Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Andres Inyesta: «Shon-shuhrat odamni o‘zgartirmaydi, aksincha, asl qiyofasini ochib beradi»

Andres Inyesta: «Shon-shuhrat odamni o‘zgartirmaydi, aksincha, asl qiyofasini ochib beradi»

Baho:
+ | -

Andres Inyesta shu hafta 34 yoshga to‘ladi, shunga qaramay, jismoniy holati hamon joyida. Misol uchun, yarim himoyachi yaqindagina Ispaniya kubogi final o‘yinida «Sevilya» darvozasini nishonga oldi.

Shundan keyin esa joriy mavsum yakunida «Barselona»dan ketishini rasman e’lon qildi. Eng qizig‘i, zamonaviy futbolda maestro darajasiga ko‘tarilgan Andres 2010 yiliyoq butsalarini mixga ilish haqida o‘ylagan ekan.

Faxriy yarim himoyachi SO FOOT.com sayti ijodkorlari bilan suhbat davomida shu kabi eng qiziqarli va «sir»li ma’lumotlarni oshkor etdi.

«BOLALAR KROSSOVKASI - ENG QADRLISI»

- «Barselona» akademiyasida 12 yoshda shug‘ullana boshlagansiz - ota-onangiz bilan jonajon qishlog‘ingizdan mashinada yetib kelguncha yig‘laganingiz rostmi? O‘sha vaqtga bog‘liq nimalarni alohida eslab qolgansiz?

- Ha, juda-juda qayg‘uga botganim esimda. Bugun o‘sha xotiralar g‘oyat g‘alati tuyulishi mumkin, biroq hayotimdagi keskin o‘zgarishni avvaliga o‘ta og‘riqli qabul qilganimni inkor etmayman. Yo‘q, akademiyada o‘qishga qarshi chiqqan emasdim, ammo... Axir hali bolakay edim va birdaniga uydan, yaqinlarimdan uzoqlashish qiyin bo‘lgan.

Chunki bunga qadar hamisha ota-onam yonida yurgandim. Deylik, biror marta o‘z qishlog‘imizdan chetga chiqmagandim. Umuman, o‘sha kunlarni hayotimdagi eng og‘ir sinov davri sifatida tilga olishim mumkin.

Faqat oradan bir necha oy o‘tganidan keyin o‘zimni biroz o‘nglaganim ham xotiramda. Deylik, kechqurun internatdagi xonamga qaytganimda, o‘z-o‘zidan yig‘lab yuborardim. To‘g‘ri, buni hech kimga sezdirmaganman.

- Hammasiga shunchaki, qo‘l siltab, uyingizga qaytishni xohlagan paytlaringiz ham bo‘lganmi?

- Yashirmayman, gohida miyamni shunday xayollar qurshab olardi. Ayniqsa, birinchi yili ta’til vaqti uyga qaytganimda, tuni bilan shu haqda o‘ylab, qandaydir bahonalar izlagandim.

Menga turli savollar sira tinchlik bermasdi: «Endi 12 yoshdaman, oh-ho, professional futbolchi bo‘lish uchun yana qancha sabr qilishim kerak! O‘zi bu azoblar natija beradimi? Kelajakda meni nimalar kutyapti?» Oddiy aytganda, qandaydir shubhalar ichida qolgandim va nima qilishni bilmasdim.

Asosiysi, yakunda yaqinlarim yordami bilan yakdil qarorga kelganman - «Barselona»ga qaytaman!». Bunisi endi umrim davomidagi eng muhim ahd hisoblanadi. Vaholanki, keyinchalik necha martalab keskin qarorlar qabul qilishimga to‘g‘ri keldi, ne-ne voqealarni boshdan o‘tkazdim.

Ochig‘i, agar taqdir taqozosiga ko‘ra, yana shunday vaziyatga tushsam, barchasini o‘z holicha takrorlay olishimga shubham bor. Ha, o‘shanda juda to‘g‘ri qadam tashlaganim bugun to‘liq tasdiqlandi, ammo bu yo‘lda ko‘p narsalardan voz kechganim ham ayni haqiqat.

