldirdi. So‘ng, Xayriddin aka Farhodga qaradi. Nafaqat ustoz, hammamiz unga qarab turardik. U qoshlarini chimirib, hmmm deya gapni nimadan boshlashni bilmay turdida:

— Agar kulsanglar, mendan ko‘rasanlar, — deya po‘pisa bilan gap boshladi. Hammamizkatta qiziqish bilan unga tikildik. Farhod biroz haligi, anaqa, deb kalovlanib turdida, — Dadam tezroq chiqishlarini orzu qilaman, — deya hijolatomuz ohangda gapini davom etirdi. — Otam deyarli 10 yildan beri turmadalar. Ularning yonimda bo‘la olmayotganlari meni qandaydr ruhan ezadi. Tengdoshlarim dadasidan qo‘rqishini gapirishsa, mening ularga havasim keladi. Qaniydi men ham dadamdan qo‘rqqanimdan uyga kech qolmasdan shoshib borsam, qani edi dadam urishadilar deya biron yomonroq narsadan o‘zimni tiysam, qaniydi dadam yonimda bo‘lsalarda, har kuni ertalab meni uyqudan uyg‘otsalar. Ularni menga mehr ko‘rsatishlarini emas, hech bo‘lmasa biz bilan bir tom ostida yashashlarini xohlayman. Qani edi uyga kech kelsamda, dadam meni tergasalar, mayli, boplab ta’zirimni bersalar ham yonimda bo‘lsalar...

Uning tomog‘iga bir nima tiqildi shekilli, gapira olmay qoldi. Sekin yuzini chetga burib qaradida, uh tortib “shunaqa gaplar” deb qo‘ydi. Qarasam, ustozimiz ham o‘ychan qiyofada o‘tiribdilar. Hamma mahzun. Shu payt hamma sinfdoshlarimni mahkam bag‘rimga bosgim kelib ketdi. Bilmadim, bu qanday his edi? Lekin, o‘sha tunda bo‘lgan bu suhbatimiz bizni bir-birimizga yaqinlashishimiz uchun tramplin vazifasini bajargan bo‘lsa kerak...

Ustozimiz cho‘mich bilan sho‘rvadan ozgina oldilarda mazasini ko‘rib:
— Oh, tayyor bo‘libdi-ku bizning bolta sho‘rvamiz, — deya tantanali ohangda gapirdilarda: — qani hammang idishingni ber, suzamiz, — deb gapni boshqa mavzuga burib yubordilar. O‘sha kecha toza havo ta’siridami yoki kech bo‘lib qolgani uchunmi, bilmadim, hammamizni qornimiz rosa ochgan ekan. Bir qozon «bolta sho‘rva»ni pok-pokiza tushirdik. Ovqatdan so‘ng, yana anchagacha kulishib o‘tirdik. Hech kimning uyqusi kelmas edi. O‘sha tunning uzoqroq cho‘zilishini xohlar edik. Ustozimiz dala hovlining torgina xonasiga xammamizga yonma-yon zich qilib joy solishni buyurdilar. Xuddi aka-ukalardek yonma yon yotdik...

Ertasiga xo‘roz qichqirmasdan bizni uyg‘otdilarda, yugurishga olib chiqib ketdilar. O‘zimizning uslubda jamoa bo‘lib yonma-yon yugurardik, biz endi qandaydir o‘spirinlar emas, bir jamoadek bir saf bo‘lib yugurib ketardik. Ustozimiz bizni yugurishga buyurib, o‘zlari birmuncha fursatdan so‘ng ortimizdan do‘stlari bilan yetib oldilar. O‘sha kuni biz umuman mashg‘ulot o‘tkazmadik. Faqat dam oldik, baliq tutdik, cho‘mildik, hatto ustozimizga bildirmay qarta o‘ynadik. Xayriddin aka esa o‘tin yig‘ib o‘rtog‘i bilan o‘choqda qo‘lbola osh qilishdi. O‘sha kuni miriqib dam oldik. Asr paytida osh pishdi. O‘tinning yoqimli hidi kelib turgan palovni talashib-tortishib yedik. Ustozimiz soatiga qaradilarda, qani endi bizga ruxsat deya qaytish taraddudini ko‘rdilar... Qosh qoraya boshlagan pallada shaharga qaytuvchi so‘nggi poyezdga ulgurdik. Poyezdning bir me’yordagi taqir-tuqiri go‘yo bizni allalaganday hamamiz uxlab, mudrab ketardik... Shaharga yaqinlashayotganimizda ustozimiz bizni uyg‘otdilar...

Temir yo‘l bekati ustida yo‘qlama qilib oldilarda, so‘ng barchamizga to‘g‘ri uyiga borishini uqtirdilar va ertaga mashg‘ulotlar yo‘qligini aytib, javob berib yubordilar. Biz shu yerda xayrlashdik. Hamma yana o‘z hayotiga singib ketdi...

Turnir boshlanishiga esa 2 kun qolgandi o‘shanda. Bu sayohatimiz mening shirin xotiram sifatida abadiy yodimda qoldi. Oldinda esa bizni turnir kutardi...

Yahyoxo‘ja ULUG‘XO‘JAYEV

Davomi bor.

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 08:29, 27.04.2018.
O'qildi: 3652 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.