Bordiyu, o‘g‘lim xuddi shunday tanlov oldida qolsa, nima qilaman? Bilmadim, umuman bilmadim...

- Nima, uni yolg‘iz qo‘yib yuborishga jur’atingiz yetmaydimi?

- Yo‘q, menda hammasi yaxshi bo‘ldimi, o‘g‘lim kelajagiga ham ishonib, unga oq yo‘l tilardim. Ammo azoblanardim, baribir. O‘z tajribamdan bildimki, inson hayoti davomida kichikkina imkoniyatdan ham unumli foydalanishga urinishi shart.

Har doim o‘z salohiyatingizga ishonib, maqsadni imkon qadar yuqori qo‘yishingiz ham muhim. Qarang, agarda o‘sha ta’til yakunida «Barsa» ixtiyoriga qaytmaganimda, hozir kim bo‘lardim?! Bunday yutuqlarga erisharmidim?

- Bolalik xotiralari orasida alohida qadrlisi ham bordir...

- Esimda, otam menga  Predator krossovkasi olib berish uchun naq 3 oy pul yiqqandi. O‘shanda 12 yoshli bolakay edim, lekin hammasini eslab qolganman. Umuman, buni aslo unutmayman ham. Otam g‘isht teruvchi bo‘lib ishlardi va cho‘ntagi bunday krossovka xarid qilishni ko‘tarmasdi. Shunga qaramay, u ilojini topgan!

Bu esa menga kuchli ta’sir qilgan. Ya’ni otamning menga ishonayotganiyu, istiqbolim uchun har narsaga tayyor ekanligini anglaganimdan ke-yin kuchimga kuch, ishtiyoqimga ishtiyoq qo‘shilgan.

Mana, bugun mutlaqo ta’minlangan odamman, hech narsaga ehtiyojim yo‘q. Lekin men uchun bolalikdagi o‘sha krossovka hamon eng qadrli buyumdir. Bu hamisha kimligimni, qayerdan kelganimni eslatib turadi.

- Umuman, qayerdan ekanligingiz ko‘pchilikka ma’lum - Fuentealbilya. Ispaniyaning markaziy hududida joylashgan bu qishloqda atigi 2 ming aholi yashashini ham bilamiz. Yana nimanidir qo‘shimcha qila olasizmi?

- Mamlakatimizdagi ko‘plab ovloq go‘shalar kabi Fuentealbilya ham juda tinch, u yerda o‘ta xotirjam hayot tarzi hukmron. Hamma bir-birini taniydi, chunki aholi kam.

Shuningdek, hududi shu qadar kichikki, hattoki, avtomobillarga ehtiyoj yo‘q. Qayergadir borishni istasangiz, yayov yurasiz yoki shunchaki, velosipedga o‘tirsangiz, bas. Men uchun esa qishlog‘imning eng muhim tomoni shuki, u yerda yaqin qarindoshlarim yashashadi - buvalarim, buvilarim, amaki va tog‘avachchalarim...

Umuman, Fuentealbilya - sehrli go‘shaki, xohlagan vaqtda borib, ruhan dam olishingiz mumkin. To‘g‘ri, 2010 yildan keyin (Inyesta JCH finalida hal qiluvchi golni urgani ta’sirida, albatta) sayyohlar qadami uzilmay qoldi.

«BIR SAFAR MENI OFISIANT BILAN ADASHTIRIB YUBORISHGAN...»

- Yoshligingizda qishloqlik oddiy yigit bo‘lganmisiz yoki...?

- Har bir bo‘sh daqiqada to‘p ortidan yugurardim. Futbolsiz o‘tgan kunni eslay olmayman. Hovlida yoki maktab maydonida o‘ynardik. Tartibli o‘quvchilar toifasiga kirardim - a’lochi! Umuman, hech qachon qandaydir g‘ayrioddiy harakat bilan ko‘zga tashlanmaganman.

Ya’ni gapga kiruvchi yuvoshgina bola edim. Hozir ham shundayman. Xayolan 90 foiz hamon bolakaydekman. Agar o‘tmishni qaytarish imkoni bo‘lganida, o‘sha paytdagi Andres bilan gaplashib, aytarli darajada o‘zgarmaganimga ishonch hosil qilardinglar...

- Bunga shubha yo‘q! Har holda, bugun butun dunyoga mashhursiz, «Barselona»da kattagina maosh olasiz. Shunday bo‘lsada, deylik, Lionel Messidan farqli o‘laroq, hech qachon bahosi million yevroga teng qizil pidjakda ko‘rinish bermaysiz. Bu hayot qoidasimi?

- Nima desam ekan...? Hattoki, qanday izohlashni ham bilmayman. Shunday deyman: kimdir futbol o‘ynaydi, qo‘shiq kuylaydi yoki raqs tushadi va birdaniga mashhurlikka erishadi. Natijada u mutlaqo boshqa insonga aylanadi, hayot tarzini keskin o‘zgartiradi. Yo‘q, bundaylar toifasidan emasligim aniq.

Aslida shuhrat odamlarni o‘zgartirmaydi, aksincha, ularning asl qiyofalarini ochib beradi. Agar kimdir nogahon noodatiy xatti-harakatlarga moyillik sezsa, bilsinki, u o‘zligini ko‘rsatmoqda. Shukrki, bunday emasman va umidvormanki, qanday bo‘lsam, shundayligimcha qolaman.

- Messi yoki Ronalduni yoqtirmaydigan kishilar ham juda ko‘p. Lekin sizga hamma birdek hurmat bilan qaraydi. Bunga izohingiz bormi?

- Juda sub’ektiv yondashuv. Insonlar o‘zlari befarq qaramaydigan kishiga talpinishadi. Ommaning menga umumiy munosabati sababini esa bilmayman.

Bir qarashda, menda alohida jihat yo‘q. Shunga qaramay, hamisha o‘zimga nisbatan o‘zgacha mehribonlikni sezamanki, buning uchun barcha-barcha oldida bosh egaman. Ehtimol, meni maydonda qalban o‘ynashim tufayli sevishar, balki oddiy hayot tarziga amal qilishim bois...

Hech qachon soxtalikka berilmayman, hamisha tabiiylikka moyilman. Xullas, hamma qatori oddiy insonman. Xususan, shuhratga aslo intilmaganman va intilmayman ham.

- Biroq o‘ta kamtarlik ba’zan inson zarariga ishlashi mumkin, ayniqsa, sportda...

- Aslo. Misol uchun, meni bir safar kafeda ofisiant o‘rnida ko‘rishgan. Nogahon bir kishi yonimga keldi-da, dabdurustdan buyurtma berdi: «Iltimos, bitta fanta!»

- Qiziq, unga xizmat ko‘rsatdingizmi?

- Yo‘q, shunchaki, bar xodimi emasligimni aytdim. Lekin shu voqea dunyoda futbolga mutlaqo befarq qaraydiganlar ham borligidan dalolat.

«FUTBOLDA ASOSIYSI GOL EMAS»

- Umuman, «Barselona» akademiyasi sizga nima berdi?

- Hozirgi ishlar 8 yoki 10 yoshimda, ya’ni o‘z qishlog‘imda ham qo‘limdan kelardi. Har bir futbolchida o‘ziga xos alohida xususiyatlari bo‘ladi. Faqat ularni vaqtida rivojlantirish kerak. Omadim chopgani - bu o‘sish uchun ideal muhitga tushganim. Bir so‘z bilan aytganda, hammasiga aynan «Barsa» tufayli erishdim.

Takror aytaman, agar akademiyaga qaytmaganimda, ehtimol, qishlog‘imdan chetga chiqmasmidim... Menimcha, «Barselona» akademiyasi o‘z yo‘nalishida noyob dargoh, dunyoning hech bir go‘shasida bolalar bu yerdagi kabi ta’lim olmaydilar.

To‘g‘ri, boshqa klublarda ishlar qanday yo‘lga qo‘-yilganini aniq bilmayman, lekin La-Masiyada eng yosh guruhlardagi bolalar miyasiga ham muayyan uslubni singdirib borishadi.

- O‘z o‘yiningizni olsak, aynan qaysi xususiyatingizni «barsacha» uslubga eng muvofiqi sifatida ko‘rsata olasiz?

- Maydonda harakatlanish mahoratini. Oddiy aytganda, dinamikaga doir barcha xususiyatlarni shu yerda o‘zlashtirdim. «Barselona» uslubining mohiyati faqat to‘pni nazorat qilishgina emas, balki ochiq hududlardan unumli foydalanish ham.

Futbolchi agar vaziyatni to‘g‘ri baholay olmasa, keyingi lahzada nima bo‘lishini oldindan his qilmasa, to‘pni egallagach, qanday yo‘l tutishni bilmasa, uning uchun harakat hududining kengligi ancha qisqaradi. O‘yinlar tahlili, vaziyatni oldindan sezish - bu kabi jihatlarni shu yerda o‘rgandim.

- Jahondagi eng yaxshi futbolchilardan biri hisoblanasiz, vaholanki, sizdan tezroq yuguruvchi, ko‘proq gol uruvchi yoki assistentlik qiluvchi o‘yinchilarni yetarlicha sanash mumkin. Xo‘sh, ulardan ustun tomoningiz nima?

- Ha, ko‘pchilik meni turli yo‘nalishlar bo‘yicha eng yaxshilar qatorida ko‘radi va bu juda yoqimli. Endi statistikaga kelsak, raqamlar har doim ham o‘yin vaqtida nimalar ro‘y berganini to‘g‘ri aks ettirmaydi.

Deylik, qaysidir uchrashuvda uncha yaxshi o‘ynolmaganimni yaqqol sezaman, biroq shaxsiy statistikamga nazar solsam, hammasi ajoyibdek ko‘rinadi. Demoqchimanki, statistik raqamlar o‘z yo‘liga - ular tufayli yaxshi yoki yomon bo‘lib qolmayman.

- Unda faol yoki sust harakatlanganingizni qaysi kriteriyalar asosida aniqlaysiz?

- Kriteriyalarga ne hojat? Axir qanday to‘p surgani avvalo, futbolchining o‘ziga ayon bo‘ladi. Ya’ni u qandaydir statistik ko‘rsatkichlarsiz ham o‘yin omadli yoki omadsiz kechganini biladi.

Misol uchun, men agar o‘yin davomida to‘p uzatishlarda xatoga yo‘l qo‘ymasam, uyga yaxshi kayfiyatda yo‘l olaman. Agar raqibdan o‘zib ketishni uddasidan chiqqan  bo‘lsam ham shunday. Endi aytingchi, buni statistik tomondan qanday ko‘rsatish mumkin? Bordiyu, to‘pni tez-tez yo‘qotsam, o‘yindan so‘ng soatlab siqilaman - nega, nega, nega...?

- Umumiy xulosaga ko‘ra, maydondagi Inyesta - yengil va na-fis harakatlar targ‘ibotchisi. Bunday o‘ynashni mashg‘ulotlar orqali o‘rganish mumkinmi?

- O‘ylashimcha, bu tabiiy iqtidor. Bolaligimda Zidan ishtirokidagi o‘yinlarni alohida qiziqish bilan kuzatib, uning harakatlaridan shunchaki, zavq olardim. Biroq Laudrupga bosh kumirim sifatida qaraganman.

Daniyalik ampluadoshimning o‘yinini tomosha qilishdan aslo zerikmasdim - benazir futbolchi. Bunda uning gol urish-urmasligi ahamiyatsiz edi. Maydonda nimalar qilishiyu, to‘pni ne ko‘yga solishining o‘zi haqiqiy spektakldek ko‘rinardi.

Umuman, futbolda gol asosiysi emas. Shaxsan men uchun uning qanday yuzaga kelishi muhimroq. Shu ma’noda aytsam, hozirgi futbolchilardan David Silvaning o‘yiniga mahliyoman. Uning to‘p bilan qanday ishlashi, maydon uzra erkin harakatlanishi o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi.

«SHAXSIY HAYOTIMDA MUAMMOLAR BOR EDI...»

DAVOMI

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 08:23, 10.05.2018.
O'qildi: 3792 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.